Kalit so’z va iboralar: boshlang’ich sinf,ma’naviy dunyoqarash,ertak,obraz
Barkamol avlodni tarbiyalash mustaqil O’zbekistonimiz oldida turgan eng muhim vazifalardan biri bo’lib qoldi.Bu masala ,,Ta’lim to’g’risida”gi Qonunda ham, ,,Kadrlar tayyorlash milliy dasturi”da ham,yurtboshimizning majloislarda,sessiyalarda qilgan ma’ruzalarida ham alohida ta’kidlanmoqda.Demak,barkamol avlod tarbiyasida badiiy adabiyot,ayniqsa,bolalar adabiyoti katta rol o’ynaydi.
Ta’limning boshlang’ich bosqichidanoq o’quvchilar uchun muhim ahamiyat kasb etadigan,ularning talab-istaklariga mos keladigan voqe’liklarga tayanib ta’limni tashkil etish,o’quv faoliyatlariga qiziqishlarini uyg’otish orqali o’quv motivlarini shakllantirish dolzarb ahamiyat kasb etadi.Ertaklarning ko’pchiligida real hayot tasviri sarguzasht elementlar bilan qo’shilib ketadi.
Ertakning o’tkir maroqli syujeti, voqea rivojidagi favqulodda ajoyib vaziyat bolalarni maftun qiladi, undagi mard, kuchli, topqir, dovyurak, chaqqon qahramonlar, ertakning g’oyaviy yo’nalishi, unda ezgulik kuchining − yaxshilikning doimo g’alaba qilishi bolalarni o’ziga tortadi. Ertakda qabul qilingan hikoya qilish shakli bir xil so’z va iboralarning qayta-qayta takrorlanib turishi, ohangdorligi, tilining ta’sirchanligi, ifoda vositalarining jonliligi, bolalar uchun juda qiziqarliligidir. Ertakda qatnashuvchilar ko’pincha rahmdil, saxiy, adolatli hamda ularning aksi bo’lgan yovuz, baxil, ochko’z obrazlar bo’ladi.
Ertakning pedagogik qiymati shundan iboratki, o’quvchilar unda to’g’rilik, halollik g’alaba qilganidan, kambag’al kishilar qiyinchilikdan qutilganidan, ya’ni yaxshilik, ezgulik ro’yobga chiqqanidan va yomonlik, yovuzlik mahkumlikka uchraganidan quvonadilar. Ular hayotda ham doimo shunday bo’lishini istaydilar.Ertak bolalarda personajlarning xatti-harakatini muhokama qilib baholash ko’nikmasini o’stiradi.O’quvchilar ertakni tahlil qilish jarayonida kishilardagi qanday sifatlar sizga yoqadi?Nima uchun jazolanadi?Nima uchun rag’batlantiriladi?Nima uchun ertakdagi ba’zi qahramonlarga hattoki tabiat kuchlari ham yordam beradi,ba’zilaridan esa,aksincha,yuz o’giradi kabi savollarga javob berish uchun o’ylaydilar,ertak qahramonlarining xatti-harakatini muhokama qilib,uni baholashga o’rganadilar.
Boshlang’ich sinflarda hayvonlar haqidagi ertaklar ko’proq o’qitiladi.”Bo’rining tabib bo’lgani haqida ertak”,”Ko’zacha bilan tulki”kabi ertaklar aniq hayotiy hikoyalar tarzida o’qitiladi va tahlil qilinadi.
Ertak matni ustida ishlashda tanlab o’qish,savollarga javob berish,o’quvchilarning o’zlari ertak mazmuniga oid savollar tuzib,javob berishlari,reja tuzish,qayta hikoyalash,ijodiy davom ettirish,ertak aytish,qahramonlarni grafik tasvirlash kabi ish turlaridan foydalaniladi.Bunday ertaklarda hayvonlarning odatlari tahlil qilinadi,ammo ularni kishilar xarakteriga taqqoslash tavsiya etilmaydi.
Maktab tajribasidan ma’lumki,kichik yoshdagi o’quvchilar ertakdagi hayvonlar gapirmasligini,tulki va turna bir-birinikiga mehmonga bormasligini yaxshi biladilar,ammo ertaklar dunyosini hayotiy hikoya kabi biladilar.Ertakni o’qib tahlil qilganda,barcha ishlar uning mazmunini yaxshi idrok etishga,syujet rivojini,qatnashuvchi personajlarning xatti-harakati,o’zaro munosabatlarini to’g’ri tasavvur etishga yo’naltiriladi.Bunda tanlab o’qish va qayta hikoyalashning ahamiyati katta.
