BRONXIT ETIOLOGIYASI
Bronxit – nafas yoʻllari patologiyalari ichida eng koʻp tarqalgan oʻtkir kasallik. Bronxit har qanday yoshda uchraydi. Ammo, bolalarda, ayniqsa kichik yoshdagi bolalarda koʻproq uchraydi va kattalarga qaraganda ogʻirroq kechadi. Shu sababli ota-onalar bronxit haqida batafsil bilishlari, uning belgilari va davo muolajalari haqida maʼlumotga ega boʻlishlari zarur. Bolalarda bronxit koʻp hollarda infeksiya natijasida kelib chiqadi, lekin bronxit kelib chiqishiga noinfeksion sabablar ham bor.
Bronxit nima?
Bronxlar – inson nafas olish tizimidagi eng muhim qismlaridan biri. Inson nafas olganda havo halqum va traxeya (kekirdak) lardan oʻtadi, soʻngra bronx tizimiga tushadi va oʻpkalarga kislorod yetib boradi. Inson nafas chiqarganda oʻpkada almashgan gazlar (karbonat angidrid gazi) bronxlar orqali, soʻng traxeyadan oʻtib qayta tashqi muhitga chiqariladi. Bronxlar yuzasi shilliq va sezgir kiprikchalar bilan qoplangan. Bu tuzilmalar bronxlarga tushgan har qanday moddalarni tashqariga chiqarishda ishtirok etadi.
Shunday qilib bronxlar oʻtkazuvchanligi biror bir salbiy omil natijasida buzilsa, bu nafas olish jarayoniga salbiy taʼsir etadi, natijada organizmning kislorod bilan taʼminlanishi pasayadi.
Bronxit – bronxlar shilliq qavatining yalligʻlanishidir. Bu kasallik koʻproq bolalarda uchrashiga sabab bolalarning immun tizimi sust boʻlishi va nafas aʼzolarining toʻliq rivojlanmaganligidir. Statistika boʻyicha har yili 1000 ta bolaning 200 tasi bronxit kasalligiga chalinadi. Koʻproq 5 yoshgacha boʻlgan bolalar kasallanadi. Bronxitlar qish mavsumida koʻpayadi.
Bronxit kasalligi turlari
Bronxitning bir necha koʻrinishlari bor – oddiy obstruktiv bronxit.
Kechishi boʻyicha – oʻtkir va surunkali. Surunkali bronxit deb bolalarda ushbu kasallikning 3-4 oygacha choʻzilishiga aytiladi. Bundan tashqari, bolalarda bronxiolalarning yalligʻlanishi – bronxiolit ham uchrab turadi.
Obstruktiv bronxit – bolalarda bronxlarda shilliq toʻplanishi yoki spazm roʻy berishi natijasida, aʼzoning torayib (yopilib) qolishidir.
Bolalarda bronxit – bir taraflama yoki ikki taraflama boʻlishi mumkin, bundan tashqari, bir bronx daraxti yoki bir necha bronx daraxtlarining yalligʻlanishi ham farqlanadi. Agar yalligʻlanish faqatgina bronxlarda emas balki traxeyada boʻlsa – traxeobronxit, agar oʻpkalarda va bronxlarda boʻlsa – bronxopnevmoniya deb nomlanadi.
Bronxit sabablari
Bolalarda nafas olish aʼzolari kattalarniki kabi yaxshi shakllanmagan boʻladi. Aynan mana shu xususiyat bolalarda bronxit kasalligining koʻp uchrashiga sabab boʻladi. Bolalarda nafas aʼzolari kamchiliklariga quyidagilar kiradi:
Nafas yoʻllarining kaltaligi – infeksiyaning kirishini osonlashtiradi;
Oʻpka hajmining kichikligi;
Nafas mushaklarining kuchsizligi – balgʻam koʻchirishda yoʻtalishning sustligi;
Shilliq qavatlarda yetarlicha immunoglobulinlar boʻlmasligi;
Tonzillit va adenoidlarga moyillik yuqoriligi.
Bronxitlar koʻp hollarda ikkilamchi kasallik sifatida namoyon boʻladi. Bu patologiya yuqori nafas yoʻllari kasalliklari asoratidir – faringit, laringit,tonzillit kabi. Nafas yoʻllarining yuqori qismidagi bakteriya yoki viruslarning pastki qismlarga oʻtishi natijasida kasallik kelib chiqadi. Shifokor mutaxassislar taʼkidlashicha, birlamchi bronxit, yaʼni infeksiyaning toʻgʻridan-toʻgʻri bronxlarga taʼsiri kam hollarda uchraydi. Bronxitlar kelib chiqishida – gripp, paragripp, rinovirus,adenoviruslarning oʻrni katta.
