Annotatsiya. Maqolada mantiqiy va obrazli tafakkurni shakllantirishda ahamiyatli sanalgan badiiy asar tahlilidagi ijodiy yondashuv omillarining afazalliklari haqida so`z yuritiladi.Badiiy asarni pedagogik texnologiyalar bilan tahlil etish asosida o`quvchilarning tasavvurini o`stirish,ularning mushtarak yoki farqli jihatlari xususida muayyan xulosalar chiqarish layoqatini rivojlantirishga doir ijodiy yondashuvlar bayon qilinadi.
Bugungi kunda ta’lim jarayonida zamonaviy pedagogik texnologiyalarni, interfaol metodlarni qo`llash ta’lim samaradorligini oshirishga xizmat qilishi isbot talab qilmaydigan haqiqatdir.Shu bois ham talim jarayonida muvofiq o`quv muhitini yaratish muhim ahamiyat kasb etadi. Shunday ekan,o`qituvchi va o`quvchilar hamkorligi,o`zaro muloqoti,bir-biriga ko`rsatadigan ta’siri eng zamonaviy va milliy talablar asosida tashkil topishi kerak.Buning uchun birinchi navbatda,o`qituvchi ta’lim-tarbiya jarayoni oldiga qo`yilgan talablar, ta’limni tashkil etish va boshqarish tamoyillari hamda yo`llari, o`quvchini aqliy va jismoniy jihatdan rivojlantirish usullari, u bilan hamkorlik qilish, muloqotga kirishish, sinfda ijodiy muhitni vujudga keltirish, o`quvchi faoliyatini aniq va to`g`ri baholay olish metodlari bilan qurollangan bo`lishi lozim.
Adabiyot fanini o`qitishda zamonaviy yondashuvlar muhim ahamiyat kasb etadi.Jumladan, badiiy asarni tahlil etishda ko`pgina o`quvchilar, hattoki o`qituvchilarimiz ham oqsaydilar. Badiiy tahlil adabiy asarning hayotiy va badiiy mantig`i hamda estetik jozibasini anglashga yo`naltirilgan ilmiy faoliyatdir. Metodist olimnlar,xususan, A.Zunnunovning adabiy ta’lim metodlarini tasniflashga oid qarashlarida obrazlar, lavhalarni taqqoslash, asar yoki uning biror bo`limi qurilishi,uslub xususiyati, unda ifodalangan lavha va tabiat manzaralari, qahramonlarni qiyosiy o`rganish rejasini tuzish izlanish metodi; ikki yoki bir necha asarni mavzu bo`yicha, g`oyaviy, adabiy-nazariy, tarixiy-adabiy reja, sahnalashtirilgan nusxasi bilan taqqoslanishi tadqiqot metodi doirasida bajariladigan faoliyat turlari ekanligi ta’kidlanadi. Adabiy tahlilga shu tariqa ta’rif berilganda hodisaga xos deyarli barcha asosiy xususiyatlar qamrab olinadi, deyish mumkin.
Adabiyot darslarida asar matnini o`zlashtirish mumtoz adabiyot namunalarini o`rganishning eng muhim jihatlaridan. Tahlil qilinayotgan she’riy yoki nasriy asar mazmunini puxta o`zlashtirmay turib, uning tahliliga kirishish-foydasiz mashg`ulot. Chunki o`quvchi asar mazmunini atroflicha anglab yetgandagina uning badiiy tahlilini o`zlashtira oladi.
Xususan, badiiy asar qahramonlariga xos xususiyatlarni yoki asarning badiiy mohiyatini ochishga xizmat qiladigan metodlar sirasida “Anogramma”dan foydalanish ham ahamiyatlidir.
Ma’lum badiiy asarni o`rganishda va uni tahlil qilishda “Ikki qismli kundalik” texnologiyasini qo`llash ijobiy natija beradi. “Ikki qismli kundalik”texnologiyasi – bu pedagogik texnologiya bo`lib, yozma nutqni rivojlantiradi. Bu uslub o`qib chiqilgan mavzu bo`yicha tushunchalarni shaxsiy tajriba bilan bog`lashga imkon beradi. Maqsad esa o`rganilayotgan mavzuga qiziqish uyg`otish,mantiqiy fikrlash va yozma nutqni rivojlantirish. Masalan, Alisher Navoiyning “Farhod va Shirin” dostonini tahlil etishda quyidagicha yo`l tutiladi.