Boshlang’ich sinf o’qituvchilarining me’yoriy hujjatlari



Yüklə 175,5 Kb.
səhifə1/2
tarix20.11.2023
ölçüsü175,5 Kb.
#165851
  1   2
maruza (2)




boshlang’ich sinf o’qituvchilarining me’yoriy hujjatlari

Reja:




1.Kirish. Mashg’ulotning maqsadi.
2.O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimovning boshlang’ich ta’lim bo’yicha aytgan fikrlari.
3.Boshlang’ich sinf o’qituvchilarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish muammolari.
4.O’qituvchilarning o’z ustida ishlashlarini tashkil etish yo’llari.
5.Me’yoriy-uslubiy hujjatlar (konsepsiya va b.) ning tahlili.
6.Xulosa.

Prezidentimiz I. A. Karimov o’zlarining Oliy Majlis IX sessiyasi (1997-yil 29-avgust) da so’zlagan “Barkamol avlod - O’zbekiston taraqqiyotining poydevori” mavzusidagi nutqlarida ta’lim tizimining barcha jabhalarini chuqur tahlil qilib chiqib, jahon andozalariga mos, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash maqsadida, shu davrgacha yo’l qo’yilgan kamchiliklarni ochiq-oydin tanqid qilib, ta’limning har bir sohasida amalga oshirilishi zarur bo’lgan ishlarni aniq va ravshan belgilab berdilar.1


Yurtboshimiz yuqorida ta’kidlangan nutqlarida boshlang’ich ta’limga alohida to’xtalib, quyidagi fikrlarni aytib o’tdilar: “ … Ikkinchi masala, avval aytganimdek, tarbiyachi, ya’ni o’qituvchiga borib taqalayapti.
Tarbiyachilarning o’ziga zamonaviy bilim berish, ularning ma’lumotini, malakasini oshirish kabi paysalga solib bo’lmaydigan dolzarb masalaga duch kelmoqdamiz.
Eski ta’lim tizimining eng yomon qusuri boshlang’ich ta’limga ikkinchi darajali ish deb qarayotganimizdadir. Ochiq aytishimiz kerak: bilimi sayoz muallimlar ham birinchi sinfda dars beraveradi.
Boshlang’ich ta’limga past nazar bilan qaralishining isboti shuki, sobiq SSSR da butun boshli pedagogika texnikumlari va bilim yurtlari tizimi tashkil etilib, ular asosan 1- 4 - sinf o’quvchilarini o’qitadigan muallimlar tayyorlar edi.
Vaholanki, bolaning dunyoqarashi, didi, salohiyati shakllanadigan boshlang’ich sinflarga eng yetuk, eng tajribali murabbiylar birkitib qo’yilishini oddiy mantiqning o’zi talab etadi.
Zamonaviy boshlang’ich ta’limning o’zi nimadan iborat bo’lishi kerak? Bola 1-4-sinflarda qanday bilimga ega bo’lishi lozim? Ularning tarbiyasi qanday bo’lishi kerak? Shu masalalarga javob topishimiz zarur…”
Bu fikrlar boshlang’ich ta’lim xodimlari, o’qituvchilar oldida juda katta vazifalar qo’yganligi ma’lum. Ana shunday mas’uliyatli vazifalarni bajarish uchun, eng avvalo, jami necha nafar boshlang’ich sinf o’qituvchisi faoliyat ko’rsatmoqda, ulardan necha nafari o’rta maxsus bilimga ega, qanchasi mutaxassis emas kabi ma’lumotlarni aniqlab, ularni qayta tayyorlash kurslaridan o’tkazishni tashkil etish zarur. Bu masalani 1-2 yilda bajarish mushkul. Shuning uchun, ungacha har bir oliy o’quv yurti va bilim yurtini tugatgan o’qituvchini malaka oshirish kurslaridan muntazam, reja asosida o’tkazib turish lozim. Buning uchun, avvalo, maktab uslubbirlashmalarida o’qituvchilar orasida tushuntirish ishlarini olib borib, oliy ma’lumotli, lekin universitet hamda pedagogika institutining boshlang’ich ta’lim metodikasi fakultetini tugatmagan o’qituvchilarni Viloyat pedagoglarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutiga qayta tayyorlov kursiga o’qishga yuborish zarur. Nopedagogik oliy hamda o’rta maxsus ma’lumotga ega o’qituvchilarni universitetning “Pedagogika va BTM” fakultetining sirtqi bo’limiga kirish uchun maslahatlar berish. Pedagogika bilim yurtlarini tugatgan o’qituvchilarni esa universitetlarda maxsus tashkil etilgan uch yillik sirtqi bo’limlarga kirib o’qishlarini tavsiya etish lozim bo’ladi.
