3.4. Yuk ko’tarish va tashish ishlarida xavfsizlikni ta’minlash.
Ishlab chiqarish korxonalarda yuklarni tashish va yuqoriga ko’tarish uchun ko’pgina mashina va mexanizmlar ishlatiladi. Tashuvchi mexanizmlar ikki turga bo’linadi:
a) Uzluksiz ishlaydigan - lentali transportyorlar, havo yordamida, rolganglar, tarnovlar yordamida ishlaydigan turlari mavjud.
b) Davriy ravishda ishlaydiganlarga - avtomobillar, avtopogruzchiklar, elektropogruzchiklar, temir yo’l vagonlari kiradi.
v) Yuqoriga yuk ko’taruvchi uskunalarga ko’prik kranlari, avtomobillarga o’rnatilgan aylanma kranlar, telfer, o’zi yurar aravachaga o’rnatilgan tal va boshqalar kiradi.
Yuk ko’tarish, tashish uskuna va mashinalari “Davlat kon tex nazorat”i idoralari tomonidan rasmiylashtirilgach, texnik ko’rikdan o’tgandan so’ng ishlatilishi mumkin. Texnik ko’rik to’liq – har uch yilda bir marta va qisman ko’rik esa - har 12 oyda bir marta o’tkazilishi shart hisoblanadi.
To’liq texnik ko’rikda - yuk ko’tarish mashinalari yaxshilab qarab chiqiladi, statik va dinamik sinovlardan o’tkaziladi.
Qisman texnik ko’rikda esa - statik va dinamik sinov o’tkazilmaydi.
Ko’rik paytida barcha mexanizm va elektr asboblari, xavfsizlik asboblari, tormoz qurilmalari, boshqarish jihozlari, signal beruvchi va yorituvchi asboblar ishlab turgan holatda tekshirib chiqiladi.
Statik sinov mashinaning yuk ko’tarish qobiliyatidan 25% ko’p yuk ortilgan holatda o’tkaziladi. Bunda, yerdan 20-30 sm yuqoriga ko’tarilib, 10 minut davomida ushlab turiladi va shundan so’ng qoldiq deformatsiyalar sin-chiklab tekshiriladi.
Dinamik sinov mashinaning yuk ko’tarish qobiliyatidan 10 foiz ko’p yuk bilan bir necha marta ko’tarib tushirib sinaladi.
Mashinalarning bevosita yuk ko’taruvchi moslamalari (stropalar, trosslar, zanjirlar, qisqichlar, ilgaklar) foydalanishga tushirilishidan oldin va har galgi sozlashdan so’ng, sinovdan o’tkazilishi shart. Sinov me’yordagi yuk ko’tarish qobiliyatidan 25% ko’p ortilgan holda bajariladi [11].
Po’lat arqonlar o’ramning har qadamidagi uzilgan simlar soniga va zanglash sababli diametrining kamayganligiga qarab, me’yoriga solishtirib, ishga yaroqliligi yoki yaroqsiz ekanligi aniqlanadi.
Po’lat arqon sim yoki zanjirlarni, oddiy sinalmagan simlar bilan ulab uzaytirib, ishlab chiqarishga qullash taqiqlanadi.
Yuk tuproq shag’al ostida bo’lsa yoki ustida boshqa narsalar bo’lsa, uni ko’tarish ko’tarish mumkin emas va yukni ko’tarilgan holda qoldirib (tanaffus yoki ish tugagach) ketish qat’iyan man qilinadi.
Mehnat xavfsizligini ta’minlash uchun barcha mexanizmlarning ko’tarish tizimlari, “O’zsanoatkontexnazorat” tishkiloti tasdiqlagan liftlarni qurish va xavfsiz ishlatish qoidalariga muvofiq har bir ko’tarish tuzilmasi o’z pasportiga ega bo’lishi, unda tuzilmaning tavsifi (turi, qancha yuk ko’tara olishi, harakat tezligi va xokazo) ko’rsatilishi lozim. Bundan tashqari, tuzilmalarda o’tkazilgan tuzatish ishlari yozib boriladigan daftar hamda ruxsat etilgan chekli ish yuklanishi hamda navbatdagi sinov va ”O’zdavtog’texnazorat”ga taqdim qilish muddatini ko’rsatuvchi o’chib ketmaydigan yozuv bo’lishi earur.
