I bob. Davlat suvereniteti
1-modda.
O‘zbekiston — suveren demokratik respublika. Davlatning “O‘zbekiston Respublikasi” va “O‘zbekiston” degan nomlari bir ma’noni anglatadi.
2-modda.
Davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qiladi. Davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas’uldirlar.
3-modda.
O‘zbekiston Respublikasi o‘zining milliy-davlat va ma’muriy-hududiy tuzilishini, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining tizimini belgilaydi, ichki va tashqi siyosatini amalga oshiradi.
O‘zbekistonning davlat chegarasi va hududi daxlsiz va bo‘linmasdir.
4-modda.
O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir.
O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishini ta’minlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi.
5-modda.
O‘zbekiston Respublikasi qonun bilan tasdiqlanadigan o‘z davlat ramzlari — bayrog‘i, gerbi va madhiyasiga ega.
6-modda.
O‘zbekiston Respublikasining poytaxti — Toshkent shahri.
II bob. Xalq hokimiyatchiligi
7-modda.
Xalq davlat hokimiyatining birdan bir manbaidir.
O‘zbekiston Respublikasida davlat hokimiyati xalq manfaatlarini ko‘zlab va O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda uning asosida qabul qilingan qonunlar vakolat bergan idoralar tomonidangina amalga oshiriladi.
Konstitutsiyada nazarda tutilmagan tartibda davlat hokimiyati vakolatlarini o‘zlashtirish, hokimiyat idoralari faoliyatini to‘xtatib qo‘yish yoki tugatish, hokimiyatning yangi va muvoziy tarkiblarini tuzish Konstitutsiyaga xilof hisoblanadi va qonunga binoan javobgarlikka tortishga asos bo‘ladi.
8-modda.
O‘zbekiston xalqini millatidan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari tashkil etadi.
9-modda.
Jamiyat va davlat hayotining eng muhim masalalari xalq muhokamasiga taqdim etiladi, umumiy ovozga (referendumga) qo‘yiladi. Referendum o‘tkazish tartibi qonun bilan belgilanadi.
10-modda.
O‘zbekiston xalqi nomidan faqat u saylagan Respublika Oliy Majlisi va Prezidenti ish olib borishi mumkin.
Jamiyatning biron-bir qismi, siyosiy partiya, jamoat birlashmasi, ijtimoiy harakat yoki alohida shaxs O‘zbekiston xalqi nomidan ish olib borishga haqli emas.
11-modda.
O‘zbekiston Respublikasi davlat hokimiyatining tizimi — hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga bo‘linishi prinsipiga asoslanadi.
12-modda.
O‘zbekiston Respublikasida ijtimoiy hayot siyosiy institutlar, mafkuralar va fikrlarning xilma-xilligi asosida rivojlanadi.
Hech qaysi mafkura davlat mafkurasi sifatida o‘rnatilishi mumkin emas.
13-modda.
O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga ko‘ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi.
Demokratik huquq va erkinliklar Konstitutsiya va qonunlar bilan himoya qilinadi.
14-modda.
Davlat o‘z faoliyatini inson va jamiyat farovonligini ko‘zlab, ijtimoiy adolat va qonuniylik prinsiplari asosida amalga oshiradi.
III bob. Konstitutsiya va qonunning ustunligi
15-modda.
O‘zbekiston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi so‘zsiz tan olinadi.
Davlat, uning organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalari, fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq ish ko‘radilar.
16-modda.
Mazkur Konstitutsiyaning birorta qoidasi O‘zbekiston Respublikasi huquq va manfaatlariga zarar yetkazadigan tarzda talqin etilishi mumkin emas.
Birorta ham qonun yoki boshqa normativ-huquqiy hujjat Konstitutsiya normalari va qoidalariga zid kelishi mumkin emas.
IV bob. Tashqi siyosat
17-modda.
O‘zbekiston Respublikasi xalqaro munosabatlarning to‘la huquqli subyektidir. Uning tashqi siyosati davlatlarning suveren tengligi, kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik, chegaralarning daxlsizligi, nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik qoidalariga va xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan boshqa qoidalari va normalariga asoslanadi.
Respublika davlatning, xalqning oliy manfaatlari, farovonligi va xavfsizligini ta’minlash maqsadida ittifoqlar tuzishi, hamdo‘stliklarga va boshqa davlatlararo tuzilmalarga kirishi va ulardan ajralib chiqishi mumkin.
IKKINChI BO‘LIM. INSON VA FUQAROLARNING ASOSIY HUQUQLARI, ERKINLIKLARI VA BURChLARI
V bob. Umumiy qoidalar
18-modda.
O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeyidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar.
Imtiyozlar faqat qonun bilan belgilanib qo‘yiladi hamda ijtimoiy adolat prinsiplariga mos bo‘lishi shart.
19-modda.
O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi va davlat bir-biriga nisbatan bo‘lgan huquqlari va burchlari bilan o‘zaro bog‘liqdirlar. Fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlab qo‘yilgan huquq va erkinliklari daxlsizdir, ulardan sud qarorisiz mahrum etishga yoki ularni cheklab qo‘yishga hech kim haqli emas.
20-modda.
Fuqarolar o‘z huquq va erkinliklarini amalga oshirishda boshqa shaxslarning, davlat va jamiyatning qonuniy manfaatlari, huquqlari va erkinliklariga putur yetkazmasliklari shart.
VI bob. Fuqarolik
21-modda.
O‘zbekiston Respublikasining butun hududida yagona fuqarolik o‘rnatiladi.
O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi, unga qanday asoslarda ega bo‘lganlikdan qat’i nazar, hamma uchun tengdir.
Qoraqalpog‘iston Respublikasining fuqarosi ayni vaqtda O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi hisoblanadi.
Fuqarolikka ega bo‘lish va uni yo‘qotish asoslari hamda tartibi qonun bilan belgilanadi.
22-modda.
O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida ham, uning tashqarisida ham o‘z fuqarolarini huquqiy himoya qilish va ularga homiylik ko‘rsatishni kafolatlaydi.
23-modda.
O‘zbekiston Respublikasi hududidagi chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquq va erkinliklari xalqaro huquq normalariga muvofiq ta’minlanadi. Ular O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, qonunlari va xalqaro shartnomalari bilan belgilangan burchlarni ado etadilar.
VII bob. Shaxsiy huquq va erkinliklar
24-modda.
Yashash huquqi har bir insonning uzviy huquqidir. Inson hayotiga suiqasd qilish eng og‘ir jinoyatdir.
25-modda.
Har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega.
Hech kim qonunga asoslanmagan holda hibsga olinishi yoki qamoqda saqlanishi mumkin emas.
26-modda.
Jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda, oshkora ko‘rib chiqilib, uning aybi aniqlanmaguncha u aybdor hisoblanmaydi. Sudda ayblanayotgan shaxsga o‘zini himoya qilish uchun barcha sharoitlar ta’minlab beriladi.
Hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emas.
Hech kimda uning roziligisiz tibbiy yoki ilmiy tajribalar o‘tkazilishi mumkin emas.
27-modda.
Har kim o‘z sha’ni va obro‘siga qilingan tajovuzlardan, shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish va turar joyi daxlsizligi huquqiga ega.
Hech kim qonun nazarda tutgan hollardan va tartibdan tashqari birovning turar joyiga kirishi, tintuv o‘tkazishi yoki uni ko‘zdan kechirishi, yozishmalar va telefonda so‘zlashuvlar sirini oshkor qilishi mumkin emas.
28-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarosi Respublika hududida bir joydan ikkinchi joyga ko‘chish, O‘zbekiston Respublikasiga kelish va undan chiqib ketish huquqiga ega. Qonunda belgilangan cheklashlar bundan mustasnodir.
29-modda.
Har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega. Har kim o‘zi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega, amaldagi konstitutsiyaviy tuzumga qarshi qaratilgan axborot va qonun bilan belgilangan boshqa cheklashlar bundan mustasnodir.
Fikr yuritish va uni ifodalash erkinligi faqat davlat siri va boshqa sirlarga taalluqli bo‘lgan taqdirdagina qonun bilan cheklanishi mumkin.
30-modda.
O‘zbekiston Respublikasining barcha davlat organlari, jamoat birlashmalari va mansabdor shaxslari fuqarolarga ularning huquq va manfaatlariga daxldor bo‘lgan hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishib chiqish imkoniyatini yaratib berishi lozim.
31-modda.
Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har bir inson xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
VIII bob. Siyosiy huquqlar
32-modda.
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etish huquqiga egadirlar. Bunday ishtirok etish o‘zini o‘zi boshqarish, referendumlar o‘tkazish va davlat organlarini demokratik tarzda tashkil etish, shuningdek davlat organlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini rivojlantirish va takomillashtirish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
(32-modda O‘zbekiston Respublikasining 2014-yil 16-apreldagi O‘RQ-366-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2014-y., 16-son, 176-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat organlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish tartibi qonun bilan belgilanadi.
