3. Milliy valyutaning barqarorligin ta’minlash – Markaziy bank faoliyatining strategik maqsadi sifatida. Markaziy bank orqali davlatning iqtisodiy siyosati, yanada aniqrog’i davlatning pul-kredit siyosati olib boriladi. Markaziy bankning pul-kredit siyosati davlatning shu iqtisodni boshqarish siyosatining bir qismi bo’lib, muomaladagi pul massasi, kredit hajmi, foiz stavkalari darajasini va boshqa pul muomalasi va ssuda kapitali bozori ko’rsatkichlarini o’zgartirish bilan bog’liq bo’lgan chora-tadbirlar yig’indisidan tashkil topadi.
Pul-kredit siyosatining asosiy maqsadi milliy valyuta barqarorligini ta’minlash, valyuta kursi va foiz stavkalarini oqilona o’rnatish asosida inflyatsiya sur’atlarini kamaytirish, kreditdan foydalanishning samaradorligini oshirish va iqtisodiyotning barqaror o’sishini ta’minlashdan iborat.
Pul-kredit siyosati ikki yo’nalishda olib borilishi mumkin. Birinchi yo’nalish - kredit ekspantsiyasi bo’lib, bu siyosat pul-kredit emissiyasini rag’batlantirish yo’li bilan olib boriladi, ya’ni ishlab chiqarish sur’atlari tushib ketgan holda, kon’yunkturada rivojlanishga erishish mumkin.
Ikkinchi yo’nalish - kredit restriktsiya siyosati bo’lib, u iqtisodiy o’sish davrida pul-kredit emissiyasining qisqarishiga asoslanadi.
Iqtisodiy adabiyotlarda va xalqaro bank amaliyotida Markaziy banklarning pul – kredit siyosati monetar siyosat, monetar instrumentlar tarzida ham yuritiladi. Biroq, Markaziy bankning pul – krediti siyosati qanday tarzda yuritilishiga qaramasdan, ularning maqsadi bitta masalaga, ya’ni mamlakat milliy valyutasining barqarorligini ta’minlashga qaratiladi.
Xalqaro bank amaliyoti va xo’jalik yuritish tajribasidan ma’lumki, milliy valyuta sotib olish qobiliyatining tushib ketishi iqtisodiyotda inflyatsiya darajasining oshishiga va mamlakatda ishsizlik darajasining pasayishiga olib keladi va aksincha. Ya’ni, inflyatsiya darajasining pasayishi esa mamlakatda ishsizlik darajasining oshishiga olib keladi.
Markaziy bank aynan shu iqtisodiy jarayonni milliy iqtisodiyotga salbiy ta’sir etmaydigan darajada ushlab turish va milliy valyutaning barqarorligini ta’minlash uchun pul – kredit siyosati usullarini amaliyotga joriy etadi.
O’zbekiston Respublikasi Markaziy bankining pul – kredit siyosati “O’zbekiston Respublikasi Markaziy banki to’g’risida”gi Qonunning 23 – moddasiga binoan kelgusi yil uchun mamlakat monetar siyosatining asosiy yo’nalishlari sifatida ishlab chiqiladi.
Xususan, ushbu siyosat:
– iqtisodiy kon’yunkturaning tahlili va istiqbol ko’rsatkichlarini;
– muomalada bo’lgan pul massasining iqtisodiy jihatdan asoslangan chegaralarini;
– pul massasi yillik o’sish sur’atining aniq maqsadli ko’rsatkichlarini, shu jumladan, Markaziy bank ichki aktivlarining o’zgarishini;
– valyuta hamda foiz siyosatining asosiy yo’nalishlarini;
– pul – kredit sohasini tartibga solishga doir harakatlarning aniq maqsadli asosiy ko’rsatkichlarini o’z ichiga oladi.