Bakteriya taʼsiri natijasida kelib chiqadigan bronxit viruslar sababli yuzaga kelgan bronxitdan koʻra ogʻirroq kechadi. Bakterial bronxitda shilliq qavatlarda yiringli ajralmalar hosil boʻlishi kuzatiladi. Bronxlarni zararlovchi bakteriyalarga – streptokokk, stafilokokk, mikoplazma, xlamidiya, gemofil tayoqchasi, pnevmokokk kabi patogenlar kiradi.
Koʻpincha bolalar bakterial bronxit bilan kasallanadilar. Maktab yoshidagi bolalarda xlamidiyalar sababli kelib chiqadigan bronxit ham uchrab turadi.
Birlamchi bronxit ham kam boʻlsada uchrab turadi. Odatda bunga sabab mayda jismlarning bronx yoʻllariga tushishi yoki chaqaloqlarda ovqat mahsulotlari aspiratsiya holatlari boʻlishi mumkin. Bola yoʻtalganidan keyin yot jism tashqi muhitga chiqib ketadi, ammo ular bilan birga tushgan bakteriyalar bronx shilliq qavatida koʻpayadi va patogenligini boshlaydi.
Kam hollarda bronxit zamburugʻlar taʼsirida ham kelib chiqadi. Bronxitning yana bir koʻrinishi allergik bronxitdir. Uning namoyon boʻlishi tashqi qoʻzgʻatuvchi taʼsiri bilan tushuntiriladi, masalan dori preparatlari, kimyoviy moddalar, chang, hayvonlar yungi, oʻsimliklar changi va boshqalar.
Bolalarda bronxit kelib chiqish xavfini oshiruvchi omillar quyidagilardir
Immunitetning sustligi;
Sovuq qotish;
Haroratning birdan oʻzgarishi;
Juda quruq havo, ayniqsa isitgichlar ishlab turgan xona havosidan nafas olish;
Nafas yoʻllari shilliq qavatining qurib qolishi;
Avitaminoz;
Passiv “tamaki mahsulotlarini chekish” (chekayotgan inson yaqinida boʻlish);
Yondosh kasalliklar, masalan mukovisidoz.
Bir yoshgacha boʻlgan bolakaylarda bronxit kam hollarda uchraydi, chunki bu yoshda goʻdaklar qarindoshlari, begona shaxslar bilan kontakda boʻlmaydi. Bu yoshda bronxit rivojlanishiga olib keluvchi omillar – bolaning chala tugʻilganligi, nafas yoʻllari tugʻma patologiyalari boʻlishi mumkin.
Bolalarda oʻtkir bronxit belgilari
Bolalarda bronxit belgilari boshqa nafas kasalliklari belgilaridan farq qiladi. Bolalarda bronxit belgisi deganda birinchi boʻlib yoʻtal tushuniladi. Ammo, yoʻtal nafas yoʻllarining boshqa kasalliklarida ham kuzatiladi. Xoʻsh, bronxitda yoʻtalning oʻziga xos xususiyatlari nimasi bilan farqlanadi?
Bolalarda bronxitning ilk belgilari quruq yoʻtaldan boshlanadi, yaʼni balgʻam ajralmaydigan yoʻtal. Balgʻam koʻchishi va nam yoʻtallar boshlanishi kasallik tuzalayotganidan dalolat beradi. Balgʻam rangsiz, sargʻish yoki yashil rangda boʻlishi mumkin.
Oʻtkir bronxitda bolalarda yana bir belgi – tana harorati koʻtarilishi ham kelib chiqadi. Ammo, bronxit kasalligida koʻrsatkichlar juda yuqori boʻlmaydi, koʻpincha subfebril koʻrsatkichda yoki 39 oC gacha koʻtarilishi mumkin. Bu koʻrsatkich oʻpka toʻqimasining yalligʻlanishida tana harorati oshishiga nisbatan past hisoblanadi. Kataral (oddiy) bronxitda tana harorati 38 oC dan oshmaydi.
Ushbu maqolani ham o‘qing: Koronavirus infeksiyasida metabolik qo‘llab-quvvatlashning imkoniyatlari
Bronxitning yana bir simptomi umumiy intoksikatsiya belgilari – bosh ogʻrigʻi, holsizlik, koʻngil aynishi, emizikli bolakaylarda uyqu buzilishi va oziqlanishdan bosh tortish kabi holatlar kelib chiqadi.
