N. M. Maxmudov, M. T. Asqarova, I. Yu. Umarov


(Sp - Ip) + (Sg - Ig) = X - IM + YF - TRF = CAB, (3.1.3)



Yüklə 0,5 Mb.
səhifə24/104
tarix17.09.2023
ölçüsü0,5 Mb.
#144614
1   ...   20   21   22   23   24   25   26   27   ...   104
Makroiqtisodiy tahlil va prognozlash-hozir.org

(Sp - Ip) + (Sg - Ig) = X - IM + YF - TRF = CAB, (3.1.3)
bu erda Sp, Ip – xususiy sektorning yalpi jamg‘armalari va yalpi investitsiyalari;
Sg, Ig – davlatning yalpi jamg‘armalari va yalpi investitsiyalari. Demak,

(Sp - Ip) + (T - G) = CAB (3.1.4)
Mazkur holatda joriy operatsiyalar hisobvarag‘i bo‘yicha taqchillik shuni anglatadiki, xususiy jamg‘armalar xususiy sektorning investitsiyalariga qaraganda kam, yoki davlat sektorining jamg‘armalari ushbu sektorning investitsiyalariga qaraganda kam yoxud ularning ikkalasi ham. Qarama-qarshi belgi bilan olingan joriy operatsiyalar balansini mamlakatning ichki jamg‘armalari va investitsiyalari o‘rtasidagi farqni moliyalash uchun foydalanilishi mumkin bo‘lgan tashqi dunyo jamg‘armalari sifatida qabul qilish mumkin.

