Menejmentning asosiy prinsiplarini quyidagilar tashkil etadi
maqsadga yo‘naltirilganlik va uzluksizligi;
ilmiylikni san’at elementlari bilan uyg‘unligi;
markazdan boshqaruvni o‘z-o‘zini boshqarish bilan uyg‘unligi;
xodimlarni individual xususiyatlarini hisobga olish;
huquq va mas’uliyat birligini ta’minlash;
doimiylik va ketma-ketlik;
harakatlarni nazorat qilish va boshqarish;
shaxslararo munosabatlarni qonuniyat sifatida hisobga olish.
Pedagogik menejment — bu: birinchidan; pedagogik tizim sifatini rivojlantirishga yo‘naltirilgan boshqaruv prinsiplari, metodlari, shakllari va texnologik usullari yig‘indisini, ikkinchidan, pedagogik jamoa va o‘quvchilar faoliyatini ilmiy boshqarishni ifodalaydi.
Pedagogik menejment xususiyatlari ta’lim menejeri mehnatining natijasida, mehnat qurolida, mahsulotida, mehnat predmetida ifodalanadi.
Ta’lim jarayoni menejeri mehnati predmeti u boshqarayotgan odamlar faoliyatidir.
Mehnat xomashyosi bu - o‘quv tarbiyaviy jarayon to‘g‘risidagi ma’lumot.
Mehnat quroli - so‘z, nutq.
Ta’lim jarayoni menejeri mehnati natijasi menejment obyekti, ya’ni o‘quv- chilarni ta’lim olganlik, tarbiyalanganlik, rivojlanganlik darajasidir. Pedagogik menejment pedagogik tizimni rivojlanishining samaradorligini oshirishga yo‘naltiriladi.
Pedagogk tizimni boshqarish ta’lim muassasasining faoliyat xususiyatiga ko‘ra pedagogik jarayonini rejalashtirish, tashkil etish, rag‘batlantirish, natijalarni nazorat va tahlil qilish maqsadida amalga oshiriladigan boshqaruv faoliyatidir. Pedagogik tizimni boshqarishda davlat-jamoatchilik boshqaruviga erishish ta’lim muassasalarining dolzarb masalalarini davlat va jamoatchilik hamkorligida hal qilish, o‘qituvchilar, o‘quvchilar, ota-onalarga ta’lim dasturlarini, ularning turlarini, ta’lim muassasalarini tanlashda huquq va erkinlik berishni kengaytirish ahamiyatlidir.Pedagogik tizimni boshqarishda quyidagi prinsiplarga asoslaniladi. Boshqaruv prinsiplari - bu boshqaruvda amal qilinadigan asosiy talab va qoidalardir. Prinsiplar boshqaruv qonuniyatlarini ifodalaydi.
Pedagogik tizimni boshqarishning asosiy prinsiplariga quyidagilar kiradi:
boshqaruvni demaratizatsiyalashtirish va insonparvarlashtirish;
boshqarishni tizimliligi va yagonaliligi;
boshqarishda markaz va hudud uyg‘unligi;
boshqaruvda yakka boshqaruv va jamoatchilik uyg‘unligi
boshqaruvni ilmiy asoslanganligi;
boshqarishda ma’lumotlarni to‘liqligi va haqqoniyligi.
Quyida ushbu prinsiplar mohiyatini ko‘rib chiqamiz.
Boshqaruvni demaratizatsiyalashtirish va insonparvarlashtirish prinsipi. Pedagogik tizimni boshqarishni demokratlashtirish kadrlarni tanlov, shartnoma asosida ishga qabul qilish, qabul qilinayotgan qarorlarni ochiq muhokama etish, axborotlarning barcha uchun ochiq, tushunarli bo‘lishiga erishish, ta’lim muassasasi jamoatchiligi oldida ma’muriyatning muntazam hisobot berishi, o‘qituvchi va o‘quvchilarga ta’lim muassasasi hayotiga oid o‘z fikrlarini bildirishlariga imkon berish, ta’lim muassasasida demokratik g‘oyalarning ustuvor o‘rin tutishini anglatadi.