Yuqorida sanab o’tilgan talablarni amalga oshirguncha, har bir o’qituvchi birinchi o’rinda, maktab ma’muriyati, qolaversa, tuman XTB uslubxonasi nazoratida, reja asosida, muntazam, o’z vaqtida malaka oshirish kurslariga yuborib turilishi shart.
O’qituvchi malaka oshirish kursida olgan bilim, ko’nikma va yangiliklarini doimo, kursdan keyin ham boyitib borishi zarur bo’ladi. Buning uchun o’qituvchi ta’limning, shu jumladan boshlang’ich ta’limning quyidagi asosiy masalalariga e’tibor qaratib borishi tavsiya etiladi. Chunki, yuqorida aytib o’tilgan vazifalardan tashqari, boshlang’ich sinf o’qituvchisi quyidagi me’yoriy-huquqiy va me’yoriy-uslubiy hujjatlarni ham bilishi va o’z faoliyati davomida qo’llay bilishi zarur:
-Prezidentimiz I. Karimovning asarlarini, ulardagi ta’limga, istiqlol mafkurasini yaratishga, ma’naviyat va ma’rifatga oid fikr-mulohazalarni bilish. “Ta’lim to’g’risida”gi qonun, “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi” talablarini bilish. Vazirlar Mahkamasi qarorlari, “O’zbekiston Respublikasida umumiy o’rta ta’lim to’g’risida Nizom”ni bilish: 2
-“Ta’lim to’g’risida”gi qonunning II bo’lim 12-moddasida boshlang’ich ta’lim bo’yicha qayd etilgan ikki jumlani (“Boshlang’ich ta’lim umumiy o’rta ta’lim olish uchun zarur bo’lgan savodxonlik, bilim va ko’nikma asoslarini shakllantirishga qaratilgandir. Maktabning birinchi sinfiga bolalar 6–7 yoshdan qabul qilinadi”.);
-“Kadrlar tayyorlash milliy dasturi”da boshlang’ich ta’limga oid belgilangan vazifalarni (“Umumiy o’rta ta’lim. To’qqiz yillik (I–IX sinflar) o’qishdan iborat umumiy o’rta ta’lim majburiydir. Ta’limning bu turi boshlang’ich ta’limni (I–IV sinflar) qamrab oladi hamda o’quvchilarning fanlar asoslari bo’yicha muntazam bilim olishlarini, ularda bilim o’zlashtirish ehtiyojini, asosiy o’quv-ilmiy va umummadaniy bilimlarni, milliy va umumbashariy qadriyatlarga asoslangan ma’naviy-axloqiy fazilatlarni, mehnat ko’nikmalarini, ijodiy fikrlash va atrof-muhitga ongli munosabatda bo’lishini va kasb tanlashini shakllantiradi. Umumiy o’rta ta’lim tugallanganidan keyin ta’lim fanlari va ular bo’yicha olingan baholar ko’rsatilgan holda davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi attestat beriladi. Umumiy o’rta ta’limning yangicha tizimi va mazmunini shakllantirish uchun quyidagilar zarur: maktabning I–IX sinflari doirasida sifatli umumiy o’rta ta’lim olishni ta’minlovchi davlat ta’lim standartlarini ishlab chiqish va joriy etish, bunda akademik litseylar va kasb-hunar kollejlaridan keyin olinadigan ta’lim dasturlari bilan mantiqiy bog’liqlik hisobga olinishi lozim; yuqori malakali pedagog kadrlar tayyorlash; hududlarning jo’g’rofiy va demografik xususiyatlariga, shaxs, jamiyat va davlatning ehtiyojlariga muvofiq ravishda ta’lim muassasalari tarmoqlarini rivojlantirish”);
