12-modda. Mehnatni muhofaza qilish vositalarini yaratish va ishlab chiqarishdan korxonalarning iqtisodiy manfaatdorligini ta’minlash Korxonalar foydasining mehnatni muhofaza etishga oid adabiyotlar, plakatlar, boshqa targ‘ibot vositalarini nashr etish hisobiga hosil bo‘lgan qismiga, shuningdek ilmiy-tadqiqot va loyiha konstruktorlik tashkilotlari foydasining jamoani va ishlovchilarni yakka tartibda himoyalash vositalarining yangilarini yaratish, ishlab chiqarish muhitini nazorat qilish asboblari va dozimetriya vositalarining yangilarini yaratish, ishlab chiqarish va mavjud vositalarni sotish hisobiga hosil bo‘lgan qismiga imtiyozli soliq solinadi.
13-modda. Korxonalarda mehnatning sog‘lom va xavfsiz sharoitlarini ta’minlash Korxonadagi, har bir ish joyidagi mehnat sharoiti mehnatni muhofaza qilish standartlari, qoida va me’yorlari talablariga muvofiq bo‘lishi lozim.
Korxonada mehnatning sog‘lom va xavfsiz sharoitlarini ta’minlash, ishlab chiqarishning xavfli va zararli omillari ustidan nazorat o‘rnatilishini tashkil etish va nazoratning natijalari to‘g‘risida mehnat jamoalarini o‘z vaqtida xabardor qilish ma’muriyat zimmasiga yuklanadi.
Mehnat sharoiti zararli va xavfli ishlab chiqarishlarda, shuningdek o‘ta noxush haroratli yoki ifloslanishlar bilan bog‘liq sharoitlarda bajariladigan ishlarda mehnat qiluvchilarga davlat boshqaruvi idoralari belgilagan me’yorlarda maxsus kiyim, poyabzal va boshqa shaxsiy himoya vositalari, yuvish va dezinfeksiyalash vositalari, sut yoki unga tenglashadigan boshqa oziq-ovqat mahsulotlari, parhez ovqat bepul beriladi.
Korxonada mehnatning sog‘lom va xavfsiz sharoitlarini ta’minlash yuzasidan ma’muriyat bilan xodimlarning o‘zaro majburiyatlari jamoa shartnomasi yoki bitimida ko‘zda tutiladi.
14-modda. Mehnatni muhofaza qilish xizmatlari Vazirliklar, idoralar, konsernlar, assotsiatsiyalar, boshqa xo‘jalik organlari kasaba uyushmalari Markaziy (respublika) qo‘mitasi bilan kelishib o‘zlari tasdiqlaydigan nizomga muvofiq mehnat muhofazasi ishlarini muvofiqlashtirib boradilar.
Xodimlar soni 50 nafar va undan oshadigan korxonalarda maxsus tayyorgarlikka ega shaxslar orasidan mehnatni muhofaza qilish xizmatlari tuziladi (lavozimlar joriy etiladi), 50 va undan ziyod transport vositalariga ega bo‘lgan korxonalarda esa bundan tashqari yo‘l harakati xavfsizligi xizmatlari tuziladi (lavozimlar joriy etiladi). Xodimlar soni va transport vositalari miqdori kamroq korxonalarda mehnatni muhofaza qilish xizmatining vazifalarini bajarish rahbarlardan birining zimmasiga yuklanadi.
Mehnatni muhofaza qilish va yo‘l harakati xavfsizligi xizmatlari kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishilgan nizomlar asosida ishlaydi va o‘z maqomiga ko‘ra korxonaning asosiy xizmatlariga tenglashtiriladi hamda uning rahbariga bo‘ysunadi.
Mehnatni muhofaza qilish xizmatlarining mutaxassislari barcha xodimlar mehnatni muhofaza qilish qoidalari va me’yorlariga rioya etishlarini nazorat qilish, tarmoq bo‘linmalari rahbarlariga aniqlangan nuqsonlarni bartaraf etish haqida bajarilishi shart bo‘lgan ko‘rsatmalar berish, shuningdek mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunlarni buzayotgan shaxslarni javobgarlikka tortish haqida korxonalarning rahbarlariga taqdimnomalar kiritish huquqiga egadirlar.
Mehnatni muhofaza qilish va yo‘l harakati xavfsizligi xizmatlarining mutaxassislari ularning xizmat vazifalariga taalluqli bo‘lmagan ishlarni bajarishga jalb etilishlari mumkin emas.
Mehnatni muhofaza qilish va yo‘l harakati xavfsizligi xizmatlari korxona faoliyati to‘xtatilgan taqdirdagina tugatiladi.