Nazorat uchun savollar
1. Markaziy bank faoliyati to’g’risida gapirib bering.
2. Markaziy bankning funktsiyalari qaysilar va ularni izohlab bering.
3. Milliy valyutaning barqarorligini ta’minlashda Markaziy bank faoliyatini ahamiyati nimalardan iborat?
4. O’zbekiston bank tizimida Markaziy banklarning o’rni haqida gapiring.
7-MAVZU. JAHON BANK AMALIYOTIDA SODIR BO’LAYOTGAN O’ZGARISHLAR
1. Moliyaviy globallashuv sharoitida Markaziy banklarning monetar siyosati rejimlarining transformatsiya bo’lishi.
2.Yevropada uch pog’onali bank tizimining yuzaga kelishi.
3.Investitsion banklar va universal tijorat banklari faoliyatidagi o’zaro farqlarning tobora yo’qolib borishi.
1. Moliyaviy globallashuv sharoitida Markaziy banklarning monetar siyosati rejimlarining transformatsiya bo’lishi.
O’zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimovning «Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi, O’zbekiston sharoitida uni bartaraf etishning yo’llari va choralari» nomli asarini o’rganish bo’yicha o’quv qo’llanmasida bank ishini yanada takomillashtirish, aholi va xo’jalik yurituvchi sub’ektlarning bo’sh mablag’larini tijorat banklari depozitlariga jalb qilishni rag’batlantirish ishlari ham 2009 yilda ustuvor vazifa bo’lib qolishini ko’rsatib o’tdilar.
Barchamizga ma’lumki, mamlakatimizda bank tizimini rivojlantirish va mustahkamlashga asosiy e’tibor qaratib kelinmoqda.
Xususan 2008 yilda ham bank tizimida amalga oshirilgan islohotlar Prezidentimiz va hukumatimiz tomonidan qabul qilingan bir qator farmon va qarorlarda belgilangan quyidagi ustuvor vazifalarning bajarilishiga qaratildi:
- aholi va tadbirkorlik sub’ektlari hamda investorlarning mablag’larini bank aktsiyalari va depozitlarga jalb qilish orqali banklarning kapitallashuv darajasini oshirish hamda resurs bazasini kengaytirish;
- banklarning investitsiya jarayonlarida, korxonalarni modernizatsiya qilish, texnologik va texnik qayta jihozlashdagi ishtirokini yanada kengaytirish va kichik biznes sub’ektlarini moliyaviy qo’llab-quvvatlash;
- banklarda samarali nazoratni amalga oshirish, bank infratuzilmalarini kengaytirish, bank xizmatlari sifatini oshirish va mijozlarga yangi qulayliklar yaratish;
- hisob-kitoblar tizimini yanada takomillashtirish, naqd pullarning bank aylanmasiga jalb etilishini yanada kengaytirish;
- banklarni yakka tartibda baholash milliy reytingiga va xalqaro reyting kompaniyalarining reytinglariga ega bo’lishlarini ta’minlash borasida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirish.
Hozirgi davrda dunyo mamlakatlari ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti o’zining ma’no-mazmuni jihatidan oldingi bosqichlardan keskin farq qiladi. Bunda eng asosiy va muhim jihat – milliy iqtisodiyotlarning tobora integratsiyalashuvi va globallashuvining kuchayib borishidir. Ayni paytda bu jarayonlar xalqaro maydondagi raqobatning ham keskinlashuviga, har bir mamlakatning xalqaro mehnat taqsimotidagi o’z mavqeini mustahkamlash uchun kurashining kuchayishiga ham ta’sir ko’rsatadi.