- boshlang’ich ta’lim konsepsiyasini (“Boshlang’ich ta’lim” jurnali, Toshkent, 1998, 6-son, B. 12-18), /uning 8 bo’limi mazmunini; boshlang’ich ta’limning bosh maqsadini, vazifalarini, boshlang’ich sinf o’qituvchisiga aynan konsepsiyaning “Boshlang’ich sinf o’qituvchisi” nomli 7-bo’limida qo’yilgan talablarni;
-boshlang’ich sinf o’qituvchilarini qayta tayyorlash va malakasini oshirishga qo’yiladigan davlat talablarini (Xalq ta’limi vazirligining 2002-yil 16-apreldagi 77-buyrug’i, “Ziyokor” jurnali, Samarqand, 2002-yil, 9-son) /unda jami 25 ta talab belgilanganligini, har bir talab mazmun-mohiyatini o’zlashtirib, o’z pedagogik faoliyatida qo’llay olishni/;
-boshlang’ich ta’limni bitiruvchilariga, ya’ni 4-sinfni bitirib, 5-sinfga o’tuvchi o’quvchilarga qo’yilgan davlat ta’lim standartlari (DTS) ni;
-DTS ga asoslangan holda 1-, 2- va 3- sinfni bitiruvchilariga belgilangan har bir fan kesimidagi dastur talablarini;
Bundan tashqari, ma’ruzada ta’kidlab o’tilgan hujjatlarga tayangan holda tuzilgan va ishlab chiqilgan darslik, uslubiy qo’llanma, ko’rgazmali, tarqatma hamda boshqa qurollarni; va shu kabi boshqa boshlang’ich ta’limga oid manbalarni o’z vaqtida o’rganib, o’zlashtirib borishi talab etiladi.
Shu bilan birga o’qituvchi muntazam o’z malakasini mustaqil oshira borib, BT konsepsiyasi, boshlang’ich ta’limga (shu jumladan boshlang’ich sinf o’qituvchisiga) qo’yilgan davlat talablarini hamda umumiy o’rta ta’lim Davlat standartlari talablarini bilishi kerak. Ta’limni boshqarish nazariyasi va amaliyotidagi yangiliklar, hozirgi maktab taraqqiyotining asosiy yo’nalishlari, Respublika Xalq ta’limi vazirligi qabul qilgan eng muhim buyruqlar va boshqa ta’limni boshqarishga oid me’yoriy hujjatlarni bilish. Milliy g’oya, ma’naviyat va ma’rifat, huquq sohasida zaruriy bilimlarga ega bo’lish. Umuminsoniy qadriyatlar va milliy qadriyatlar, ularning mushtarakligi, XXI asr bo’sag’asidagi vaziyatni bilish. Hozirgi ekologik vaziyat, ekologik muammolarning global xarakteri, o’quvchilarga ekologik tarbiya berish sohasidagi vazifalarni bilish. Pedagogika va psixologiya fani yangiliklaridan xabardor bo’lish, barkamol avlodni tarbiyalash ishiga yondashuvning yangicha aspektlari, sharqona tarbiya, o’zbek oilasidagi bolalarni komil inson qilib tarbiyalash an’analari, ta’limda yangi pedagogik va informatsion (axborot) texnologiyalarni qo’llash nazariyasidan xabardor bo’lish kabi talablarni bajara borishi ko’zda tutiladi.
Kurs ishtirokchisi yuksak pedagogik mahoratga ega bo’lishi, ta’limning noan’anaviy shakllarini qo’llay olishi, yangi pedagogik texnologiya element (unsur) larini qo’llay olish malakasiga ega bo’lishi lozim.
O’zi dars beradigan fanlar bo’yicha nazariy bilimlarga ega, shu fandagi eng so’nggi kashfiyotlar, shu fan taraqqiyoti yo’nalishlaridan xabardor bo’lishi.
O’qituvchi dars beradigan fanlarining o’qitish metodikasini yuqori darajada egallagan, uslubiyotdagi yangiliklarni bilishi, shu fanni o’qitishdagi ilg’or tajribalardan xabardor bo’lishi.
