5-modda. Mehnatni muhofaza qilishni davlat tomonidan boshqarish Mehnatni muhofaza qilishni davlat tomonidan boshqarishni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi amalga oshiradi.
6-modda. Jamoat birlashmalarining mehnatni muhofaza qilish muammolariga oid qarorlarni ishlab chiqish va qabul qilishda ishtirok etishi Korxonalar, mutaxassislar, fuqarolar mehnatni muhofaza qilish muammolarini hal etish uchun O‘zbekiston Respublikasining jamoat birlashmalari to‘g‘risidagi qonuniga muvofiq amal qiladigan jamoat birlashmalariga uyushishlari mumkin.
Davlat va xo‘jalik boshqaruvi idoralari, nazorat qilish idoralari, shuningdek korxonalar bu birlashmalarga har tomonlama yordam va madad ko‘rsatadilar hamda mehnatni muhofaza qilishni ta’minlash masalalari bo‘yicha qarorlar tayyorlash va qabul qilishda ular ishlab chiqqan nizomlar va tavsiyalarni hisobga oladilar.
7-modda. Mehnatni muhofaza qilishga oid xalqaro shartnomalar O‘zbekiston Respublikasi korxonalari va fuqarolari xalqaro shartnomalar va bitimlar asosida ishlarni bajarayotganlarida, mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha ularda ko‘zda tutilgan talablar agar o‘zgacha shartlashilmagan bo‘lsa, ushbu Qonunga, O‘zbekiston Respublikasining mehnat to‘g‘risidagi qonunlariga muvofiq qo‘llanadi.
O‘zbekiston Respublikasi korxonalarida ishlayotgan chet el fuqarolari uchun mehnatni muhofaza qilish masalalariga doir munosabatlarni tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlari manfaatdor tomonlarning o‘zaro bitimlari bilan belgilab qo‘yiladi.
II BO‘LIM. MEHNATNING MUHOFAZA QILINIShINI TA’MINLASh 8-modda. Mehnat muhofazasini me’yoriy ta’minlash O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi bilan birgalikda mehnatni, atrof-muhitni muhofaza qilishning ilmiy asoslangan standartlari, qoida va me’yorlarini ishlab chiqish va qabul qilish yo‘li bilan ishlab chiqarishda mehnat xavfsizligini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan talablar darajasini belgilaydi, shuningdek kasaba uyushmalari bilan kelishilgan holda mehnat sharoitlarini yaxshilash, ishlab chiqarishdagi jarohatlanishlar, kasb kasalliklarining oldini olishga oid respublikaning aniq maqsadga qaratilgan dasturlarini ishlab chiqadi va moliyaviy ta’minlaydi hamda ularning bajarilishini nazorat qiladi.
Vazirliklar va idoralar tegishli kasaba uyushmasi idoralari bilan kelishilgan holda mehnat sharoitlarini yaxshilashga oid tarmoq dasturlarini ishlab chiqadilar va moliyaviy ta’minlaydilar.
Korxona ma’muriyati, yollovchi, mulkdor yoxud ular vakolat bergan boshqaruv idorasi* korxonada mehnatni muhofaza qilish standartlari, qoida va me’yorlarining talablari, shuningdek jamoa shartnomasida ko‘zda tutilgan majburiyatlar bajarilishini ta’minlaydi.
* Matnda bundan keyin “ma’muriyat” deb yuritiladi.
Korxonalarning ishlovchilari respublikaning tegishli qonunlari va me’yoriy hujjatlari, jamoa shartnomalari bilan belgilangan mehnatni muhofaza qilish qoidalari va me’yorlari talablarga rioya etishlari shart.
9-modda. Korxonalar va obyektlarni loyihalash, qurish va ishlatishda, ishlab chiqarish vositalarini tayyorlash va ta’mirlashda mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etilishini ta’minlash Standartlar, ergonomika, mehnatni muhofaza qilishga doir qoidalar va me’yorlar talablariga javob bermaydigan ishlab chiqarish binolari va inshootlarini loyihalash, qurish hamda qayta qurish, ishlab chiqarish vositalarini ishlab chiqish, tayyorlash, ta’mirlash, texnologiyalarni joriy etishga, shu jumladan xorijdan sotib olinganlarini joriy etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Hech bir yangi yoki qayta qurilayotgan korxona, ishlab chiqarish vositalari, agar ular O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilagan tartibda beriladigan xavfsizlik shahodatnomasiga ega bo‘lmasa, foydalanishga qabul qilinishi va ishga tushirilishi mumkin emas.
Belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan korxonalar O‘zbekiston Respublikasining tegishli nazorat idoralari beradigan faoliyatni amalga oshirish huquqini ta’minlovchi ruxsatnomani oldindan taqdim etishlari shart. Korxonaning ko‘rsatilgan ruxsatnomani olish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Mehnat xavfsizligi talablariga javob bermaydigan va ishlovchilar sog‘lig‘i hamda hayotiga xavf tug‘diruvchi korxonalar faoliyati yoki ishlab chiqarish vositalaridan foydalanish, ular mehnat xavfsizligi talablariga muvofiq holga keltirilgunga qadar, O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida belgilangan tartibda vakolatli idoralar tomonidan to‘xtatib qo‘yilishi kerak.
Yo‘l qo‘yiladigan eng ko‘p me’yorlari (konsentratsiyasi) ishlab chiqilmagan va belgilangan tartibda ekspertizadan o‘tmagan zararli moddalarni ishlab chiqarishda qo‘llash taqiqlanadi.