Biroq, o’z o’rnida ta’kidlash lozimki, jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuv va globallashuvning ijobiy tomonlari bilan bir qatorda ma’lum ziddiyatli jihatlari ham mavjud. Jumladan, turli mamlakatlardagi iqtisodiy rivojlanishning bir tekisda bormasligi, dunyo mamlakatlari o’rtasida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish jihatidan tafovutning, ekologik tahdidlarning kuchayib borishi, turli mamlakatlarda aholi soni o’zgarishining keskin farqlanishi kabi holatlar jahon xo’jaligining yaxlit tizim sifatida barqaror rivojlanishiga to’sqinlik qiladi. Shuningdek, mazkur jarayonlarining yana bir xususiyatli jihati – jahonning bir mamlakatida ro’y berayotgan ijtimoiy-iqtisodiy larzalarning muqarrar ravishda boshqa mamlakatlarga ham o’z ta’sirini o’tkazishi hisoblanadi. Jahon hamjamiyati bugungi kunda boshidan kechirayotgan moliyaviy inqiroz ham aynan shu ma’noda globallashuv jarayonlarining salbiy oqibati sifatida namoyon bo’ladi.
Shunga ko’ra, biz mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining joriy va istiqboldagi chora-tadbirlarini belgilashda jahon moliyaviy inqirozi oqibatlarining ta’sirini har tomonlama hisobga olishimiz, iqtisodiy rivojlanish dasturlarini ushbu jarayonlar ta’siri nuqtai-nazaridan shakllantirishimiz va ularni izchil amalga oshirishimiz taqozo etiladi. Bu boradagi chora-tadbirlar Prezidentimiz I.Karimovning «Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi, O’zbekiston sharoitida uni bartaraf etishning yo’llari va choralari» nomli asarlarida keng va batafsil bayon qilib berilgan. Asarda jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozining mazmun-mohiyati, namoyon bo’lish shakllari, kelib chiqish sabablari, uning O’zbekiston iqtisodiyotiga ta’siri, mazkur inqiroz oqibatlarini oldini olish va yumshatishga asos bo’lgan omillar bayon qilib berilgan. Shuningdek, mamlakatimiz mehnatkashlari uchun g’oyat murakkab va og’ir bo’lishiga qaramay 2008 yilda erishilgan ijobiy natija va yutuqlar baholanib, respublikamizdagi iqtisodiy salohiyatdan yanada kengroq foydalanish imkoniyatlari ko’rsatib berilgan. Asarda O’zbekiston uchun inqirozni bartaraf etish va jahon bozorida yangi marralarga chiqishning ishonchli yo’li sifatida 2009 yilga mo’ljallangan iqtisodiy dasturning quyidagi eng muhim ustuvor yo’nalishlari belgilab berilgan:
1) mamlakatimizda qabul qilingan 2009-2012 yillarda jahon iqtisodiy inqirozi oqibatlarining oldini olish va bartaraf qilish bo’yicha inqirozga qarshi dasturni amalga oshirish, shu asosda iqtisodiy o’sishning uzoq muddatli barqaror sur’atlarini va iqtisodiyotning muvozanatli rivojlanishini ta’minlash;
2) tarkibiy o’zgartirishlarni davom ettirish va iqtisodiyotni diversifikatsiyalash, buni birinchi navbatda, xalqaro sifat standartlariga javob beradigan, ichki va tashqi bozorlarda talab yuqori bo’lgan raqobatbardoshli mahsulotlar ishlab chiqarishga yo’naltirilgan iqtisodiyotning eng muhim tarmoqlarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash yo’li bilan amalga oshirish;
3) qishloq turmushi sifatini va qiyofasini tubdan yaxshilashga, qishloq joylarda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini jadal rivojlantirishga, mulkdorning, tadbirkorlik va kichik biznesning maqomi, o’rni va ahamiyatini tubdan qayta ko’rib chiqishga, fermer xo’jaligini rivojlantirishni har tomonlama qo’llab-quvvatlashga yo’naltirilgan uzoq muddatli, o’zaro chuqur bog’langan chora-tadbirlar keng kompleksini amalga oshirish;
4) aholi bandligini ta’minlash, uning turmush sifatini oshirishning eng muhim omili sifatida xizmatlar ko’rsatish sohasi va kichik biznesni jadal rivojlantirish;
5) mamlakatni modernizatsiya qilish va aholi bandligini oshirishning eng muhim omili sifatida ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmani yanada rivojlantirish;
6) banklar ishini yanada takomillashtirish, aholi va xo’jalik yurituvchi sub’ektlarning bo’sh mablag’larini tijorat banklaridagi depozitlarga jalb qilishni rag’batlantirish.
Dostları ilə paylaş: |