Bundan tashqari, tuman XTB nazoratida, maktab ma’muriyati, uslubiy birlashma tomonidan tashkil etilgan turli “o’qishlar”, qolaversa, “tayanch” maktablarida o’tkaziladigan seminarlar orqali, o’qituvchilarning o’z ustlarida ishlashlarini , ya’ni o’z malakalarini oshirishlarini yo’lga qo’yish orqali ham yuqorida ta’kidlangan mas’uliyatli masalani hal etishga kirishish mumkin.
O’z ustida ishlash daftarlari, papkalari tashkil qilinib, unda quyidagilarning bo’lishiga erishilsa, maqsadga muvofiq bo’ladi:
1.O’z ustida ishlash mavzusi. 2. Mavzu asosida tuzilagan istiqbol reja. 3. Ish rejaning bajarilishi to’g’risida hisobot, ma’lumot va tasdiqlovchi hujjatlar. 4. I.A. Karimovning ta’lim to’g’risidagi, shu jumladan boshlang’ich ta’lim (BT) bo’yicha aytgan fikrlari. 5. “Ta’lim to’g’risida”gi qonun. 6. “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi”. 7. BT bo’yicha davlat ta’lim standarti va davlat talablari. 8. BT konsepsiyasi. 9. Har bir fan dasturlari. 10. Barcha darsliklar tahlili. 11. Yillik rejalashtirish. 12. Ochiq (noan’anaviy, yangi pedagogik texnologiya asosida) darslarning ishlanmasi, konspekti. 13. Barcha fanlarning o’qitish metodikalari. 14. Ko’rgazmali va tarqatma materiallarning ro’yxati, ularni qo’llash usullari. 15. Televideniye, radio, matbuot: “Xalq ta’limi”, “Ta’lim taraqqiyoti”, “Boshlang’ich ta’lim”, “Ziyokor” jurnallari va gazetalardan olingan yangiliklar tahlili. 16. Uslubbirlashma yig’ilishi, tuman, viloyat anjumanlari, “Tayanch” maktablarida o’tkaziladigan o’quv seminarlari, an’anaviy Avgust kengashlari va boshqalarda qilingan ma’ruzalar matni. 17. Referat. 18. Diktantlar, bayonlar, insholar matni. 19. O’zbek tilining imlo qoidalari. 20.“Sinfdan tashqari o’qish” mashg’ulotlarida foydalaniladigan kitoblarning ro’yxati (kitoblar sinf kutubxonasida turishi mumkin). 21. Malaka oshirish kursida yozgan konspektlari va boshqalar.
Bu hujjatlarning tashkil etish bo’yicha tubandagilarga e’tibor berish zarur.
1.O’z ustida ishlash mavzusi, masalan - “Yangi pedagogik texnologiya asosida dars o’tish muammolari” deb atalishi ham mumkin va boshqalar.
2.Shu mavzu bo’yicha qilinadigan ishlar istiqbol, ya’ni ilmiy rahbar bilan hamkorlikda bir necha yilga, o’quv yili kesimida, oyma-oy rejalashtiriladi. Bu rejada masalan, sentabr oyida material va adabiyotlar to’plash, oktabr oyida kartoteka tuzish va tahlil qilish, noyabr oyida uslubbirlashma yig’ilishida ma’ruza tayyorlash va hokazo ishlar belgilanadi.
3.Qilingan ishlarni tasdiqlovchi hujjatlar - konspektlar, o’qib tahlil qilingan adabiyotlar, tuzilgan kartoteka, yozilgan ma’ruza yoki referat kabilar alohida saqlanadi.
4.Yurtboshimiz I.A.Karimovning xalq ta’limini isloh qilish, shu jumladan,boshlahg’ich ta’lim bo’yicha aytgan fikrlari, qolaversa, u kishining boshqa - “O’zbekiston XXI asrga intilmoqda” kabi nutqlari hamda asarlari, ularning konspektlari jamlanadi, v.b.
Yuqorida sanab o’tilgan o’z ustida ishlashda e’tibor qartilishi lozim bo’lgan hujjatlar, metodik ishlar bo’yicha to’liq tavsiyalar institut tomonidan tayyorlangan uslubiy tavsiyanomada (5) keltirilgan.