Ta’lim tizimini boshqarishda shaxsga alohida hurmat bilan munosabatda bo‘lish, unga ishonish, pedagogik faoliyatda subyektning subyektga munosabati darajasiga erishish, o‘quvchi va o‘qituvchining huquq, manfaatlarini himoya qilish, o‘qituvchilar va o‘quvchilarning o‘z iste’dodlari, kasbiy mahoratlarini erkin namoyon etish uchun sharoit yaratish esa pedagogik tizimni boshqarishning insonparvarlik tamoyiliga asoslanganligini bildiradi.
Boshqarishni tizimliligi va yagonaliligi prinsipi. Rahbar ta’lim muassasasini boshqarishga nisbatan tizimli yondashuv asosida ta’lim muassasasini bir butun yaxlit tizim sifatida ko‘ra oladi, uning belgilari haqida aniq tasavvurga ega bo‘ladi. Tizimning birinchi belgisi uning yagonaligi hamda bo‘laklar, tarkibiy qismlarga ajratish mumkinligi; ikkinchi belgisi tizim ichki tuzilishining mavjudligi; uchinchi belgisi tizimning integratsiyalanishi sanaladi (yagona tizimning har bir tarkibiy qismi o‘ziga xos sifatga ega bo‘lishi bilan birga o‘zaro harakat orqali qaytadan integratsiyalanishi bilan yangi sifat hosil bo‘ladi); to‘rtinchi belgisi esa ta’lim muassasalarining tashqi muhit bilan chambarchas bog‘ liqligidir (ta’lim muassasalari tashqi muhitga moslashib, ta’lim jarayonini qayta quradi va belgilangan maqsadlarga erishish uchun tashqi muhitni o‘ziga bo‘ysundiradi). Boshqaruvdagi tizimlilik va yagonalik rahbar bilan pedagogik jamoa o‘rtasidagi o‘zaro harakat va aloqani ta’minlaydi, bir yoqlama boshqaruvning oldini oladi.
Boshqarishda markaz va hudud uyg‘unligi prinsipi. Boshqaruvni markazlashtirish keragidan ortiq bo‘lganda, albatta, ma’muriy boshqaruv kuchayadi. Bu holat o‘qituvchilar va o‘quvchilarning ehtiyojlari, talab-istaklarini hisobga olmaslikka, rahbar va o‘qituvchilarning keraksiz mehnat, vaqt sarflashlariga olib keladi. Shuningdek, birga boshqarishni markazlashtirilmaslik ham pedagogik tizim faoliyatini susaytiradi. Shu bois boshqarishni markazlashtirish va markazlashtirmaslik o‘rtasida o‘zaro uyg‘unlikka erishish zarur. Ta’lim muassasasi ichidagi boshqaruvda markazlashtirish va markazlashtirmaslikni uyg‘unlashtirish ma’muriy hamda jamoatchilik boshqaruvi rahbarlarining faoliyatini jamoa manfaatiga qaratib, kasb malakasi darajasida qarorlarni qabul qilishga sharoit yaratadi.
Boshqaruvda yakka boshqaruv va jamoatchlik uyg‘unligi prinsipi.
Tamoyilning afzalligi ta’lim muassasasini boshqarishda yakka hokimlikka yo‘l qo‘ymaslik bilan belgilanadi. Boshqarish faoliyatida o‘quvchilarning tajribalari, bilimlariga tayangan holda turli qarashlarni taqqoslash, oqilona xulosalar chiqarish
muhim sanaladi. Vazifalarni jamoa yordamida hal qilish har bir a’zoning javobgarligini yo‘qqa chiqarmaydi. Shu bilan birga boshqaruvda yakkahokimlikning namoyon bo‘lishi ham ma’lum afzalliklarga ega. Ya’ni
yakkahokimlik pedagogik jarayonda tartib-intizom, vakolat doirasi va unga amal qilishni ta’minlaydi. Shu sababli qarorni qabul qilishda kollegial yondashuv ma’qul
sanalsa, qarorning ijrosini ta’minlashda yakkahokimlikka bo‘ysunish zarurdir. Ta’lim tizimini boshqarishning davlat-jamoatchilik xarakteri bu tamoyilni amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitni yaratadi.
Boshqaruvning ilmiy asoslanganligi prinsipi. Ushbu prinsip boshqaruv tizimini boshqaruv fanining so‘nggi yutuqlari asosida tashkil etishni ifodalaydi. Rahbar pedagogik tizim va jamiyat rivojlanishining obyektik tendensiyalarini, qonuniyatlarini tushunishi va hisobga olishi zarur.
Dostları ilə paylaş: |