13-modda. Bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni mijozning (vakilning) merosxo‘rlari yoki huquqiy vorislariga taqdim etish Oldingi tahrirga qarang. Mijoz (vakil) to‘g‘risidagi, bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlar uning merosxo‘rlari yoki
huquqiy vorislariga, agar ularning o‘zi yoki ular vakolat bergan vakillar qonunchilikka muvofiq
meros huquqini yoki huquqiy vorislikni tasdiqlovchi barcha zarur hujjatlarni taqdim etsalar, bank
tomonidan taqdim etiladi.
(13-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son) Meros huquqini yoki huquqiy vorislikni tasdiqlamaydigan hujjatlar olingan taqdirda, bank
murojaat qilgan shaxsni u so‘ragan ma’lumotlarni taqdim etish imkoniyati yo‘qligi xususida uch
ish kuni ichida yozma ravishda xabardor qilishi shart, shuningdek qo‘shimcha hujjatlar taqdim
etishni talab qilishga yoki murojaat etgan shaxsning meros huquqini yoxud huquqiy vorisligini
tasdiqlab berish to‘g‘risidagi yozma so‘rovni tegishli notariusga yoki yuridik shaxsni davlat
ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organga yuborishga haqli. Meros huquqini yoki huquqiy vorislikni
tasdiqlovchi barcha zarur hujjatlar taqdim etilgan taqdirda, bank murojaat etgan shaxsga besh
ish kuni ichida tegishli mijoz (vakil) to‘g‘risidagi to‘liq ma’lumotlarni berishi va barcha hujjatlarni
taqdim etishi shart.
14-modda. Bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarning banklar o‘rtasida muomalada bo‘lishi Banklar o‘z faoliyatining xavfsizligini ta’minlash, omonatlarni, kreditlar va boshqa
investitsiyalarning qaytarilishini kafolatlash maqsadida o‘z mijozlari (vakillari) to‘g‘risidagi
ma’lumotlarni qonunda belgilangan tartibda va doirada o‘zaro almashib turishlari va bir-birlariga
taqdim etishlari mumkin.
Bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlar Fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash
fondiga, shuningdek omonatchilarga pullarni qaytarish tadbir-choralarini ko‘rish uchun agent
banklarga taqdim etiladi.
Boshqa bankning mijozi (vakili) to‘g‘risidagi ma’lumotlarni olgan bank bunday
ma’lumotlarni oshkor qilishga va uchinchi shaxslarga taqdim etishga haqli emas.