Ko’pchilik boshlang’ich sinf o’qituvchilarimiz BT Davlat standarti, ya’ni 4-sinfni bitiruvchisiga qo’yilgan talablar, BT konsepsiyasi, ya’ni BT ning bosh maqsadi va vazifalari, boshlang’ich sinf o’qituvchisiga qo’yilgan talablar kabi eng zarur hujjatlarni bilishmaydi.
Bu hujjatlardan eng muhimi boshlang’ich ta’lim konsepsiyasini tahlil qiladigan bo’lsak, bu - boshlang’ich ta’limning o’zi nima? deyilgan savolga batafsil javob bera oladigan, davlat komissiyasi tomonidan ishlab chiqiladigan me’yoriy-huquqiy hujjat, yo’riqnoma hisoblanadi. Unda boshlang’ich ta’limning barcha jabhalarini tashkil etish, o’quv jarayonini amalga oshirish, boshlang’ich ta’limning maqsaq va vazifalari, metod va vositalari, istiqbol rejalari, boshlang’ich sinf o’qituvchisiga belgilangan talablar, boshlang’ich sinf o’quvchilarining salomatligini asrash va boshqalar aniq-ravshan yoritilgan.
Boshlang’ich ta’lim (BT) konsepsiyasini quyidagi reja asosida ham tahlil etish mumkin.
-Kirish. Boshlang’ich ta’lim konsepsiyasining maqsadi, mohiyati.
-BT konsepsiyasini 1994-yil va 1998-yilda tasdiqlangan variantlarining bir-biridan farqi.
-BT ning vazifalari.
-BT ni tashkil etish prinsiplari (yo’nalishlari).
-BT ning mazmuni, vosita va metodlari.
-Boshlang’ich sinf o’qituvchisiga qo’yilgan talablar.
-BT konsepsiyasini amalga oshirish yo’llari.
-Xulosa.
Boshlang’ich ta’lim (BT) konsepsiyasi – yo’l-yo’riq ko’rsatuvchi, maqsad va mohiyatini ochib beruvchi davlat hujjatidir.
Har bir o’qituvchi konsepsiyani mukammal bilishi va o’z ish faoliyatida unga amal qilishi lozim. BT konsepsiyasida O’zbekistonning kelajagi, hozirgi yosh avlodni sog’lom va ilm olishga layoqatli qilib tarbiyalashga bog’liqligi asoslab berilgan.
1994-yildagi BT konsepsiyadan va 1998-yildagi yangi konsepsiyaning farqi, yangisining afzaliklari."Ta’lim to’g’risida"gi qonun va "Kadrlar tayyorlash milliy dasturi", DTS asosida qayta ishlanganligi. Davr talabiga mosligi. Unda belgilangan vazifalar.
Boshlang’ich ta’limning vazifalari: - bolalarning ongi va tafakkurida mavjud bo’lgan yashirin imkoniyatlarni aniqlash va rivojlantirish;
-kichik maktab yoshdagi bolalarda ta’limning dastlabki davridan boshlab yangi imkoniyatlarni shakllantirish;
Boshlang’ich ta’limni tashkil etish tamoyillari (yo’llari). BT ning O’bekiston Respulikasining "Ta’lim to’g’risida"gi qonunda va "Kadrlar tayyorlash milliy dasturi"da belgilangan qoida, talab va yo’nalishlar asosida amalga oshirilishi. BT ning mazmuni va asosiy vositalari quyidagi prinsiplarga asoslanganligi:
- jamiyat taraqiyoti bilan barobar rivojlanib boruvchi ta’lim tamoyillariga;
- ijtimoiy buyurtmaga;
- o’quvchilarning bilishga bo’lgan qiziqishlarining istiqbolliligiga;
- ijtimoiy so’rovlarning ilmiy jihatdan ta’minlanganligiga;
- ta’limning hammabopligiga;
- ta’limning umumiyligiga;
-BT ning ochiqligiga, ilmiyligiga, dunyoviyligiga, milliyligiga, insonparvarligi va umuminsoniyligiga, innovatsiyonligiga;
-BT sikllari va o’quv fanlari orasidagi aloqalarning o’zaro ta’minlanganligiga.