Bolalarda bronxit kasalligida nafas yoʻllari auskultatsiyasida (eshitib koʻrilganda) koʻkrak sohasida quruq xirillashlar eshitiladi.
Mikoplazmalar taʼsiri natijasida kelib chiqadigan bronxitda tana harorati yuqori boʻladi, ammo umumiy intoksikatsiya belgilari kuzatilmaydi.
Yuqorida keltirib oʻtilganidek, bronxit koʻpincha yuqori nafas yoʻllari kasalliklari asorati sifatida rivojlanadi. Demak bronxit belgilari bilan birga faringit, laringit, rinit belgilari ham yuzaga chiqadi, masalan burun bitishi, tomoqda ogʻriq, burun oqishi, shilliq qavatlar giperemiyasi.
Traxeit bilan birga keluvchi bronxitda – koʻkrak sohasida ogʻriq va ogʻirlik hissini sezish ham kuzatiladi.
Bolalarda bronxiolit va obstruktiv bronxit belgilari
Bolalarda bronxiolit va obstruktiv bronxitning belgilari oddiy (kataral) bronxit belgilaridan farq qiladi. Ha aytgancha, koʻpchilik mutaxassislar bronxiolit va obstruktiv bronxiolitni farqlashmaydi. Bu kasallikda ham yoʻtal va tana harorati oshishi kuzatiladi. Ammo, bronxiolit va obstruktiv bronxitda belgilarga nafas yetishmovchiligi alomatlari ham qoʻshiladi – nafas olish soni ortadi, ogʻiz-lab uchburchagida koʻkarish kelib chiqadi, nafas olish shovqinli boʻladi va qoʻshimcha qorin mushaklari ham ishtirok etadi.
Bolalarda obstruktib bronxitda koʻkrak sohasida xirillashlar eshitiladi. Odatda nam va xushtaksimon xirillash kuzatiladi. Baʼzida bunday tovushlarni fonendoskopsiz ham masofadan eshitsa boʻladi. Nafas chiqarish esa uzayadi.
Emizikli bolalarda obstruktiv bronxitda hansirash belgisi sifatida nafas olish sonining bir daqiqada 60 martagacha amalga oshishini keltirsak boʻladi, 2 yoshgacha boʻlgan bolalarda – 50 martagacha, 2 yoshdan katta bolalarda – 40 martagacha nafas olish hansirash alomatidir.
Bronxiolit kasalligida hansirash – 1 daqiqada 80-90 martagacha nafas olish bilan namoyon boʻladi, bunda yurak tomonidan taxikardiya holatlari ham kelib chiqishi mumkin, hamda yurak tonlari boʻgʻiqlashishi kuzatiladi.
Bronxit kasalligini tashxislash
Kasallikka tashxis qoʻyishda shifokor avvalo bronxit kasalligi turi (obstruktiv yoki kataral) va uning etiologiyasini (virusli, bakterial, allergik) aniqlab olishi zarur. Hamda, oddiy bronxitdan bronxiolitni farqlab olishi ham muhim. Obstruktiv bronxitni esa bronxial astmadan farqlash kerak.
Diagnostikada bemor umumiy koʻrigi va koʻkrak qafasi auskultativ tekshiruvlari oʻtkaziladi. Shifoxonaga qabul qilish uchun bola koʻkrak qafasi rentgenografiyasi kerak boʻladi, rentgenogrammada bronxlar va oʻpkalarning umumiy ahvoli aniq koʻrinadi. Bundan tashqari, kasallik qoʻzgʻatuvchisini aniqlash maqsadida balgʻamdan namuna olib bakteriologik ekma, PZR yordamida viruslarni aniqlash amaliyoti ham bajariladi.
Umumiy qon analizida ECHT ga, leykotsitar formulaga eʼtibor qaratiladi. Leykotsitlar sonining oshishi (leykotsitoz) bakterial infeksiyadan darak beradi. Leykotsitlar sonining kamayishi (leykopeniya) va bir vaqtning oʻzida limfotsitlar sonining oshishi (limfotsitoz) virusli infeksiyada dalolatdir. Ammo, surunkali bronxitning xuruj davrida umumiy qon analizida oʻzgarishlar kuzatilmasligi mumkin. Qoʻshimcha sifatida bronxogramma, bronxoskopiya va kompyuter tomografiyasi tekshiruvlari ham buyuriladi.
