Kladistika va uning asosiy tushunchalari. T.I.: Hayvonlarning xilma-xiligi, kladistika, sinapomorfiy, autamorfiy, opa-uka taksonlar, monofiletik va polifiletik taksonlar. Kladistikaning asosiy maqsadi- turlar o’rtasidagi qarindoshlik aloqalarini to’la aniqlash va olingan natijalarni filogenetik daraxt yoki kladogramma ko’rinishida tasvirlashdan iborat.
Amalda, ikkita ma’lum sistematik guruhlar yoki taksonlar o’rtasidagi qarindoshlik aloqalari faqat shu taksonlarga xos bo’lgan belgilarni aniqlash orqali amalga oshiriladi. Bunday belgi, ya’ni faqat shu ikki aniq guruhga xos bo’lgan belgi yoki xususiyat sinapomorfiy (umumiy irsiy belgi) deb ataladi. Bitta yoki bir nechta sinapomorfiylarga ega taksonlar esa opa-uka taksonlar deyiladi. Sinapamorfiylar faqat opa-uka taksonlarga tegishli va boshqa taksonlarda uchramaganligi uchun, bu xususiyat ularga umumiy ajdoddan o’tganligini ko’rsatadi. Shunday qilib, sinapomorfiy, shu taksonlarning ajdodida evolyusion yangilik sifatida paydo bo’lgan. Ajdodlardagi bunday evolyusion yangi xususiyat autamorfiy (xususiy, o’ziga xos belgi) deb ataladi. Bitta umumiy ajdoddan kelib chiqqan va uning yagona avlodlari hisoblangan opa-uka taksonlar monofiletik taksonlar deb ataladi. Kladistikaning pirovard maqsadi faqat monofiletik taksonlardan tuzilgan to’liq filogenetik daraxtni tuzishdir.
Yuqorida aytilgan kladistik usulni bo’g’imoqlilar misolida ko’rib chiqamiz (1-rasm). Ikki xil takson sifatida qisqisbaqasimonlar va traxeyalilarni (hasharotlar va ko’poyoqlilar) olamiz. Bu ikki takson vakillari umumiy belgi- mandibulaga (boshning bitta sigmentidagi oyoqchalardan hosil bo’lgan jag’lar) ega. Mandibula boshqa hayvonlarda uchramaydi va qisqisbaqasimonlar va traxeyalilar uchun sinapomorfiy hisoblanadi. Sinapomorfiyning mavjudligi shuni ko’rsatadiki, opa-uka taksonlar (Cruatacea va Tracheata) bitta monofiletik taksonni hosil qiladi va bu monofiletik taksonda mandibulalar evolyusion yangilik sifatida paydo bo’lgan. Monofiletik takson aniqlangandan so’ng unga nom beriladi. Bizning holatimizda bu nom –Mandibulata.
Faraz qilaylik, biz qisqisbaqasimonlar va traxeyalilarni emas, qisqisbaqasimonlar va xeliseralilarni (o’rgimchak,chayon, falanga) taqqoslamoqchimiz. Ular uchun umumiy belgi –«bo’g’imli oyoqlar» mavjud va bu belgini sinapomorfiy deb faraz qildik. Lekin «bo’g’imli oyoqlar» faqat qisqisbaqasimonlar va xeliseralilarga xos emas, balki traxeyalilarga ham xos. Bu holat «bo’g’imli oyoqlar» qisqisbaqasimonlar va xeliseralilarning ajdodlaridan o’tgan va barcha bo’g’imoyoqlilarga xos umumiy xususiyat- simplezimorfiy ekanini ko’rsatadi. Qisqisbaqasimonlar va xeliseralilar ni simplezimorfiy asosida bitta taksonga kiritish xato bo’lur edi. Bunday taksonlar parafiletik taksonlar deyiladi. Parafiletik takson «asos» turning barcha avlodlarini birlashtirmaydi, balki ularning ayrimlarini birlashtiradi. Parafiletik taksonlarni aniqlash va «chiqarib tashlash» hozirgi filogenetik tadqiqotlarning juda murakkab va qiziqarli vazifasidir. Bizning misolimizda «bo’g’imli oyoqlar» belgisi, aslida, o’zida Chelicereta va Mandibulata opa-uka taksonlarini birlashtiradigan monofiletik takson Arthropoda ning automorfiysi hisoblanadi.
Dostları ilə paylaş: |