Galenit - PbS. Nomi yunoncha "Galena" qo`rg`oshin ma`dani so`zidan kelib chiqqan. Tarkibida Pb - 86,6% va S - 5-13,4%, aralashma tariqasida Cu, Zn, Bi, Fe, As, Sb uchraydi. U kubik singoniyada kristallanadi. Rangi qo`rg`oshindek kulrang, metall kabi yaltiraydi. Qattiqligi 2-3, u ancha mo`rt mineral, ulanish tekisligi kub bo`yicha mukammal. Solishtirma og`irligi 7,4-7,6. U kuchsiz elektr o`tkazadi.
Galenit asosan gidrotermal jarayonda vujudga keladi. Tashqi ko`rinishi bilan galenit antimonit Sb2S33, bulanjerit Pb5[Sb2S4]2 S3 va burnonit - CuPb[SbS3] larga juda o`xshash, ularning farqi: antimonit - cho`zinchoq - zirapchasimon kristall hosil qiladi. Bulanjerit esa, shulasimon, tolasimon ko`rinishda. Burnonit - cho`zinchoq stolbasimon shakli. Nurash jarayonida oksidlanib serussitga – PbCO3 va anglezit – PbSO4 aylanadi. Galenit qo`rg`oshin olishda muhim asosiy manba hisoblanadi. Respublikamizda polimetall deb ataluvchi gidrotermal konlar yetarli darajada, ular Uchkulach (Sh.Nurota) va Olmaliq konlaridir.
Sfalerit - ZnS. Nomi yunoncha "Sfaleros" - aldamchi degan ma’noni bildiradi. Tabiatda birnecha xillari mavjud: Kleyofon - oq rangli (deyarli aralashmalari yo`q), marmatit - qora rangli (temirga boy). Poshibramit (kadmiyga boy). Ularning tarkibida Zn - 67,1%, S - 32,9%. Aralashma sifatida - Fe - 20%, Mn - 8%, Cd - 2,5-9,2%, Cu- 2,5% gacha. Sfalerit kubik singoniyada kristallanadi. Yaxshi shakllari kam uchraydi, ammo ba`zi bo`shliqlarda yuzaga kelib to`g`ri tetraedr qiyofasida uchraydi. Yaxlit donali kristallaridan iborat ulanish tekisligi yaxlit ko`rinib turadi. Ba`zan kristallarning yiriklari ham uchraydi. Rossiyaning Chita viloyatidagi Klichkin konida sfaleritning 10 sm kristali bo`lsa, AQSHning Jopein konida 1 t og`irlikda tetraedr va rombododekaedr ko`rinishida topilgan. Rangi qora yoki jigarrang olmos kabi yaltiraydi. Qattiqligi 3-4, ancha mo`rt, u elektr o`tkazmaydi. Suyultirilgan HNO3 da eriydi va oltingugurt ajralib chiqadi. Sfalerit ko`pincha galenit va mis sulfidlari bilan birga uchraydi.
Sfalerit ekzogen sharoitida deyarli yuzaga kelmaydi. Olinadigan ruxning qariyb yarimi polimetall konlardan olinib, ushbu konlarda sfaleritning miqdori galenitnikidan yuqori bo`ladi. Sfalerit rux olish uchun asosiy manba, ammo qo`shimcha ravishda kadmiy va galliy elementlari ajratib olinadi.