Oqibat va asoratlar
Bolalarda bronxitni oʻz vaqtida, toʻgʻri davolash oqibati – ijobiydir. Ammo, bronxit – bu uzoq muddat davom etadigan kasallik, bolaning kasallikdan butunlay qutulib ketishi uchun bir necha hafta sarflanishi mumkin. Eng asosiysi oddiy bronxitni ogʻir koʻrinishlariga (obstruktiv bronxit va bronxiolit) oʻtib ketishiga, hamda oʻpkalar yalligʻlanishiga yoʻl qoʻymaslik zarur.
Bolalarda obstruktiv bronxit hayot uchun xavfli boʻlishi mumkin ekanligini unutmaslik zarur. Ayniqsa kichik yoshdagi bolalat xavf guruhida turadilar. Gap shundaki, bronxlarning spazmi yoki ular boʻshligʻida shilliq toʻplanib qolishi nafas yetishmovchiligiga olib kelishi mumkin.
Bronxitning asoratlari sifatida – bronxial astma, qaytalanuvchi bronxit, surunkali bronxit rivojlanishi mumkin. Infeksiyaning organizmda tarqalishi natijasida ogʻir asoratlar – endokardit, buyraklar yalligʻlanishi kelib chiqishini unutmaslik lozim.
Bolalarda oʻtkir bronxit davosi
Bronxitni davolash – uzoq muddat davom etuvchi qiyin jarayondir. Har qanday holatda ham malakali shifokor tavsiyalari kerak boʻladi, chunki kasallikning turli koʻrinishlarida oʻziga xos davo muolajalaridan foydalanishga toʻgʻri keladi. Davo muolajalari ham oʻz navbatida har xil boʻladi: etiotrop – kasallik keltirib chiqaruvchi omilni yoʻqotish (virus yoki bakteriya), simptomatik davo – bola hayotiga xavf soluvchi belgilarni bartaraf etish, obstruktiv bronxit va bronxiolit holatida shifoxonada davolanish taviya etiladi.
Bronxitning etiotrop davosi
Virus sababli kelib chiqqan bronxit odatda – etiotrop davolanmaydi. Ammo, gripp virusi qoʻzgʻatgan bronxit arbidol, relenza yok tamiflyu kabi preparatlardan foydalansa boʻladi. OʻRVI infeksiyasi rinovirus, adenovirus, paragripp virusi) chaqirgan bronxit etiotrop davosi mavjud emas, shu sababli kasallik koʻpincha simptomatik davolanadi. Baʼzi hollarda shifokor tomonidan – immun tizimi ishini kuchaytiruvchi vositalar buyurilishi mumkin. Ammo, bu kabi preparatlar qatʼiy ravishda shifokor tomonidan buyuriladi, chunki bu vositalarning nojoʻya taʼsirlari ham bor.
Bakterial bronxitda odatda antibiotiklar qoʻllaniladi. Antibiotik turi kasallikni keltirib chiqargan qoʻzgʻatuvchi turiga qarab tanlanadi. Antibiotiklarni oʻz boshimchalik bilan mustaqil ravishda qoʻllash mumkin emas, bronxitga sabab virus yoki allergik bronxitda antibiotiklarning hech qanday samarasi boʻlmaydi, aksincha organizmga salbiy taʼsir etishi mumkin. Bronxitni davolashda koʻpincha penitsillin va tetratsiklin guruhi antibiotiklari, makrolidlar, sefalosporinlar (amoksisillin, amoksiklav, eritromitsin) qoʻllanilishi mumkin. Kasallikning yengil koʻrinishlarida antibiotiklarning tabletka shakllari buyuriladi. Ogʻir koʻrinishdagi bronxit, ayniqsa kichik yoshdagi bolalarda kuzatilganda antibiotiklar parenteral yuboriladi.
Antibiotiklarning samarasi bolaning umumiy ahvoli yaxshilanishi, belgilarning kamayishi va tana harorati tushishi bilan namoyon boʻladi. Aksincha holatlarda antibiotik turi oʻzgartiriladi. Oʻtkir bronxitda antibiotik terapiya muddati 1 hafta va surunkali koʻrinishda 2 haftani tashkil etadi.
Allergik bronxitning etiologik davosi – bronxitga sabab boʻlayotgan allergenni organizmga taʼsirini cheklashdan iborat, masalan chang, hayvon yungi, oʻsimliklar, hasharotlar zahri, kimyoviy moddalar va boshqalar.
