Boshlang‘ich sinflarda ko‘proq bolalarning yoshini, bilim saviyasini hisobga olish lozimligini unutmaslik kerak. Ularga oddiy, oson va vaqt kam sarflanadigan o‘yin mashqlardan foydalanib, darslar o‘tish yaxshi samara beradi. Ko‘proq atrof-muhit bilan bog‘lab o‘tilgan mashg‘ulotlar bolalar ongini, dunyoqarashini, erkin fikrlash, bayon etish qobiliyatini, mustaqil ishlash ko‘nikmasini rivojlantiradi.
Innovatsion texnologiyalardan dars jarayonida foydalanishning o‘ziga xosligi shundaki, ular o‘qituvchi va o‘quvchilarning birgalikdagi faoliyati orqali amalga oshiriladi. O‘qitish jarayoni o‘qituvchi hamda o‘quvchilar faoliyatini o‘z ichiga oladi. O‘qituvchining faoliyati o‘quv materialini bayon qilish, o‘quvchilarning fanga bo‘lgan qiziqishini orttirish, fikrini teranlashtirish va e`tiqodini shakllantirish, o‘quvchilarning mustaqil mashg‘ulotlariga rahbarlik qilish, ularning bilim, ko‘nikma va malakalarini tekshirish hamda baholashdan iborat. O‘z ishiga ixlos bilan qaragan o‘qituvchida chinakkam ehtiros bo‘ladi.
Darsning oldindan loyihasi, ya`ni texnologik xaritasi tuziladi.Texnologik xarita tuzish uchun o‘qituvchi darsning har bir bosqichida amalga oshiriladigan ishlar, ularda o‘qituvchining pedagogik va o‘quvchilarning o‘quv bilish faoliyatini tashkil etish, boshqarish va faollashtirish yo‘llari, teskari aloqani amalga oshirish, ularga ajratilgan vaqtni aniq belgilash lozim. Texnologik xaritada albatta tashkiliy qism, yangi mavzuning motivatsiyasi, o‘quvchilar bilimini tekshirish, yangi mavzuni o‘rganish va uni mustahkamlash, erishilgan natijalarni tahlil qilish va yakun yasash kabi bosqichlari bo‘ladi. Bunda o‘qituvchi va o‘quvchining dars davomida bajaradigan ishlari bosqichma-bosqich qayd etiladi. Dars texnologik xaritasining mukammal tuzilishi, maqsad va vazifalarini amalga oshirish, samaradorlikka erishish va bosqichlar o‘rtasidagi uzviylikni ta`minlash, vaqtdan unumli foydalanish imkonini beradi.
“Baliq skeleti” texnologiyasi
Ushbu texnologiya baliq model chizmasi orqali namoyish etilib, bunda o‘quvchilar o‘rtaga tashlangan muammoni har tomonlama ochib berishga harakat qiladilar. Baliq skeleti chizmasi vatmanga chizilib uning tepa qismiga yechilishi kerak bo‘lgan muammo yoziladi. Pastki qismiga muammoni hal etilish yo‘llari yozib boriladi. Masalan, yo‘l harakati darslarida “Yo‘l qoidalari” mavzusida “Svetofor nima uchun kerak?” muammosi qo‘yilsa, bolalar o‘z fikrlari bilan baliq sklitini boyitib boradilar.