§3.2. Real sektorning makroiqtisodiy tahlili
Mamlakat iqtisodiyotining holati va rivojlanishini iqtisodiyotni hamda uning eng muhim sektorlari va sohalarini tavsiflovchi ko‘rsatkichlar muayyan doirasidan foydalangan holda baholash va tahlil qilish mumkin. Bu, birinchi galda, MHT makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari - YAIM, YAMD, MD, TYAMD, shuningdek, umumlashtiruvchi xususiyatga ega bo‘lgan, asosiy iqtisodiy ko‘rsatkichlar deb nomlanuvchi boshqa muhim indikatorlardir. Bunday ko‘rsatkichlar jumlasiga quyidagilar kiradi:
• mamlakat (mintaqa) YAIMning joriy narxlar bo‘yicha milliy valyutadagi hajmlari va hajmlarining indekslari;
• asosiy xarajatlar bo‘yicha YAIM tarkibi;
• YAIMning muayyan yil narxlaridagi hajmlari va hajmlarining indekslari;
• real YAIM miqdori va dinamikasi;
• iqtisodiyot asosiy tarmoqlari va sektorlarining agregatga doir etakchi ko‘rsatkichlari, xususan sanoat ishlab chiqarishi yoki ishlov beruvchi sanoat mahsuloti sotuvlarining hajmlari va hajmlarining indekslari;
• ishsizlik darajasining standart ko‘rsatkichlari;
• foizli qisqa muddatli, o‘rta muddatli va uzoq muddatli bank stavkalari;
• muomaladagi pul massasini tavsiflovchi pul agregatlari (M1, M2, M3) va ularning dinamikasi;
qurilish hajmlari;
• ichki savdo (hajmlari va narxlari, xususan chakana narxlari);
• ish haqi va daromadlari;
• milliy valyuta kursi;
• tashqi savdo va to‘lov balansi (eksport va import hajmlari va dinamikasi, tashqi savdo va to‘lov balanslari saldosi).
Ushbu ko‘rsatkichlar (pul agregatlari, foiz stavkalari, tashqi savdo va to‘lov balansi) real sektorni tahlil qilish predmeti hisoblanadi.
YUqorida sanab o‘tilgan ko‘rsatkichlar mamlakat iqtisodiyotining holatini to‘g‘ri va aniqlik bilan baholash, uning rivojlanishini asosli tarzda prognoz qilish imkonini beradi. Albatta, yanada izchil va chuqur tahlil qilish iqtisodiyotning asosiy sektorlaridagi vaziyatni o‘rganishni talab qiladi: iqtisodiy rivojlangan mamlakatlar uchun bu birinchi galda sanoat, tovarlar ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish sohasi; rivojlanayotgan mamlakatlar uchun - qishloq xo‘jaligi ham. Asosiy vazifa moliyaviy va pul-kredit sohasini tahlil qilishdan iborat, lekin asosiy iqtisodiy ko‘rsatkichlar yagona tizimining qo‘llanishi ma’lumotlarning taqqoslanishini, vaqtga ko‘ra va turli mamlakatlar bo‘yicha qiyosiy baholash imkoniyatini ta’minlagan holda buni bir xil tarzda amalga oshirish imkonini beradi. Misol tariqasida MHT hisobvaraqlarni keltiramiz:
• mamlakat milliy boyligini, uning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini tugallangan yil va undan oldingi davrlar uchun takror ishlab chiqarish jarayonining natijalari asosida baholash;
• MHT makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari yordamida iqtisodiy faoliyat va milliy (mintaqaviy) xo‘jalikning rivojlanishi, daromadlarni taqsimlash va qayta taqsimlash, daromadlardan iste’mol qilish, jamg‘arish uchun foydalanish jarayonlarining natijalarini aniqlash;
• iqtisodiyot alohida sektorlarining rivojlanishini tahlil qilish va ularning umumiy ijtimoiy-iqtisodiy natijalarga qo‘shgan hissasini baholash;
• tovarlar ishlab chiqaruvchi va xizmatlar ko‘rsatuvchi tarmoqlar tarkibidagi o‘zgarishlar darajasini baholash;
• AQSH va boshqa mamlakatlarning jahon iqtisodiyotidagi o‘rnini aniqlash uchun ular MHTning ko‘rsatkichlarini taqqoslash;
• MHT ko‘rsatkichlarini bir-biri bilan uyg‘unlikda va qo‘shimcha hisob-kitoblar bilan ko‘rib chiqish;
• ko‘rsatkichlar tarkibidagi o‘zgarishlarni va ular o‘rtasidagi korrelyasion bog‘liqliklarni aniqlovchi hisobvaraqlar asosiy ko‘rsatkichlari dinamikasi.
