www.ziyouz.com kutubxonasi
4
— Manimcha, uylanishdek nozik bir ish dunyoda yo‘qdir, — dedi Rahmat va Otabekka
yuz o‘girdi. — Uylangach, xotining tab’ingga muvofiq kelsa bu juda yaxshi; yo‘qsa,
munchalik og‘ir gap dunyoda bo‘lmas.
Otabek Rahmatning bu so‘zini samimiyat bilan qarshiladi.
— So‘zingizning to‘g‘rilig‘ida shubha yo‘q, — dedi,— ammo shuni ham qo‘shmoq
kerakki, oladirg‘on xotiningiz sizga muvofiq bo‘lishi barobarida er ham xo-ting‘a
muvofiquttab’ bo‘lsin.
— Xoting‘a muvofiq bo‘lish va bo‘lmasliqni uncha keragi yo‘q, — dedi Homid
e’tirozlanib, — xotinlarga «er» degan ismning o‘zi kifoya... ammo jiyan aytkandek, xotin
degan erga muvofiq bo‘lsa bas.
Rahmat kulib Otabekka qaradi. Otabek ham isteh-zolik tabassum orasi Homidga
ko‘z qirini tashladi.
— Uylanishdagi ixtiyorimiz, — dedi Rahmat, — ota-onalarimizda bo‘lg‘anliqdan,
oladirg‘an kelinlari o‘g‘illarig‘a yoqsa emas, balki uning ota-onalari o‘zlariga yoqsa bas.
Bu to‘g‘rida uylanguchi yigit bilan er qilg‘uchi qizning lom-mim deyishka haq va
ixtiyorlari bo‘lmay, bu odatimiz ma’qul va mashru’ ishlardan emasdir. Masalan, men ota-
onamning yoqdirishlari bilan uylandim... ammo xotinim ota-onamga muvofiq bo‘lsa ham
menga muvofiq emas, siz aytgandek, ehtimol men ham xotinimg‘a muvofiq
emasdirman... So‘zingiz juda to‘g‘ri, bek aka.
Otabek Rahmatning so‘zini ixlos bilan eshitdi va «sen nima deysan?» degandek qilib
Homidga qaradi.
— Jiyan, — dedi Homid Rahmatka qarab, — boshlab uylanishing albatta ota-onang
uchun bo‘lib ulardan ranjib yurishingni o‘rni yo‘q. Xotining ko‘nglingga muvofiq kelmas
ekan, muvofiqini olib, xotinni ikki qil. Bunisi ham kelishmasa uchunchisini ol. Xotinim
muvofiq emas deb zorlanib, hasratlanib yurish er kishi-ning ishi emas.
Rahmat Otabekka kulimsirab qaradida, tog‘asig‘a javob berdi.
— Xotin ko‘paytirib, ular orasida azoblanishning nima hikmati bo‘lsin? — dedi. — Bir
xotin bilan muhabbatlik umr kechirmak, manimcha, eng ma’qul ish. Masalan, ikki
xotinliqning bittasi sizmi? Uyingizda har kuni janjal, bir daqiqa tinchlig‘ingiz yo‘q.
— Seningdek yigitlar uchun albatta bitta xotin ham ortiqchaliq qiladir, — deb kuldi
Homid. — Ko‘b xotin orasida azoblanish o‘zi nima degan so‘z? Qamchingdan qon tomsa,
yuzta xotin orasida ham rohatlanib tiriklik qilasan. Men bu kungacha ikki xotin o‘rtasida
turib janjalg‘a to‘ygunimcha yo‘q, ammo xotinni uchta qilishg‘a ham o‘yim yo‘q emas.
— Sizga taraf yo‘q, tog‘a.
Homid mag‘rur bir tusda Otabekka qaradi. Otabek uning so‘zidan kulimsiragan edi.
Hasanali palovg‘a urnash uchun tashqariga chiqdi. Otabek mehmonlarga choy quyib
uzatdi. Homidning haligi so‘zidan keyin oradag‘i bahs kesilgan edi. Uchovlari ham bir
narsaning xayolini surgandek ko‘rinar edilar. Bir necha vaqt shu holda qolishib Rahmat
tog‘asidan so‘radi:
— Mirzakarim aka qizini erga berdimi, eshitdingizmi?
Bu savoldan nima uchundir Homidning chehrasi buzildi va tilar-tilamas javob berdi:
— Bundan xabarim bo‘lmadi. Gumonimcha, bermagandir.
Rahmat so‘zdan chetda qoldirmas uchun Otabekni ham orag‘a oldi:
— Bizning Marg‘ilonda bir qiz bor, — dedi, — shundog‘ ko‘hlikki, bu o‘rtada uning
o‘xshashi bo‘lmas, deb o‘ylayman.
Homid bir turlik vaziyatda yer ostidan jiyaniga qaradi. Tog‘asining holidan xabarsiz
Rahmat so‘zida davom etti:
— Shahrimizda Mirzakarimboy otlig‘ bir savdogar kishi bor, bu shuning qizidir. Balki
siz Mirzakarim akani tanirsiz, u bir necha vaqt Toshkandda qutidorliq qilib turg‘an ekan?