2.O’zbekistonda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni davlat tomonidan qo’llab-quvvatlash mexanizmi
O’zbekistonda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning rivojlanishini davlat tomonidan qo’llab-quvvatlash va tartibga solish jahon amaliyotidan kelib chiqib va respublikamizga xos xususiyatlarni hisobga olgan holda amalga oshiriladi. Respublikamizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlanishi davlat tomonidan bevosita, bilvosita va tashqi iqtisodiy dastaklar asosida tartibga solinadi. Bunda bevosita ta’sir qilish usullariga qonun va boshqa huquqiy-me’yoriy hujjatlar qabul qilish asosida ularning faoliyat yuritishi qoidalarini yaratish kiradi.
Davlat tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni bilvosita ta’sir qilish usullariga iqtisodiy dastaklar hamda davlat imtiyozlari orqali ta’sir ko’rsatish kiradi. Iqtisodiy vosita, dastaklar orqali tartibga solish o’z ichiga soliq tizimi , davlat byudjeti, pul-kredit tizimlari hamda narx orqali tartibga solishni oladi. Davlat imtiyozlariga qisman yoki to’liq soliqdan ozod qilish, subsiyadiyalar berish, kredit va bojxona imtiyozlari va boshqa imtiyozlar kiradi. Tashqi iqtisodiy usullarga tadbirkorlarga qo’shma korxonalar tuzish, o’z mahsulotlarini eksport qilishga ko’maklashish va boshqalar kiradi.
Davlatning kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning rivojlanishini tartibga solish va qo’llab-quvvatlashdan ko’zlagan maqsadi iqtisodiyotning mutanosib, barqaror rivojlanishini, aholining ish bilan bandligini ta’minlash asosida turmush darajasi va sifatini oshirishga yo’naltirilgandir. Davlatning bu boradagi asosiy vazifalari quyidagi rasmda ko’rsatilgan (2.2.1-rasm).
Davlat tomonidan sog’lom raqobat muhitining, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun qulay ishbilarmonlik muhitini va keng erkinliklar yaratilishi, tadbirkorlar faoliyatiga davlat boshqaruvi va nazorat organlarining ortiqcha, noo’rin aralashuvini qisqartirish, ortiqcha ma’muriy-byurokratik to’siqlarning bartaraf etilishi muhim ahamiyat kasb etadi.
2.2.1-rasm. Davlatning biznes va tadbirkorlikni tartibga solish va qo’llab-quvvatlashdagi vazifalari (roli).
O’zbekistonda davlat tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo’llab-quvvatlash tizimi yaratilgan bo’lib, u o’z ichiga quyidagilarni oladi:
KBXT sub’ektlarini ro’yxatga olish va tugatish tizimi;
Soliq imtiyozlari tizimi;
Imtiyozli kreditlash tizimi;
Bojxona imtiyozlari;
Davlat xarid tizimi;
Kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimi;
KBXT faoliyati zrkinliklari va kafolatlarini xuquqiy himoyalash tizimi;
Sug’urtalash tizim;
Xorijiy investisiya jalb etish tizimi;
Axborot bilan ta’minlash, konsultativ-huquqiy ko’mak berish tizimi;
Moddiy - texnika, xom-ashyo va xizmatlar ta’minoti tizimi;
Tashqi iqtisodiy faoliyatni rag’batlantirish tizimi.
Davlat boshqaruvi organlarining tadbirkorlik faoliyatini qo’llab-quvvatlash sohasidagi vakolatlari qonunchilikda belgilangan. Davlat boshqaruvi organlari tadbirkorlikni qo’llab-quvvatlash maqsadida o’z vakolatlari doirasida:
a) tadbirkorlikni rivojlantirish davlat dasturlarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
b) tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to’g’risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi va tadbirkorlik faoliyatining rivojlantirilishi ustidan monitoringni amalga oshiradi, mavjud muammolarni o’rganadi hamda tadbirkorlikning huquqiy kafolatlarini mustahkamlashga qaratilgan me’yoriy-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritadi;
v) tadbirkorlik faoliyati sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlaydi;
g) tadbirkorlik faoliyati sub’ektlariga moliyaviy, moddiy-texnik va axborot resurslaridan foydalanishda ko’maklashadi;
d) tadbirkorlik faoliyati sub’ektlariga o’z tovarlarini (ishlarini, xizmatlarini) tashqi va ichki bozorlarda realizasiya qilishda, shu jumladan, tadbirkorlik faoliyati sub’ektlarini davlat xaridlarini amalga oshirish jarayoniga faol jalb etish hamda ularning mahsulotini o’tkazish bo’yicha ixtisoslashtirilgan tashkilotlar tashkil etish yo’li bilan ko’maklashadi;
e) tadbirkorlik faoliyati sub’ektlari o’rtasida axborot va tushuntirish ishlarini, konsalting, lizing, sug’urta va boshqa xizmatlar tizimi rivojlantirilishini tashkil etadi;
yo) kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishda tadbirkorlik faoliyati sub’ektlariga ko’maklashadi.
Davlat boshqaruvi organlari qonun hujjatlariga muvofiq tadbirkorlik faoliyatini qo’llab-quvvatlash sohasida boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Dostları ilə paylaş: |