(32-modda O‘zbekiston Respublikasining 2014-yil 16-apreldagi O‘RQ-366-sonli Qonuniga asosan ikkinchi qism bilan to‘ldirilgan — O‘R QHT, 2014-y., 16-son, 176-modda)
33-modda.
Fuqarolar o‘z ijtimoiy faolliklarini O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq mitinglar, yig‘ilishlar va namoyishlar shaklida amalga oshirish huquqiga egadirlar. Hokimiyat organlari faqat xavfsizlik nuqtai nazaridangina bunday tadbirlar o‘tkazilishini to‘xtatish yoki taqiqlash huquqiga ega.
34-modda.
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari kasaba uyushmalariga, siyosiy partiyalarga va boshqa jamoat birlashmalariga uyushish, ommaviy harakatlarda ishtirok etish huquqiga egadirlar.
Siyosiy partiyalarda, jamoat birlashmalarida, ommaviy harakatlarda, shuningdek hokimiyatning vakillik organlarida ozchilikni tashkil etuvchi muxolifatchi shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qadr-qimmatini hech kim kamsitishi mumkin emas.
35-modda.
Har bir shaxs bevosita o‘zi va boshqalar bilan birgalikda vakolatli davlat organlariga, muassasalariga yoki xalq vakillariga ariza, taklif va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqiga ega.
Arizalar, takliflar va shikoyatlar qonunda belgilangan tartibda va muddatlarda ko‘rib chiqilishi shart.
IX bob. Iqtisodiy va ijtimoiy huquqlar
36-modda.
Har bir shaxs mulkdor bo‘lishga haqli.
Bankka qo‘yilgan omonatlar sir tutilishi va meros huquqi qonun bilan kafolatlanadi.
37-modda.
Har bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash va qonunda ko‘rsatilgan tartibda ishsizlikdan himoyalanish huquqiga egadir.
Sud hukmi bilan tayinlangan jazoni o‘tash tartibidan yoki qonunda ko‘rsatilgan boshqa hollardan tashqari majburiy mehnat taqiqlanadi.
38-modda.
Yollanib ishlayotgan barcha fuqarolar dam olish huquqiga egadirlar. Ish vaqti va haq to‘lanadigan mehnat ta’tilining muddati qonun bilan belgilanadi.
39-modda.
Har kim qariganda, mehnat layoqatini yo‘qotganda, shuningdek boquvchisidan mahrum bo‘lganda va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ijtimoiy ta’minot olish huquqiga ega.
Pensiyalar, nafaqalar, ijtimoiy yordam boshqa turlarining miqdori rasman belgilab qo‘yilgan tirikchilik uchun zarur eng kam miqdordan oz bo‘lishi mumkin emas.
40-modda.
Har bir inson malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega.
41-modda.
Har kim bilim olish huquqiga ega.
Bepul umumiy ta’lim olish davlat tomonidan kafolatlanadi.
Maktab ishlari davlat nazoratidadir.
42-modda.
Har kimga ilmiy va texnikaviy ijod erkinligi, madaniyat yutuqlaridan foydalanish huquqi kafolatlanadi.
Davlat jamiyatning madaniy, ilmiy va texnikaviy rivojlanishiga g‘amxo‘rlik qiladi.
X bob. Inson huquqlari va erkinliklarining kafolatlari
43-modda.
Davlat fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan huquqlari va erkinliklarini ta’minlaydi.
44-modda.
Har bir shaxsga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalarining g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi.
45-modda.
Voyaga yetmaganlar, mehnatga layoqatsizlar va yolg‘iz keksalarning huquqlari davlat himoyasidadir.
46-modda.
Xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidirlar.
XI bob. Fuqarolarning burchlari
47-modda.
Barcha fuqarolar Konstitutsiyada belgilab qo‘yilgan burchlarini bajaradilar.
48-modda.
Fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga rioya etishga, boshqa kishilarning huquqlari erkinliklari, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishga majburdirlar.
49-modda.
Fuqarolar O‘zbekiston xalqining tarixiy, ma’naviy va madaniy merosini avaylab asrashga majburdirlar.
Madaniyat yodgorliklari davlat muhofazasidadir.
50-modda.
Fuqarolar atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga majburdirlar.
51-modda.
Fuqarolar qonun bilan belgilangan soliqlar va mahalliy yig‘imlarni to‘lashga majburdirlar.
52-modda.
O‘zbekiston Respublikasini himoya qilish — O‘zbekiston Respublikasi har bir fuqarosining burchidir. Fuqarolar qonunda belgilangan tartibda harbiy yoki muqobil xizmatni o‘tashga majburdirlar.
UChINChI BO‘LIM. JAMIYAT VA ShAXS
XII bob. Jamiyatning iqtisodiy negizlari
53-modda.
Bozor munosabatlarini rivojlantirishga qaratilgan O‘zbekiston iqtisodiyotining negizini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etadi. Davlat iste’molchilarning huquqi ustunligini hisobga olib, iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini, barcha mulk shakllarining teng huquqliligini va huquqiy jihatdan bab-baravar muhofaza etilishini kafolatlaydi.
Xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat himoyasidadir. Mulkdor faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibdagina mulkidan mahrum etilishi mumkin.
54-modda.
Mulkdor mulkiga o‘z xohishicha egalik qiladi, undan foydalanadi va uni tasarruf etadi. Mulkdan foydalanish ekologik muhitga zarar yetkazmasligi, fuqarolar, yuridik shaxslar va davlatning huquqlarini hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzmasligi shart.
55-modda.
Yer, yer osti boyliklari, suv, o‘simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy zaxiralar umummilliy boylikdir, ulardan oqilona foydalanish zarur va ular davlat muhofazasidadir.
XIII bob. Jamoat birlashmalari
56-modda.
O‘zbekiston Respublikasida qonunda belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan kasaba uyushmalari, siyosiy partiyalar, olimlarning jamiyatlari, xotin-qizlar, faxriylar va yoshlar tashkilotlari, ijodiy uyushmalar, ommaviy harakatlar va fuqarolarning boshqa uyushmalari jamoat birlashmalari sifatida e’tirof etiladi.
57-modda.
Konstitutsiyaviy tuzumni zo‘rlik bilan o‘zgartirishni maqsad qilib qo‘yuvchi, respublikaning suvereniteti, yaxlitligi va xavfsizligiga, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga qarshi chiquvchi, urushni, ijtimoiy, milliy, irqiy va diniy adovatni targ‘ib qiluvchi, xalqning sog‘lig‘i va ma’naviyatiga tajovuz qiluvchi, shuningdek harbiylashtirilgan birlashmalarning, milliy va diniy ruhdagi siyosiy partiyalarning hamda jamoat birlashmalarining tuzilishi va faoliyati taqiqlanadi.
Maxfiy jamiyatlar va uyushmalar tuzish taqiqlanadi.
58-modda.
Davlat jamoat birlashmalarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini ta’minlaydi, ularga ijtimoiy hayotda ishtirok etish uchun teng huquqiy imkoniyatlar yaratib beradi.
Davlat organlari va mansabdor shaxslarning jamoat birlashmalari faoliyatiga aralashishiga, shuningdek jamoat birlashmalarining davlat organlari va mansabdor shaxslar faoliyatiga aralashishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
59-modda.
Kasaba uyushmalari xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarini va manfaatlarini ifoda etadilar va himoya qiladilar. Kasaba tashkilotlariga a’zo bo‘lish ixtiyoriydir.
60-modda.
Siyosiy partiyalar turli tabaqa va guruhlarning siyosiy irodasini ifodalaydilar va o‘zlarining demokratik yo‘l bilan saylab qo‘yilgan vakillari orqali davlat hokimiyatini tuzishda ishtirok etadilar. Siyosiy partiyalar o‘z faoliyatlarini moliyaviy ta’minlanish manbalari haqida Oliy Majlisga yoki u vakil qilgan organga belgilangan tartibda oshkora hisobotlar berib turadilar.
61-modda.
Diniy tashkilotlar va birlashmalar davlatdan ajratilgan hamda qonun oldida tengdirlar. Davlat diniy birlashmalarning faoliyatiga aralashmaydi.
62-modda.
Jamoat birlashmalarini tarqatib yuborish, ular faoliyatini taqiqlab yoki cheklab qo‘yish faqat sud qarori asosidagina amalga oshiriladi.
XIV bob. Oila
63-modda.
Oila jamiyatning asosiy bo‘g‘inidir hamda jamiyat va davlat muhofazasida bo‘lish huquqiga ega.
Nikoh tomonlarning ixtiyoriy roziligi va teng huquqliligiga asoslanadi.
64-modda.
Ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar.
Davlat va jamiyat yetim bolalarni va ota-onalarining vasiyligidan mahrum bo‘lgan bolalarni boqish, tarbiyalash va o‘qitishni ta’minlaydi, bolalarga bag‘ishlangan xayriya faoliyatlarni rag‘batlantiradi.
