BOSHLANG‘ICH SINFLARDA ORFOGRAFIK MALAKALARNI SHAKLLANTIRISH Boynazarova Sharofat JDPI Boshlang‘ich ta’lim fakulteti talabasi Annotatsiya. Ushbu maqolada boshlang‘ich sinflarda ona tilini o‘qitishda orfografik malakalarni shakllantirish to‘g‘risida fikr yuritiladi. Boshlang‘ich ta’limda o‘quvchilarga bilim berishda orfografik malakalarni shakllantirish yuzasidan metodik tavsiyalar bayon etilgan.
Kalit so'zlar:orfografiya, imlo,orfografik malaka, imloviy malaka, morfemik tarkib, ko‘chirib yozuv, diktant,ta’limiy diktant, tekshiruv diktant ,saylanma diktant, erkin diktant, rasm diktant
Аннотация. В данной статье рассматривается формирование орфографических навыков при обучении родному языку в начальной школе. Описаны методические рекомендации по формированию орфографических навыков при обучении учащихся начальной школы.
Ключевые слова: орфография, орфография, орфографические навыки, орфографические навыки, морфемное содержание, транскрипция, диктант, учебный диктант, экзаменационный диктант, факультативный диктант, свободный диктант, графический диктант.
Annotation. This article discusses the formation of spelling skills in mother tongue teaching in primary school. Methodical recommendations on the formation of spelling skills in the education of students in primary education are described.
Key words: spelling, spelling, spelling skills, spelling skills, morphemic content, transcription, dictation, educational dictation, examination dictation, elective dictation, free dictation, picture dictation
Ma’lumki, yosh avlod tarbiyasi hamma zamonlarda ham muhim va dolzarb ahamiyatga ega bo‘lib kelgan. Ammo biz yashayotgan bugungi kunda haqiqatan ham hayot-mamot masalasiga aylanib bormoqda. O‘zbekiston Respublikasining Davlat ta’lim standartlarida barcha umumta’lim fanlarining o‘qitilishini tubdan yaxshilash ko‘zda tutilgan. Ta’lim-tarbiya muassasalarining asosiy bo‘g‘ini hisoblangan umumta’lim maktablarida ona tili o‘qitilishini tubdan yaxshilashni, ta’limning eng samarali metod, vosita va usullarini qo‘llashni, muhumi o‘quvchini ta’lim jarayonining faol ishtirokchisiga aylantirishni talab etadi.[1]
O‘quvchi o‘qish ko‘nikmalarini egallash bilan bir qatorda, birinchi navbatda, o‘zining ona tilini o’rganishi zarur, chunki ona tili bilimdonlikning, aql idrokning kalitidir. K.D.Ushinskiy boshlang‘ich maktab o‘quv predmetlari tizimida ona tiliga katta ahamiyat berib, uni markaziy va yetakchi predmet hisoblagan:’’Ajoyib o‘qituvchi bo‘lgan ona tili bolaga ko‘p narsani o‘rgatadi…Bola ikki-uch yil ichida shuncha ko‘p narsa bilib oladiki, 20 yil qunt bilan metodik jihatdan juda to‘g‘ri o‘qiganda ham uning yarmicha o‘rgana olmaydi. Ona tilining ulug‘ pedagogligi ham ana shundadir’’,…[2]-deydi u. Shuning uchun ham boshlang‘ich sinflarda ona tilini o‘rganishga katta ahamiyat beriladi.
Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari ona tili darslarida ongli va savodli yozishga o‘rganadilar, og‘zaki va yozma nutqning qonun qoidalarini egallaydilar. O‘qituvchi imloviy malakaning psixologik tabiatidan kelib chiqib, kichik yoshdagi o‘quvchilarda imloga oid malakani shakllantirish ustida ishlash metodikasini belgilaydi. Imloviy malaka maxsus nutq malakasidir. To‘g‘ri yozuv – maxsus nutq faoliyati; yozuv ham murakkab harakat bo‘lib, uning asosida nutq yotadi. Imloviy malaka nutq faoliyatining komponenti sifatida gapni sintaktik jihatdan to‘g‘ri tuzish, so‘zni uslubiy aniq qo‘llashni ham o‘z ichiga oladi. Imloviy malaka murakkab malaka bo‘lib, uzoq davom etadigan mashqlar jarayonida yaratiladi va so‘zni fonetik tomondan tahlil qilish, uning morfemik tarkibini aniqlash ko‘nikmasi kabilarga asoslanadi. Psixologiya malakani avtomatik harakat, ya’ni mashqlar natijasida asta-sekin avtomatlashgan ongli harakat deb belgilaydi. To‘g‘ri yozuv malakasining shakllanishi uchun o‘quvchidan fikrlash faoliyati talab etiladi. Shunday qilib, orfografiyani o‘rgatishda, grammatikani o‘rgatish kabi, o‘quvchilarning analitik-sintetik faoliyatini asta takomillashtira borish talab etiladi. Imlo qoidasi ustida ishlash metodikasi. O‘quvchilarda to‘g‘ri yozuv malakasini shakllantirish grammatik nazariyani va imlo qoidasini o‘zlashtirishga asoslanadi. Imlo qoidalari bir so‘znigina emas, balki umumiylik mavjud bo‘lgan butun so’zlar guruhining yozilishini tartibga soladi. Bu xususiyati bilan u qoida xat yozuvchini har bir so‘zni yodda saqlash, xotirlashdan qutqaradi va qoidaga amal qilib, belgilangan me’yorga muvofiq butun so‘zlar guruhini yozish imkonini yaratadi. Imlo qoidasi grammatik umumiylik asosida birlashgan so‘zlarning yozilishini bir xillashtiradi. Bu yozma ravishdagi aloqani yengillashtiradi va imlo qoidalarining ijtimoiy ahamiyatini ta’kidlaydi. Imlo qoidalarini grammatik, fonetik, so‘z yasalishiga oid materiallarni ma’lum darajada bilmasdan turib o‘zlashtirish mumkin emas.
Metodikada imloga oid mashqlarga:
1) grammatik-orfografik tahlil;
2) ko‘chirib yozuv:
3) diktantlar;
4) leksik-grammatik tahlil;
5) bayonlar kiradi.
Grammatik-orfografik va leksik-orfografik tahlilda orfografiyaning grammatika va leksika bilan bog‘lanishi, ko‘chirib yozuv va diktantda o‘quvchilar faoliyatini belgilaydigan omillar, xususan, ko‘chirib yozuvda ko‘ruv va qo‘l harakati uquvi, diktantda eshituv uquvi hisobga olinadi.Ko‘chirib yozuv ko‘rib idrok qilingan so‘z, gap va matnni yozma shaklda ifodalashdir. Boshlang‘ich sinflarda husnixat va imlo qoidalariga rioya qilib, tuzatishlarga yo‘l qo‘ymay va tartibli, harflarni tushirib qoldirmay, o‘rnini almashtirmay, tinish belgilarini to‘g‘ri qo’llab ko‘chirib yozuv ko‘nikmasi shakllantirilishi kerak. O‘quvchilarda bu ko‘nikmani hosil qilish maqsadida o‘qituvchi alifbe davridan boshlab ularga ko‘chirib yozuvni izchillik bilan o‘rgatib boradi. O‘quvchilarda ko‘chirib yozuv ko‘nikmasini shakllantirishga oid asosiy qoidalarga quyidagilar kiradi:
1. Ko‘chirib yozishdan oldin ko‘chirib yozadiganingni yaxlit o‘qib chiq.
2. Har bir gapdagi so‘zlarni bo‘g‘inlarga ajrat va ichda bo‘g‘inlab ayt.
3. Ko‘chirib yozganingni asliga solishtir va xatolaringni to‘g‘rila.
Ko‘chirib yozuv uchun so‘z, alohida gap va kichik matnlardan foydalaniladi. O‘qituvchining qo‘ygan maqsadiga bog‘liq holda ko‘chirib yozishdan oldin unga tayyorgarlik ko‘riladi; bunda imlosi qiyin so‘zlarni izohlab o‘qish, so‘zning nima uchun shunday yozilishini asoslash, o‘rganilgan qoida asosida yoziladigan so‘zlarni aniqlash kabi mashqlardan foydalaniladi. Kompleks mashqlarga misol qilib quyidagilarni ko‘rsatish mumkin:
1. Ko‘chirish. Asosdosh so‘zlarni aniqlab, asosni ajratish.
2. Tushirib qoldirilgan qo‘shimchalarni qo‘yib ko‘chirish, qanday qo‘shimcha ekanini aytish; yozilishini tushuntirish.
3. Matn mazmuniga mos so‘zni qavs ichida berilgan so‘zlardan topib qo‘yib ko‘chirish. Shu so‘z qaysi so‘z turkumiga oid ekanini, uning yozilishini tushuntirish.
