Sotiladigan va sotib olinadigan tovar, xizmat turiga ko’ra bozorlar quyidagi turlarga bo’linadi: iste’mol tovarlari va xizmatlari bozori, ishlab chiqarish vositalari va ishchi kuchi (resurslar) bozori, valyuta bozori va fond birjalari, ilmiy texnika kashfiyoti va ishlanmalar bozori.
Muomalaga chiqadigan subyektlarning xususiyatiga ko’ra ulgurji va chakana savdo to’g’risida gap yuritiladi. Chakana savdoda asosan sotib oluvchilar fuqarolar hisoblanadi. Turli shakldagi korxonalar, firmalar, xususiy do’konlar va boshqalar esa sotuvchi hisoblanadi. Ulgurji savdoda davlat tomonidan qishloq xo’jalik mahsulotlarini xarid qilish alohida o’rin tutadi. Bunda asosiy xaridor davlat, sotuvchilar esa dehqon va fermerlar xo’jaliklaridir.
Bozor infratuzilmasi – bu bozor aloqalarini o’rnatish va ularning bir maromda amal qilishga xizmat ko’rsatuvchi muassasalar tizimidir. Unga ombor xo’jaligi, transport, aloqa xizmatlari ko’rsatuvchi korxonalar, tovar va xizmatlar muomalasiga xizmat qiluvchi muassasalar (birjalar, auksionlar, savdo uylari, savdo-sotiq idoralari va agentliklari kabilar), moliya-kredit munosabatlariga xizmat qiluvchi muassasalar (bank turidagi muassasalar, kreditlash idoralari, sug’urta va moliya kompaniyalari, soliq idoralari) va ijtimoiy sohaga xizmat ko’rsatuvchi muassasalar (uy-joy va kommunal xizmat idoralari, aholini ishga joylashtirish firmalari) kiradi. Axborot xizmati idoralari ham bozor infratuzilmasining alohida bo’g’inini tashkil qilib, ularga ma’lumotlarni to’plash, umumlashtirish va sotish bilan shug’ullanuvchi kompaniya va firmalar kiradi.
Bozor infratuzilmasining bu barcha unsurlari ishlab chiqaruvchilarning savdo-sotiq, moliya-kredit ishlariga, sherik topishiga, ish kuchini yollashiga ko’maklashadi, davlatning iqtisodiyotni tartibga soluvchi tadbirlarini amalga oshiradi, ishlab chiqaruvchilar o’rtasida aloqa o’rnatishga yordam beradi. Ularning bir qismi davlat mulkchiligida faoliyat ko’rsatsa, boshqalari mustaqil muassasa va uyushmalardan iborat bo’lib, ko’rsatgan xizmatlari uchun haq oladi.
Bozor infratuzilmasida tovar (xizmat)lar muomalasiga xizmat ko’rsatuvchi muassasalar muhim o’rin tutishi sababli ularning asosiylarining qisqacha tavsifini beramiz.