Boshqalarda yordam hissini uygʻotishga harakat qilaman
0
Talabalarning ruhiy holati toʻgʻrisidagimaʼlumotlarni yuritish boʻyicha YOʻRIQNOMA
MAQSAD: Talabaning ruhiy holatini oʻrganish, uni kuzatib borish, stress, depressiya, suitsit, nevroz, turli shaxsiyatning ogʻishishi, huquqbuzarlik, zoʻravonlik singari holatlarning oldini olish, vaqtida aniqlash va davolash. Bu esa talabalar uchun sogʻlom psixologik muhit va ular shaxsining rivojlanishi uchun optimal shart-sharoitlar yaratish, intellektual taraqqiyot boʻsagʻasida vujudga kelishi mumkin boʻlgan psixologik nuqsonlar va buzilishlarni oʻz vaqtida oldini olish, nevrotik holatlarni bartaraf etish, tarbiyasi ogʻir talabalar bilan ishlash, jamoalarda eng qulay psixologik muhitni yuzaga keltirish uchun treninglar tashkil etish, talabaning kasbiy yaroqliligi, shaxs xislatlari, irodaviy sifatlari, his tuygʻulari, oʻzini-oʻzi boshqarish imkoniyati, boshqarish darajasini aniqlash va bu sohada olib borilayotgan ishlar natijasini monitoring qilib borishdan iborat.
Talabalarning ruhiy holati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yuritishda quyidagi ishlar amalga oshirilishi lozim:
Talabalarning ruhiy holati toʻgʻrisidagi statistik maʼlumotlarni asosan guruh tyutorlari toʻldirib boradi.
Talabalarning ruhiy holati toʻgʻrisidagi statistik maʼlumotlar xar 3 oyda (noyabr, fevral, aprel) yangilanadi va oliygoh amaliyotchi psixologiga taqdim etiladi.
Tyutor jadvaldagi talabalar bazasidan oʻz guruhini aniqlaydi va ismi, familiyasini, telefon raqamini yozib qoʻyadi.
Talabaning ismi, familiyasi, uning tugʻilgan yili, doimiy yashash manzili, bugungi kunda yashayotgan manzili, telefon raqami, guruhi, kursi, fakulteti toʻldirilgan. Agar oʻzgarishlar boʻlsa toʻdirib boriladi. .
Tyutor tomonidan guruhdagi talabaning psixologik portreti, oʻquv yili davomida talabalardan olingan test, soʻrovnomalar va tyutorning shaxsiy kuzatishlari natijasida aniqlangan holatlar boʻyicha talabalar “qizil”, “sariq”, “yashil” hududlarga kiritiladi.
Tyutor va amaliyotchi psixologlar, fakultetga biriktirilgan psixologlar bilan hamkorlikda olib borilgan ishlar natijasida “qizil”, yaʼni xavfli hududdagi yoki “sariq” hududdagi talaba ruhiy holatidagi ijobiy oʻzgarishlar kuzatilsa , talaba “yashil” hududga oʻtkazib boriladi.
Talabalarning ruhiy holati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar asosida talabalarni hududlarga ajratish: “QIZIL” HUDUD;
Agar talabada bir oydan ortiq tushkun kayfiyat kuzatilsa:
Talaba juda koʻp asabiylashsa, baqirsa, jahl qilsa, guruhdoshlari, xonadoshlari bilan kelishmovchiliklar chiqa boshlasa;
Tez-tez yigʻlasa;
Darsni besabab qoldira boshlasa va undan nega dars qoldirayotganini soʻraganda aniq yoki yetarli asos koʻrsata olmasa yoki jim tursa;
Hech kimga qoʻshilmay, doim atrofdagilardan qochishga harakat qilsa;
Vahima, qoʻrquv natijasida xotirjamligini yoʻqotsa;
Doim nimadandir xavotirga tushayotganligi uchun darslarda xotirjam oʻtira olmayotgan boʻlsa;
Uyqusizlik qiynayotgan boʻlsa;
Tana vaznining tushib ketishi;
Ishtahasining yoʻqolishi;
Ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlariga turli tushkun, oʻlimni eslatadigan, norozilik, alam, gʻazab, nafratni bildiradigan rasmlar va soʻzlarni tez-tez qoʻyib tursa;
Oʻziga yoqadigan, qadrli narsalarini doʻstlariga, yaqin kishilariga sababsiz tarqata boshlasa;
Tushkun kayfiyatda yurgan talaba sababsiz kulib, juda yuqori kayfiyatni koʻrsata boshlasa.
Muammoli oilada tarbiyalanayotgan talaba.
Oʻz tanasiga zarar yetkazsa(selfxarm); (tanani kesish, koʻkartirish, yaralarini doim tirnab yangilab turish, sochni yulish, spirtli ichimlik isteʼmol qilish)
“SARIQ” HUDUD;
Talaba ikki hafta davomida tushkun kayfiyatda yursa;
Darslarni qoldirayotganiga muhim boʻlmagan sabablarni koʻrsatsa;
Dars vaqtida diqqatini bir joyga toʻplashga qiynalsa;
Oʻziga past baho bersa,;
Tortinchoq, guruhga qoʻshila olmasa;
Darsda javob berishda qattiq hayajonlansa;
Impulsiv, yaʼni oʻylamasdan gapirish yoki harakat qilish holatlarini tez-tez amalga oshirsa;
Oʻqituvchi va guruhdoshlari bilan tez-tez tortishib qolsa;
Guruh ichida guruhchalar paydo boʻlishiga sabab boʻlayotgan boʻlsa:
Guruh ichida tortinchoq, oʻziga ishonchi kam talabalarga tazyiq oʻtkaza boshlasa;
Siz gapirayotganingizda goʻyoki sizni eshitmayotgandek yoki tushunmayotgandek fikr qoldirsa. Gapirilayotgan mavzuga umuman daxli yoʻq savollar bersa;
Tez-tez xotirasidan chiqib qolayotganidan shikoyat qilsa;
Yaqin kishisi vafot etsa yoki ogʻir kasalga chalinsa;
Atrof-muhitga koʻnikishga qiynalayotgan boʻlsa (adaptatsiya)
xulqi ogʻishgan talabalar
“YASHIL” HUDUD;
Ruhan sogʻlom talaba;
Doim oʻziga ishonchi baland boʻlsa;
Oldiga maqsadlar qoʻya olsa;
Darslarda va tadbirlarda faol ishtirok etsa;
Kun davomida ijobiy kayfiyatni koʻproq namoyon etsa;
Amalga oshiriladigan ishlar: “Qizil” va “Sariq” hududga kiritilgan talabalar bilan oliygoh amaliyotchi psixologi, fakultetlarga biriktirilgan psixologlar hamkorligida ruhiyatni sogʻlomlashtirish uchun psixologik individual konsultatsiyalar, suhbatlar, treninglar tashkil etib boriladi. Ruhiyatida ijobiy natija koʻrsatgan talabalar “Yashil” hududga oʻtkazib boriladi.” Olib borilayotgan amaliy ishlar amaliyotchi psixolog, fakultetga biriktirilgan psixolog va tyutor tomonidan belgilab-yozib boriladi.
Eslatma:Ushbu yoʻriqnoma asosida har bir tyutor talabalar ijtimoiy psixologik pasportining koʻrsatilgan bandiga ruhiy holat statusi (“qizil”, “sariq”, “yashil” hududlar) ni belgilab qoʻyadi.