Yuk ko’tarish mexanizmlarining soz holatda saqlanishiga va ulardan xavfsiz foydalanishga javobgarlik ana shu mexanizmlar ishlatiladigan korxona bo’linmasi yoki muhandis-texnik xodimi zimmasiga yuklatiladi. Bu xodim maxsus buyruq bilan tayinlanadi.
Yuk ko’tarish mexanizlaridan xavsiz foydalanish uchun, ayniqsa, ularning tayanch qismlari, arqon, tros, ilgak va boshqa qismlari kattaroq mustahkam zahira bilan tayyorlanadi.
Mexanizm va tuzilmalarda ularnig imkoniyatidan og’irroq yuklarni, odamlar hamda begona (og’iligi aniq bo’lmagan) yuklarni ko’tarish, nosoz yuk ko’tarish mexanizlari va tuzilmalaridan foydalanish man etiladi.
Yoshi 18 dan kichik bo’lmagan, o’qigan, yo’l-yo’riq olgan va malaka sinovidan (attestatsiyadan) o’tgan, shuningdek, tegishli guvohnomaga ega bo’lgan kishilar yuk ko’tarish tuzilmalari hamda mexanizmlarida ishlashga ruxsat etiladi.
Yuk ko’tarish va tashish vosittalarini xavfsiz ishlatishga qo’yiladigan asosiy talablar quyidagilardan iborat:
a) Hamma aylanuvchi va harakatlanuvchi qismlari hamda mexanizmlari ishonchli to’siqqa ega bo’lishi;
b) Signalizatsiyasi, blokirovkali tormozlari ishonchli ishlashi kerak.
Omborxonalar va ayrim sexlardagi transportyor va konveyerlarning eng havfsiz harakat tezligi 0,2 m:s.dan oshmasligi zarur va tezlikni cheklab turish uchun, tezlik cheklagichlari bilan ta’minlanishi darkor.
Osma tashish tuzilmalari (elektr relslar, osma elektr shatakchilar, etektr poezdlar tasmali transportyorlar), odatda, ish o’rinlari hamda yo’laklar tepasida joylashtirilmasligi kerak va ular ishonchli himoya vo-sitalari yordamida o’rnatilishi, tushib ketgan yukni tutib qola oldigan darajada mustahkam bo’lishi kerak.
Ishlab chiqarish korxonalarida yuklarni ortishtushirish, taxlash va joylashtirish bilan bog’liq hamma yumushlar Mehnat haqidagi Konunlar asosida “Ortish-tushirish ishlari. Xavfsizlikning umumiy talablari”ga muvofiq belgilab qo’yilgan.
Ortish-tushirish ishlari ko’tarishtishish tuzilmalaridan foydalanib bajariladigan bo’lsa, korxona ma’muriyati ishlarning xavfsiz amlga oshirishligiga jovobgar shaxsni tayinlaydi. Bu shaxs yukni ortish-tushirish va tashish vositalari hamda usullaning to’g’ri tanlanishini kuzatib turishi lozim. Bunday ishlar tajribali xodim rahbarligida olib boriladi. Bunday shaxslar ”O’zdavkontexnazorat” tashkilotlari vakili ishtirokida imtihondan o’tkazilib, maxsus guvohnomaga ega bo’lishlari shart hisoblanadi.
Ish beruvchi (brigadir, master) yuk tushiriladigan maydonchani tayyorlaydi, yuklarni ortish-tushirish o’amda taxlash tartibi va usulini aniqlaydi, ishlarni xavfsiz bajarish yo’llari va usullari yuzasidan yo’l- yo’riq beradi, mexanizm va kranlar bilan ta’minlaydi.
Ortish-tushirish ishlari asosan mexanizatsiyalashtirilgan usulda, ya’ni tushirgichlar yordamida, ishlar hajmi kichik bo’lganida esa kichik mexanizatsiyalar yordamida amalga oshiriladi.
-20 kg.dan og’ir yuklar uchun, shuningdek, yuklarni 3 m dan balandga ko’tarishga ortish-tushirish ishlari mexanizatsiyalashtirilgan usulda amlga oshiriladi.
