UYUSHIQ BO‘LAKLARIDA TINISH BELGILARI.Gapda birdan ortiq ega, kesim, hol, aniqlovchi, to‘ldiruvchi bo‘lishi mumkin. Bunday bo‘laklar uyushiq bo‘laklar deyiladi. Uyushgan bo‘laklar bir xil shaklda, bir xil vazifada keladi. Uyushgan bo‘laklar o‘zaro bog‘lovchisiz yoki bog‘lovchilar bilan bog‘lanadi. Bog‘lovchisiz bog‘langan uyushiq bo‘laklar biriktiruvchi ohang bilan o‘zaro birikadi.
1.Bog‘lovchisiz bog‘langan uyushiq bo‘laklar vergul bilan, agar ular birikib kelsa, nuqtali vergul bilan ajratiladi: Kitob, qalam, daftar bo‘lsin yo‘ldoshing. U hovli supurdi, suv tashidi, kul tozaladi. Qo‘nonboy yonida bir gala xushomadgo‘ylari: Segizboylardan Moybosar, Jaqib, Iziquttilardek qarindoshlari; Juontayoq, Qorabotir, To‘pay, To‘rg‘ay elining oqsoqollari bor edi. 2. Bog‘lovchili uyushiq bo‘laklar o‘zaro teng bog‘lovchilar yordamida bog‘lanadi. Teng bog‘lovchilar to‘rt xil bo‘ladi:
zidlovchi bog‘lovchilar: ammo, lekin, biroq;
ayiruv bog‘lovchilar: yo, yoki, yohud, goh, dam;
biriktiruv bog‘lovchilari: va, ham, bilan;
inkor bog‘lovchisi: na-na.
Zidlov bog‘lovchilar orqali bog‘langan uyushiq bo‘laklar orasiga vergul qo‘yiladi:
Oy yoritadi, ammo isitmaydi.
Ayiruv bog‘lovchilari orqali bog‘langan uyushiq bo‘laklarda ayiruv bog‘lovchisi yolg‘iz kelsa, uyushiq bo‘laklar orasiga vergul o‘yilmaydi: takrorlanib kelsa, vergul shu bog‘lovchilardan oldin qo‘yiladi:
Seni Zebo, zebi qiz deymi,
Oydin kecha yo kunduz deymi,
Sohibjamol yo dilbar deymi,
Yo san’atkor, yo chevar deymi?! (A.Umariy)
Yo, yoki, yoxud, goh, dam ayiruv bog‘lovchilaridan tashqari, shu vazifada ba’zan, bir, ham so‘zlari ham keladi.
Inkor bog‘lovchisi yordamida bog‘langan uyushiq bo‘laklarda ham vergulning ishlatilishi takroriy ayiruv bog‘lovchilaridagi kabi bo‘ladi:
Na xotin, na farzand ko‘rmagan,
Hayotning zavqini surmagan...
Bu o‘rinda inkor bog‘lovchisi yordamida birikkan uyushiq bo‘laklar orasida va bog‘lovchisi bo‘lsa, ular o‘zaro vergul bilan ajratilmaydi: Na kampirning va na Qoratoyning yupatishlari kor qildi. Biriktiruv bog‘lovchisi yordamida bog‘langan uyushiq bo‘laklar orasida vergul ishlatilmaydi: Qishloqlar yasandi va obod bo‘ldi.
Olma bilan gilos, olucha, anor,
Bizning bog‘imizda istagancha bor.
bilan ko‘amkchisi teng bog‘lovchi vazifasida ham kelib, uyushiq bo‘laklarni o‘zaro bog‘laydi, bunday vaqtda uyushiq bo‘laklar orasiga vergul qo‘yilmaydi: Qalam bilan daftar oldim;
ham bog‘lovchisi takrorlanib kelsa, uyushiq bo‘laklar orasiga vergul qo‘yiladi: Mening kirib kelishim har ikki uyda, ya’ni bizning uyda ham, Saodatlarning uyida ham juda katta quvonchlarga sabab bo‘ldi.
Biriktiruv bog‘lovchisi vazifasida –u(yu), -da yuklamalari ham kelishi mumkin.
–u(yu) yuklamasi gap bo‘lagiga chiziqcha bilan qo‘shib yozilib, undan keyin vergul qo‘yilmaydi: Irq-u rang-u din-u nasab singari
Axloqsiz so‘zlarni olmas og‘ziga. (G‘.G‘)
-da yuklamasi chiziqcha bilan yozilib, undan keyin vergul qo‘yiladi:
Salima keldi-da, darhol qaytib ketdi.
Uyushgan va uyushmagan aniqlovchilar. Agar aniqlovchilar shaxs yoki narsa-buyumni bir tomondan aniqlasa, uyushgan aniqlovchi bo‘ladi:
Keng, mehribon, iliq quchog‘ing,
Xamisha mazlumlar panohi bo‘lgan. (G‘.G‘)
Bu xil aniqlovchilar vergul bilan ajratiladi. Aniqlovchilarning uyushmasligiga sabab ularning shaxs yoki narsa-buyumni turli tomondan aniqlashidir. Bu holda ular orasiga vergul qo‘yilmaydi.
Issiqdan mudragan horg‘in oriq otining yalqov qadamiga bardosh qilib shahardan kelayotgan edi.
Uyushiq bo‘laklar umumlashtiruvchi so‘zlar bilan birga kelishi mumkin. Ular uyushiq bo‘laklarni birlashtiradi, umumlashtiradi. Bunday so‘zlarni ayirib ko‘rsatish uchun maxsus tinish belgilari tire yoki ikki nuqta qo‘llanadi. Umumlashtiruvchi so‘z umumiy (to‘da) tushunchani bildirib uyushiq bo‘laklardan oldin kelsa, undan keyin ikki nuqta qo‘yiladi. Hamma narsa: uylar, devorlar, daraxtlar, qorong‘ilikda jimgina cho‘kdi. Jaladan so‘ng daladagi narsalarning hammasi: polizlardagi ekinlar, daraxt nihollari, hatto omonat chayla ham yer bag‘irlagan edi.
Agar umumlashtiruvchi so‘z uyushiq bo‘lakdan keyin kelsa, umumlashtiruvchi so‘zdan oldin tire qo‘yiladi. Gulzorning narigi tomonida daroyi, xusayni, yakdona, charos, kishmish – turli uzum ishkomlari bor edi. Yosh-u qari, erkak-ayol – hamma mehmonlarni kutib olishga peshvoz chiqdi. Bir yoqda olmalar, o‘riklar, giloslar, olchalar – mevali daraxtlar tutash havo gulzori yasaydi.
Dostları ilə paylaş: |