Banklarda hujjatlar aylanishini tashkil qilish.
Hujjatlar aylanishi operatsiyalarning qonuniyligi, hujjatlarning haqiqiyligi va to‘g‘ri rasmiylashtirilganligini hamda ularning hisobda to‘g‘ri aks ettirilishini tekshirish bilan bog‘liq bo‘lgan ishlarni o‘z ichiga oladi.
Hujjatlarning rasmiylashtirilgan vaqtdan boshlab ular bo‘yicha operatsiyalar bajarilgunga qadar bo‘lgan vaqt ichidagi tartibli harakatiga bank operatsiyalari bo‘yicha hujjatlar aylanishi deyiladi.
Hujjatlar aylanishi bank operatsiyalarining o‘z vaqtida to‘g‘ri va qonuniy tarzda amalga oshirilishida katta rol o‘ynaydi. Shuning uchun har bir bankda hujjatlarning aylanishi va mijozlarga xizmat ko‘rsatish vaqti grafiklarda aks ettiriladi.
Bankning har bir ish kunining 5-6 soati bevosita mijozlarga xizmat ko‘rsatishga ajratiladi. Kunning qolgan qismida esa avvalgi kun hisob materiallari tekshiriladi, shu kunning operatsiyalariga yakun yasaladi va ertangi kun operatsiyalariga tayyorgarlik ko‘riladi. Shu kun kelib tushgan hujjatlar shu kunning o‘zida, kechki payt kelib tushgan hujjatlar esa ertasi kun o‘tkaziladi, chunki hujjatlar kechki pochta orqali kelishi mumkin. Hujjatlar aylanishi aks etgan grafiklarda bank operatsiyalarini bajaruvchi bank xodimlarining bir-biriga hujjatlarni uzatish, banklararo aylanmalar guruhsi, kassaga yoki bankning hisoblash markazlariga, ya’ni komputer bo‘limiga uzatish vaqtlari belgilanadi.
Banklarda ish kuni va hujjatlar aylanishini tashkil etish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan asosiy talablar ishlab chiqilgan bo‘lib, ular “O‘zbekiston Respublikasi banklarida buxgalteriya hisobini yuritishni va buxgalteriya ishlarini tashkil qilish tartibi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi
Markaziy banki Boshqaruvining 2008-yil 3-maydagi 11/5-sonli qarori bilan tasdiqlangan yo‘riqnomada o‘z ifodasini topgan. Yo‘riqnomada ko‘rsatilgan talabnomalar quyidagilardir:
– Operatsiya kuni davomida, ya’ni ish kunining birinchi yarmida bankka kelib tushgan barcha hisob-kitob, pul hujjatlari shu kunning o‘zida qabul qilinishi, rasmiylashtirilishi va buxgalteriya hisobi varaqlarida qayd etilishi kerak. Operatsiya kuni tugagandan keyin bankka kelib tushgan barcha hujjatlar qoida tariqasida kelasi ish kunida mijozlarning hisobvaraqlariga kiritiladi.
– Shaxsiy komputerlar yordamida fayllarga ishlov berish tartibi va ularni Hisob-Markaziga jo‘natish vaqti O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi tomonidan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi banklari o‘rtasida elektron to‘lovlar tizimi bo‘yicha hisob-kitoblar yuritish to‘g‘risida”gi Nizom hamda unga kiritilgan qo‘shimcha va o‘zgartishlar asosida amalga oshirilishi lozim.
– Operatsiyalarning sifatli o‘tkazilishini tartibga solib turish uchun har bir bank bo‘limida doimiy ravishda bankka katta miqdorda hisob-kitob va pul hujjatlarini taqdim etuvchi asosiy mijozlardan hujjatlar qabul qilish qat’iy grafiklarini tuzish lozim.
– Operatsiya kuni davomida mijozlardan barcha hujjatlarni bevosita buxgalteriya xodimlarining o‘zlari qabul qilib oladilar. Operatsiya kuni tugagandan so‘ng, ya’ni kunning ikkinchi yarmida hujjatlar bankka maxsus qutilar orqali topshiriladi. Ulardagi hujjatlar har soatda olib turilishi kerak.
– Barcha hisob-kitob va pul hujjatlaridan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan summalar, jumladan, budjetga ajratmalar, ish haqi va shunga tenglashtirilgan naqd pul to‘lovlari mijozning “Talab qilib olinadigan” depozit bo‘yicha hisobvarag‘ida yetarli pul mablag‘lari bo‘lgan taqdirda, ya’ni shu hisobvaraqdagi mablag‘lar chegarasida to‘lanadi.
Quyida banklarda buxgalteriya xodimlarining ish kuni rejimi to‘g‘risidagi namunaviy ko‘rsatmalarni keltiramiz:
Mas’ul ijrochilarning ish kuni ertalab 8.00 dan 17.00 gacha davom etadi.