-500 kg.dan og’ir yuklarni kranlar bilan ortish-tushirishga ruxsat etiladi [10].
Yuklarni gorizantal yo’nalishda tashish va ortish uchunpolda yuradigan transportdan foydalaniladi, bunday transpot asosan, yuklarni texnologik jarayon boshlanadigan joyga va tayyor maxsulotni omborga tashib keltirishda foydalaniladi.
Yuklarni to’g’ri mahkamlash ortish-tushirish ishlarining xavfsiz bajarishda katta ahamiyatga ega.
Agar yukni ko’chirish vaqtida zanjir va arqonlarning o’z-o’zidan echilib yoki siljib ketish ehtimoli bo’lsa, yuklarni tushib ketishi, baxtsiz hodisalar yuz berishi mumkin.
Yuk ko’tarish mashinalari saqlovchiva blokirovkalovchi tuzilmalari bilan uskunalanishi shart hisoblanadi.
Kranlarga yuk ko’tarish imkoniyatini ko’rsatuvchi belgilar, signal asboblari (qo’ng’iroq, gudok, sirena) kranlar kabinasidan tashqariga o’rnatiladi. Barcha yuk ko’tarish mashinalarida ularning eng ko’p yuklanishi, tartib raqami va navbatdagi sinovdan o’tkazilgan kuni haqida ko’rsatilishi kerak.
Zamonaviy ishlab chiqarish korxonalari juda murakkab va ko’p tarmoqli tashkilot bo’lib, qaramog’ida katta maydonlar mavjud. Tabiiyki bunday maydonlarda xom ashyo, tayyor mahsulot va yordamchi materiallarni bir yerdan ikkinchi erga tashish uchun xilma-xil transport vositalari ishlatiladi.
Masalan, ayrim korxonalarda xom ashyoni poezdlarda yoki avtopoezdlarda, traktor va pritseplarda tashib keltirilsa, ularning omborlardan avtomashina, avtokara, elektrokaralar yordamida tashiladi.
Tayyor mahsulot, esa yana shu transport vositalari yordamida tayyor mahsulot omborlariga va u yerdan konteyner va vagonlarga ortilib savdo bazalariga yuboriladi.
Korxonalarda qo’llanadigan barcha avtomashina va avtopoezdlar “Avtomobil transporti korxonalari uchun xavfsizlik qoida-lari”talablariga to’liq javob berishi kerak. Avtomobillarning yuk ortilgan holda korxonalar hududiga yurish tezligi 10 km/soat dan oshmasligi kerak.
Ularning yurish yo’nalishi piyodalar yo’li kesishmasligi va bu yo’llar umumiy yo’l harakati belgilari bilan boshqarib borilishi kerak.
Bu qoidalar bilan barcha transpot haydovchilari ogohlantirilishi va tanishtirib chiqilgan bo’lishi kerak.
Avtomobil transporti vositalarining harakati paytida, hatto eng past tezlikda ketayotganda xam zinapoyalariga va kuzovlariga odamlarning chiqib olishiga yo’l qo’ymaslik kerak. Ishlab chiqarish korxonalari hududida ichki yonish dvigatelli transpot vositalari albatta (iskragasitellar) uchqun o’chirgichlar bilan ta’minlangan holda yurishlari kerak. Ishlab chiqarish korxonalarida transport vositalari, ma’lum aniq marshrut bo’ylab yurishlari va bu marshrutlar odamlar gavjum bo’lgan yo’laklar ustidan o’tmasligi kerak.
Belanchak, aravacha, ilgak va zanjirlar hamda insonga jarohat etkazishi mumkin bo’lgan barcha buyumlar tenadan tushib ketmasligini ta’minlovchi moslamalar bilan ta’minlanishi kerak.
Undan tashqari, konveyerlarning xavfli mintaqalari, odamlar yuradigan yo’laklar bilankesishganjoylarida himoya to’siqlari bilan ta’minlanishi shart hisoblanadi.
Yuqorida ko’rsatilgan tartib qoidalarga so’zsiz rioya qilgan taqdirdagina, ishlab chiqarish korxonalarini transport vositalarining xavfsiz ishlashini ta’minlashga keraklicha zamin yaratish mumkin bo’ladi [10].