Ta’limga psixologik tayyorlik deganda bolaning obyektiv va subyektiv jihatdan maktab talabiga munosibligi nazarda tutiladi. U maktab ta’limiga avval psixologik jihatdan tayyorlanadi. Binobarin, uning psixikasi bilim olishga yetarli darajada rivojlanadi. Shu yoshdagi bola idrokining o‘tkirligi, ravshanligi, sofligi, aniqligi, o‘zining qiziquvchanligi, dilkashligi, xayrixohligi, ishonuvchanligi, tafakkurining yaqqolligi bilan boshqa yoshdagi bolalardan ajralib turadi. Maktab ta’limiga tayyorlanayotgan bolada diqqati nisbatan uzoq muddatli va shartli barqaror bo‘ladi. Bola diqqatining xususiyatlari rolli va syujetli o‘yinlarda, rasm chizish va qurish-yasash mashg‘ulotlarida, loy hamda plastilindan o‘yinchoqlar tayyorlashda, o‘zgalar nutqini idrok qilish va tushunishda, matematik amallarni yechishda, hikoya tinglash va tuzishda ko‘rinadi. Bola o‘z diqqatini muayyan obyektga tuplashga intiladi. Uning xotirasi qiziqarli, ajoyib g‘aroyib, kishini taajjubga soladigan ma’lumot va hodisalarni puxta esda olib kolish, esda saklash, esga tushirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shu davrgacha bevosita kattalar rahbarligida u yoki bu axborotlarni o‘zlashtirib kelgan bo‘lsa, endi o‘z xohish-irodasi bilan zarur ma’lumotlar tuplashga, o‘z oldiga aniq maqsad va vazifa qo‘yishga harakat qiladi. Bolaning ana shu faolligi xotirasining muayyan darajada rivojlanganligini bildiradi. U she’r, hikoya va ertaklarni esda qoldirish uchun ko‘p takrorlashi, yod olishning eng qo‘lay yo‘l va usullaridan foydalanishi ta’lim jarayonida unga juda qo‘l keladi. Birinchi sinf o‘quvchisi ko‘pincha obrazli xotiraga suyanib bilish faoliyatini tashkil etsa ham, bu ish xotiraning boshqa turlarini inkor qilmaydi. Aksincha, ta’lim so‘z-mantiqiy xotirasini taqozo etadi. So‘z-mantiq xotirasining mavjudligi ma’nosini tushunib esda olib qolish jarayonining samaradorligi ortishiga keng imkoniyat yaratadi.Tajribadan ma’lumki, bola ma’nosiz so‘zlardan ko‘ra ma’nodor tushunchalarni bir muncha tez va mustahkam eslab qolish xususiyatiga ega. Uning nutqi maktab ta’limiga tayyorgarlik bosqichida kattalar bilan muloqotga kirishish, kishilarning fikrini o‘qib olish va to‘g‘ri idrok qilish darajasida, nutqning tuzilishi esa grammatika qoidalariga mos, mantiqan izchil, ifodali, miqdor va ko‘lam jihatdan fikr almashishga yetarli bo‘ladi. U eshitgan va ko‘rganlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tushuna oladi, o‘zidagi axborotlarni muayyan tartibda bayon qila biladi, aqliy faoliyat operatsiyalaridan o‘rinli foydalanadi (ularni takqqoslaydi, oydinlashtiradi, umumlashtiradi, hukm va xulosa chiqarishga harakat qiladi).
Olti yoshli bolaning psixik tayyorligi haqida gapirilganda, ko‘pincha muayyan reja asosida, tartibli, ko‘p qirrali maqsadga yo‘naltirilgan, o‘zaro mantiqiy bog‘liq, izchil boshlang‘ich ta’limga zamin vazifasini o‘tovchi psixik o‘sish darajasini nazarda tutamiz.
Shuningdek, ta’lim uchun psixik o‘sish darajasidan tashqari, bola turmushi va faoliyatining tafovutlari, sharoitlari, o‘ziga xosligi, uning sixat-salomatligi, usuliy jihatdan tayyorgarligi, oddiy ko‘nikmalarni o‘zlashtirgani kabi omillarni hisobga olish maqsadra muvofiqdir. Yuqorida aytilganlarning hammasi bolaning maktab ta’limiga psixologik jihatdan tayyorgarligining obyektiv tomonlarini ifodalaydi.
Bola maktab ta’limiga psixologik tayyorlanishning subyektiv tomoni ham mavjuddir. Uning maktabda o‘qish xohishi, intilishi, katta yoshdagi odamlar bilan muloqotga kirishish istagi mazkur tayyorgarlik bilan uzviy bog‘liqdir.