Ertak ustida ishlashda bolalarni ertakni o’qishgagina emas, balki uni aytib berishga o’rgatish ham muhimdir. Ertak aytish og’zaki nutqni o’stiradi, bolalar nutqini yangi so’z va iboralar bilan boyitadi.Ertaklarda keltirilgan maqollar ustida ishlash, ularda ilgari surilayotgan g’oyalarni bolalar ongiga yetkazish, yod oldirish yo’li bilan bog’lanishli nutqni o’stirish, nutqning ta’sirchanligini oshirish lozim. Masalan, «Rostgo’y bola» (1-sinf) ertagida bola o’z rostgo’yligi bilan podshoga ma’qul bo’lganligi hikoya qilingan. Ertak g’oyasiga mos xulosa esa «Boshingga qilich kelsa ham to’g’ri gapir» maqoli bilan ifodalangan. O’quvchilar ushbu maqol mazmunini tushunib olishsa, o’zlari ham yuqoridagi kabi ertak tuzib, hikoya qilib berishlari mumkin.Ertakni o’qib, mazmuni bilan tanishtirilgach, o’quvchilardan shaylanib, ro’parasida, sharbat, xayrli ish, xivchin, muhayyo so’zlarining ma’nosi so’raladi. Javoblar to’ldiriladi, umumlashtiriladi.
Ertak matni bilan ishlash jarayonida unda qo’llangan badiiy vositalar: jonlantirish, metafora, mubolag’alar ustida ishlash ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Yuqoridagi barcha fikrlarni hisobga olganda, ertakni o’rganish darslarining qurilishi quyidagicha bo’lishi mumkin:
1. Ertak bilan tanishtirish:
a) o’quvchilarni ertakni idrok etishga tayyorlash;
b) o’qituvchining ertakni ifodali o’qishi, yod aytib berishi va hokazo.
2. Ertakni o’quvchilar qay darajada idrok etganliklarini aniqlash maqsadida qisqacha suhbat o’tkazish;
3. Ertakni qismlarga bo’lib o’qish va tahlil qilish; undagi ayrim tasviriy vositalar, ma’nodosh so’zlarni topish, lug’at ishi (ayrim so’zlar ma’nosini tushuntirish);
4. Ertakni aytib berishga tayyorlanish (ichda o’qish);
O’qish jarayonida bola tafakkurining faoliyati uning o’zi tomonidan kuzatilmaydi.O’quvchilarda fikrlashning mustaqilligi darajasini nazorat qilish,uni farqlash hamda rivojlantirish-o’qituvchining vazifasi.Buning uchun o’qituvchidan ziyraklik,ta’lim jarayonining har bosqichida har bir o’quvchining shaxsiy va aqliy imkoniyati,intilish va qiziqishlarini to’g’ri hisobga olish talab qilinadi.Bola turli yosh bosqichlarida turfa qiziqishga ega bo’ladi,o’ziga xos fikrlaydi va his qiladi.Har yosh bosqichida turlicha faoliyat ko’rsatadi.Boshlang’ich sinfda bolalar fikrlashida anchagina sabrsizlik seziladi. Bu davrda ular darsda bajariladigan ishlar tezligiga ehtiyoj sezadilar,oradagi bo’shliqlarni qiynalib o’tkazadilar.Qiyin,murakkab vaziyatlarning uzoq saqlanishini yoqtirmaydilar.O’quvchilarni tevarak-atrofdagi turli voqea-hodisalar nihoyatda qiziqtiradi.Ularni qiziqtirgan savollarga ertaklardagi badiiy obrazlar orqali javob oladilar va tegishli xulosalar chiqaradilar.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1.I.Karimov,O’zbekiston buyuk kelajak sari.1998y.
2.Mamatova G.A. Ona tili o’qitish metodikasi uslubiy qo’llanma Toshkent 2014y.
3.Karima Qosimova,Safo Matchonov,Xolida G’ulomova va bq. Ona tili o’qitish metodikasi Toshkent Nosir nashriyoti 2009y.
4.Mamasoli Jumaboyev Bolalar adabiyoti darslik-majmua O’qituvchi nashriyoti Toshkent 2010y.
5.Detskaya literatura.Darslik,Moskva 1989y.
Dostları ilə paylaş: |