20. ISTIQLOL DARDI Yetmish kunlik bir muhosaradan keyin uch ming sipohni bir yarim mingga tushurib,
bir yarim ming sipohni Toshkand qo‘rg‘onlari ostida qurbon berib, Normuhammad
qushbegi quruq qaytishg‘a majbur bo‘ldi.
Bu yetmish kunlik qamal vaqtida Azizbekning sodiq fuqarolari bo‘lg‘an toshkandliklar
aztahidil unga xizmat qilib, jonbozliq ko‘rsatib, nihoyat qipchoqlarni umidsiz Qo‘qong‘a
qaytarishg‘a noil bo‘ldilar. Noil bo‘ldilar, ammo o‘zlari ham yaxshig‘ina bo‘lib qoldilar.
Yetmish kunlik bir qamal, yetmish kunlik chetdan va eng ozi qishloqlardan munosabatni
uzib turish, albatta Toshkandni bo‘ldirib qo‘yg‘an edi. Bu yetmish kunlik bir qamal
Toshkandning hali yig‘ishtirib kira olmag‘an donlarini, ekinlarini yov qo‘lida qoldirdi.
Savdo ishlari butunlay to‘xtab, savdogarlar zo‘r falokatka uchradilar. Kosib, faqir
xalqning holi juda yomon edi: nonsiz, donsiz, kiyimsiz, suvsiz, alohozalqiyossiz bo‘lib
eng oxirgi chekka yetkandagina qamal balosidan «yaltirasin, qaltirasin» muzaffariyat
bilan qutildilar. Xalq o‘zining bu yetmish kun ichida tortqan mashaqqat va azoblarini
qipchoqlar ustidan chalg‘an g‘alabasi bilan bir daraja yuv-di-da, kasbiga, ekin-tikiniga
urinib ko‘rishni o‘yladi, to‘g‘risi o‘ylay ham olmadi...
Azizbek, mundan keyingi Toshkandning mustaqil hukmdori Azizbek! Qipchoqlarg‘a
chalg‘an g‘alabasi uchun ul terisiga sig‘maydir... Ul endi «Qipchoqlar Toshkandni olib
qolsalar...» degan mudhish xavfdan qutilg‘an, ul endi Toshkand va atrofining xoni,
xoqoni! Endi duxoba va atlaslar ustidagina o‘lturmoqqa qanoatlanmay o‘z sha’niga, o‘z
qudratiga muvofiq tojlar, taxtlar yasamoqchi. O‘zining eski mahramiga ko‘ngli to‘lmay
boshqa bir o‘yinchi, ashulachi, husndor bir mahram topmoqchi va o‘zining bu mashhur
mahrami bilan yer yuziga (Turkiston va Buxoroga) dong‘, shuhrat chiqarmoqchi!
Azizbek endi juda xotirjam’ edi. Qipchoqlarning qaytadan Toshkand ustiga kelishlarini
ehtimol ham tutmas edi. Chunki o‘zining qipchoqlarg‘a bergan zarbasini ularga yuz yilsiz
o‘ngg‘alish bermas, deb bilar edi.
Hamma ish joyida, lekin bir narsagina ko‘ngilning ingichka yerini jarohatlaydir.
Azizbek ko‘ziga hozir yorug‘ dunyo qorong‘u, bu qorong‘uliq ichida boyag‘i shirin
xayollar, ishlatiladirgan toju taxtlar va boshqalar ko‘rinmay qoladirlar: yetmish kunlik
qipchoq urushi ming turlik yo‘llar bilan yig‘ilg‘an xazinani barbod bergan, xazina
qipchoqlar ustidan g‘alaba va istiqlol mastliklari yo‘lida qurig‘an, fuqaroning jon otib,
qipchoqlarni qirib yo‘g‘ganlari uchun in’omlarga, ehsonlarga va oziq-ovqatlarg‘a qurbon
qiling‘an.
Mana shu edi Azizbekning ko‘z o‘nglarini qoron-g‘ulatadirg‘an jarohat!
Bu ishning kengashiga emas, berilgan qarorni amalga oshirib berishlik uchun
Yusufbek hojiga yigit yuborib, hozir uni to‘rt ko‘z bilan kutib o‘lturar edi. Nihoyat yarim
soatlik bir kutishdan so‘ng Yusufbek hoji eshik ostidan ko‘rindi. Azizbek odatiy qarshilash
yonig‘a bir navozish ham ilova qilib, hojiga yuqoridan joy ko‘rsatdi. Bu favqulodda
navozish sababini o‘ylamoqqa hoji-ning vaqti yo‘q, chunki o‘zining qayg‘usi o‘ylashqa,
fikrlashqa yetarlikdir. Ko‘zining oqu qorasi bo‘lg‘an Otabekning holi nima kechti, qorong‘i
zindonlarda, rutubatlik, zax yer ostlarida ochlikdan, tashnalikdan, sovuqlikdan aziz
ko‘kragini yerga berib jon berdimi-kin?— Zolim beklar, qonxo‘r hokimlar, rahmsiz
jallodlar, mash’um dorlar va qo‘rqoq xalqlar orasida keksa otasini, mushtipar onasini
ko‘ralmay dunyodan ketdimikin?