BMT xalqaro tashkilotining tashkil topishi va xalqaro munosabatlarda tutgan o’rni 2323
II.bob. BMT ning Ming yillik dekloratsiyasida kambag'allik va qashshoqlik kabi global muammolar tahlili va qarshi kurashish bo’yicha chora tadbirlar 2.1. BMT ning Ming yillik dekloratsiyasida kambag'allik va qashshoqlik kabi global muammolar tahlili
Mamlakatimiz rahbarining ko‘rsatmalariga binoan kambag‘allikni qisqartirishning aniq dastak va mexanizmlarini ishlab chiqish, xorijiy tajribani inobatga olgan holda kambag‘allik darajasini aniqlash mezonlari va baholash uslubi, ijtimoiy ta'minotning minimal standartlari va me'yoriy asoslarini puxta ishlab chiqish maqsadida qisqa muddatlarda Jahon banki, BMT Taraqqiyot dasturi, Osiyo taraqqiyot banki kabi xalqaro tashkilotlarining 14 nafar eksperti jalb qilindi.
Mazkur ekspertlar bilan birgalikda yuqoridagi vazifalarni o‘zida qamrab olgan «2021-2023 yillarda O‘zbekiston Respublikasida kambag‘allikni qisqartirish konsepsiyasi» loyihasi ishlab chiqilgan. Hozirda ushbu hujjat loyihasi o‘rnatilgan tartibda tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishilgan holda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti administratsiyasiga tasdiqlash uchun kiritilgan.
Bevosita kambag‘allik va qashshoqlik tushunchalariga keladigan bo‘lsak, shuni alohida ta'kidlash joizki, hozirda jahon bo‘ylab kambag‘allik yoki qashshoqlik tushunchalarining umumqabul qilingan hamda yagona kelishilgan ta'rifi ishlab chiqilmagan. Har bir mamlakat o‘zi uchun belgilangan kambag‘allik mezonidan kelib chiqib tavsiflaydi.
BMT ta'rifiga ko‘ra, qashshoqlik – insonning hayot kechirishi uchun zarur bo‘lgan daromad va resurslar yetishmasligi, bundan tashqari, ochlik va to‘yib ovqatlanmaslik, sog‘liqni saqlash, ta'lim yoki boshqa asosiy xizmatlardan foydalanishda cheklovlarning mavjudligi, turar joyning yo‘qligi, xavfli tabiiy va texnogen muhitda hamda ijtimoiy tengsizlik sharoitida yashashiga nisbatan aytiladi (BMTning «Ijtimoiy himoya borasida yuqori darajadagi Butunjahon sammiti»dan).
Kambag‘allik esa insonning hayoti davomida tanlov va imkoniyatlarga ega bo‘lmasligi, jamiyatda to‘laqonli ishtirok etish uchun to‘siqlarning mavjudligi, bundan tashqari, oilasini boqishi va kiyintirishi, ta'lim olishi yoki kasalxonada davolanishi, biror sohada faoliyat yuritishi yoki daromad olishga imkon beradigan mehnat bilan ta'minlash imkoniyatlari yetishmasligi hamda kredit olish imkoniyatining cheklanganligida namoyon bo‘ladi. Shuningdek, kambag‘allik — bu insonlar, uy xo‘jaliklari va jamoalarning ijtimoiy jihatdan chegaralanganligi, xavf-xatarlar oldida chorasizligi hamda nochorligi sanaladi (BMT Yevropa Iqtisodiy komissiyasining «Kambag‘allikni o‘lchash bo‘yicha qo‘llanma»sidan, 2017 yil Nyu-York, Jyeneva).
Bundan tashqari, Jahon banki tomonidan 2019 yildagi 115 ta mamlakatda o‘tkazilgan tadqiqotlar natijasida taklif etilgan uslubiyotga ko‘ra, barcha mamlakatlar uchun 2010 yildagi narxlarda xarid qobiliyati pariteti bo‘yicha qashshoqlik chegarasi 1,9, kambag‘allik chegarasini esa mamlakatlar aholisi daromadlarining past, o‘rta va yuqori darajalaridan kelib chiqib 1,9; 3,2; 5,5 va 21,7 AQSh dollari etib belgilash tavsiya etilgan.
Yuqoridagi ta'rif va uslubiyotlardan kelib chiqib, alohida qabul qilingan kambag‘allikni aniqlash uslubiyoti asosida jami daromadi (yoki xarajati) belgilangan kambag‘allik chegarasiga yetmagan aholi qatlamini kambag‘al, hayot kechirishi uchun zaruriy ehtiyojlarini mutlaqo qondirish imkoniyati bo‘lmagan qatlamni esa qashshoq aholi deb e'tirof etish mumkin.