3. Agrar munosabatlar islohoti
Ilmiy adabiyotlar va doiralarda ko`proq agrar sektor deb ataluvchi qishloq xo`jaligi O`zbekiston iqtisodiyotining yetakchi tarmog`i hisoblanadi. 2000 yilda unga mamlaka t yalpi ichki mahsulotlarining 30 foizi, respublika aholisining 63 foizi va iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida ish bilan band bo`lganlarning 35 foizga yaqini to`g`ri keldi. Ayni vaqtda sanoat ishlab chiqarishning paxta tozalash, to`qimachilik, yengil sanoat, oziq-ovqat sanoati, kimyo sanoati, qishloq xo`jalik mashinasozligi kabi bir qator tarmoqlarning iqtisodiy ahvoli va istiqbollari ham hal qiluvchi darajada qishloq xo`jaligi bilan bevosita bog`liq. Qolaversa, agrar sektor mamlakatimizdagi ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikning ham muhim omili bo`lib xizmat qiladi.
Shu munosabat bilan agrar munosabatlarni tubdan o`zgartirish, ya`ni isloh qilish mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarning ustivor yo`nalishi deb tan olingan.
Islohotlarning birinchi bosqichida asosiy boyligimiz bo`lgan yerga munosabatni o`zgartirish yetakchi yo`nalish hisoblandi. Chunki O`zbekiston xalqining farovonligi, turmush darajasi va kelajagi ko`p jihatdan yerdan foydalanish munosabatlarini ijtimoiy yo`naltirilgan bozor iqtisodiyoti tizimiga qay darajada mosligiga bog`liq.
Rejali iqtisodiyot tizimi hukmronlik qilgan davrda mamlakatimiz qishloq xo`jaligini boshqarish tizimi haddan tashqari markazlashib ketgan va xo`jalik yuritish usullari zamon talablariga mutlaqo javob bera olmay qolgan edi. Qishloq xo`jaligida amalda ikkita - davlat va nodavlat sektorlari mavjud bo`lib, ularning birinchisiga sovxozlar va ikkinchisiga kolxozlar (jamoa xo`jaligi deb ataluvchi korxonalar) kirar edi. Lekin aslini olganda, nodavlat sektorni boshqarishda ham davlatning ishtiroki talaygina edi, desak xato bo`lmaydi. 1991 yilda barcha qishloq xo`jalik mahsulotlarining 37 foizi davlat sektoriga va qolgan qismi nodavlat sektoriga to`g`ri kelar edi.
Eng achinarli ahvol shundan iborat ediki, xalqning asosiy boyligi bo`lgan yerning bir qismi davlat mulki va ikkinchi qismi kolxoz-kooperativ mulki hisoblanar va pirovard natijada yerdan bevosita foydalanuvchi dehqonlar uning haqiqiy egasi emas edi. Shu sababli qishloq xo`jaligidagi iqtisodiy munosabatlar tizimini qayta qurish va ularni bozor iqtisodiyoti talablariga moslashtirish zarur edi.
Buning uchun birinchi navbatda qishloq xo`jaligida tarkib topgan sovxozlar va kolxozlarni mulkchilikning boshqa (x ususiy) shakllariga asoslangan xo`jaliklarga aylantirish dasturi amalga oshirildi. Ishlab chiqilgan tamoyillarga binoan islohotlarning dastlabki davrida davlat xo`jaliklarini jamoa (shirkat), kooperativ, aktsiyadorlik jamiyatlari va xususiy mulkchilikning boshqa shakllariga o`tkazish jarayoni amalga oshirildi. Islohotlarning keyingi bosqichida respublika hukumatining tegishli qarori asosida qishloq xo`jalik korxonalarini shirkat va fermer xo`jaliklariga aylantirish ishlari avj oldirildi. 2001 yilning birinchi choragida shirkatlar soni 1800 tadan, fermer xo`jaliklarining soni 47 mingdan oshdi. Shu vaqtga kelib 1,8 mln dehqon xo`jaliklari ro`yxatdan o`tkazildi. Dehqon xo`jaliklariga ajratilgan yer maydonlari o`rtacha bir xo`jalikka 0,16 ga.ni tashkil etgan bo`lsa, fermer xo`jaliklariga berkitilgan yer o`rtacha bir xo`jalikka 20,2 gektarga to`g`ri keldi.
Agrar sektorda xo`jalik yurituvchi sub`ektlarning mulkchilik munosabatlaridagi o`zgarishlar pirovard natijada bu yerda ijobiy siljishlarga olib keldi. Eng muhimi, don mahsulotlari yetkazish 2 barobardan ko`proq, shu jumladan, bug`doy 6 barobar ko`paydi va natijada respublikaning don mustaqilligiga erishildi.
O`tgan yillar tajribasi O`zbekiston Respublikasining "Er kodeksi"ga binoan uzoq muddatli shaxsiy ijaraga asoslangan fermer xo`jaliklari qishloqda xo`jalik yuritishning istiqbolli shakli ekanini tasdiqlamoqda.
