Sho‘ba va qaram jamiyatlar Jamiyat yuridik shaxs huquqini olgan sho‘ba va qaram xo‘jalik jamiyatlariga ega bo‘lishi mumkin.
Agar bir (asosiy) xo‘jalik jamiyati yoki shirkati ikkinchi xo‘jalik jamiyatining ustav fondida undan ustunlik mavqeiga ega bo‘lgan holda ishtirok etishi tufayli yoxud ular o‘rtasida tuzilgan shartnomaga muvofiq yo bo‘lmasa boshqacha tarzda ikkinchi xo‘jalik jamiyati tomonidan qabul qilinadigan qarorlarni belgilab berish imkoniga ega bo‘lsa, ushbu ikkinchi xo‘jalik jamiyati sho‘ba xo‘jalik jamiyati hisoblanadi.
Sho‘ba xo‘jalik jamiyati o‘zining asosiy jamiyati qarzlari yuzasidan javobgar bo‘lmaydi.
Sho‘ba xo‘jalik jamiyatiga bajarilishi shart bo‘lgan ko‘rsatmalarni berishga huquqli asosiy jamiyat ana shunday ko‘rsatmalarni bajarish uchun sho‘ba jamiyati tomonidan tuzilgan bitimlar yuzasidan sho‘ba jamiyati bilan solidar javobgar bo‘ladi. Asosiy jamiyatning sho‘ba xo‘jalik jamiyatiga bajarilishi shart bo‘lgan ko‘rsatmalarni berish huquqi sho‘ba xo‘jalik jamiyati bilan tuzilgan shartnomada yoki sho‘ba xo‘jalik jamiyatining ustavida ko‘zda tutilgan taqdirdagina asosiy jamiyat bunday huquqqa ega deb hisoblanadi.
Sho‘ba xo‘jalik jamiyati asosiy jamiyatning aybi bilan nochor (bankrot) bo‘lib qolgan hollarda asosiy jamiyat sho‘ba xo‘jalik jamiyatining qarzlari yuzasidan subsidiar javobgar bo‘ladi. Asosiy jamiyat sho‘ba xo‘jalik jamiyatining muayyan harakatlarni amalga oshirish oqibatida nochor (bankrot) bo‘lib qolishini oldindan bilib, yuqorida aytilgan o‘z huquqlari va (yoki) imkoniyatidan sho‘ba xo‘jalik jamiyatining shunday harakatlarni amalga oshirishini ko‘zlab foydalangan hollardagina sho‘ba xo‘jalik jamiyatining nochorligi (bankrotligi) asosiy jamiyatning aybi bilan yuz bergan deb hisoblanadi.
Sho‘ba xo‘jalik jamiyati aksiyadorlari asosiy jamiyatdan uning aybi bilan sho‘ba xo‘jalik jamiyatiga keltirilgan ziyonni to‘lashni talab qilishga haqlidir. Asosiy jamiyat sho‘ba xo‘jalik jamiyatining muayyan harakatlarni amalga oshirish oqibatida ziyon ko‘rishini oldindan bilib, o‘z huquqlari va (yoki) imkoniyatidan sho‘ba xo‘jalik jamiyatining shunday harakatlarni amalga oshirishini ko‘zlab foydalangan holdagina ziyon asosiy jamiyatning aybi bilan keltirilgan deb hisoblanadi.
Agar jamiyatga qarashli ovoz beruvchi aksiyalarning yigirma foizidan ziyodrog‘i boshqa ishtirokchi jamiyatga qarashli bo‘lsa, bu jamiyat qaram xo‘jalik jamiyati deb tan olinadi.
Xo‘jalik jamiyatida ishtirok etuvchi boshqa jamiyat qaram jamiyat ustav fondining tegishli qismini qo‘lga kiritib olganligi haqidagi ma’lumotlarni qonunda nazarda tutilgan tartibda darhol e’lon qilishi shart.
Xo‘jalik jamiyatlari bir-birlarining ustav fondlarida o‘zaro qatnashishining chegarasi va bunday jamiyatlardan biri boshqa jamiyat ishtirokchilari yoki aksiyadorlarining umumiy yig‘ilishida foydalanishi mumkin bo‘lgan ovozlar soni qonunda belgilab qo‘yiladi.
Bundan tashqari, jamiyatlar o‘z filiallari va vakolatxonalarini ham ochishi mumkin va bularni aslo qaram va sho‘ba jamiyatlari bilan adashtirmaslik lozim. Ular o‘zlarini tashkil etgan jamiyat tomonidan mol-mulk bilan ta’minlanadi va shu jamiyat tasdiqlagan nizomlar asosida ish ko‘radi.
Filial yoki vakolatxonaning rahbari jamiyat tomonidan tayinlanadi va jamiyat bergan ishonchnoma asosida ish ko‘radi.
Filial hamda vakolatxona faoliyati uchun javobgarlik ularni tuzgan jamiyat zimmasida bo‘ladi.
Jamiyat ustavida uning filiallari hamda vakolatxonalari to‘g‘risida ma’lumotlar berilgan bo‘lishi kerak. Jamiyatning filiallari hamda vakolatxonalariga doir ma’lumotlar o‘zgarishi munosabati bilan uning ustaviga kiritilgan o‘zgartishlar to‘g‘risidagi axborot yuridik shaxslarni davlat ro‘yxatiga oluvchi organga ma’lumot tarzida taqdim etiladi. Jamiyat ustavidagi mazkur o‘zgartishlar ma’lum qilingan paytdan boshlab uchinchi shaxslar uchun kuchga kiradi.
Jamiyat tomonidan O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida filiallar tashkil etish va vakolatxonalar ochish, agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, filiallar va vakolatxonalar joylashgan yerdagi mamlakat qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.