65-modda.
Farzandlar ota-onalarning nasl-nasabidan va fuqarolik holatidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar.
Onalik va bolalik davlat tomonidan muhofaza qilinadi.
66-modda.
Voyaga yetgan, mehnatga layoqatli farzandlar o‘z ota-onalari haqida g‘amxo‘rlik qilishga majburdirlar.
XV bob. Ommaviy axborot vositalari
67-modda.
Ommaviy axborot vositalari erkindir va qonunga muvofiq ishlaydi. Ular axborotning to‘g‘riligi uchun belgilangan tartibda javobgardirlar.
Senzuraga yo‘l qo‘yilmaydi.
TO‘RTINChI BO‘LIM. MA’MURIY-HUDUDIY VA DAVLAT TUZILIShI
XVI bob. O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy-hududiy tuzilishi
68-modda.
O‘zbekiston Respublikasi viloyatlar, tumanlar, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar, ovullar, shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasidan iborat.
69-modda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahrining chegaralarini o‘zgartirish, shuningdek viloyatlar, shaharlar, tumanlar tashkil qilish va ularni tugatish O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining roziligi bilan amalga oshiriladi.
XVII bob. Qoraqalpog‘iston Respublikasi
70-modda.
Suveren Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘zbekiston Respublikasi tarkibiga kiradi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasining suvereniteti O‘zbekiston Respublikasi tomonidan muhofaza etiladi.
71-modda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi o‘z Konstitutsiyasiga ega.
Qoraqalpog‘iston Respublikasining Konstitutsiyasi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga zid bo‘lishi mumkin emas.
72-modda.
O‘zbekiston Respublikasi qonunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida ham majburiydir.
73-modda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasining hududi va chegaralari uning roziligisiz o‘zgartirilishi mumkin emas. Qoraqalpog‘iston Respublikasi o‘z ma’muriy-hududiy tuzilishi masalalarini mustaqil hal qiladi.
74-modda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘zbekiston Respublikasi tarkibidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalqining umumiy referendumi asosida ajralib chiqish huquqiga ega.
75-modda.
O‘zbekiston Respublikasi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasining o‘zaro munosabatlari O‘zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi doirasida tuzilgan shartnomalar hamda bitimlar bilan tartibga solinadi.
O‘zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi o‘rtasidagi nizolar murosaga keltiruvchi vositalar yordamida hal etiladi.
BEShINChI BO‘LIM. DAVLAT HOKIMIYATINING TAShKIL ETILIShI
Oldingi tahrirga qarang.
XVIII bob. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
76-modda.
O‘zbekiston Respublikasining Oliy Majlisi oliy davlat vakillik organi bo‘lib, qonun chiqaruvchi hokimiyatni amalga oshiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi ikki palatadan — Qonunchilik palatasi (quyi palata) va Senatdan (yuqori palata) iborat.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati vakolat muddati — besh yil.
77-modda.
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qonunga muvofiq saylanadigan bir yuz ellik deputatdan iborat.
(77-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2008-yil 25-dekabrdagi O‘RQ-194-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2008-y., 52-son, 510-modda)
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati hududiy vakillik palatasi bo‘lib, Senat a’zolaridan (senatorlardan) iborat.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati a’zolari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlarining tegishli qo‘shma majlislarida mazkur deputatlar orasidan yashirin ovoz berish yo‘li bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan teng miqdorda — olti kishidan saylanadi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n olti nafar a’zosi fan, san’at, adabiyot, ishlab chiqarish sohasida hamda davlat va jamiyat faoliyatining boshqa tarmoqlarida katta amaliy tajribaga ega bo‘lgan hamda alohida xizmat ko‘rsatgan eng obro‘li fuqarolar orasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadi.
Saylov kuni yigirma besh yoshga to‘lgan hamda kamida besh yil O‘zbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputati, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati a’zosi bo‘lishi mumkin. Deputatlikka nomzodlarga qo‘yiladigan talablar qonun bilan belgilanadi.
Ayni bir shaxs bir paytning o‘zida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputati va Senati a’zosi bo‘lishi mumkin emas.
78-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining birgalikdagi vakolatlari quyidagilardan iborat:
1) O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasini qabul qilish, unga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish;
2) O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy qonunlarini, qonunlarini qabul qilish, ularga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish;
3) O‘zbekiston Respublikasining referendumini o‘tkazish to‘g‘risida va uni o‘tkazish sanasini tayinlash haqida qaror qabul qilish;
4) O‘zbekiston Respublikasi ichki va tashqi siyosatining asosiy yo‘nalishlarini belgilash hamda davlat strategik dasturlarini qabul qilish;
5) O‘zbekiston Respublikasi qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi hamda sud hokimiyati organlarining tizimini va vakolatlarini belgilash;
6) O‘zbekiston Respublikasi tarkibiga yangi davlat tuzilmalarini qabul qilish va ularning O‘zbekiston Respublikasi tarkibidan chiqishi haqidagi qarorlarni tasdiqlash;
7) boj, valyuta va kredit ishlarini qonun yo‘li bilan tartibga solish;
8) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjetini qabul qilish va uning ijrosini nazorat etish;
9) soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni joriy qilish;
10) O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy-hududiy tuzilishi masalalarini qonun yo‘li bilan tartibga solish, chegaralarini o‘zgartirish;
11) tumanlar, shaharlar, viloyatlarni tashkil etish, tugatish, ularning nomini hamda chegaralarini o‘zgartirish;
12) davlat mukofotlari va unvonlarini ta’sis etish;
13) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vazirliklar, davlat qo‘mitalari va davlat boshqaruvining boshqa organlarini tuzish hamda tugatish to‘g‘risidagi farmonlarini tasdiqlash;
14) O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasini tuzish;
Oldingi tahrirga qarang.
15) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodini ko‘rib chiqish va tasdiqlash, shuningdek mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining dolzarb masalalari yuzasidan Bosh vazirning hisobotlarini eshitish va muhokama qilish;
(78-modda birinchi qismining 15-bandi O‘zbekiston Respublikasining 2011-yil 18-apreldagi O‘RQ-284-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2011-y., 16-son, 159-modda)
16) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili va uning o‘rinbosarini saylash;
17) O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining hisobotini ko‘rib chiqish;
18) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasiga hujum qilinganda yoki tajovuzdan bir-birini mudofaa qilish yuzasidan tuzilgan shartnoma majburiyatlarini bajarish zaruriyati tug‘ilganda urush holati e’lon qilish to‘g‘risidagi farmonini tasdiqlash;
19) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining umumiy yoki qisman safarbarlik e’lon qilish, favqulodda holat joriy etish, uning amal qilishini uzaytirish yoki tugatish to‘g‘risidagi farmonlarini tasdiqlash;
20) xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya va denonsatsiya qilish;
Oldingi tahrirga qarang.
21) parlament nazoratini va ushbu Konstitutsiyada nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshirish.
(78-modda birinchi qismining 21-bandi O‘zbekiston Respublikasining 2014-yil 16-apreldagi O‘RQ-366-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2014-y., 16-son, 176-modda)
Palatalarning birgalikdagi vakolatlariga kiradigan masalalar, qoida tariqasida, avval O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasida, so‘ngra Senatida ko‘rib chiqiladi.
79-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi mutlaq vakolatlariga:
1) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Spikeri va uning o‘rinbosarlarini, qo‘mitalarning raislari va ularning o‘rinbosarlarini saylash;
2) O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatini daxlsizlik huquqidan mahrum etish to‘g‘risidagi masalalarni hal etish;
3) o‘z faoliyatini tashkil etish va palataning ichki tartib qoidalari bilan bog‘liq masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilish;
Oldingi tahrirga qarang.
4) siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy hayot sohasidagi u yoki bu masalalar yuzasidan, shuningdek davlatning ichki va tashqi siyosati masalalari yuzasidan qarorlar qabul qilish;
5) O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi a’zoligiga nomzodlarni keyinchalik ularni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimlarga tasdiqlash uchun ko‘rib chiqish va ma’qullash kiradi.
(79-moddaning 4-bandi O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 5-martdagi O‘RQ-527-sonli Qonuniga asosan 4 va 5-bandlar bilan almashtirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 06.03.2019-y., 03/19/527/2706-son — 2019-yil 1-apreldan kuchga kiradi)
80-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati mutlaq vakolatlariga:
1) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati Raisini va uning o‘rinbosarlarini, qo‘mitalarning raislari va ularning o‘rinbosarlarini saylash;
2) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudini saylash;
3) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudini saylash;
Oldingi tahrirga qarang.
4) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining raisini tayinlash;
(80-moddaning 4-bandi O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 6-apreldagi O‘RQ-426-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 14-son, 213-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(80-moddaning 5-bandi O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 31-maydagi O‘RQ-430-sonli Qonuniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — O‘R QHT, 2017-y., 22-son, 406-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
6) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori va Hisob palatasi raisini tayinlash hamda ularni lavozimidan ozod etish to‘g‘risidagi farmonlarini tasdiqlash;
(80-moddaning 6-bandi O‘zbekiston Respublikasining 2011-yil 18-apreldagi O‘RQ-284-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2011-y., 16-son, 159-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
7) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisini tayinlash va uni lavozimidan ozod etish to‘g‘risidagi farmonlarini tasdiqlash;
(80-moddaning 7-bandi O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 18-fevraldagi O‘RQ-522-sonli Qonuni tahririda — O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-y., 2-son, 47-modda)
8) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakillarini tayinlash hamda ularni lavozimidan ozod etish;
9) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining raisini tayinlash va uni lavozimidan ozod etish;
10) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan amnistiya to‘g‘risidagi hujjatlarni qabul qilish;
11) O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati a’zosini daxlsizlik huquqidan mahrum etish to‘g‘risidagi masalalarni hal etish;
Oldingi tahrirga qarang.
12) O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi raisining hisobotlarini eshitish;
(80-moddaning 12-bandi O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 31-maydagi O‘RQ-430-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 22-son, 406-modda)
13) o‘z faoliyatini tashkil etish va palataning ichki tartib qoidalari bilan bog‘liq masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilish;
14) siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy hayot sohasidagi u yoki bu masalalar yuzasidan, shuningdek davlat ichki va tashqi siyosati masalalari yuzasidan qarorlar qabul qilish kiradi.
81-modda.
Vakolat muddati tugagach, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati tegishincha yangi chaqiriq Qonunchilik palatasi va Senati ish boshlaguniga qadar o‘z faoliyatini davom ettirib turadi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining birinchi majlislari tegishincha Qonunchilik palatasiga saylovdan keyin ikki oydan kechiktirmay va Senat tarkib topganidan keyin bir oydan kechiktirmay Markaziy saylov komissiyasi tomonidan chaqiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi majlislari sessiyalar davrida o‘tkaziladi. Sessiyalar, qoida tariqasida, sentyabrning birinchi ish kunidan boshlab kelgusi yilning iyun oyi oxirgi ish kuniga qadar o‘tkaziladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati majlislari zaruratga qarab, lekin yiliga kamida uch marta o‘tkaziladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining majlislari, agar ular ishida barcha deputatlar, senatorlar umumiy sonining kamida yarmi ishtirok etayotgan bo‘lsa, vakolatli hisoblanadi.
Konstitutsiyaviy qonunlarni qabul qilishda barcha deputatlar, senatorlar umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etishi shart.
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati majlislarida, shuningdek ularning organlari majlislarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Bosh vazir, Vazirlar Mahkamasining a’zolari, respublika Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi, Sudyalar oliy kengashi raislari, Bosh prokurori, Markaziy banki Boshqaruvining raisi ishtirok etishlari mumkin. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va uning organlari majlislarida Senat Raisi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati va uning organlari majlislarida Qonunchilik palatasi Spikeri ishtirok etishi mumkin.
(81-moddaning yettinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 6-apreldagi O‘RQ-426-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 14-son, 213-modda)
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati alohida-alohida majlis o‘tkazadilar.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlislari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qasamyod qilganda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining, ichki va tashqi siyosatining eng muhim masalalari yuzasidan nutq so‘zlaganda, chet davlatlarning rahbarlari nutq so‘zlaganda o‘tkaziladi. Palatalarning kelishuviga binoan qo‘shma majlislar boshqa masalalar yuzasidan ham o‘tkazilishi mumkin.
82-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati o‘z vakolatlariga kiritilgan masalalar yuzasidan qarorlar qabul qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qarorlari Qonunchilik palatasi deputatlari yoki Senat a’zolari umumiy sonining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi, ushbu Konstitutsiyada nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
83-modda.
Oldingi tahrirga qarang.
Qonunchilik tashabbusi huquqiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, o‘z davlat hokimiyatining oliy vakillik organi orqali Qoraqalpog‘iston Respublikasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi, Bosh prokurori egadirlar va bu huquq qonunchilik tashabbusi huquqi subyektlari tomonidan qonun loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish orqali amalga oshiriladi.
(83-modda O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 6-apreldagi O‘RQ-426-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 14-son, 213-modda)
84-modda.
Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, Senat tomonidan ma’qullanib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangach va qonunda belgilangan tartibda rasmiy nashrlarda e’lon qilingach, yuridik kuchga ega bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan qonun qabul qilingan kundan e’tiboran o‘n kundan kechiktirmay O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga yuboriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati ma’qullagan qonun imzolanishi va e’lon qilinishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga o‘n kun ichida yuboriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qonun o‘ttiz kun ichida imzolanadi va e’lon qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan rad etilgan qonun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga qaytariladi.
Agar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan rad etilgan qonunni qayta ko‘rib chiqishda Qonunchilik palatasi deputatlar umumiy sonining uchdan ikki qismidan iborat ko‘pchilik ovozi bilan qonunni yana ma’qullasa, qonun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan qabul qilingan hisoblanadi hamda imzolanishi va e’lon qilinishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga Qonunchilik palatasi tomonidan yuboriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan rad etilgan qonun yuzasidan Qonunchilik palatasi va Senat yuzaga kelgan kelishmovchiliklarni bartaraf etish uchun Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a’zolari orasidan tenglik asosida kelishuv komissiyasini tuzishi mumkin. Palatalar kelishuv komissiyasi takliflarini qabul qilganda qonun odatdagi tartibda ko‘rib chiqilishi kerak.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qonunni o‘z e’tirozlari bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga qaytarishga haqli.
Agar qonun avvalgi qabul qilingan tahririda tegishincha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismidan iborat ko‘pchilik ovozi bilan ma’qullansa, qonun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan o‘n to‘rt kun ichida imzolanishi va e’lon qilinishi kerak.
Qonunlarning va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning matbuotda e’lon qilinishi ular qo‘llanilishining majburiy shartidir.
85-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi o‘z tarkibidan Qonunchilik palatasining Spikeri va uning o‘rinbosarlarini saylaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Spikeri va uning o‘rinbosarlari yashirin ovoz berish orqali deputatlar umumiy sonining ko‘pchilik ovozi bilan Qonunchilik palatasining vakolati muddatiga saylanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Spikeri yashirin ovoz berish orqali Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining uchdan ikki qismidan ko‘prog‘ining ovozi bilan qabul qilingan Qonunchilik palatasi qaroriga binoan muddatidan ilgari chaqirib olinishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Spikeri:
1) Qonunchilik palatasining majlislarini chaqiradi, ularda raislik qiladi;
2) Qonunchilik palatasi muhokamasiga kiritiladigan masalalarni tayyorlashga umumiy rahbarlik qiladi;
3) Qonunchilik palatasi qo‘mitalari va komissiyalarining faoliyatini muvofiqlashtirib boradi;
4) O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining va Qonunchilik palatasi qarorlarining ijrosi ustidan nazoratni tashkil etadi;
5) parlamentlararo aloqalarni amalga oshirish ishlariga hamda xalqaro parlament tashkilotlari ishi bilan bog‘liq Qonunchilik palatasi guruhlarining faoliyatiga rahbarlik qiladi;
6) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati, boshqa davlat organlari, chet davlatlar, xalqaro va o‘zga tashkilotlar bilan o‘zaro munosabatlarda Qonunchilik palatasi nomidan ish ko‘radi;
7) Qonunchilik palatasi qarorlarini imzolaydi;
8) ushbu Konstitutsiya va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Spikeri farmoyishlar chiqaradi.
86-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati o‘z tarkibidan Senat Raisi va uning o‘rinbosarlarini saylaydi. Senat Raisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan saylanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati Raisi o‘rinbosarlaridan biri Qoraqalpog‘iston Respublikasining vakili bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati Raisi va uning o‘rinbosarlari yashirin ovoz berish orqali senatorlar umumiy sonining ko‘pchilik ovozi bilan Senat vakolati muddatiga saylanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati Raisi yashirin ovoz berish orqali senatorlar umumiy sonining uchdan ikki qismidan ko‘prog‘ining ovozi bilan qabul qilingan Senat qarorlariga binoan muddatidan ilgari chaqirib olinishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati Raisi:
1) Senat majlislarini chaqiradi, ularda raislik qiladi;
2) Senat muhokamasiga kiritiladigan masalalarni tayyorlashga umumiy rahbarlik qiladi;
3) Senat qo‘mitalari va komissiyalarining faoliyatini muvofiqlashtirib boradi;
4) O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining va Senat qarorlarining ijrosi ustidan nazoratni tashkil etadi;
5) parlamentlararo aloqalarni amalga oshirish ishlariga hamda xalqaro parlament tashkilotlari ishi bilan bog‘liq Senat guruhlarining faoliyatiga rahbarlik qiladi;
6) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi, boshqa davlat organlari, chet davlatlar, xalqaro va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro munosabatlarda Senat nomidan ish ko‘radi;
7) Senat qarorlarini imzolaydi;
8) ushbu Konstitutsiya va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati Raisi farmoyishlar chiqaradi.