Boshlang’ich ta’lim mazmunining o’quvchilarni umuminsoniy va milliy qadriyatlar ruhida, har tomonlama rivojlangan holda tarbiyalashga yo’naltirilgan ta’lim jarayoni ekanligi.
Boshlang’ich ta’limning vosita va metodlari. Ta’lim vositalarining ahamiyati. 1-2-sinflarda o’quv materiallari kitob shaklida emas, balki o’quv daftari shaklida berilishi. Topshiriqlarni tarqatma kartochkalar, rasmli ko’rgazmalar sifatida bo’lishi.
O’yin BT da o’qitishning muhim metodlaridan biri ekanligi. Dars-ertak, dars-sayohat, dars-munozara, dars-musobaqa kabi noan’anaviy metodlardan foydalanish. Yangi pedagogik texnologiyalar unsurlaridan foydalanish. Masalan, topshiriqlar to’plamlari tuzib, o’quvchilar tomonidan bu topshiriqlarni jamoa bo’lib bajarishlariga o’rgatish. Mavzuni o’zlashtirganliklarini yozma yoki kompyuterda test topshiriqlari orqali aniqlash. O’quvchilar bilim darajasini reyting tizimi asosida baholash. BT da kompyuter texnologiyasini o’zlashtirish hamda darslarda foydalanish ta’limning asosiy vositasi ekanligi va boshqalar.
Boshlang’ich sinf o’qituvchisiga qo’yilgan talablar. Boshlang’ich sinf o’qituvchisi chuqur bilimga, yuksak kasb mahoratiga ega bo’lishi hamda bolani o’ziga jalb eta olishi kerakligi. Buning uchun dars berayotgan fanlari (ona tili, bolalar adabiyoti, matematika, tabiyat va boshqalar) bo’yicha nazariy bilimlarga ega bo’lishi, ma’naviyat, pedagogika, psixologiya, metodika, yangi axborot texnologiyasi va boshqa sohalardagi yangiliklarni bilishi, o’z kasbining mohir ustasi bo’lishi, ya’ni yuqori talab darajasida dars o’ta olishi, bolalarni sevuvchi, mehribon, har qanday bolani har qanday holatda o’ziga qarata oladigan qobiliyatga ega bo’lishi lozimdir.
BT konsepsiyasini amalga oshirish yo’llari, BT konsepsiyasini chuqur o’rganib chiqish lozimligi. Tuman, maktab uslubbirlashma yig’ilishlarida ma’ruza tayyorlab, bahs-munozara o’tkazish. O’qituvchilar xonasida stend tashkil etish. O’z ustida ishlash mavzulari bo’yicha yillik hamda istiqbol rejalarida BT konsepsiyasi asosida qilinajak ishlarni belgilash. BT konsepsiyasi bo’yicha tuzilgan testlar va topshiriqlarni tahlil qilish va boshqalar.
Konsepsiyada tasdiqlanishicha, boshlang’ich ta’limning bosh maqsadi - kichik maktab yoshidagi o’quvchilarda ta’lim olishga, o’rganishga qaratilgan faoliyatni shakllantirish asosida, ularni (milliy istiqlol g’oyalari ruhida) tarbiyalash hamda shaxsiy imkoniyatlarini ro’yobga chiqarishdan iborat (2, 16-b). Demak, boshlang’ich sinf o’qituvchisi 6-7 yoshli xalqimiz farzandlarini to’rt yil mobaynida ilm olishga, yangiliklarni o’rganishga mo’ljallangan darslar (savod o’rgatish, ona tili, o’qish, matematika, atrofimizdagi olam, (tabiatshunoslik), mehnat, tasviriy san’at, musiqa, odobnoma, jismoniy tarbiya) davomida ularni davr talabiga mos, har taraflama to’g’ri shakllangan, barkamol qilib tarbiyalash hamda ularda mavjud bo’lgan individual, tug’ma qobiliyatlarni, talantlarni rivojlantirib, 5-sinfga uzatishi darkor.
