,, BUVIJON’’ nomli esse
“Ota-ona”, ”do’st”, ”ustoz” kabi insonlar juda ko’p tilga olinadi, juda ko’p
madh etiladi. Lekin, men doimo buvijonlarimiz ham mana shunday tillarda doston
bo’lishlarini xohlardim. Chunki, mening buvim ana shunday bebaho so’zlarga
arzigulik ayol edilar. Ko’pchilikning fikricha, buvi bu – ertak aytib beruvchi, shirin
taomlar tayyorlovchi, pand-nasihat beruvchi, yaxshilikka yetaklovchi inson. Lekin
mening
nazarimda, buvi bu – mehr, uzoq o’tmish va kelajak timsoli. Balki, bu
so’zlarim ko’pchilikka yoqmas, ammo men uchun buvi nomi aziz va mo’tabar.
Bolalik chog’larimni yaxshi eslayman. Juda ko’p vaqtim, yozgi ta’tilning deyarli har
kuni buvimnikida, qishloqda o’tardi. Bolaligim buvijonimning keng va qaynoq
bag’rida yayrab, yashnash bilan o’tdi. Men kundan-kunga ulg’ayib, o’sib borardim.
Buvijonimning ko’zidan nuri, tanidan kuchi ketib, nurli
yuzlari esa ajin bilan
to’libborardi.
Buvim men yangi chaqaloq paytimda qandli diabet kasalligiga chalingan
edilar. Ular shu kasallik bilan o‘n olti yil kurashdilar. Ne-ne og‘riqlar, ne-ne dardlar
buvimdagi irodani, ulardagi matonatni, tuzalib ketishga bo‘lgan ishonchni sindira
olmadi. Buvimning oyimga aytgan juda ko‘p gaplarini eslab qolganman. ’’Hayot
qanchalar shirin ekanligini bilmaysanda, bolam. Unda qancha yashasang ham
to‘ymaysan, yana yashaging kelaveradi.’’ Buvimning bu gaplari tez-tez qo‘log‘imga
chalingan. Buvijonim
hamma ayollar kabi pazanda, orasta, chevar edilar. Ammo
ularda insoniylik, rostgo‘ylik, ochiq ko‘ngillik, mehmondo‘stlik, yumshoqfe’llik
kabi pokiza xislatlar bor edi. Men ulardagi mana shu xislatlarni e’zozlardim.
Mehmondo‘stliklari uchun keng, ammo oddiygina fayzli xonadonlaridan
mehmonlarning qadami uzilmas edi. Goho o‘zlarini unutib qo‘ysalarda ammo meni,
o‘sha ’’Nima olib keldingiz?’’ deya qarab turuvchi nigohni unutmas edilar. O‘tgan
yili men ham 8-sinfni tugatdim. Imtihonlardan so‘ng qishloqqa yo‘l oldim. Buvim
endi avvalgilardan-da qarib qolgan edilar. Endi meni ko‘targan o’sha qo‘llarga
o‘zim tirgak, nuri ketgan ko‘zlarga o‘zim nur bo‘ldim.
Buvijonim yuzlarida
tabassum ko‘rish uchun ularga turli sovg‘alar hadya qilardim. Tunlari buvim ikkimiz
supa ustida yulduzlarni tomosha qilib yotardik. Men ularni oyoqlarini uqalardim,
ular esa menga yoshlik chog‘larini gapirib berardilar. Buvimning qaynoq pinjiga
kirib olib, tong qanday otganini ham bilmay qolardim. Yozgi ta‘til ham tugab, yangi
o‘quv yili boshlanish arafasida edi. Endi shaharga ketishim kerak, ammo ko‘nglim
g‘ash, yuragim bezovta edi. Xohlasam ham, xohlamasam ham ketishim kerak.
Xayrlashish vaqtlari og‘ir. Buvim o’sha kuni
meni shunchalar boshqacha
kuzatdilarki, qo‘llari titrar, ko‘zlaridan yosh oqar, tillari esa menga faqat oq yo‘l
tilardi.