87-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qonun loyihalarini tayyorlash ishini olib borish, Qonunchilik palatasi muhokamasiga kiritiladigan masalalarni dastlabki tarzda ko‘rib chiqish va tayyorlash, O‘zbekiston Respublikasi qonunlari hamda Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinadigan qarorlarning ijrosini nazorat qilish uchun o‘z vakolatlari muddatiga Qonunchilik palatasi deputatlari orasidan qo‘mitalarni saylaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati Senat muhokamasiga kiritiladigan masalalarni dastlabki tarzda ko‘rib chiqish va tayyorlash, O‘zbekiston Respublikasi qonunlari hamda Senat tomonidan qabul qilinadigan qarorlarning ijrosini nazorat qilish uchun o‘z vakolatlari muddatiga senatorlar orasidan qo‘mitalarni saylaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati, zarurat bo‘lgan taqdirda, muayyan vazifalarni bajarish uchun deputatlar, senatorlar orasidan komissiyalar tuzadi.
88-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlariga va Senati a’zolariga ularning deputatlik yoki senatorlik faoliyati bilan bog‘liq xarajatlar belgilangan tartibda qoplanadi.
Qonunchilik palatasi deputatlari hamda Senatda doimiy asosda ishlovchi Senat a’zolari o‘z vakolatlari davrida ilmiy va pedagogik faoliyatdan tashqari haq to‘lanadigan boshqa turdagi faoliyat bilan shug‘ullanishlari mumkin emas.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputati va Senati a’zosi daxlsizlik huquqidan foydalanadilar. Ular tegishincha Qonunchilik palatasi yoki Senatning roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi yoki sud tartibida beriladigan ma’muriy jazo choralariga tortilishi mumkin emas.
(XVIII bob O‘zbekiston Respublikasining 2003-yil 24-apreldagi 470-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y.,3-4-son, 27-modda)
XIX bob. O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti
Oldingi tahrirga qarang.
89-modda.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti davlat boshlig‘idir va davlat hokimiyati organlarining kelishilgan holda faoliyat yuritishini hamda hamkorligini ta’minlaydi.
(89-modda O‘zbekiston Respublikasining 2007-yil 11-apreldagi O‘RQ-89-son Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2007-y., 15-son, 152-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
90-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga o‘ttiz besh yoshdan kichik bo‘lmagan, davlat tilini yaxshi biladigan, bevosita saylovgacha kamida 10 yil O‘zbekiston hududida muqim yashayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi saylanishi mumkin. Ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti bo‘lishi mumkin emas.
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari tomonidan umumiy, teng va to‘g‘ridan to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan besh yil muddatga saylanadi. Prezidentni saylash tartibi O‘zbekiston Respublikasining qonuni bilan belgilanadi.
(90-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2011-yil 12-dekabrdagi O‘RQ-305-sonli Qonuni tahririda — Oliy Majlis palatalarining Axborotnomasi, 2011-y., 12/1-son, 343-modda)
91-modda.
Prezident o‘z vazifasini bajarib turgan davrda boshqa haq to‘lanadigan lavozimni egallashi, vakillik organining deputati bo‘lishi, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi mumkin emas.
Prezidentning shaxsi daxlsizdir va qonun bilan muhofaza etiladi.
92-modda.
Prezident O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi yig‘ilishida quyidagi qasamyodni qabul qilgan paytdan boshlab o‘z lavozimiga kirishgan hisoblanadi:
“O‘zbekiston xalqiga sadoqat bilan xizmat qilishga, respublikaning Konstitutsiyasi va qonunlariga qat’iy rioya etishga, fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga kafolat berishga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti zimmasiga yuklatilgan vazifalarni vijdonan bajarishga tantanali qasamyod qilaman”.
Oldingi tahrirga qarang.
93-modda.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti:
1) fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga rioya etilishining kafilidir;
2) O‘zbekiston Respublikasining suvereniteti, xavfsizligi va hududiy yaxlitligini muhofaza etish, milliy-davlat tuzilishi masalalariga doir qarorlarni amalga oshirish yuzasidan zarur chora-tadbirlar ko‘radi;
3) mamlakat ichkarisida va xalqaro munosabatlarda O‘zbekiston Respublikasi nomidan ish ko‘radi;
4) muzokaralar olib boradi hamda O‘zbekiston Respublikasining shartnoma va bitimlarini imzolaydi, respublika tomonidan tuzilgan shartnomalarga, bitimlarga va uning qabul qilingan majburiyatlariga rioya etilishini ta’minlaydi;
5) o‘z huzurida akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik hamda boshqa vakillarning ishonch va chaqiruv yorliqlarini qabul qiladi;
6) O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakillarini tayinlash uchun nomzodlarni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga taqdim etadi;
Oldingi tahrirga qarang.
7) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga mamlakat ichki va tashqi siyosatini amalga oshirishning eng muhim masalalari yuzasidan murojaat qilish huquqiga ega;
(93-modda birinchi qismining 7-bandi O‘zbekiston Respublikasining 2014-yil 16-apreldagi O‘RQ-366-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2014-y., 16-son, 176-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
8) respublika oliy hokimiyat va boshqaruv organlarining bahamjihat ishlashini ta’minlaydi; vazirliklar, davlat qo‘mitalari hamda davlat boshqaruvining boshqa organlarini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining taqdimiga binoan tuzadi va tugatadi, shu masalalarga doir farmonlarni keyinchalik O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari tasdig‘iga kiritadi;
(93-modda birinchi qismining 8-bandi O‘zbekiston Respublikasining 2014-yil 16-apreldagi O‘RQ-366-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2014-y., 16-son, 176-modda)
9) Senat Raisi lavozimiga saylash uchun nomzodni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga taqdim etadi;
Oldingi tahrirga qarang.
10) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari ko‘rib chiqishi va tasdiqlashi uchun O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodini taqdim etadi hamda uni iste’foga chiqqanda, Bosh vazirga nisbatan bildirilgan ishonchsizlik votumi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari tomonidan qabul qilinganda yoxud qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda lavozimidan ozod qiladi;
(93-modda birinchi qismining 10-bandi O‘zbekiston Respublikasining 2014-yil 16-apreldagi O‘RQ-366-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2014-y., 16-son, 176-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
11) O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi ma’qullaganidan keyin kiritilgan taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi a’zolarini tasdiqlaydi va lavozimlaridan ozod qiladi;
(93-modda birinchi qismining 11-bandi O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 5-martdagi O‘RQ-527-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 06.03.2019-y., 03/19/527/2706-son — 2019-yil 1-apreldan kuchga kiradi)
Oldingi tahrirga qarang.
12) O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori va Hisob palatasi raisini tayinlaydi va ularni lavozimidan ozod qiladi, keyinchalik bu masalalarni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tasdig‘iga kiritadi;
(93-modda birinchi qismining 12-bandi O‘zbekiston Respublikasining 2011-yil 18-apreldagi O‘RQ-284-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2011-y., 16-son, 159-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
13) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tarkiblariga, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining raisi, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining raisi lavozimlariga nomzodlarni taqdim etadi;
(93-moddaning birinchi qismi 13-bandi O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 31-maydagi O‘RQ-430-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 22-son, 406-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
14) O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining taqdimiga binoan viloyatlar va Toshkent shahar sudlari raislari va rais o‘rinbosarlarini, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi raisini tayinlaydi va lavozimlaridan ozod etadi; O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining a’zolarini qonunga muvofiq tasdiqlaydi;
(93-moddaning birinchi qismi 14-bandi O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 6-apreldagi O‘RQ-426-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 14-son, 213-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
15) O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining taqdimiga binoan viloyatlar hokimlarini hamda Toshkent shahar hokimini qonunga muvofiq tayinlaydi hamda lavozimidan ozod etadi. Konstitutsiyani, qonunlarni buzgan yoki o‘z sha’ni va qadr-qimmatiga dog‘ tushiradigan xatti-harakat sodir etgan tuman va shahar hokimlarini Prezident o‘z qarori bilan lavozimidan ozod etishga haqli;
(93-modda birinchi qismining 15-bandi O‘zbekiston Respublikasining 2011-yil 18-apreldagi O‘RQ-284-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2011-y., 16-son, 159-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
16) respublika davlat boshqaruvi organlarining va hokimlarning qabul qilgan hujjatlarini ular qonunchilik normalariga nomuvofiq bo‘lgan hollarda to‘xtatadi, bekor qiladi; O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi majlislarida raislik qilishga haqli;
(93-modda birinchi qismining 16-bandi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 8-fevraldagi O‘RQ-671-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.02.2021-y., 03/21/671/0093-son)
17) O‘zbekiston Respublikasining qonunlarini imzolaydi va e’lon qiladi; qonunga o‘z e’tirozlarini ilova etib, uni takroran muhokama qilish va ovozga qo‘yish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga qaytarishga haqli;
18) O‘zbekiston Respublikasiga hujum qilinganda yoki tajovuzdan bir-birini mudofaa qilish yuzasidan tuzilgan shartnoma majburiyatlarini bajarish zaruriyati tug‘ilganda urush holati e’lon qiladi va qabul qilgan qarorini uch kun ichida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining tasdig‘iga kiritadi;
19) favqulodda vaziyatlar (real tashqi xavf, ommaviy tartibsizliklar, yirik halokat, tabiiy ofat, epidemiyalar) yuz bergan taqdirda fuqarolarning xavfsizligini ta’minlashni ko‘zlab, O‘zbekiston Respublikasining butun hududida yoki uning ayrim joylarida favqulodda holat joriy etadi va qabul qilgan qarorini uch kun ichida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari tasdig‘iga kiritadi. Favqulodda holat joriy etish shartlari va tartibi qonun bilan belgilanadi;
20) O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining Oliy Bosh qo‘mondoni hisoblanadi, Qurolli Kuchlarning oliy qo‘mondonlarini tayinlaydi va vazifasidan ozod qiladi, oliy harbiy unvonlar beradi;
21) O‘zbekiston Respublikasining ordenlari, medallari va yorlig‘i bilan mukofotlaydi, O‘zbekiston Respublikasining malakaviy va faxriy unvonlarini beradi;
22) O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga va siyosiy boshpana berishga oid masalalarni hal etadi;
23) amnistiya to‘g‘risidagi hujjatlarni qabul qilish haqida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga taqdimnoma kiritadi va O‘zbekiston Respublikasining sudlari tomonidan hukm qilingan shaxslarni afv etadi;
Oldingi tahrirga qarang.