MHT hisobvaraqlarini aniq maqsadni ko‘zlab tahlil qilish normal tadbirkorlik faoliyatini va davlat darajasida asoslangan iqtisodiy siyosatni ta’minlovchi marketing tadqiqotlarining zaruriy tarkibiy qismi hisoblanadi. YAIM, YAMD va MD tarkibini tahlil qilish iqtisodiyotning tarkibini, uning samaradorligini baholash, alohida tarmoqlar va sektorlarning mamlakat xo‘jaligining rivojlanishiga qo‘shgan hissasini aniqlash imkonini beradi. SHu asosda rivojlanishning yuzaga kelgan xili (sanoat, agrar-sanoat, agrar), makroiqtisodiy natijalar o‘sishining omillari hamda unda ekstensiv va intensiv manbalarning roli aniqlanadi. MHT ko‘rsatkichlarini tahlil qilishning alohida vazifasi tovarlar va xizmatlar, ishlab chiqarish va iste’mol, jamg‘arma va iste’mol, ishlab chiqarish va noishlab chiqarish iste’moli o‘rtasidagi, tasarrufdagi, birlamchi va ikkilamchi daromadlar o‘rtasidagi eng muhim iqtisodiy ulushlarni aniqlashdan iborat. MHTni tahlil qilish doirasidagi vazifalardan biri moliya-kredit mexanizmining daromadlarni taqsimlash va qayta taqsimlashdagi, yakuniy daromadlarni shakllantirishdagi rolini baholashdan iborat.
Mamlakatning iqtisodiy ahvolini yanada batafsil tahlil qilish qo‘shimcha ko‘rsatkichlarni jalb qilishni va tahliliy hisob-kitoblarni amalga oshirishni talab qiladi. Milliy iqtisodiyotning holatini va rivojlanishini MHT makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari asosida tahlil qilish, birinchi galda, ularning taqdim etilgan davrdagi dinamikasini o‘rganish va baholashni nazarda tutadi. Bu hol iqtisodiy o‘sish, umuman YAIM bo‘yicha ham, uning asosiy tarkibiy qismlari bo‘yicha ham stagnatsiya yoki pasayish haqida fikr bildirish imkonini beradi. Ushbu tarkibiy qismlar dinamikasining sur’atlaridagi farqlar iqtisodiyot tarkibidagi o‘zgarishlarga va uning muhim parametrlarining o‘zgarishiga olib keladi.
Makroiqtisodiy agregatlarni o‘lchashning o‘ziga xos muammolari:
YAIM bo‘yicha ma’lumotlar ishlab chiqarish hajmini va hatto rezidentlarning iqtisodiy farovonligini o‘lchash uchun keng qo‘llanilsa-da, ushbu yondashuv to‘rtta kamchilikka egaligi bilan ajralib turadi:
• birinchidan, mahsulotning ayrim turlarini aniq o‘lchashning iloji yo‘q, chunki ular bozorlardagi oldi-sotdining predmeti hisoblanmaydi; ular jumlasiga, masalan, davlat xizmatlari, jamoatchilik ishi xilidagi nobozor faoliyati, yordamchi xo‘jaliklarni yuritish va uy-joy qiymati kiradi;
• ikkinchidan, milliy hisobvaraqlar tovarlar sifatining oshishini noadekvat tarzda aks ettiradi; masalan, kompyuter sifatining keskin oshishi barobarida uning narxi pasayishi mumkin;
• uchinchidan, iqtisodiy faoliyatning ayrim turlari, amalda noxo‘sh («zararli») faoliyat bilan, masalan, jinoyatchilik, atrof muhitni ifloslantirish yoki milliy xavfsizlikka tahdidlarga qarshi kurashishni o‘zida namoyon etsa-da, YAIMga hissa qo‘shadigan turlar hisoblanadi; YAIM konsepsiyasi ushbu «zararli» faoliyatga barham berishni nazarda tutmaydi;
• to‘rtinchidan, milliy hisobvaraqlarda atrof muhitning ifloslanishi yoki tabiiy resurslarning tugashi, ya’ni rivojlanayotgan mamlakatlar va o‘tish iqtisodiyotiga ega bo‘lgan davlatlar uchun alohida ahamiyatga ega bo‘lgan muammolar hisobga olinmaydi.
Iqtisodiyotda ishlab chiqarish hajmini o‘lchashda tez-tez uchrab turadigan hatolarning yana bir sababi – unda xufyona yoki maxfiy bitimlar tuziladigan qora bozorning mavjudligi. Xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar turli sabablarga ko‘ra: soliqlardan bo‘yin tovlash, qonunlar yoki rasmiy qoidalarni buzish uchun, giyohvondlik moddalari bilan savdolar yoki kontrabanda ko‘rinishida xufyona faoliyatni amalga oshirishda o‘z operatsiyalarini yashishga urinishadi. Ko‘plab mamlakatlarda xufyona iqtisodiyot ko‘lamlari g‘oyat keng bo‘lganligi uchun mazkur norasmiy sektorga bo‘lgan e’tibor keskin ortib bormoqda. Qora bozordagi operatsiyalar asosan naqd pul yordamida amalga oshirilganligi bois, qora bozorning ko‘lamlari ko‘pincha naqd puldagi aktivlarning miqdoriga qarab baholanadi. Milliy hisobvaraqlar tizimida o‘lchangan YAIMdagi farqlar, ya’ni umumiy daromad bilan umumiy xarajatlar o‘rtasidagi farqdan foydalanish baholashning muqobil usuliga aylandi. Agar xufyona iqtisodiyot iqtisodiy o‘sishning rasmiy ko‘rsatkichlaridagiga qaraganda jadalroq rivojlanayotgan bo‘lsa, u holda ishlab chiqarish hajmi o‘sishining o‘lchangan sur’atlari pasaytirilgan bo‘lib chiqadi.



Yüklə 0,5 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   20   21   22   23   24   25   26   27   ...   104




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin