46-modda. Har kim qariganda, mehnat qobiliyatini yo‘qotganda, ishsizlikda, shuningdek boquvchisini
yo‘qotganda va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ijtimoiy ta’minot huquqiga ega.
Qonunda belgilangan pensiyalar, nafaqalar va boshqa turdagi ijtimoiy yordamning
miqdorlari rasman belgilangan eng kam iste’mol xarajatlaridan oz bo‘lishi mumkin emas.
47-modda. Har kim uy-joyli bo‘lish huquqiga ega.
Hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin
emas. Uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati hamda u ko‘rgan zararlarning o‘rni
qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda qoplanishi ta’minlanadi.
Davlat uy-joy qurilishini rag‘batlantiradi va uy-joyga bo‘lgan huquqning amalga oshirilishi
uchun shart-sharoitlar yaratadi.
Aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalarini uy-joy bilan ta’minlash tartibi qonun
bilan belgilanadi.
48-modda. Har kim sog‘lig‘ini saqlash va malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega.
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tibbiy yordamning kafolatlangan hajmini qonunda
belgilangan tartibda davlat hisobidan olishga haqli.
Davlat sog‘liqni saqlash tizimini, uning davlat va nodavlat shakllarini, tibbiy sug‘urtaning
har xil turlarini rivojlantirish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlash
choralarini ko‘radi.
Davlat jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini
shakllantirish uchun shart-sharoitlar yaratadi.
49-modda. Har kim qulay atrof-muhitga, uning holati to‘g‘risidagi ishonchli axborotga ega bo‘lish
huquqiga ega.
Davlat fuqarolarning ekologik huquqlarini ta’minlash va atrof-muhitga zararli ta’sir
ko‘rsatilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida shaharsozlik faoliyati sohasida jamoatchilik nazoratini
amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi.
Shaharsozlik hujjatlarining loyihalari qonunda belgilangan tartibda jamoatchilik
muhokamasidan o‘tkaziladi.
Davlat barqaror rivojlanish prinsipiga muvofiq, atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va
muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi.
Davlat Orolbo‘yi mintaqasining ekologik tizimini muhofaza qilish hamda tiklash, mintaqani
ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan rivojlantirish yuzasidan choralar ko‘radi.