24) Davlat xavfsizlik xizmati raisini tayinlaydi va lavozimidan ozod etadi, keyinchalik shu masalalarga doir farmonlarni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tasdig‘iga kiritadi;
(93-modda birinchi qismining 24-bandi O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 18-fevraldagi O‘RQ-522-sonli Qonuni tahririda — O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-y., 2-son, 47-modda)
25) ushbu Konstitutsiya va O‘zbekiston Respublikasining qonunlarida nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
Prezident o‘z vakolatlarini bajarishni davlat idoralariga yoki mansabdor shaxslarga topshirishga haqli emas.
(93-modda O‘zbekiston Respublikasining 2003-yil 24-apreldagi 470-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 3-4-son, 27-modda)
94-modda.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Konstitutsiyaga va qonunlarga asoslanib hamda ularni ijro etish yuzasidan respublikaning butun hududida majburiy kuchga ega bo‘lgan farmonlar, qarorlar va farmoyishlar chiqaradi.
Oldingi tahrirga qarang.
95-modda.
Qonunchilik palatasi yoki Senat tarkibida ularning normal faoliyatiga tahdid soluvchi hal qilib bo‘lmaydigan ixtiloflar yuz berganda yoxud ular bir necha marta O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga zid qarorlar qabul qilgan taqdirda, shuningdek Qonunchilik palatasi bilan Senat o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining normal faoliyatiga tahdid soluvchi hal qilib bo‘lmaydigan ixtiloflar yuz berganda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi bilan bamaslahat qabul qilgan qarori asosida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi, Senati tarqatib yuborilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi, Senati tarqatib yuborilgan taqdirda yangi saylov uch oy mobaynida o‘tkaziladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati favqulodda holat joriy etilgan davrda tarqatib yuborilishi mumkin emas.
(95-modda O‘zbekiston Respublikasining 2003-yil 24-apreldagi 470-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 3-4-son, 27-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
96-modda.
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasining amaldagi Prezidenti o‘z vazifalarini bajara olmaydigan holatlarda uning vazifa va vakolatlari vaqtincha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining zimmasiga yuklatiladi, bunda uch oy muddat ichida, qonunga to‘liq muvofiq holda mamlakat Prezidenti saylovi o‘tkaziladi.
(96-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 4-sentabrdagi O‘RQ-563-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 05.09.2019-y., 03/19/563/3685-son)
Oldingi tahrirga qarang.
97-modda.
Vakolati tugashi munosabati bilan iste’foga chiqqan Prezident umrbod Senat a’zosi lavozimini egallaydi.
(97-modda O‘zbekiston Respublikasining 2003-yil 24-apreldagi 470-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 3-4-son, 27-modda)
XX bob. Vazirlar Mahkamasi
Oldingi tahrirga qarang.
98-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi hokimiyatni amalga oshiradi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri, uning o‘rinbosarlari, vazirlar, davlat qo‘mitalarining raislaridan iborat. Qoraqalpog‘iston Respublikasi hukumatining boshlig‘i Vazirlar Mahkamasi tarkibiga o‘z lavozimi bo‘yicha kiradi.
Vazirlar Mahkamasi:
1) samarali iqtisodiy, ijtimoiy, moliyaviy, pul-kredit siyosati yuritilishi, fan, madaniyat, ta’lim, sog‘liqni saqlashni hamda iqtisodiyotning va ijtimoiy sohaning boshqa tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha dasturlar ishlab chiqilishi va amalga oshirilishi uchun javobgar bo‘ladi;
2) fuqarolarning iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
3) davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari ishini muvofiqlashtiradi va yo‘naltiradi, ularning faoliyati ustidan qonunda belgilangan tartibda nazoratni ta’minlaydi;
4) O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, Oliy Majlis qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari ijrosini ta’minlaydi;
5) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga har yili mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining eng muhim masalalari yuzasidan ma’ruzalar taqdim etadi;
6) ushbu Konstitutsiya va O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
Vazirlar Mahkamasi konstitutsiyaviy normalar doirasida va amaldagi qonunchilikka muvofiq O‘zbekiston Respublikasining butun hududidagi barcha organlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan qarorlar va farmoyishlar chiqaradi.
(98-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 8-fevraldagi O‘RQ-671-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.02.2021-y., 03/21/671/0093-son)
Vazirlar Mahkamasi o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti oldida javobgardir.
Amaldagi Vazirlar Mahkamasi yangi saylangan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi oldida o‘z vakolatlarini zimmasidan soqit qiladi, biroq Vazirlar Mahkamasining yangi tarkibi shakllantirilguniga qadar mamlakat Prezidentining qaroriga muvofiq o‘z faoliyatini davom ettirib turadi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri:
1) Vazirlar Mahkamasi faoliyatini tashkil etadi va unga rahbarlik qiladi, uning samarali ishlashi uchun shaxsan javobgar bo‘ladi;
2) Vazirlar Mahkamasining majlislarida raislik qiladi, uning qarorlarini imzolaydi;
3) xalqaro munosabatlarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi nomidan ish ko‘radi;
4) O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida nazarda tutilgan boshqa vazifalarni bajaradi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga saylovda eng ko‘p deputatlik o‘rinlarini olgan siyosiy partiya yoki teng miqdordagi eng ko‘p deputatlik o‘rinlarini qo‘lga kiritgan bir necha siyosiy partiya tomonidan taklif etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti taqdim etilgan Bosh vazir lavozimiga nomzodni ko‘rib chiqqanidan keyin o‘n kun muddat ichida uni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining ko‘rib chiqishi va tasdiqlashi uchun taklif etadi.
Bosh vazir lavozimiga nomzod O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisida uning nomzodi ko‘rib chiqilayotganda va tasdiqlanayotganda Vazirlar Mahkamasining yaqin muddatga va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan harakat dasturini taqdim etadi.
Bosh vazir nomzodi uning uchun tegishincha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari umumiy sonining yarmidan ko‘pi tomonidan ovoz berilgan taqdirda tasdiqlangan hisoblanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining a’zolari Bosh vazirning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi ma’qullaganidan keyin kiritilgan taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
(98-moddaning o‘n birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 5-martdagi O‘RQ-527-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 06.03.2019-y., 03/19/527/2706-son — 2019-yil 1-apreldan kuchga kiradi)
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi o‘rtasida ziddiyatlar doimiy tus olgan holda Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining kamida uchdan bir qismi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomiga rasman kiritilgan taklif bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qo‘shma majlisi muhokamasiga Bosh vazirga nisbatan ishonchsizlik votumi bildirish haqidagi masala kiritiladi.
Bosh vazirga nisbatan ishonchsizlik votumi tegishincha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi ovoz bergan taqdirda qabul qilingan hisoblanadi. Bunday holatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Bosh vazirni lavozimidan ozod etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Bunda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining butun tarkibi Bosh vazir bilan birga iste’foga chiqadi.
Yangi Bosh vazir nomzodi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasidagi barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari bilan tegishli maslahatlashuvlar o‘tkazilganidan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalariga ko‘rib chiqish va tasdiqlashga taqdim qilish uchun taklif etiladi.