– Soat 8.00 dan 9.00 gacha mijozlarning shaxsiy hisobvaraqlardagi yozuvlarni tekshirish, analitik va sintetik hisob materiallarini bir-biri bilan solishtirish, kerakli hujjatlar bilan shaxsiy hisobvaraqlarni mijozlar bo‘yicha hisobvaraqlar kartotekasiga joylashtirish bilan shug‘ulanadi.
– Pul sanash kassasidan tushumni yig‘ishga doir hujjatlar operatsion bo‘limbuxgalteriya xodimi qo‘liga ish kuni boshlanish vaqtida kelib tushishi lozim.
Operatsiya kuni davomida inkassatsiya qilingan tushum hujjatlari tushum sanab bo‘lingandan keyin, lekin 13.00 dan kechikmay kassadan olinadi. Kassa daftarlarini kassa ma’lumotlari bilan solishtirish 15.00 gacha tugallanishi lozim.
– Ish kunining ikkinchi yarmida mijozlardan qabul qilingan hisob-kitob, pul hujjatlari to‘lov muddatlari arafasida qaydlov uchun rasmiylashtiriladi.
– Mijozlardan hujjatlar butun ish kuni davomida qabul qilinadi.
– Operatsion kun oxirigacha bankka kelib tushgan hujjatlar joriy kun balansi bo‘yicha o‘tkaziladi.
– Operatsion kun tugagandan so‘ng yoki kun oxirida topshirilgan hujjatlar bankning keyingi ish kuni balansi bo‘yicha o‘tkaziladi.
- Ish kuni yakunlanishiga kamida ikki soat qolganda inkassoga qabul qilingan boshqa shaharlar bilan hisob-kitoblar bo‘yicha to‘lov talabnomalari to‘lovchilarga xizmat ko‘rsatuvchi banklarga o‘sha kunning o‘zidayoq jo‘natiladi.
- Mazkur bank mijozlarining hisobvaraqlari bo‘yicha summalarini kiritish va olishi uchun hujjatlar bir operatsiya xodimlaridan boshqalarga berilishi kechiktirilmasligi, ular kelib tushgani va hujjatlarga ishlov berilgani sayin topshirib turilishi lozim.
- Joriy kun operatsiyalari bo‘yicha hujjatlar hisob-kitob markaziga ular bilan kelishilgan maxsus grafik bo‘yicha berilishi kerak.
- Ekspeditsiya bo‘limiga hujjatlar ish kuni oxiriga kamida 1-1,5 soat qolganda qabul qilish to‘xtatiladi.
Endi bank operatsiyalari bo‘yicha hujjatlar aylanishiga to‘xtalib o‘tamiz. Bankning har bir operatsiyasi bo‘yicha hujjatlar aylanishining o‘z xususiyatlari bor (naqd pulsiz, kassa, kreditlash). Kassa operatsiyalari bo‘yicha hujjatlar aylanishiga ayniqsa alohida ahamiyat beriladi. Shuning uchun kassa operatsiyalari bo‘yicha hujjatlar aylanishini ko‘rib chiqamiz.
Endi bank kassa operatsiyalari bo‘yicha hujjatlar aylanishiga to‘xtalib o‘tamiz.
1. Mijoz nazoratchiga pul topshirganlik haqidagi e’lonni topshiradi.
2. Nazoratchi hujjatni tekshiruvdan o‘tkazib, kassa kirim jurnalida undagi yozuvlarini aks ettirgandan so‘ng e’lonni kirim jurnali bilan birga kassaga uzatadi.
3. Mijoz kassaga naqd pul topshiradi.
4. Kassir pulni sanab, e’lon va kirim jurnalidagi summa bilan solishtiradi, hujjatlarni rasmiylashtirib, kvitantsiyani mijozga qaytaradi.
5. Order va kirim jurnali nazoratchiga qaytariladi.
6. Nazoratchi kun oxirida kassa kirim jurnali ma’lumotlarini kassa kitoblari bilan solishtiradi.
7. Solishtirishdan so‘ng bu ma’lumotlar bank hisob markaziga (computer bo‘limiga) yuboriladi.
8. Orderdagi ma’lumot shaxsiy hisobvaraqlarda aks ettiriladi va mas’ul ijrochiga beriladi.
9. Mas’ul ijrochi shaxsiy hisobvaraqdan ko‘chirma bilan orderni birgalikda mijozga berishga tayorlaydi.
Qolgan operatsiyalar bo‘yicha hujjatlar aylanishi alohida xususiyatlarga ega bo‘lib, ularni tegishli mavzularda alohida ko‘rib chiqamiz.