Boy madaniy merosi, ma’naviy qadriyatlari, fan va ta’lim sohasidagi ulkan yutuqlari bilan insoniyat tamadduniga salmoqli hissa qo‘shgan xalqlar ko‘p. O‘zbekiston shunday davlatlardan



Yüklə 24,04 Kb.
səhifə1/3
tarix28.11.2023
ölçüsü24,04 Kb.
#167122
  1   2   3
Boy madaniy merosi


Boy madaniy merosi, ma’naviy qadriyatlari, fan va ta’lim sohasidagi ulkan yutuqlari bilan insoniyat tamadduniga salmoqli hissa qo‘shgan xalqlar ko‘p. O‘zbekiston shunday davlatlardan. Dunyoda tinchlik o‘rnatish, barqaror rivojlanishni ta’minlash, ta’lim orqali madaniyatlararo muloqot tuzish, fan sohalarini rivojlantirish, xalqaro madaniy va ma’lumot almashinuviga yordamlashish kabi sohalarda faoliyat yurituvchi YuNESKOning jahon sivilizatsiyasi tarkibidagi nomoddiy madaniy merosni asrab-avaylash yo‘lidagi xizmati katta.
Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov “YuNESKO timsolida eng muhim insonparvarlik masalalarining yechimiga ijodiy yondashishda harakatlanuvchi kuch bo‘lib xizmat qiladigan o‘ziga xos, betakror tashkilotni ko‘ramiz” degan edi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti tarkibidagi mazkur xalqaro tashkilotga 1945-yilning 16-noyabrida asos solingan. O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng, ya’ni 1993-yilning 29-oktabrida YuNESKOga a’zo bo‘ldi. 1996-yilda Toshkentda tashkilot vakolatxonasi ochildi. O‘sha yilning aprel oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning tashkilot bosh qarorgohiga tashrifi ikki tomonlama munosabatlar tarixida muhim voqea bo‘ldi.
1998-yilning 6-7-noyabr kunlari Toshkentda YuNESKO Ijroiya kengashining yakunlovchi majlisi bo‘lib o‘tdi. MDH miqyosida birinchi marta tashkil etilgan mazkur tadbirda «Jahon madaniyati va YuNESKOning a’zo davlatlardagi faoliyati» nomli Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi.
Azal-azaldan maorif, fan va madaniyat masalalariga alohida e’tibor qaratgan o‘zbek xalqining mazkur tashkilot bilan izchil va istiqbolli hamkorligi ayni muddao bo‘ldi.
YuNESKOning ta’lim sohasidagi asosiy dasturi Birlashgan maktablar dasturi tarmog‘i hisoblanib, unga jahonning olti mingdan ziyod maktabi a’zo. Ushbu dasturning asosiy maqsadi xalqaro hamjihatlik, tinchlik, madaniyatlararo muloqot va barqaror taraqqiyot g‘oyalarini targ‘ib etish hamda ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan.
1994-yil dekabrda tuzilgan YuNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi mamlakatimizda ushbu tarmoqni rivojlantirish bo‘yicha faol ish olib bormoqda. 1996-yildan buyon mazkur tarmoqqa mamlakatimizning 45 ta’lim muassasasi qo‘shildi. Mazkur ta’lim muassasalari bir qator xalqaro dasturlarda muvaffaqiyatli qatnashib, «Ta’lim barcha uchun» maqsadlarini va BMTning barqaror taraqqiyot ta’limi o‘n yilligini targ‘ib etmoqda. Bundan tashqari tashkilotning ta’lim sohasidagi faoliyati inklyuziv ta’lim, axborot va kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi ta’lim, jamoat ta’limi markazlari, kasb-hunar o‘quv muassasalari, sog‘lom turmush tarzi ta’limi kabi yo‘nalishlarni qamrab olgan.
YuNESKO tomonidan 2003-yilda “Barqarorlik va taraqqiyot uchun ta’lim 10-yilligi” e’lon qilindi. Bu borada mamlakatimizda ham ko‘plab tadbirlar o‘tkazildi. Ushbu dastur doirasida aholining til o‘rganish imkoniyatlarini kengaytirish, ma’naviyat va ma’rifat yo‘nalishlari bo‘yicha ta’limni rivojlantirish, fan-texnika yutuqlaridan yanada keng foydalanishni ta’minlash kabi vazifalar izchillik bilan amalga oshirildi.
Mazkur xayrli ishlarning amaliy natijasi misolida yurtdoshlarimizning «Suv va tabiiy manbalarni boshqarish» va «Sahroda voha yaratish» loyihalari barqaror taraqqiyot ta’limi doirasida 2009-yilning eng ilg‘or tajriba loyihalari, deb topildi.