4. Aralash berilgan so‘zlardan gap tuzish va yozish.
5. Tartibsiz berilgan gaplardan bog‘anishli matn tuzish.
6. Tanlab ko‘chirish (Berilgan gaplardan yoki matndan muayyan bir so‘z turkumini; ot va fe’ldan yoki ot va otdan, sifat va otdan tuzilgan so‘z birikmalarini ko‘chirish).
Diktant eshitib idrok qilingan so‘z, gap, matnni yozishdir. O‘quvchilarning og‘zaki yozma nutqini o‘stirishda, savodxonligini oshirishda diktantning ahamiyati katta. O‘quvchi diktant yozish jarayonida xato qilmaslikka harakat qiladi. Xato qilmaslik ularning fonetik, leksik va grammatik bilimlarni qay darajada o‘zlashtirganliklariga bog‘liq bo‘ladi. Imlo qoidalari grammatik hodisalar bilan bog‘liq bo‘ladi. Demak, savodli diktant yozish uchun o‘z navbatida grammatik qoidalarni ham bilish zarur. Boshlang‘ich sinflarda diktant uchun matn tanlashda bir qancha tamoyillarga rioya qilish zarur:
1. Matnning monologik nutq shaklida bo‘lishi. Unda ko‘chirma gaplar, undalmali, kirish so’zli, ajratilgan bo‘lakli gaplar, qo‘shma gap bo‘lmasligi lozim.
2. Matn hajmi 1-4-sinf o‘quvchilarining o‘qish sur’tiga asoslangan bo‘lishi.
3. Matn mazmuni bolalar hayoti bilan bog‘liq bo‘lishi.
4. Diktant matni o‘quvchilarga u yoki bu haqda bilim berishi.
5. Tanlangan matn g‘oyaviy-badiiy jihatdan yuksak bo‘lishi, bolalar hissiyotiga ta’sir qilishi.
6. Matn tarbiyalovchi xarakterda bo‘lishi.
7. Matnda o‘rganilayotgan hodisa kamida 5-6 marta uchrashi.
Diktantlar maqsadiga ko‘ra ikki xil bo‘ladi:
1. Ta’limiy diktantlar – bilim berishga yo‘naltirilgan diktantlar.
2. Tekshiruv diktantlari – o‘quvchilarning bilim, ko‘nikma va malakalarini nazorat qilishga qaratilgan diktantlar.
Ta’limiy diktantlarni o‘tkazish vaqtini, o‘rnini, turini o‘qituvchining o‘zi belgilaydi. Ta’limiy diktantlar uchun darsning ma’lum bir qismi (5-10 daqiqasi), ba’zan bir dars ajratiladi. Bu diktant o‘quvchilar bilimini mustahkamlash maqsadida o‘tkaziladi. Ta’limiy diktantda o‘qituvchi o‘quvchilarga o‘rgatilayotgan hodisaning imlosini bir necha tahlil usullaridan foydalanib tushuntiradi, o‘quvchilar so’zlarni to‘g‘ri yozishlariga ishonch hosil qilgach, uni yozishga ruxsat beradi. Har qanday yo‘l bilan xatoning oldini olish chorasi ko‘riladi. Masalan, 1-sinfda a va o unlilari o‘rganilayotgan darsda bo‘g‘in-tovush, tovush-harf tahlili o‘tkaziladi. Baho, bahor so‘zlarining birinchi bo‘g‘inida a harfi yozilishini o‘quvchilar bilib olgach, o‘quvchilardan biri shu so‘zlarni xattaxtaga yozadi. So‘ng so‘z o‘chirib tashlanadi, shundan keyin aytib turib yozdiriladi.
Ta’limiy diktantlar tashkil etish va bajarilish usuliga ko‘ra quyidagi turlarga bo‘linadi:
1. Ta’kidiy diktant.
2. O‘z diktant yoki yoddan yozuv diktanti.
3. Izohli diktant.
4. Saylanma diktant.
5. Erkin diktant.
6. Rasm diktant.
7. Lug‘at diktant.
8. Ijodiy diktant.
Shulardan saylanma, erkin va ijodiy diktantlarda matn ma’lum o‘zgarishlar bilan yoziladi.
