6.2. Kredit tizimi asosida oʻquv jarayonini tashkil etish
a’lumki, bizda axborot manbai va turli xildagi xalqaro ma’lumotlar bazalariga kirish, ulardan foydalanish ma’lum darajada cheklanib qolgandi. Oqibatda oliy ta’limda professor-oʻqituvchilarning asosiy diqqati axborotni qidirib topish, uni oʻzlashtirish hamda dastlabki qayta ishlagandan soʻng talabalarga tarqatishga qaratildi. Ya’ni oʻqituvchilar shunchaki axborotni qabul qiluvchi va uzatuvchi subyekt edi, xolos.
Bunda talaba oʻquv jarayonining obyekti sifatida axborotni qabul qiluvchi vazifasini bajarar, asosiy vaqtini auditoriyada ma’ruza mashg‘ulotlarini tinglashga sarflar edi. Bugungi kunga kelib esa axborotlar olamidan bahramand boʻlishning tezlashgani, xalqaro ilmiy-texnik ma’lumotlar bazalaridan foydalanish imkoniyatlarining kengaygani, globallashuv jarayonlari jadallashgani bois talabalarning mustaqil ta’limini rivojlantirish masalasi kun tartibiga koʻtarildi.
Ta’lim yoʻnalishlari va mutaxassisliklar oʻquv rejalari esa mehnat bozori talabi bilan bog‘lanmagan fanlar bilan toʻldirilar, asosan, professor-oʻqituvchini ish bilan ta’minlash, unga auditoriya soatini chiqarib berish prinsipi nuqtayi nazaridan, shuningdek, kafedra mudirlarining oʻzaro kelishgan holda fanlarni taqsimlash asosida shakllantirilar edi.
Talabaga fanlarni hamda professor-oʻqituvchilarni tanlash u yoqda tursin, zerikarli boʻlgan mashg‘ulotlardan voz kechib, kutubxonada oʻqib-oʻrganishiga ham imkon berilmas edi. Talabaning dars mashg‘ulotlarini qoldirishiga jiddiy talafot sifatida qaralib, bir semestrda 30 soatdan oshsa ogohlantirish, 74 soatdan oshsa, talabalik safidan chiqarishgacha borilardi. Talabaga ushbu fan va oʻqituvchi yoqadimi-yoqmaydimi, berilayotgan bilimlar almisoqdan qolib ketganmi-ketmaganmi, auditoriyada oʻtirishi shart edi!
Xullas, an’anaviy tizimda talaba kelajakda qanday bilimlarni egallashi, qanaqangi professor-oʻqituvchilar dars berishi, yoʻnalish profili, fanlarning qisqacha mazmuni boʻyicha hech qanday materiallar taqdim etilmasdi.
Rivojlangan xorijiy davlatlarning barcha OTMda ta’lim yoʻnalishi va mutaxassisliklar toʻg‘risidagi hamma ma’lumotlar, xususan, oʻquv rejasida aks etgan fanlarning qisqacha sillabusi (fanning identifikatsiyasi, professor-oʻqituvchi haqida ma’lumot, dars tavsifi, fanning maqsadi, oʻrganish natijalari, oʻqitish metodikasi, fanning rejalari, adabiyotlar, baholash metodikasi), fanlar kesimida dars mashg‘ulotlarini olib boradigan professor-oʻqituvchilar hamda ularning erishgan yutuqlari, mehnat bozorida mutaxassisga qoʻyilgan qisqacha talablar, ya’ni qanday nazariy, amaliy bilim, koʻnikma va kasbiy malakaga ega boʻlishi bilan bog‘liq ma’lumotlar universitetlarning rasmiy veb-saytida ochiq-oydin e’lon qilingan boʻladi. Ayni paytda, ming afsuski, abituriyentlar universitetlarimiz saytlarida ushbu ma’lumotlarni topishga qiynalishadi. Bu boʻyicha ham madaniyatni shakllantirish vaqti esa allaqachon kelgan.
Dostları ilə paylaş: |