3.1-jadvalda keltirilgan ma`lumotlar fermer va dehqon xo`jaliklarining qishloq xo`jalik mahsulotlari ishlab chiqarishdagi ulushi yildan-yilga ortib borayotganidan dalolat beradi.
3.1-jadval
Qishloq xo`jalik mahsulotlari ishlab chiqarishda dehqonchilik va chorvachilikning hamda fermer va dehqon xo`jaliklarining salmog`i (% hisobida)
|
Qishloq xo`jalik mahsulotlari
|
Fermerlar va dehqon xo`jaliklarining salmog`i
|
Jami
|
Shu jumladan
|
Dehqonchilik
|
Chorvachilik
|
Dehqonchilikning salmog`i
|
Chorvachilik-ning salmog`i
|
1993
|
100
|
61
|
39
|
26
|
70
|
1994
|
100
|
61
|
39
|
28
|
72
|
1995
|
100
|
63
|
37
|
29
|
76
|
1996
|
100
|
63
|
37
|
33
|
82
|
1997
|
100
|
64
|
36
|
33
|
89
|
1998
|
100
|
64
|
36
|
38
|
89
|
1999
|
100
|
65
|
35
|
38
|
89
|
2000
|
100
|
65
|
35
|
45
|
90
|
1993-2000 yillar mobaynida fermer va dehqon xo`jaliklarida chorvachilik mahsulotlari yetishtirish 102 foizga, dehqonchilik mahsulotlari ishlab chiqarish esa 23 foizga ko`tarildi. Bunga qarshi o`laroq jamoa (shirkat) xo`jaliklarida chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarish 67 foizga kamaydi.
Qishloq xo`jaligidagi iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishdan ko`zlangan asosiy maqsad yerni chinakam egasiga topshirish orqali uning yerga bo`lgan munosabatini tubdan o`zgartirish va pirovard natijada ishlab chiqarish samaradorligini oshirishdir. Bu degani kamroq sarf-xarajatlar hisobiga ko`proq mahsulotlar yetkazishdir. Yurtboshimiz I.Karimov ta`kidlaganlaridek, dehqon to`q bo`lsa, mamlakat boy bo`ladi. Axir rivojlangan mamlakatlarda ishga yaroqli aholining 4-5 foizigina qishloq xo`jaligida mehnat qilsa, bizda hanuzgacha bu ko`rsatkich 40 foizdan yuqorini tashkil qiladi.
Bundan chiqadigan xulosa shundan iboratki, qishloq xo`jaligida iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish asosida ishlab chiqarish samaradorligini keskin oshirish yaqin kelajakda davlat iqtisodiy siyosatining muhim va ustivor yo`nalishi bo`lib qolaveradi.
Biz bu yerda "yaqin kelajak" iborasini ishlatdik. Shuning uchun o`quvchida "bu ishlarni kelajakka qoldirmay, tezroq hal qilish mumkin emasmi?" degan savol tug`ilishi tabiiy. Masalaning mohiyati shundaki, iqtisodiyot uchun ahamiyati nihoyatda katta bo`lgan qishloq xo`jaligida davlatning tutgan o`rni ham katta. Jumladan, davlat qishloq xo`jalik mahsulotlariga buyurtmalar beradi, shu bilan bir qatorda uni moddiy-texnik resurslar, ya`ni o`g`itlar, kimyoviy moddalar, urug`, mashina va uskunalar bilan ta`minlash va suv xo`jaligini moliyalashtirishda yordam beradi. Agrar sektorni qo`llab-quvvatlash maqsadida davlat unga kreditlar berish va soliq undirishda turli imtiyozlar yaratadi.
Ko`rinib turibdiki, bugungi kunda qishloq xo`jaligi davlatning aralashuvi va yordamisiz bozor munosabatlariga mos tarzda rivojlana olmaydi. Demak, bozor munosabatlarini to`la-to`kis joriy etish, tovar ishlab chiqaruvchilarning o`z tovarlarini ixtiyoriy ravishda erkin sotishi va olingan foydani mustaqil tasarruf etishlariga erishish qishloq xo`jaligida birdaniga va tezda hal qilinishi murakkab bo`lgan vazifadir. Shuning uchun ham biz yuqorida "yaqin kelajak" iborasini ishlatdik.
Qishloq xo`jaligida agrar munosabatlarni yangilash va ularni bozor munosabatlariga moslashtirish pirovard natijada mahsulot ishlab chiqaruvchilarning o`z mulkiga xo`jayinlik hissini mustahkamlashi lozim. Buning uchun xo`jalik yuritishga oid qonunlarning so`zsiz bajarilishiga erishish, ishlab chiqarish infratuzilmasini takomillashtirish, islohotlar yo`lidagi ijtimoiy-iqtisodiy to`siqlarni bartaraf etish va xo`jalik yurituvchi sub`yektlar hamda boshqaruvning barcha bo`g`inlaridagi rahbar xodimlarning iqtisodiy savodxonligini oshirish talab qilinadi.
Dostları ilə paylaş: |