Nazorat uchun savollar
1. Global moliyaviy-iqtisodiy inqirozdan keyingi davrda Markaziy banklarning monetar siyosati rejimlarining transformatsiya bo’lishi to’g’risida gapirib bering.
2. Evropada uch pog’onali bank tizimining yuzaga kelishini izohlang.
3. Investitsion banklar va universal tijorat banklari faoliyatidagi o’zaro farqlarning tobora yo’qolib borishi haqida nimalar bilasiz?
8-MAVZU. KURS ISHI VA BITIRUV MALAKAVIY ISHIGA QO’YILADIGAN TALABLAR VA UNI YOZISH TARTIBI
1. Kurs ishi va bitiruv malakaviy ishi mavzusini tanlashning ahamiyati.
2. Kurs ishi va bitiruv malakaviy ishi yozishning o’ziga xos xususiyatlari.
3. Kurs ishi va bitiruv malakaviy ishiga qo’yiladigan talablar.
4. Kurs ishi yozish tartibi.
1. Kurs ishi va bitiruv malakaviy ishi mavzusini tanlashning ahamiyati.
Zamonaviy iqtisodchi keng qamrovli bilimlarga ega bo’lishi, nazariy bilimlarni amaliy vazifalar bilan bog’lay olishi va o’z tanlagan sohasi bo’yicha haqiqiy bilimdon bo’lishi lozim. Bu maqsadga erishish talabadan o’z ustida tinmay ishlashni, nazariy va amaliy bilimlarini doimiy ravishda boyitib borishni, ishlab chiqarish iqtisodiyoti, uni oqilona tashkil etish va boshqarish ko’nikmalarini chuqur o’zlashtirishni talab qiladi.
Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi va «Ta’lim to’g’risida»gi Qonun talablaridan kelib chiqib, har tomonlama barkamol va bilimdon kadrlarni tayyorlashda ta’limning ko’p qirrali va turli xil usullaridan (ma’ruzalar o’qish, amaliy mashg’ulotlar va seminarlar o’tkazish, ishbilarmonlik o’yinlari va keyslar echish, ilg’or pedagogik va axborot texnologiyalarini o’quv jarayoniga keng qo’llash, talabalarning mustaqil ta’lim olishlariga sharoitlar yaratish, ishlab chiqarish va bitiruv oldi amaliyoti o’tash, kurs ishlari va bitiruv malakaviy ishlari yozish) unumli foydalanish talab etiladi.
Bitiruv malakaviy ishi – oliy o’quv yurti bakalavriatida talabalarni o’qitishnining yakuniy bosqichidir. Kurs ishi va bitiruv malakaviy ishida talabaning oliy o’quv yurtida o’qish davomida to’plagan barcha nazariy va amaliy bilimlari yuzaga chiqadi, talabaning nazariy bilimlar bilan qurollanish darajasi, uning olgan bilimlari va ko’nikmalarini ilmiy-ishlab chiqarish vazifalarini echishga qay darajada qo’llay olishi namoyon bo’ladi. Bitiruv malakaviy ishini bajarish talabadan universitetda olgan nazariy va amaliy bilimlardan foydalanishni talab etadi, talabaning o’qish davomida olgan bilimlarini umumlashtirishga, chuqurlashtirishga va mustahkamlashga, ularni amaliyotga qo’llashga imkon beradi.
Kurs ishi va bitiruv malakaviy ishida aniq bir amaliy vazifani echish vazifasi qo’yilishi muhimdir. Tadqiqot ob’ekti sifatida muayyan bir tijorat banki chiqishi lozim. Kurs ishi va bitiruv malakaviy ishida bir yoki bir-biri bilan bog’langan bir nechta masalalarni chuqur tadqiq etish va tegishli tavsiyalarni ishlab chiqish talabaning muammoni mustaqil ko’ra bilishi va hal eta olishga qodirligini ko’rsatadi. Kurs ishi va bitiruv malakaviy ishi tijorat banklari faoliyatini, operatsiyalarini tashkil etish, rejalashtirish va boshqarishga oid tadqiqotlarni qamrab olishi, muammolarni hal etish yo’llari ko’rsatilgan ilmiy asoslangan xulosalar va takliflarga ega bo’lishi lozim.
Kurs ishi va bitiruv malakaviy ishining sifati uning ilmiyligi, tanlangan mavzuning dolzarbligi, talabaning mustaqil ishga ijodiy yondoshish ko’nikmalarini namoyon qila olishi bilan baholanadi.
Bitiruv malakaviy ishini bajarilish darajasi, sifat va undan ko’rib chiqilgan masalalarning qanday darajada o’zlashtirilganligiga ko’ra Davlat Attestatsiya komissiyasi bitiruv malakaviy ishi muallifiga tegishli ixtisoslikni berish to’g’risidagi qaror qabul qiladi.
Bitiruv malakaviy ishini bajarish jarayonida talabalar quyidagilarga e’tibor berishi lozim:
- voqelikni o’rganish va anglashning ilmiy usullaridan boxabar bo’lish;
- mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar mohiyati va mazmunini chuqur anglash, davlatning iqtisodiy siyosati tamoyillari bilan yaqindan tanishish;
- bank tizimini isloh qilish va rivojlantirish borasida qabul qilingan Prezident farmonlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari, me’yoriy-huquqiy hujjatlarni o’rganib chiqish;
- ilmiy adabiyotlar va boshqa manbalar orqali o’rganilayotgan masalaning mohiyatini chuqur anglab etish;
- mustaqil ilmiy-tadqiqotlar olib borish uslubiyoti bilan tanishish;
- aniq bir bank misolida mavzuni ochib berishga xizmat qiladigan barcha ma’lumotlarni to’liq yig’ish va qayta ishlash;
- ishda iqtisodiy tadqiqotlar olib borishning turli usullaridan, ilmiy-tadqiqot muassasalari tavsiyalari, ilg’orlar tajribasi, mahalliy va xorijiy adabiyotlardan unumli foydalanish;
- ishning ilmiy saviyasi yuqori bo’lishiga, mavzuning etarlicha dolzarbligiga e’tibor berish;
- o’rganilayotgan masalani aniq ochib berish, ishda ko’chirmachilikka, keraksiz va ortiqcha ma’lumotlardan foydalanishga yo’l qo’ymaslik;
- boblar va bo’limlarning mantiqan bog’lanishiga e’tibor berish, fikrlarni qisqacha bayon etish orqali ishning hajmi ortib ketishiga yo’l qo’ymaslik;
- masalani aniq dalillar va raqamlar yordamida tahlil etish, o’z o’rnida ishning mazmunidan kelib chiqadigan tavsiyalar va xulosalar bera olish;
- tavsiya etilayotgan echimlarning asoslanganligiga va samaradorligini baholash mezonlari bo’lishiga e’tibor berish, ishning faqatgina faktlarni quruq bayon etishdan iborat bo’lib qolishiga yo’l qo’ymaslik;
- ishda ko’rgazmali vositalardan, ya’ni jadvallar, chizmalar, diagrammalar va grafiklardan unumli foydalanish;
- mavzu ustida maqsadga yo’naltirilgan va tizimga solingan ish olib borish, bitiruv malakaviy ishini bajarish muddatlariga qat’iy rioya etish.
Bitiruv malakaviy ishida taklif va mulohazalar, xulosalar va amalga oshirilgan barcha hisob-kitoblarning to’g’riligi va sifati uchun talabalar ma’sul hisoblanadilar.
Dostları ilə paylaş: |