“Korrupsiyaga qarshi kurashish
to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi. Qonunning 3-moddasida asosiy tushunchalar berilgan bo‘lib,
unda korrupsiya, korrupsiyaga oid huquqbuzarlik va manfaatlar to‘qnashuviga doir
tushunchalarga ta’rif berilib, bular, o‘z navbatida, fuqarolarga korrupsiya, korrupsiyaga oid
huquqbuzarlikning nima ekanligi va ularning salbiy illat ekanligi haqida ma’lumot beradi.
Qonunning 5-moddasida esa korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat
siyosatining asosiy yo‘nalishlari ko‘rsatib o‘tilgan bo‘lib, ular: aholining huquqiy ongi va huquqiy
madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish,
davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlarni
amalga oshirish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash, ularga chek qo‘yish,
ularning oqibatlarini, unga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish,
korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi prinsipini
ta’minlashdan iboratdir.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksida javobgarlik belgilangan quyidagi ijtimoiy
xavfli qilmishlar korrupsiyaviy jinoyatlar hisoblanadi: Masalan, o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li
bilan talon-toroj qilish, jinoiy yo‘l bilan topilgan mulkni olish yoki o‘tkazish, budjet intizomini
buzish, hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish, hokimiyat yoki mansab vakolati
doirasidan chetga chiqish, hokimiyat harakatsizligi, pora olish, pora berish; pora olish-berishda
vositachilik qilish, xizmatchini pora evaziga og‘dirish, tovlamachilik yo‘li bilan haq berishni talab
qilish, qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi
muomala hamda jazo turlarini qo‘llash, tergov qilishga yoki sud ishlarini hal etishga aralashish,
yolg‘on guvohlik berish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, hokimiyatni
suiiste’mol qilish, hokimiyat vakolatidan tashqariga chiqish yoki hokimiyat harakatsizligi va
hokazolar.
“Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunning muhim ahamiyatli jihati
shundaki, unda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni bevosita amalga oshiruvchi
davlat organlari haqida ma’lumot berilib, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Milliy
xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, Bosh prokuratura huzuridagi Soliq,
valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti,
korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni qonun hujjatlariga muvofiq boshqa davlat
organlari ham amalga oshirishlari nazarda tutilgan.
Darhaqiqat, korrupsiyaga qarshi kurashishda aholining huquqiy ongi va huquqiy
madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish,
davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining huquqiy savodxonligini oshirish, ta’lim
muassasalarida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi huquqiy ta’lim va tarbiya masalalari
Qonunning 16, 17, 18-moddalarida o‘z ifodasini topgan. Chunki huquqiy ong va huquqiy
madaniyati yuksak bo‘lgan va huquqiy ta’lim va tarbiya jihatdan yetuk bo‘lgan insonlar salbiy illat
bo‘lmish korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaydilar.
Ushbu Qonunning yana o‘ziga xosligi, Qonunning 5-bobida korrupsiyaga oid
huquqbuzarliklarni aniqlash, ularga chek qo‘yish, javobgarlikning muqarrarligi nazarda tutilgan.
Haqiqatan ham, ushbu Qonun davlat va jamiyat taraqqiyotiga salbiy ta’sir etuvchi mazkur
illatga qarshi kurashishning huquqiy mexanizmi sifatida xizmat qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 2 fevraldagi PQ-2752-sonli
«Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi Qonunni qoidalarining samarali ijrosini ta’minlash,
jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlarni
o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish maqsadida Qaror qabul qilindi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasining asosiy
vazifalari quyidagilardan iborat:
- korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat dasturlarining va boshqa dasturlarning
ishlab chiqilishi hamda amalga oshirilishini tashkil etish;
- korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi va unda ishtirok
etuvchi organlar hamda tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirish va hamkorligini
ta’minlash;
- aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga, jamiyatda korrupsiyaga
nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga doir chora-tadbirlarning ishlab
chiqilishi hamda amalga oshirilishini tashkil etish;
- korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldini olishga, ularni aniqlashga, ularga chek
qo‘yishga, ularning oqibatlarini, shuningdek ularga imkon beruvchi sabablar va shart-
sharoitlarni bartaraf etishga doir chora-tadbirlar samaradorligi oshirilishini ta’minlash;
- korrupsiyaning holati va tendensiyalari to‘g‘risidagi axborotni yig‘ish hamda tahlil
etish;
- korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilishi yuzasidan
monitoringni amalga oshirish, ushbu sohadagi mavjud tashkiliy-amaliy va huquqiy
mexanizmlarning samaradorligini baholash;
- korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish va
ushbu sohadagi ishlarni yaxshilash yuzasidan takliflar tayyorlash;
- korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy idoralararo komissiyalar faoliyatini
muvofiqlashtirish.
Yuqoridagilarga muxtasar qilib Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyevning Farg‘ona viloyatiga
amalga oshirgan tashrifi chog‘ida o‘tkazilgan yig‘ilishda soliqchilarni mas’uliyatsizligi, fidoiylik
qilmasligi haqida tanqid qilib aytgan quyidagi so‘zlarini keltirish mumkin: “Qani budjetning puli?
Hammasi cho‘ntakka ketyapti. 3 yil ham ishlamasdan, 4 qavatli uy qurasan hammang, 20 ta
mashina olasan. Qayerdan bular? Oylikdan olasanmi? Sal insofli bo‘l! O‘g‘ri bo‘l, insofli bo‘l”.
Dostları ilə paylaş: |