Abdulla Qodiriy (Julqunboy) Birinchi bo‘lim 1. OTABEK YUSUFBEK HOJI O‘G‘LI
1264-inchi hijriy, dalv oyining o‘n yettinchisi, qishki kunlarning biri, quyosh botqan,
tevarakdan shom azoni eshitiladir...
Darbozasi sharqi-janubiyga qaratib qurilg‘an bu dong‘dor saroyni Toshkand,
Samarqand va Buxoro savdogarlari egallaganlar, saroydagi bir-ikki hujrani istisno qilish
bilan boshqalari musofirlar ila to‘la. Saroy ahli kunduzgi ish kuchlaridan bo‘shab
hujralariga qaytqanlar, ko‘b hujralar kechlik osh pishirish ila mashg‘ul, shuning uchun
kunduzgiga qarag‘anda saroy jonliq: kishilarning shaqillashib so‘zlashishlari, xoxolab
kulishishlari saroyni ko‘kka ko‘targudek.
Saroyning to‘rida boshqalarg‘a qarag‘anda ko‘rkamrak bir hujra, anovi hujralarga
kiygiz to‘shalgani holda bu hujrada qip-qizil gilam, uttalarda bo‘z ko‘rpalar ko‘rilgan
bo‘lsa, munda ipak va adras ko‘rpalar, narigilarda qora charog‘ sasig‘anda, bu hujrada
sham’ yona-dir, o‘zga hujralarda yengil tabi’atlik, serchaqchaq kishi-lar bo‘lg‘anida bu
hujraning egasi boshqacha yaratilishda.
Og‘ir tabi’atlik, ulug‘ g‘avdalik, ko‘rkam va oq yuzlik, kelishgan, qora ko‘zlik,
mutanosib qora qoshliq va endigina murti sabz urgan bir yigit. Bas, bu hujra bino va
jihoz yog‘idan, ham ega jihatidan diqqatni o‘ziga jalb etarlik edi. Qandog‘dir bir xayol