Oliy Majlis tomonidan Bosh vazir lavozimiga nomzod ikki marta rad etilgan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Bosh vazir vazifasini bajaruvchini tayinlaydi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisini tarqatib yuboradi.
Vazirlar Mahkamasining faoliyatini tashkil etish tartibi va vakolat doirasi qonun bilan belgilanadi.
(98-modda O‘zbekiston Respublikasining 2014-yil 16-apreldagi O‘RQ-366-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2014-y., 16-son, 176-modda)
XXI bob. Mahalliy davlat hokimiyati asoslari
99-modda.
Oldingi tahrirga qarang.
Viloyatlar, tumanlar va shaharlarda (tumanga bo‘ysunadigan shaharlardan tashqari) hokimlar boshchilik qiladigan xalq deputatlari Kengashlari hokimiyatning vakillik organlari bo‘lib, ular davlat va fuqarolarning manfaatlarini ko‘zlab o‘z vakolatlariga taalluqli masalalarni hal etadilar.
(99-modda O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 29-avgustdagi O‘RQ-439-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 35-son, 914-modda)
100-modda.
Mahalliy hokimiyat organlari ixtiyoriga quyidagilar kiradi:
qonuniylikni, huquqiy-tartibotni va fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash;
hududlarni iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy rivojlantirish;
mahalliy budjetni shakllantirish va uni ijro etish, mahalliy soliqlar, yig‘imlarni belgilash, budjetdan tashqari jamg‘armalarni hosil qilish;
mahalliy kommunal xo‘jalikka rahbarlik qilish;
atrof-muhitni muhofaza qilish;
fuqarolik holati aktlarini qayd etishni ta’minlash;
Oldingi tahrirga qarang.
normativ hujjatlarni qabul qilish hamda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga zid kelmaydigan boshqa vakolatlarni amalga oshirish.
(100-moddaning sakkizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 8-fevraldagi O‘RQ-671-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.02.2021-y., 03/21/671/0093-son)
Oldingi tahrirga qarang.
101-modda.
Mahalliy hokimiyat organlari O‘zbekiston Respublikasining qonunlarini, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlarini, davlat hokimiyati yuqori organlarining qarorlarini amalga oshiradilar, respublika va mahalliy ahamiyatga molik masalalarni muhokama qilishda qatnashadilar.
Yuqori organlarning o‘zlariga berilgan vakolat doirasida qabul qilgan qarorlari quyi organlar ijro etishi uchun majburiydir.
Xalq deputatlari Kengashlari va hokimlarning vakolat muddati — 5 yil.
(101-modda O‘zbekiston Respublikasining 2003-yil 24-apreldagi 470-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 3-4-son, 27-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
102-modda.
Vakillik va ijroiya hokimiyatini tegishliligiga qarab viloyat, tuman va shahar hokimlari boshqaradi.
Oldingi tahrirga qarang.
Viloyat va Toshkent shahar hokimi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qonunga muvofiq tayinlanadi hamda lavozimidan ozod etiladi.
(102-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2007-yil 11-apreldagi O‘RQ-89-son Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2007-y., 15-son, 152-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Tuman va shaharlarning hokimlari viloyat, Toshkent shahar hokimi tomonidan tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi hamda tegishli xalq deputatlari Kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
(102-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 29-avgustdagi O‘RQ-439-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 35-son, 914-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(102-moddaning to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 29-avgustdagi O‘RQ-439-sonli Qonuniga asosan chiqarilgan — O‘R QHT, 2017-y., 35-son, 914-modda)
Tumanlarga bo‘ysunadigan shaharlarning hokimlari tuman hokimi tomonidan tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi hamda xalq deputatlari tuman Kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
(102-modda O‘zbekiston Respublikasining 2003-yil 24-apreldagi 470-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 3-4-son, 27-modda)
103-modda.
Viloyat, tuman va shahar hokimlari o‘z vakolatlarini yakkaboshchilik asoslarida amalga oshiradilar va o‘zlari rahbarlik qilayotgan organlarning qarorlari va faoliyati uchun shaxsan javobgardirlar.
Oldingi tahrirga qarang.
Viloyat, tuman va shahar hokimi tegishli xalq deputatlari Kengashiga viloyat, tuman, shahar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining eng muhim va dolzarb masalalari yuzasidan hisobotlar taqdim etadi, ular bo‘yicha xalq deputatlari Kengashi tomonidan tegishli qarorlar qabul qilinadi.
(103-modda O‘zbekiston Respublikasining 2014-yil 16-apreldagi O‘RQ-366-sonli Qonuniga asosan ikkinchi qism bilan to‘ldirilgan — O‘R QHT, 2014-y., 16-son, 176-modda)
Hokimlarning va xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining faoliyatini tashkil qilish, ularning vakolat doirasini va xalq deputatlari mahalliy Kengashlarini saylash tartibi qonun bilan belgilanadi.
104-modda.
Hokim o‘ziga berilgan vakolatlar doirasida tegishli hududdagi barcha korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, birlashmalar, shuningdek mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan qarorlar qabul qiladi.
105-modda.
Oldingi tahrirga qarang.
Shaharcha, qishloq va ovullarda, shuningdek ular tarkibidagi mahallalarda hamda shaharlardagi mahallalarda fuqarolarning yig‘inlari o‘zini o‘zi boshqarish organlari bo‘lib, ular raisni (oqsoqolni) saylaydi.
(105-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 15-oktabrdagi O‘RQ-498-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 16.10.2018-y., 03/18/498/2051-son)
O‘zini o‘zi boshqarish organlarini saylash tartibi, faoliyatini tashkil etish hamda vakolat doirasi qonun bilan belgilanadi.
XXII bob. O‘zbekiston Respublikasining sud hokimiyati
106-modda.
O‘zbekiston Respublikasida sud hokimiyati qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlardan, siyosiy partiyalardan, boshqa jamoat birlashmalaridan mustaqil holda ish yuritadi.
Oldingi tahrirga qarang.
107-modda.
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasida sud tizimi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, harbiy sudlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlari, fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman, shahar sudlari, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlari, tumanlararo, tuman, shahar iqtisodiy sudlari va tumanlararo ma’muriy sudlardan iboratdir.
(107-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 8-fevraldagi O‘RQ-671-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.02.2021-y., 03/21/671/0093-son)
Sudlarni tashkil etish va ularning faoliyat ko‘rsatish tartibi qonun bilan belgilanadi.
Favqulodda sudlar tuzishga yo‘l qo‘yilmaydi.
(107-modda O‘zbekiston Respublikasining 2003-yil 24-apreldagi 470-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 3-4-son, 27-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
108-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat hujjatlarining Konstitutsiyaga muvofiqligi to‘g‘risidagi ishlarni ko‘radi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tavsiya etgan siyosat va huquq sohasidagi mutaxassislar orasidan, Qoraqalpog‘iston Respublikasining vakilini qo‘shgan holda saylanadi.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi o‘z tarkibidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining raisini va uning o‘rinbosarini saylaydi.
(108-modda O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 31-maydagi O‘RQ-430-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 22-son, 406-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
109-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi:
1) O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlarining, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlarining, hukumat, mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlarining, O‘zbekiston Respublikasi davlatlararo shartnomaviy va boshqa majburiyatlarining O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlaydi;
2) O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti tomonidan imzolanguniga qadar O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy qonunlarining, O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarini ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlaydi;
3) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasining O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi qonunlarining O‘zbekiston Respublikasining qonunlariga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa beradi;
4) O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari normalariga sharh beradi;
5) O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining muayyan ishda qo‘llanilishi lozim bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarning O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiqligi to‘g‘risida sudlar tashabbusi bilan kiritilgan murojaatini ko‘rib chiqadi;
6) konstitutsiyaviy sudlov ishlarini yuritish amaliyotini umumlashtirish natijalari yuzasidan har yili O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati to‘g‘risida axborot taqdim etadi;
7) O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari bilan berilgan vakolati doirasida boshqa ishlarni ko‘rib chiqadi.
Konstitutsiyaviy sudning hujjati rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Konstitutsiyaviy sudning hujjati qat’iy va uning ustidan shikoyat qilinishi mumkin emas.
Konstitutsiyaviy sudni tashkil etish va uning faoliyati tartibi qonun bilan belgilanadi.
(109-modda O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 31-maydagi O‘RQ-430-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 22-son, 406-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
110-modda.
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi fuqarolik, jinoiy, iqtisodiy va ma’muriy sud ishlarini yuritish sohasida sud hokimiyatining oliy organi hisoblanadi.
(110-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 6-apreldagi O‘RQ-426-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 14-son, 213-modda)
U tomonidan qabul qilingan hujjatlar qat’iy va O‘zbekiston Respublikasining barcha hududida bajarilishi majburiydir.
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi quyi sudlarning sudlov faoliyati ustidan nazorat olib borish huquqiga ega.
