O'rta Osiyoda qadimgi davlatchilik masalalari. Shunday qilib mil.avv. I ming yilliklarning birinchi yarmi O'rta Osiyo tarixi o'ziga xos jarayonlar bilan belgilanadi. Janubdagi mintaqalar bilan xojaligi va madaniyatiga ko'ra bir-biridan keskin farq qilar edi. Janubda (Janubiy Turkmaniston va Janubiy O'zbekiston) ilk temir davrida mil.avv. II ming yillikning O'rtalarida shimoldan siljigan ko'chmanchi-chorvador qabilalarining ta'sirida madaniyat taraqqiyoti kuzatilib, keyinchalik shahar madaniyati qaror topgan bo'lsa, shimoliy mintaqalarda bu jarayon ancha kech sodir bo'ladi. Bu mintaqalarda dehqonchilik ilgari otroqlikka o'ta boshlagan aholi hududiga ko'chmanchi chorvador qabilalarning ikkinchi bor kelib joylashishi natijasida sodir bo'ladi.
Umuman, O'rta Osiyoning janubiy hududlarida mil.avv. I ming yillikning birinchi yarmida dehqonchilik yanada taraqqiy etib, yirik shahar markazlari qaror topadi. Bunday yirik shaharlar qalin va mustahkam mudofaa devorlari bilan (Erqorgon, Uzunqir, Qiziltepa, Ko'zaliqir va boshqa shaharlar) o'ralgan. O'rta Osiyo shaharlarida qurilish, me'morchilik, ixtisoslashgan hunarmandchilik va savdo ancha rivojlangan. Malakali binokorlar tomonidan aholi yashaydigan uy-joylar, saroylar va diniy imoratlar aniq reja asosida, mahalliy sharoitga moslab barpo etilgan.
Shaharlarda ixtisoslashgan hunarmandchilikning ko'pgina sohalari: kulolchilik, toqimachilik, zargarlik, metalga ishlov berish va boshqalar ancha rivojlangan. Shahar xarobalarida hunarmandchilik ustaxonalari o'rnining topilishi fikrimizni isbotlaydi. Hunarmandchilik buyumlari tovar xarakterida bo'lib, qo'shni vohalar bilan savdo aloqalarini olib borganlar.
Yozma manbalarda keltirilgan ma'lumotlarga ko'ra O'rta Osiyo mahsulotlari Eron, Messopatamiya va qadimgi Sharqning boshqa o'lkalariga olib borilgan. Masalan, Badahshon Lojuvardi Misrgacha olib borilgan.
O'rta Osiyo hududida eng qadimgi davlatlarning paydo bo'lishi muhim masaladir. Bu masalaga aniqlik kiritishda yozma va arxeologik manbalar muhim rol o'ynaydi. Ayniqsa, Avesto va antik davri avtorlari qoldirgan ma'lumotlardir.
Ktesiyning «Persika» asarida qadimgi Baqtriya davlati haqida bir qancha uzuq-yuluq (istehkom va qalalar, ularning ko'p sonli aholisi hamda Ossuriya podshosi Ninning Baqtriya tuprogiga qilgan yurishlari togrisida) ma'lumotlar keltiriladi.
Olib borilgan arxeologik qazish ishlarining natijalari Ktesiyning ma'lumotlarida toliq tasdiqlangan. Uning ta'kidlashicha Baqtriyaning markazi Baqtro shahri bo'lgan. U mustahkam mudofaa devorlari bilan o'ralgan yirik shahar bo'lgan.
Lekin, O'rta Osiyoda ilk davlatlarning shakllanish jarayoni ancha ilgari sodir bo'lgan. Bu jarayon O'rta Osiyoning janubiy viloyatlarida bronza davridayoq namoyon bo'la boshlaydi. Mil.avv. 1 ming yillikning boshlarida bu jarayon toliq shakllanadi. Bunday davlatlar ma'lum daryo vohasi doirasida bo'lib, ularning ma'muriy markazlari (Еlkantepa, Еztepa, Qiziltepa, Bandixontepa, Uzunqir) vujudga keladi.
Ko'rinishidan ushbu davlatlar asosida qadimgi Baqtriya va Katta Xorazm kabi yirik davlatlar qaror topgan.