Bronxitning simptomatik davosi
Bolalarda oʻtkir bronxit davosida avvalo shilliq qavatlar yalligʻlanishi va yoʻtalni bartaraf etishi kerak. Shuni ham unutmaslik zarur – yoʻtal organizmning himoya mexanizmi hisoblanadi, yoʻtal orqali organizm yot jismlardan xalos boʻlishga harakat qiladi (virus, bakteriya, allergen yoki toksik modda boʻlishidan qatʼiy nazar). Shu sababli shilliq qavatlarda koʻplab shilliq ishlab chiqariladi va bu balgʻam koʻrinishida organizmdan chiqarilib yuboriladi. Yagona muammo shu balgʻamning juda yopishqoqligi va koʻchishi qiyinligida, ayniqsa, kichik yoshdagi bolalar oʻpkasi va bronxlari kuchsiz boʻlganligi sababli yoʻtal bilan balgʻamni ajrata olmaydilar.
Balgʻam koʻchishini osonlashtirish uchun mukolitiklar va balgʻam koʻchiruvchi preparatlardan foydalaniladi. Mukolitik vositalar (ASS, Ambrogeksal, Bromgeksin) balgʻamni yumshatadi va koʻchishini osonlashtiradi. Balgʻam koʻchiruvchi preparatlar (Askoril, Gerbion, Gedeliks, Prospan, Doktor Mom) yoʻtal vaqtida balgʻamning nafas yoʻllaridan koʻchishini osonlashtiradi. Bu kabi preparatlarning koʻpchiligi dorivor oʻsimliklar asosida tayyorlanadi.
Bundan tashqari, yoʻtalga qarshi baʼzi preparatlar bosh miyadagi yoʻtal markazini bloklab qoʻyish xususiyatiga ega. Bu kabi preparatlar uzoq muddat davom etuvchi quruq yoʻtal kuzatilganda buyuriladi. Quruq yoʻtal kasallikning boshlangʻich belgisi. Ammo, nam yoʻtal vaqtida balgʻam ajralishi kuzatiladigan vaqtda yoʻtal toʻxtatuvchi preparatlar qabul qilish mumkin emas. Chunki bu kabi vositalar yoʻtal markazini bloklab qoʻyadi va balgʻam ajralib chiqishiga imkon bermaydi.
Bronxlar boʻshligʻini kengaytiruvchi preparatlar (berodual, eufillin) bronx shoxlari spazmida qoʻllaniladi. Ular aerozol koʻrinishida ingalyatsiya qilish uchun yoki tabletka koʻrinishida boʻlishi mumkin.
Yalligʻlanishga qarshi vosita sifatida ichimlik sodasi va tuzli ingalyatsiyalarni keltirish mumkin.
Yuqorida keltirib oʻtilganidek bronxit va uning belgilarini bartaraf etish – qiyin jarayon, shu sababli har qanday chora tadbirlar shifokor tavsiyalariga,koʻrsatmasiga asoslangan holda boʻlishi lozim, aks holda kasallik asoratlanib, bolaning umumiy ahvoli ogʻirlashishi mumkin.
Haroratni tushiruvchi, ogʻriqsizlantiruvchi va nosteroid yalligʻlanishga qarshi preparatlar (parasetamol, ibuprofen va ularning analoglari) bolalarga faqatgina tana harorati 38-38,5 oC dan oshgan vaqtda berish tavsiya etiladi. 38 oC dan past holatlarda bolalarga bu kabi vositalar berish shart emas, organizm oʻzi mustaqil ravishda infeksiya bilan kurashayotgan boʻladi. Aspirin va analgin kabi preparatlarni bolalarda qoʻllash mumkin emas.
Kuchli yalligʻlanish holatlarida shifokor gormonal yalligʻlanishga qarshi vositalarni ham buyurishi mumkin. Bronxitning allergik koʻrinishida antigistamin preparatlarda foydalaniladi, ular shilliq qavatlar shishini kamaytiradi.
Nomedikamentoz davo
Bolalarda bronxitni faqatgina dori preparatlari yordamida davolash mumkin deb oʻylasangiz adashasiz. Kasallikni butunlay asoratlarsiz davolash uchun bir qator chora tadbirlarga rioya etish zarur.
Birinchi navbatda suyuqlik ichishni koʻpaytirish kerak – odatdagi hajmdan 2 marotaba koʻproq suyuqlik ichish tavsiya etiladi, chunki tana harorati koʻtarilganda organizm suvsizlanadi. Bundan tashqari, suyuqliklar organizmdan toksinlar chiqib ketishini taʼminlaydi.