YuNESKOning fan dasturlari doirasida biologik xilma-xillikni asrash va tabiiy manbalardan oqilona foydalanish, ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash, madaniy qadriyatlarni rivojlantirishga bag‘ishlangan loyihalar hayotga tatbiq qilinmoqda. Tashkilotning «Xalqaro gidrologiya», «Inson va biosfera», «Bioetika, MOST (Ijtimoiy islohotlarni boshqarish)» xalqaro dasturlari bo‘yicha mamlakatimizda milliy qo‘mitalar tashkil etildi. O‘zbekiston olimlari YuNESKO shafeligida o‘tkazilgan Avstraliya, Sloveniya, Tailand, Eron xalqaro ilmiy anjumanlarida ishtirok etib kelmoqda.
Misol uchun, 1995-yil 5-iyulda YuNESKOning «Buyuk ipak yo‘li – muloqot yo‘li» dasturi asosida Samarqand shahrida Markaziy Osiyo tadqiqotlari xalqaro instituti ochilgani, Urganch davlat universiteti hamda Bonn universiteti bilan hamkorlikda yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish, tuproq unumdorligini oshirishga qaratilgan loyiha amaliyotga tatbiq etilgani buning tasdig‘idir. Bundan tashqari, Samarqandda har yili yozgi oromgohlarda yosh olimlarning quyosh energiyasi bo‘yicha ishlanmalari ko‘rgazmasi o‘tkazib kelinayotir. Maktablarda tabiiy fanlar bo‘yicha ta’lim izchil rivojlantirilib, O‘zbekiston ekologik atlasi va O‘zbekistondagi buloqlar atlasi chop etildi. Ekologik jihatdan xavfsiz texnologiyalar ishlab chiqish bo‘yicha ham bir qancha loyihalar amaliyotga joriy qilinmoqda.
Madaniy va tabiiy merosni aniqlash, muhofaza qilish va saqlash YuNESKO faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. 2001-yilda YuNESKO davlatlar va nohukumat tashkilotlari o‘rtasida mazkur masalaga bag‘ishlangan ijtimoiy so‘rov o‘tkazib, 2003-yili Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilishga bag‘ishlangan konvensiya qabul qilindi. Shu kunga qadar 88 mamlakatning ajdodlardan avlodlarga asrlar osha o‘tib kelayotgan 300 durdonasi – urf-odat, an’ana, bayram, taom, xalq og‘zaki ijodi, qo‘shiq, raqslari Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan.
Hozirga qadar O‘zbekiston nomoddiy madaniy merosining milliy ro‘yxatida 74 ta obyekt mavjud. Umumjahon merosining noyob namunasi sifatida O‘zbekiston hududidagi to‘rt qadimiy shahar – Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabzning YuNESKO ro‘yxatiga kiritilgani, yasharish va yangilanish ayyomi – Navro‘z bayrami, Katta ashula, «Shashmaqom», askiya insoniyatning og‘zaki va nomoddiy madaniy merosi sifatida YuNESKOning Reprezentativ ro‘yxatidan joy olgani, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti huzurida Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharq qo‘lyozmalari markazida to‘plangan nodir qo‘lyozmalar «Jahon xotirasi» ro‘yxatiga kiritilgani O‘zbekistonning mazkur xalqaro tashkilot bilan izchil va samarali hamkorligi samaralaridir.
Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Ahmad Farg‘oniy, Imom Buxoriy, Kamoliddin Behzod kabi buyuk ajdodlarimiz, Samarqand, Buxoro, Xiva, Termiz, Shahrisabz, Qarshi, Toshkent, Marg‘ilon singari qadimiy shaharlarimiz, «Alpomish», «Avesto» adabiy yodgorliklarimiz, Xorazm Ma’mun akademiyasining yubileylari YuNESKO ishtirokida keng nishonlandi.
Bular qatorida Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan tashkil etilgan «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivalini ham alohida qayd etish joiz. Har ikki yilda bir marotaba Samarqandning Registon maydonida o‘tkaziladigan mazkur xalqaro tadbir xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilib kelmoqda. Unda dunyoning deyarli barcha hududlaridan san’at namoyandalari, musiqashunoslar, qo‘shiqchilar, sayyohlar qatnashadi.
YuNESKOga a’zo 190 dan ortiq davlatning milliy qadriyatlari, tamaddun va madaniyat o‘choqlariga hurmat tashkilotning asosiy mezonidir. Maorif, fan va madaniyat insoniyatni ezgulikka, yorug‘likka olib borishi, dunyo xalqlari yagona oliy istak – do‘stlik va tinchlik g‘oyalari atrofida jipslashishi lozimligini uqtirib kelmoqda. Insonparvar hamda tinchlikparvar O‘zbekiston xalqaro tashkilotning mazkur ezgu maqsadini to‘la quvvatlab, hamkorlik rishtalarini yanada kengaytirish tarafdoridir.

Yüklə 24,04 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin