XII mavzu. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
§ 1. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasini tashkil etish Konstitutsiyaning 76-moddasida “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi oliy davlat vakillik organi bo‘lib, qonun chiqaruvchi hokimiyatni amalga oshiradi” – deyilgan.
Oliy Majlis ikki palatadan, Qonunchilik palatasi – quyi palata, Senat – yuqori palatadan iborat.
Yodda tuting!
Eng avvalo Oliy Majlis davlat organi. Uni davlat vakillik organi deb yuritilishining sababi, u xalq vakillaridan iborat.
Demak Oliy Majlis birinchidan oliy davlat vakillik organi va ikkinchidan qonun chiqaruvchi hokimiyatni amalga oshiradi.
Konstitutsiyaning 77-moddasi Oliy Majlis palatalarining tashkil etish tartibini belgilagan. Unga asosan Qonunchilik palatasining bir yuz o‘ttiz besh deputati bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha ko‘ppartiyaviylik asosida umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yuli bilan saylanadi.
Qonunchilik palatasining o‘n besh deputati O‘zbekiston Ekologik harakatidan saylandi. Shunda Qonunchilik palatasi deputatlarining umumiy oni 150 kishidan iborat bo‘ladi.
Qonunchilik palatasining deputati saylovi Konstitutsiyada vakillik organlari uchun belgilangan muddatda (Konstitutsiyaning 117-moddasi) o‘tkaziladi. Mazkur saylov umuxalq saylovi bo‘lib, unda barcha 18 yoshga yetgan (Konstitutsiyaning 117-moddasida ko‘rsatilgan holatlardan tashqari) O‘zbekiston fuqarolari ishtirok etadi. Saylov umumiy, teng, to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish orqali o‘tkaziladi.
Saylov kuni yigirma besh yoshga to‘lgan hamda kamida oxirgi besh yil O‘zbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputati, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati a'zosi bo‘lishi mumkin. Deputatlikka va senatorlikka nomzodlarga qo‘yiladigan talablar qonun bilan belgilanadi.
Ayni bir shaxs bir paytning o‘zida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputati va Senati a'zosi bo‘lishi mumkin emas.