7. Oqsillarning muhim belgilari. Oqsillar yuqori molekulali, tarkibida azot tutuvchi organik birikmalar bo`lib, peptid bog`lari yordamida zanjirda birlashgan aminokislotalardan tashkil topgan, murakkab tuzilishga ega bo`lgan moddalar.
Oqsillarga xos muhim belgilar quyidagilardan iborat:
tarkibidagi azotning miqdori doimiy (quruq vazninig 16 % i ) bo`lishi;
doimo tuzilish birligi bo`lgan aminokislotalarning bo`lishi;
peptid zanjirida aminokislotalarni birlashtiruvchi peptid bog`larining mavjudligi;
yuqori molekula og`irligiga ega bo`lishi (4 – 5 mingdan bir necha million daltongacha);
oqsillarning fizik-kimyoviy va biologik xossalarini belgilab beruvchi polipeptid zanjirning murakkab tuzilganligi.
Oqsillarning tarkibidagi elementlar. Oqsilning birinchi belgisi uning tarkibidagi elementlarga bog`liq:
uglerod………..51-55 vodorod………………….6-7
kislorod……….21-23 oltingugurt………………0,3-2,5
azot……………15-18 anorganik moddalar…….0-0,5
Ko`pchilik o`simlik, hayvon va mikroblarning oqsili tarkibida azotning miqdori boshqa elementlardan farqli ravishda doimiy – taxminan 16 %; bu belgiga asosan oqsilning miqdorini hisoblash mumkin: tahlil natijasida topilgan azot miqdori 6,25 koeffitsiyenti (100:16=6,25) ga ko`paytiriladi. Lekin ba’zi oqsillar uchun bu belgi mos kelmaydi. Masalan, protamin tarkibida oqsilning miqdori 30% ga etadi, shu sababli tarkibidagi elementlarga qarab oqsilni boshqa tarkibida azot tutuvchi moddalardan aniq ajratish qiyin.
Oqsillarning struktura tarkibi yoki monomerlarini kislotali gidroliz yo`li bilan aniqlash mumkin. Bu usuldan ko`proq oqsil tarkibini aniqlashda foydalaniladi. L-qatorning aminokislotalari α-aminokislotalari oqsillarning monomerlari bo`lib hisoblanadi. Aminokislotalar zanjirda kovalent peptid bog`lari yordamida bog`lanadi.
Oqsillarning molekula og`irligi. Molekula og`irligining katta bo`lishi oqsillarning muhim belgisi hisoblanadi. Zanjirning uzunligiga qarab hamma polipeptidlarni uch guruhga bo`lish mumkin:
peptidlar – 2-10 ta aminokislota;
polipeptidlar – 10-40 ta aminokislota;
oqsillar – 40 tadan ortiq aminokislotadan tashkil topgan.
Agar har bir aminokislotaning molekula og`irligi o`rtacha 100 deb qabul qilinsa, unda peptidlarning molekula og`irligi 1000, polipeptidlarniki 4000, oqsillarniki esa 4000-5000 dan bir necha milliongacha bo`ladi.
Dostları ilə paylaş: |