(110-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 6-apreldagi O‘RQ-426-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 14-son, 213-modda)
(110-modda O‘zbekiston Respublikasining 2003-yil 24-apreldagi 470-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 3-4-son, 27-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
111-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi sudyalar hamjamiyatining organi bo‘lib, u O‘zbekiston Respublikasida sud hokimiyatining mustaqilligi konstitutsiyaviy prinsipiga rioya etilishini ta’minlashga ko‘maklashadi.
O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashini tashkil etish va uning faoliyati tartibi qonun bilan belgilanadi.
(111-modda O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 6-apreldagi O‘RQ-426-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 14-son, 213-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
112-modda.
Sudyalar mustaqildirlar, faqat qonunga bo‘ysunadilar. Sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga biron-bir tarzda aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi va bunday aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Sudyalarning daxlsizligi qonun bilan kafolatlanadi.
Sudyalar senator, davlat hokimiyati vakillik organlarining deputati bo‘lishi mumkin emas.
Sudyalar siyosiy partiyalarning a’zosi bo‘lishi, siyosiy harakatlarda ishtirok etishi, shuningdek ilmiy va pedagogik faoliyatdan tashqari haq to‘lanadigan boshqa biron-bir faoliyat turlari bilan shug‘ullanishi mumkin emas.
Sudya vakolat muddati tugagunga qadar sudyalik vazifasidan qonunda ko‘rsatilgan asoslar bo‘lgandagina ozod etilishi mumkin.
(112-modda O‘zbekiston Respublikasining 2003-yil 24-apreldagi 470-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 3-4-son, 27-modda)
113-modda.
Hamma sudlarda ishlar ochiq ko‘riladi. Ishlarni yopiq majlisda tinglashga qonunda belgilangan hollardagina yo‘l qo‘yiladi.
114-modda.
Sud hokimiyati chiqargan hujjatlar barcha davlat organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiydir.
115-modda.
O‘zbekiston Respublikasida sud ishlarini yuritish o‘zbek tilida, qoraqalpoq tilida yoki muayyan joydagi ko‘pchilik aholi so‘zlashadigan tilda olib boriladi. Sud ishlari olib borilayotgan tilni bilmaydigan sudda qatnashuvchi shaxslarning tarjimon orqali ish materiallari bilan to‘la tanishish va sud ishlarida ishtirok etish huquqi hamda sudda ona tilida so‘zlash huquqi ta’minlanadi.
116-modda.
Ayblanuvchi himoyalanish huquqi bilan ta’minlanadi.
Tergov va sud ishini yuritishning har qanday bosqichida malakali yuridik yordam olish huquqi kafolatlanadi. Fuqarolarga, korxona, muassasa va tashkilotlarga yuridik yordam berish uchun advokatura faoliyat ko‘rsatadi. Advokaturani tashkil etish va uning ish tartibi qonun bilan belgilanadi.
XXIII bob. Saylov tizimi
Oldingi tahrirga qarang.
117-modda.
O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqiga egadirlar. Har bir saylovchi bir ovozga ega. Ovoz berish huquqi, o‘z xohish irodasini bildirish tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylov tegishincha ularning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda — oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkaziladi. Saylovlar umumiy, teng va to‘g‘ridan to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkaziladi. O‘zbekiston Respublikasining o‘n sakkiz yoshga to‘lgan fuqarolari saylash huquqiga egadirlar.
(117-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 8-fevraldagi O‘RQ-670-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.02.2021-y., 03/21/670/0089-son)
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati a’zolari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlarining tegishli qo‘shma majlislarida mazkur deputatlar saylanganidan so‘ng bir oy ichida ular orasidan yashirin ovoz berish yo‘li bilan saylanadilar.
Oldingi tahrirga qarang.
Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylanishi mumkin emas.
Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan, shuningdek og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganligi uchun sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovda ishtirok etmaydi. Boshqa har qanday hollarda fuqarolarning saylov huquqlarini to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki bilvosita cheklashga yo‘l qo‘yilmaydi.
(117-moddaning to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 4-sentabrdagi O‘RQ-563-sonli Qonuniga asosan to‘rtinchi va beshinchi qismlar bilan almashtirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 05.09.2019-y., 03/19/563/3685-son)
O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bir vaqtning o‘zida ikkidan ortiq davlat hokimiyati vakillik organining deputati bo‘lishi mumkin emas.
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylovni, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi referendumini tashkil etish va o‘tkazish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan faoliyatining asosiy prinsiplari mustaqillik, qonuniylik, kollegiallik, oshkoralik va adolatlilikdan iborat bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tuziladi.
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi o‘z faoliyatini doimiy asosda amalga oshiradi va o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.
(117-moddaning sakkizinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 8-fevraldagi O‘RQ-671-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.02.2021-y., 03/21/671/0093-son)
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining a’zolari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining tavsiyasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati tomonidan saylanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Raisi komissiya a’zolari orasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimi bo‘yicha komissiya majlisida saylanadi.
(117-modda O‘zbekiston Respublikasining 2014-yil 16-apreldagi O‘RQ-366-sonli Qonuniga asosan oltinchi — to‘qqizinchi qismlar bilan to‘ldirilgan — O‘R QHT, 2014-y., 16-son, 176-modda)
Saylov o‘tkazish tartibi qonun bilan belgilanadi.
(117-modda O‘zbekiston Respublikasining 2003-yil 24-apreldagi 470-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 3-4-son, 27-modda)
XXIV bob. Prokuratura
118-modda.
O‘zbekiston Respublikasi hududida qonunlarning aniq va bir xilda bajarilishi ustidan nazoratni O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori va unga bo‘ysunuvchi prokurorlar amalga oshiradi.
119-modda.
Prokuratura organlarining yagona markazlashtirilgan tizimiga O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori boshchilik qiladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasining Prokurori O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori bilan kelishilgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasining oliy vakillik organi tomonidan tayinlanadi.
Viloyatlarning prokurorlari, tuman va shahar prokurorlari O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori tomonidan tayinlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Prokurorining, viloyat, tuman va shahar prokurorlarining vakolat muddati — besh yil.
120-modda.
O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlari o‘z vakolatlarini har qanday davlat organlari, jamoat birlashmalari va mansabdor shaxslardan mustaqil holda, faqat qonunga bo‘ysunib amalga oshiradilar.
Prokurorlar o‘z vakolatlari davrida siyosiy partiyalarga va siyosiy maqsadlarni ko‘zlovchi boshqa jamoat birlashmalariga a’zolikni to‘xtatib turadilar.
Prokuratura organlarini tashkil etish, ularning vakolatlari va faoliyat ko‘rsatish tartibi qonun bilan belgilanadi.
121-modda.
O‘zbekiston Respublikasi hududida jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘yicha tezkor-qidiruv, tergov va boshqa maxsus vazifalarni mustaqil ravishda bajaruvchi xususiy kooperativ tashkilotlar, jamoat birlashmalari va ularning bo‘linmalarini tuzish hamda ularning faoliyat ko‘rsatishi ta’qiqlanadi.
Qonuniylik va huquqiy tartibotni, fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini himoya qilishda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga jamoat tashkilotlari va fuqarolar yordam ko‘rsatishlari mumkin.
XXV bob. Moliya va kredit
122-modda.
O‘zbekiston Respublikasi o‘z moliya va pul-kredit tizimiga ega.
O‘zbekistonning Davlat budjeti Respublika budjetidan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjetidan va mahalliy budjetlardan iborat.
123-modda.
O‘zbekiston Respublikasi hududida yagona soliq tizimi amal qiladi. Soliqlar joriy qilishga faqat O‘zbekiston Respublikasining Oliy Majlisi haqli.
124-modda.
O‘zbekiston Respublikasining bank tizimini respublika Markaziy banki boshqaradi.
XXVI bob. Mudofaa va xavfsizlik
125-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari O‘zbekiston Respublikasining davlat suverenitetini va hududiy yaxlitligini, aholining tinch hayoti va xavfsizligini himoya qilish uchun tuziladi.
Qurolli Kuchlarning tuzilishi va ularni tashkil etish qonun bilan belgilanadi.
126-modda.
O‘zbekiston Respublikasi o‘z xavfsizligini ta’minlash uchun yetarli darajada qurolli kuchlariga ega.
OLTINChI BO‘LIM. KONSTITUTSIYAGA O‘ZGARTIRISh KIRITISh TARTIBI
Oldingi tahrirga qarang.
127-modda.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar tegishincha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismidan iborat ko‘pchiligi tomonidan qabul qilingan qonun yoki O‘zbekiston Respublikasining referendumi bilan kiritiladi.
(127-modda O‘zbekiston Respublikasining 2003-yil 24-apreldagi 470-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 3-4-son, 27-modda)
128-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tegishli taklif kiritilgandan keyin olti oy mobaynida Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar hamda tuzatishlar kiritish to‘g‘risida keng va har taraflama muhokamani hisobga olgan holda qonun qabul qilishi mumkin. Agar Oliy Majlis Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risidagi taklifni rad etsa, taklif bir yil o‘tgandan keyingina qayta kiritilishi mumkin.