Muloqotning maqsadi Har bir kishining oʻz “Meni” atrofdagilar bilan boʻladigan muloqot jarayonida shakllanadi. Shaxsning hayot yoʻllari avval oilada, bogʻcha, maktab, institut, ishxona, keksalar orasida, ya’ni guruh va jamoalarda rivojlanadi. Bizning yuksak ma’naviy ehtiyojlarimizdan biri - bu muloqotga boʻlgan ehtiyojdir. Muloqotga boʻlgan ehtiyojimiz qondirilmasa, ongimiz ham rivojlanmaydi. Shuning uchun biz doimo muloqotga boʻlgan ehtiyojlarimizni qondirishimiz lozim. Kimlar bilandir boʻlgan muloqotdan qoniqish hosil qilamiz, lekin ayrim hollarda esa biz qoniqmasligimiz ham mumkin. Muloqot jarayoni shaxslararo munosabatlarning shunday koʻrinishidirki, uning yordamida odamlar bir-birlari bilan oʻzaro ruhiy jihatdan aloqaga kirishadilar, oʻzaro axborot almashadilar, bir-birlariga ta’sir oʻtkazadilar, bir-birlarini his qiladilar, bir-birlarini tushunadilar. Shuning uchun muloqot ijtimoiy psixologik hodisa sifatida ijtimoiy turmushning barcha sohalarida ishtirok etib, hamkorlik faoliyatining moddiy, ma’naviy, madaniy, emotsional, motivatsion qirralarining ehtiyoji sifatida vujudga keladi. Insonda yuzaga keladigan har xil ehtiyojlarni maqsadga muvofiq ravishda qondirish muloqot maromiga bogʻliq boʻlib, shaxslararo munosabat, barkamol avlod, komil inson gʻoyalarini anglatadi.
Muloqot tashqi ta’sirlar, namunalar asosida oʻzini oʻzi tuzatish, qayta tarbiyalash, Shaxsiy imkoniyatini roʻyobga chiqarish uchun puxta zamin hozirlaydi, komillik sari yetaklaydi. Muloqot muvaffaqiyatining negizi shaxsning ruhiy dunyosi, ehtiyojlari motivatsiyasi, xarakter xislati, individual-tipologik xususiyati, qobiliyati, e’tiqodi kabi insonning fazilatlari, sifatlari namoyon boʻlishi, rivojlanishi hisoblanadi. Muloqot jarayonida muloqotdoshlarning tasavvurlari, qiziqishlari, his-tuygʻulari, koʻnikmalari, voqelik natijasini oldindan sezish, payqash, ta’sir oʻtkazish uslubi tarkib topishi mumkin.
Barkamol insonlarning muomala maromi, mulohaza yuritish uslubi, munosabatga kirishish oʻquvchanligi, vaziyatdan chiqish salohiyati ham, boshqa odamlar tomonidan taqlid qilinadi va hayot tajribasida unga rioya etib yashaydi. Odamlar oʻrtasidagi shaxslararo munosabat jarayonida gʻayritabiiy ijtimoiy holat yoki hodisaga ongli tayanish, oʻzini oʻzi mukammallashtirish, oʻzini oʻzi roʻyobga chiqarish, oʻzini oʻzi boshqarish, oʻzini oʻzi baholash, oʻziga oʻzi buyruq berish shaxsning ruhiy dunyosida muhim kamolot bosqichidir. Shuning uchun ichki va tashqi taqlidni tushunish hamda ularni bosqichma-bosqich egallab borish boʻlgʻusi mutaxassisning kasbiy tayyorgarligi hamda barkamol shaxs sifatida shakllanishining garovidir. Muloqotga kirisha olmaslikning asosiy sababi - bu oʻzini oʻzi ortiqcha yoki past baholash tufayli oʻziga va uni qurshab turgan odamlarga notoʻgʻri munosabatdir. Biroq buning oldini olish imkoniyatlari mavjud boʻlib, asosan quyidagilarga ahamiyat berish ijobiy samaralar sari yetaklaydi:
hamkorlik faoliyatida, muloqotlar tizimi orqali muloqot jarayonining barcha a’zolari oʻrtasida insonparvarlik munosabatlarini tashkil qilish, emotsional muhitni taqqoslash imkoniyatini yuzaga keltirish.
muloqotda ichki munosabatlar tizimida har bir a’zoning qulay pozitsiyasini ta’minlashga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirish.
insonning muloqot xususiyatlari, maromi, usullari, shakllari toʻgʻrisidagi axborotni egallashga oid maxsus mashgʻulotlarni uyushtirish.
shaxslararo munosabatlar va muloqot usullariga moʻljallangan ishbilarmonlik oʻyinlari, psixodrama, trening tizimini yaratish.