Bolalarda obstruktiv bronxitda hansirash yuzaga chiqqan vaqtda oʻpkalar orqali suyuqlik ajralib chiqishi ortadi, bunday holatda ham regidratatsiya chora tadbirlaridan foydalanish kerak.
Suyuqlik iliq boʻlishi lozim, issiq yoki qaynoq emas. Kisel, mors, sharbatlar, choy, iliq sut va naʼmatak damlamasi foydali hisoblanadi.
Bolalarda bronxit kuzatilayotgan boʻlsa – ular yotoq tartibiga rioya etishlari zarur, ammo qatʼiy tartibda emas. Chunki bir holatda uzoq muddat boʻlish oʻpkada balgʻam turib qolishi va dimlanishiga sabab boʻladi. Bolakaylar vaqti-vaqti bilan harakatda boʻlishlari tavsiya etiladi. Agar bolakay koʻkrak yoshida boʻlsa, uning holatini oʻzgartirib turish kifoya. Bemor umumiy ahvoli yaxshilansa toza havoda biroz sayr qilish ham ancha foydali.
Yana bir muhim jihat, bola joylashgan xona harorati – juda past yoki juda yuqori boʻlmasligi kerak. Optimal diapozon – +18 oC va +22 oC hisoblanadi. Juda yuqori harorati havoni quritib yuboradi va namlik kamayadi, bu esa bronxlarda yalligʻlanish jarayonini kuchaytiradi. Xonaning optimal namligi 50-70 % hisoblanadi, shu sababli xonani tez-tez shamollatib turish maqsadga muvofiq boʻladi.
Barchaga mashhur boʻlgan banka va gorchichnik (xantal qogʻoz)lardan foydalanish mumkinmi?
Hozirgi kunda shifokorlar bolalarda bronxit davosida ushbu muolajalardan foydalanish samarasi va zararsizligiga shubha bilan qarashmoqda. 5 yoshgacha boʻlgan bolalarda ularni qoʻllash tavsiya etilmaydi. Ayniqsa, banka va gorchichniklar (xantal qogʻoz) dan foydalanish bronxitning yiringli koʻrinishlarida umuman mumkin emas. Koʻkrak sohasini qizdirish yiringli jarayonning qoʻshni bronxlarga ham tarqalishiga olib keladi. Aynan mana shu sababli bronxit vaqtida issiq vanna va dush qabul qilishdan qaytariladi. Bronxit vaqtida oyoqlarni issiq vannalarda qizdirish, hamda nebulayzer ingalyatorlaridan foydalanish samaralidir.
Bronxitning bolalardagi eng xavfli asorati – bronxlar obstruksiyasi hisoblanadi. Bu kabi holatlarda bolalar albatta shifoxona sharoitida davolanadi. Ayniqsa, yurak yetishmovchiligi bor bolalar xavf guruhiga kiradi. Shifoxona sharoitida obstruktiv bronxit davosi oksigenoterapiya, nafas yoʻllaridagi shilliqni elektrootsos yordamida soʻrib olish, vena ichiga bronxlarni kengaytiruvchi preparatlar va adrenomimetiklar yuborish bilan olib boriladi.
Bronxit kasalligida diyeta
Bronxit vaqtida diyetaga rioya etish ham tavsiya etiladi. Ammo, ovqat mahsulotlari oqsil va vitaminlarga boy boʻlishi kerak, hamda ular bola tomonidan yengil oʻzlashtirilishi maqsadga muvofiq. Sut mahsulotlari va sabzavotlar ayniqsa foydali.
Bronxitda massaj
Bolalarda bronxitni davolash vaqtida ota-onalar mustaqil ravishda bolakaylarining koʻkrak qafasida massaj muolajalarini oʻtkazsalar boʻladi. Ammo, massaj faqatgina bolaning umumiy ahvoli yaxshilangandan keyin bajarilishi kerak. Massaj qilishdan maqsad bolakayda balgʻam koʻchishini ragʻbatlantirishdir va bu muolaja har qanday yoshdagilar uchun foydali hisoblanadi.
Muolajaning davomiyligi 3-5 daqiqa, bir kunda 3 marotaba bajarish tavsiya etiladi. Bolakayni gorizontal holatda orqa sohasini yengil qoʻllar harakati yordamida, yuqoridan pastga yoʻnaltirib massaj qilish lozim. Barmoqlar uchi bilan umurtqa pogʻonasi ham yengil massaj qilinadi.
Dostları ilə paylaş: |