Tekshiruv diktantida yaqinda yoki ilgari o‘rganilib, mashqlar bilan mustahkamlangan qoidalarni o‘quvchilar qay darajada o‘zlashtirganliklari aniqlanadi. Tekshiruv diktanti biror bo‘lim o‘rganilgandan so‘ng yoki chorak oxirida o‘tkaziladi. Tekshiruv diktanti o‘quv yili davomida 5-6 marta o‘tkaziladi.
Ta’kidiy diktantdan qoidani tatbiq etish usullarini yaxshi bilib olish maqsadida foydalaniladi. Matnni yozishdan oldin, uni yozish jarayonida, izohli yozuvdagi kabi, o‘quvchilar so‘zni qanday yozishni va nima uchun shunday yozilishini tushuntiradilar.
O‘z diktant yoki yoddan yozuvda o‘rganilgan imloviy qoida asosida yoziladigan so‘zlar bo‘lgan matnni o‘quvchilar o‘zlari o‘qib yodlaydilar (ko‘rib idrok qiladilar) yoki o‘qituvchi rahbarligida eshitib yodlaydilar (idrok qiladilar), keyin o‘zlari mustaqil yozadilar.
Izohli diktant o‘quvchilarning qobiliyatiga qarab ikki xil o‘tkaziladi. O‘quvchi, odatda, o‘qituvchining ko‘rsatmasi bilan ma’lum so‘zning yozilishini diktant yozishdan oldin yoki keyin izohlaydi. So‘zning yozilishini bo‘g‘in-tovush, tovush-harf tomondan tahlil qiladi, unga qoidani tatbiq etadi.
Saylanma diktantda o‘quvchilar diktovka qilingan gaplar yoki matnning hammasini yozmaydilar. Uning o‘qituvchining topshirig‘iga mos qisminigina (o‘rganilgan qoida asosida yoziladigan so‘zlarni, so‘z birikmalarini) yozadilar.
Erkin diktantda o‘quvchilarga mazmunni buzmay, gap tuzilishini o‘zgartirish, bir so‘zni unga yaqin ma’noli so‘z bilan almashtirish erkinligi beriladi. Diktant uchun 3-5 qismli matn tanlanadi. O‘qituvchi avval matnni bir marta ifodali o‘qib beradi, so‘ngra matn mazmuni yuzasidan suhbat o‘tkazadi. Ayrim qoidalarni eslatadi. Keyin matnning bir qismi qayta o‘qib beriladi, o‘quvchilar uning mazmunini yozadilar.
Rasm diktant predmet rasmini yoki o‘zini ko‘rsatib o‘tkaziladi: predmet rasmi ko‘rsatiladi, o‘quvchilar uning nomini aytadilar va yozib vergul qo‘yadilar, ish shunday davom etadi (Birinchi so‘z bosh harf bilan, qolganlari qoidaga ko‘ra yozilishi eslatiladi).
Xulosa qilib aytganda,o‘qituvchi darsning maqsadi va malakani shakllantirish ustida ishlash bosqichini hisobga olgan holda, diktantning barcha turlaridan izchillik bilan foydalanadi. Bayon o‘quvchilarning lug‘atini boyitish, bog‘lanishli nutqini o‘stirishga qaratilgan orfografik mashq turlaridan biri hisoblanadi. Bayon orfografik mavzularni o‘rganishning yakunlovchi bosqichida, o‘quvchilar qoidalarni bilib olib, uni tatbiq qilishga o‘rganganlaridan so‘ng o‘tkaziladi. Xulosa o‘rnida bir holatni qayd etish lozimki, bugungi kun o‘zbek tilshunosligida lingvopoetikasiga bo‘lgan e‘tibor tobora ortib borayotganligi hech kimga sir emas.[3]
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR: 1.I.A.Karimov Barkamol avlod-O‘zbekiston taraqqiyotining poydevori. T.“Sharq”,1997. 5-bet;
2.K.D.Ushinskiy " Buyuk didaktika".
3.Siddiqova Sh “Badiiy matnni shakllantiruvchi sintaktik vositalar” Boshlang‘ich ta’limning dolzarb masalalari: muammo va yechimlar (an’anaviy) mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy MATERIALLARI Jizzax 2020
Internet tarmoqlari
www ziyo net.uz