Shaharga keldim. Oradan uch kun o‘tdi. Negadir bu kun men uchun juda og‘ir,
qiyin edi. Qo‘lim hech ishga bormas, kun bo‘yi jizzaki bo‘lib yurdim. Vaqt o‘tib
yarim tun bo‘ldi. Lekin uyqum kelmas, ko‘nglim nimadandir xijil edi, go‘yo.
Tungi soat o‘n ikkida to‘satdan telefon jiringlab qoldi. Yuragim borgan sari
tez urardi. Telefon go‘shagini ko‘tardim. Hech qancha vaqt o‘tmay telefon
qo‘limdan tushib ketdi. Shovqinni eshitgan ota-onam, akam ’’nima bo‘ldi?’’ deya
yugurib chiqishdi. Zum o‘tmay’’Buvijoooon’’ deya yig‘lay boshladim.
Ha, mening eng aziz insonim bu olamni, meni tark etgan edilar. Ammo, men
ishonmadim. Qalbim ishonmadi, to qishloqqa borgunga qadar. Juma kuni masjidda
janoza nomozi o’qildi. Masjidga tumonat odam yig’ildiki, hatto ko’pchilik bu yerga
sig’madi. Shunda bildimki, buvijonim
faqatgina men uchun emas, balki, butun
qishloq ahli uchun qadrli ekanlar. “Yaxshi insonlar bu dunyoni tark etganlaridan
keyin ham yashaydi” degan so’zlari men uchun isbot bo’ldi.
Endi bu dunyo menga qorong’u, hayot ma’nosini yo’qotgan edi. Kunlarning
birida bir tush ko’rdim. Tushimda buvijonim oppoq kiyimda men tomonga qarab
kelardi. So’ng qo’llarimdan tutdi-yu,
oldiga chorladi, peshonamdan o’pib, menga
uzoq qarab turdi. Qo’limga ikkita non tutqazdi-yu, ”sen qol, men endi ketay, lekin
shuni unutmaki, men doim sen bilanman”. Shu so’zlarni aytdi-yu , bir zumda g’oyib
bo’ldi. Ana shunda buvimning menga bo’lgan mehrlari qanchalik kuchli ekanligiga
guvoh bo’ldim.
Buvimning hayotlari men uchun ko’z ochib yumguncha o’tib ketdi.
Buvijonim muslima ayol edilar. Ularni bilar-bilmas ko’p xafa qilganman. Qani endi
vaqtni ortga qaytarolsam, qani endi ayblarim uchun uzr so’rasam, o’sha og’rigan
oyoqlarini tinim bilmay uqalasam, hidlarini yana bir bor to’yib-to’yib hidlasam,
hech bo’lmasa bir kun yana avvalgidek supa ustida buvim bilan uxlasam. Qani endi
shularni loaqal bittasini qilolsam. Ammo, endi bularni orqaga qaytarib bo’lmaydi.
Mana, buvimni qora tuproqqa qo’yganimizga ham o’n oy bo’libdi. Agar hozir
hayot bo’lganlarida oltmish oltinchi bahorni qarshilagan bo’lardilar. Shu so’zlarni
yozyapman-u, xayolimdan buvim bilan o’tgan
eng yorqin damlarim esimga
tushyapti. Yo’q, bu damlarni unutish gunoh, u insonni unutish gunoh.
Hayotim malikasi, qalbim quyoshi, malaksiymoyim, mo’tabar insonim, aziz
buvijonim!
Yotgan joylaringiz nurlarga to’lsin!
Siz mening qalbimda, yuragimda mudom barhayotsiz!
Sizning o’sha nurli nigohingizni har oynaga boqqanimda o’zimda ko’raman.
Mening qadri osmonim, hali siz istagandek muslima inson bo’laman.
Buvijon!!!
UNUTMAYMIZ SIZNI, SIZNI BUVIJON
Osmon bugun jimjit, osmon yig’laydi,
Tong otgandek, ammo quyosh chiqmaydi,
Endi shabboda ham sizsiz esmaydi,
Oramizdan ketdi eng go’zal bir jon,
Unutmaymiz sizni, sizni buvijon!