Buning uchun, o’qituvchining o’zi davr talabiga mos bo’lmog’i zarur. Boshlang’ich ta’lim konsepsiyasida ta’kidlanishicha, boshlang’ich sinf o’qituvchisi “chuqur bilimga, yuksak kasb mahoratiga ega bo’lishi hamda…(har qanday) bolani o’ziga jalb eta olishi kerak” (3; 16). Bu so’zlarni kengroq tahlil qilsak, o’qituvchi, birinchi o’rinda, o’zi dars berayotgan, bizning misolda (“Savod o’rgatish” (ya’ni fonetika), “Ona tili”, “O’qish” (ya’ni bolalar adabiyoti va xalq og’zaki ijodi), “Matematika”, “Tabiat”, “Odobnoma”, “Mehnat”, “Tasviriy san’at”, “Musiqa” va “Jismoniy tarbiya”) fanlarini, bu fanlarda bo’layotgan yangiliklarni chuqur bilishi, o’zlashtirib borishi lozimligi qayt etiladi.
Shu bilan birga, yuksak kasb mahoratiga ega bo’lishi uchun pedagogika va psixologiyadagi yangiliklarni, yangi pedagogika va axborot texnologiyalaridan boxabar bo’lib, o’z darslarini metodikadagi eng yangi, eng ilg’or tajribalar, usullar ko’magida tashkil eta olishi kerak.
Konsepsiyada belgilangan uchinchi talab, ya’ni “bolani o’ziga jalb eta olishi kerak” jumlasida ham juda katta ma’no yotadi. Bunda o’qituvchining dars paytida o’quvchilar diqqatini o’ziga, darsga jalb qilishi, tortishi haqida aytilmayapti. Aksincha, boshlahg’ich sinf o’qituvchisi (xo u ayol bo’lsin, xo u erkak kishi) avvalo, bolajon, mehribon, xalq farzandlarini o’z bolasidek sevadigan, shu bolalarda millatining kelajagini ko’ra oladigan, ularni, birinchi o’rinda, sog’lom, baquvvat, chiniqqan bo’lib o’sishlarini ta’minlay oladigan bo’lmog’i darkorligi ko’zda tutiladi.
Shu o’rinda, boshlang’ich sinf o’qituvchisiga qo’yilayotgan tubandagi vazifalarni ham keltirmoqchimiz.
Professor J.G’.Yo’ldoshevning Farg’ona viloyatida bo’lib o’tgan “Ayol - ona va o’qituvchi” mavzusidagi boshlang’ich ta’lim respublika amaliy seminarida qilgan ma’ruzalarida zamonaviy boshlang’ich sinf o’qituvchisining modeli (portreti, unga qo’yilgan talablar) quyidagilardan iboratligi sanab o’tildi: 1. Chuqur bilimga ega. 2.Metodik jihatdan mahoratli. 3.Shaxsiy madaniyati yetuk. 4.Kechirimli. 5.Qaysidir chet tilini biladigan. 6. Iqtisod alifbosi va 7. kompyuterda ishlashni o’zlashtirgan bo’lishi kerak.
Xulosa qilib shuni aytish joizki, boshlang’ich ta’limning vazifalari shu bugungi kunda juda ko’p. Bu vazifalarni bajarish uchun davlatimiz tomonidan ancha ijobiy va amaliy ishlar qilinmoqda. Endigi mas’uliyat, asosan boshlang’ich sinf o’qituvchilari zimmasiga tushmoqda. Ular tinmay izlanishlari, muntazam o’z ustlarida ishlab, chuqur bilimga, yuksak kasb mahoratiga ega bo’lmoqlari kerak bo’ladi. Buning uchun, ular boshlang’ich ta’lim bo’yicha barcha me’yoriy-uslubiy hujjatlarni puxta bilishlari, ularda ko’rsatilgan talablarni o’z faolyatlarida, darslarida qo’llashlari lozim bo’ladi. Har bir fan kesimida o’tayotgan darslarini, tadbirlarini zamon talablari darajasida, tashkil etib, o’quvchilarni DTS ko’rsatkichlari darajasiga to’la javob bera oladigan qilib, ta’lim berishlari zarur.

Adabiyotlar:





Yüklə 175,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin