daromadning yuzaga kelishiga olib keladi. Milliy daromadning bir qismi aholi
tomonidan jamg‘arilib moliyaviy bozorlar orqali investitsiya shaklida korxona,
tashkilotlar ixtiyoriga kelib tushadi, bir qismi esa davlat zayomlari orqali byudjet
defitsitini qoplashga yo‘naltiriladi. Natijada pul oqimi o‘zining asosiy yo‘nalishlari
orqali korxona, tashkilot, aholi, tovarlar bozori va resurslar bozoridan o‘tib moliya
bozori va davlatgacha yetib keladi, ya’ni, aholiga kelib tushadigan daromadning
bir qismi soliqlar sifatida davlat ixtiyoriga kelib tushadi. Shuning uchun ham pul
aylanishining salmoqli qismini milliy daromadni yaratish, taqsimlash va qayta
taqsimlash bilan bog‘liq bo‘lgan jarayonlar tashkil qiladi. Milliy daromadni
yaratishda pul aylanishi jamiyat a’zolari bilan korxonalar o‘rtisidagi to‘lovda
namoyon bo‘ladi.
Pul aylanishing quyidagi guruhlarini ifodalash mumkin:
- ishlab chiqarish jarayoni bilan bog‘liq bo‘lgan to‘lovlar (ishlab chiqarish
vositalarini sotib olish, ish haqi to‘lash va b.);
- harajatlarni qoplash uchun kelib tushadigan tushumlar va jamg‘armalarni
tashkil qilish;
- turli xil moliyaviy majburiyat va daromadlardan to‘lovlarni amalga oshirish
va boshqa to‘lovlar. Korxonalar oladigan daromadlardan byudjetga to‘lovlar, ya’ni
soliqlar va boshqa to‘lovlarning amalga oshirilishi ham pul aylanishining bir
qismini tashkil qiladi.
Pul aylanishi moliyaviy resurslardan foydalanish jarayonini ham o‘z ichiga
oladi. Kapital mablag‘lardan foydalanish va ba’zi sohalarda harajatlarni
moliyalashtirish, banklar tomonidan kreditlash jarayonining amalga oshirilishi ham
pul oborotining yuzaga kelishi uchun zarur shartlardan hisoblanadi. Kreditlash
uchun zarur bo‘lgan kredit resurslarni pulning uzluksiz aylanishi natijasida vujudga
keladi. Korxona, tashkilotlar tomonidan moddiy boyliklar, materiallar, yoqilg‘i va
boshqalarni sotib olish uchun muljallangan pul mablag‘lari oldindan
avanslashtiriladi. Qiymat pul shaklidan tovar shakliga utadi. Ishlab chiqarilgan
mahsulot sotiladi va mol yetkazib beruvchining hisob varag‘iga pul mablaglari
kelib tushadi. Shu tariqa korxonalarning puli uzluksiz aylanib turadi. Tovarlar
uchun to‘lovlar naqd pulsiz amalga oshirilgani uchun korxona hisob varag‘iga
kelib tushgan pul, uni ishlatishga zarurat tug‘ilgunga qadar banklarda saqlanadi.
Korxona tashkilotlarining vaqtincha bo‘sh turgan pullari ularning roziligiga
asosan bank tomonidan kredit resurslari sifatida ishlatilishi mumkin. Korxona,
tashkilotlarining bo‘sh pul mablag‘laridan tashkari, banklar jamoat
tashkilotlarining, byudjet, sug‘urta tashkilotlarining, aholining banklardagi pul
mablag‘laridan o‘z resurslari sifatida foydalanib, xalq xo‘jaligi tarmoqlariga
kreditlar berishi mumkin. Shunday qilib, banklar tomonidan pul mablag‘larining
yig‘ilish jarayoni pul aylanishida namoyon buladi.
Korxona tashkilotlarning kreditlashda pul mablag‘lari vaqtincha
foydalanishga beriladi. Kredit berish va kredit hisobidan tovar moddiy boyliklarni
sotib olish, ularni boshqa ishlab chiqarish harajatlari uchun sarflash va keyinchalik
kreditni to‘lash ssuda hisobiga mablag‘ o‘tkazish jarayoni pul aylanishining
unsurlaridan biri hisoblanadi.
Pul oboroti investitsiya bilan bog‘lik harajatlarni, sug‘urta jarayonlarini
amalga oshirishni, mulkni, hayotni, transport vositalarini, bog‘larni, boshqa
buyumlarni sug‘urta qilish va uni to‘lashni o‘z ichiga oladi.
Pul aylanishi aholi tomonidan uy – joy, kommunal xizmatlar, gaz, elektro
energiyasi, aloqa xizmatlari uchun to‘lovlar, madaniy – maishiy xizmat ko‘rsatish
korxonalariga to‘lovlar, transport uchun va boshqa tulovlarni, a’zolik badallari va
paylarni to‘lashni o‘z ichiga oladi. Shunday qilib, pulning ayrim yo‘nalishlarda
harakatini ko‘rib chiqqan holda, pul aylanishining mohiyatini quyidagicha
ta’riflash mumkin. Pul aylanishi, bu naqd pullik va pul o‘tkazish yo‘li bilan olib
boriladigan hisob – kitoblarning yig‘indisidir.
Pul aylanishini ikki asosiy belgiga: birinchidan, jami ijtimoiy mahsulot ishlab
chiqarish va ikkinchidan, pulning funksiyalariga ko‘ra tarkibiy qismlarga bo‘lish
mumkin. Jami ijtimoiy mahsulotni ishlab chiqarish jarayoni bilan bog‘liq holda pul
aylanishi: tovarlarni ishlab chiqarish va sotish, kapital qurilish bilan bog‘liq
aylanishga bo‘linadi.
Pul aylanishining birinchi turiga, ishlab chiqarish jarayoni uchun zarur jami
resurslar – mehnat qurollari, mehnat vositalari, ish kuchi sotib olish va aksincha,
aholi tomonidan davlat, kooperativ – savdo tashkilotlaridan, kolxoz bozorlaridan,
fuqarolardan iste’mol uchun zarur tovarlarni sotib olish va aholining yuqoridagi
sub’ektlarga tovarlar sotish, kapital qurilish va ta’minlash sohasidagi hisob –
kitoblar va boshqalar kiradi.
Pul aylanishining ikkinchi turiga ishchi xizmatchilarga ish haqi to‘lash,
milliy daromadni taqsimlash va qayta taqsimlash bilan bog‘liq to‘lovlar, kreditlash
jarayoni bilan bog‘lik to‘lovlar va boshqa tovar harakati bilan bog‘lik bo‘lmagan
to‘lovlar kiradi.
Pul funksiyalari va to‘lov turiga ko‘ra pul aylanishi naqd pullik va naqd
pulsiz aylanishga bo‘linadi.
Pul aylanishining asosiy qismini naqd pulsiz aylanish, ya’ni korxona,
tashkilotlar o‘rtasidagi, ularning davlat byudjeti, kredit tashkilotlari bilan naqd
pulsiz bir hisob raqamidan ikkinchi hisob raqamiga mablag‘ o‘tkazish yo‘li bilan
amalga oshiriladigan aylanish tashkil qiladi.
Pul aylanishi tarkibida naqd pulsiz aylanish salmog‘ining yuqori bo‘lishining
sababi, avvalambor korxona, tashkilotlar o‘rtasida iqtisodiy munosabatlarning
rivojlanishi, ishlab chiqarish vositalari ishlab chiqarishni yuksaltirish zarurligi,
ba’zi bir tarmoqlarning ixtisoslashuvi, kredit tizimining takomillashuvi va
boshqalardir.
Tovarlarni sotish jarayonidagi hisoblar moddiy boyliklar aylanishi bilan
bog‘lik bo‘lib, ular asosan korxona, tashkilotlar o‘rtasida olib boriladi.
Notovar tavsifdagi hisob – kitoblarga milliy daromadni taqsimlash, qayta
taqsimlash bilan bog‘lik bo‘lgan tovarlar, daromaddan to‘lovlar, har xil badallari
soliqlari, kreditlarni to‘lash, uy – joy, har xil xizmatlar uchun to‘lovlar va
boshqalar kiradi.
Tovarlar harakati bilan bog‘lik bo‘lgan hisob – kitoblarning naqd pulsiz
o‘tkazilishi, moddiy boyliklarni yetkazib berish va ko‘rsatilgan xizmatlar uchun
to‘lov muddatini yaqinlashtirishga yordam beradi. Tovar moddiy boyliklar va
xizmatlar uchun to‘lovlarning o‘z vaqtida o‘tkazilmasligi korxonalar
mablag‘larining xo‘jalik aylanishidan chiqib ketishga, ko‘zlagan rejalarni
bajarishga mablag‘larning yetishmasligiga olib keladi. To‘lovning tovarlarni
olishdan oldin amalga oshirilishi mol sotib oluvchi korxona mablag‘larining
xo‘jalik aylanishidan chiqib ketishiga olib keladi. Shuning uchun tovarlar harakati
va to‘lovlar bir – biriga mos kelishi katta ahamiyatga ega.
Naqd pullik aylanish – bu naqd pul yordamida amalga oshiriladigan to‘lovlar
yig‘indisidir. Bu aylanish pul o‘zining to‘lov va muomala vositasi funksiyalarini
bajarishida yuzaga keladi.
Naqd pullar muomala vositasi sifatida aholi bilan korxona, tashkilotlar
o‘rtasida, aholi bilan aholi o‘rtasidagi tovarlar sotib olishda va sotishda
qo‘llaniladi.
Pul to‘lov vositasi sifatida ish haqi, nafaqalar, mukofotlar, yakka tartibdagi
qurilish uchun beriladigan kreditlar, sug‘urta to‘lovlarni to‘lashda namoyon
bo‘ladi.
Undan tashqari naqd pullik aylanishga:
- kommunal xizmatlar uchun to‘lovlar;
- maishiy xizmatlar uchun to‘lovlar;
- sug‘urta tashkilotlariga paylarni to‘lash;
- bank kreditini to‘lash;
- matbuot tashkilotlariga paylarni to‘lash;
- aksionerlik jamiyatlari bilan a’zolari o‘rtasidagi to‘lovlar va boshqa
to‘lovlar kiradi.
Korxona, tashkilotlarning bankdagi hisob raqamidagi pul mablag‘lari
quyidagi yo‘llar bilan naqd pulga aylanadi:
- ishchi xizmatchilarga ish haqi berish;
- ko‘rsatilgan xizmatlar, mehnat uchun to‘lovlar;
- nafakalar to‘lash;
- har xil mukofotlar;
- aholidan qishloq xo‘jalik mahsulotlari, tovarlar sotib olishda;
- davlat zayomlari va lotoreya biletlari buyicha to‘lovlar;
- aholi banklardan jamg‘armalarini olganda;
- aholiga sug‘urta to‘lovlarini to‘laganda va xokazo.
Naqd pullar cheklangan miqdorda muomalaga chiqariladi.
Naqd pullarni muomalaga chiqarilishi ustidan bank nazorat olib boradi.
Pulning naqd pulsiz aylanishiga o‘tganidan naqd pullik aylanishga ko‘proq
o‘tishi pul muomalasi uchun xatarliroq hisoblanadi. Shuning uchun ham pulning
naqd pullik aylanishga o‘tish jarayoni davlatning Markaziy banki tomonidan
nazorat qilib borilishi kerak.
Pul aylanishi bo‘limlari o‘rtasida yuzaga keladigan nomutanosiblik iqtisodiy
choralar ishlab chiqish va amalga oshirish yo‘li bilan yo‘kotilishi kerak.
Buning uchun muomalaga xalq ehtiyoji uchun zarur bo‘lgan tovarlarni ishlab
chiqish va sotish, aholiga xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot va muassasalar sonini va
xizmat turlarini yaxshilash naqd pullarning naqd pulsiz aylanishga o‘tish jarayonini
tezlashtiradi. Bu o‘z navbatida mazkur mablag‘lar hisobidan ishlab chiqarish
jarayonini kengaytirishga imkon beradi.
Ba’zi adabiyotlarda naqd pul aylanishi va pul muomalasi tushunchalari bir xil
mohiyatga ega degan xato fikrlarni ham uchratish mumkin. Pul muomalasining
uziga xos xususiyati shundaki, bir pul belgisi bir necha marta to‘lovlarni amalga
oshirishda ishlatilishi mumkin. Muomalada bo‘lgan naqd pul massasi ma’lum bir
davrda (oy, uch oy, yil) da o‘zgarmas bo‘lib turgan holda, naqd pul oboroti pul
birligining aylanish tezligiga ko‘ra muomaladagi naqd pul miqdoridan bir necha
marta ko‘p bo‘lishi mumkin va aksincha.
|