Buvijon’’ nomli esse



Yüklə 21,76 Kb.
Pdf görüntüsü
tarix16.12.2023
ölçüsü21,76 Kb.
#183125
BUVIJON



,, BUVIJON’’ nomli esse 
“Ota-ona”, ”do’st”, ”ustoz” kabi insonlar juda ko’p tilga olinadi, juda ko’p 
madh etiladi. Lekin, men doimo buvijonlarimiz ham mana shunday tillarda doston 
bo’lishlarini xohlardim. Chunki, mening buvim ana shunday bebaho so’zlarga 
arzigulik ayol edilar. Ko’pchilikning fikricha, buvi bu – ertak aytib beruvchi, shirin 
taomlar tayyorlovchi, pand-nasihat beruvchi, yaxshilikka yetaklovchi inson. Lekin 
mening nazarimda, buvi bu – mehr, uzoq o’tmish va kelajak timsoli. Balki, bu 
so’zlarim ko’pchilikka yoqmas, ammo men uchun buvi nomi aziz va mo’tabar. 
Bolalik chog’larimni yaxshi eslayman. Juda ko’p vaqtim, yozgi ta’tilning deyarli har 
kuni buvimnikida, qishloqda o’tardi. Bolaligim buvijonimning keng va qaynoq 
bag’rida yayrab, yashnash bilan o’tdi. Men kundan-kunga ulg’ayib, o’sib borardim. 
Buvijonimning ko’zidan nuri, tanidan kuchi ketib, nurli yuzlari esa ajin bilan 
to’libborardi. 
Buvim men yangi chaqaloq paytimda qandli diabet kasalligiga chalingan 
edilar. Ular shu kasallik bilan o‘n olti yil kurashdilar. Ne-ne og‘riqlar, ne-ne dardlar 
buvimdagi irodani, ulardagi matonatni, tuzalib ketishga bo‘lgan ishonchni sindira 
olmadi. Buvimning oyimga aytgan juda ko‘p gaplarini eslab qolganman. ’’Hayot 
qanchalar shirin ekanligini bilmaysanda, bolam. Unda qancha yashasang ham 
to‘ymaysan, yana yashaging kelaveradi.’’ Buvimning bu gaplari tez-tez qo‘log‘imga 
chalingan. Buvijonim hamma ayollar kabi pazanda, orasta, chevar edilar. Ammo 
ularda insoniylik, rostgo‘ylik, ochiq ko‘ngillik, mehmondo‘stlik, yumshoqfe’llik 
kabi pokiza xislatlar bor edi. Men ulardagi mana shu xislatlarni e’zozlardim. 
Mehmondo‘stliklari uchun keng, ammo oddiygina fayzli xonadonlaridan 
mehmonlarning qadami uzilmas edi. Goho o‘zlarini unutib qo‘ysalarda ammo meni, 
o‘sha ’’Nima olib keldingiz?’’ deya qarab turuvchi nigohni unutmas edilar. O‘tgan 
yili men ham 8-sinfni tugatdim. Imtihonlardan so‘ng qishloqqa yo‘l oldim. Buvim 
endi avvalgilardan-da qarib qolgan edilar. Endi meni ko‘targan o’sha qo‘llarga 
o‘zim tirgak, nuri ketgan ko‘zlarga o‘zim nur bo‘ldim. Buvijonim yuzlarida 
tabassum ko‘rish uchun ularga turli sovg‘alar hadya qilardim. Tunlari buvim ikkimiz 
supa ustida yulduzlarni tomosha qilib yotardik. Men ularni oyoqlarini uqalardim, 
ular esa menga yoshlik chog‘larini gapirib berardilar. Buvimning qaynoq pinjiga 
kirib olib, tong qanday otganini ham bilmay qolardim. Yozgi ta‘til ham tugab, yangi 
o‘quv yili boshlanish arafasida edi. Endi shaharga ketishim kerak, ammo ko‘nglim 
g‘ash, yuragim bezovta edi. Xohlasam ham, xohlamasam ham ketishim kerak. 
Xayrlashish vaqtlari og‘ir. Buvim o’sha kuni meni shunchalar boshqacha 
kuzatdilarki, qo‘llari titrar, ko‘zlaridan yosh oqar, tillari esa menga faqat oq yo‘l 
tilardi. 
Shaharga keldim. Oradan uch kun o‘tdi. Negadir bu kun men uchun juda og‘ir, 
qiyin edi. Qo‘lim hech ishga bormas, kun bo‘yi jizzaki bo‘lib yurdim. Vaqt o‘tib 
yarim tun bo‘ldi. Lekin uyqum kelmas, ko‘nglim nimadandir xijil edi, go‘yo. 
Tungi soat o‘n ikkida to‘satdan telefon jiringlab qoldi. Yuragim borgan sari 
tez urardi. Telefon go‘shagini ko‘tardim. Hech qancha vaqt o‘tmay telefon 


qo‘limdan tushib ketdi. Shovqinni eshitgan ota-onam, akam ’’nima bo‘ldi?’’ deya 
yugurib chiqishdi. Zum o‘tmay’’Buvijoooon’’ deya yig‘lay boshladim. 
Ha, mening eng aziz insonim bu olamni, meni tark etgan edilar. Ammo, men 
ishonmadim. Qalbim ishonmadi, to qishloqqa borgunga qadar. Juma kuni masjidda 
janoza nomozi o’qildi. Masjidga tumonat odam yig’ildiki, hatto ko’pchilik bu yerga 
sig’madi. Shunda bildimki, buvijonim faqatgina men uchun emas, balki, butun 
qishloq ahli uchun qadrli ekanlar. “Yaxshi insonlar bu dunyoni tark etganlaridan 
keyin ham yashaydi” degan so’zlari men uchun isbot bo’ldi. 
Endi bu dunyo menga qorong’u, hayot ma’nosini yo’qotgan edi. Kunlarning 
birida bir tush ko’rdim. Tushimda buvijonim oppoq kiyimda men tomonga qarab 
kelardi. So’ng qo’llarimdan tutdi-yu, oldiga chorladi, peshonamdan o’pib, menga 
uzoq qarab turdi. Qo’limga ikkita non tutqazdi-yu, ”sen qol, men endi ketay, lekin 
shuni unutmaki, men doim sen bilanman”. Shu so’zlarni aytdi-yu , bir zumda g’oyib 
bo’ldi. Ana shunda buvimning menga bo’lgan mehrlari qanchalik kuchli ekanligiga 
guvoh bo’ldim. 
Buvimning hayotlari men uchun ko’z ochib yumguncha o’tib ketdi. 
Buvijonim muslima ayol edilar. Ularni bilar-bilmas ko’p xafa qilganman. Qani endi 
vaqtni ortga qaytarolsam, qani endi ayblarim uchun uzr so’rasam, o’sha og’rigan 
oyoqlarini tinim bilmay uqalasam, hidlarini yana bir bor to’yib-to’yib hidlasam, 
hech bo’lmasa bir kun yana avvalgidek supa ustida buvim bilan uxlasam. Qani endi 
shularni loaqal bittasini qilolsam. Ammo, endi bularni orqaga qaytarib bo’lmaydi. 
Mana, buvimni qora tuproqqa qo’yganimizga ham o’n oy bo’libdi. Agar hozir 
hayot bo’lganlarida oltmish oltinchi bahorni qarshilagan bo’lardilar. Shu so’zlarni 
yozyapman-u, xayolimdan buvim bilan o’tgan eng yorqin damlarim esimga 
tushyapti. Yo’q, bu damlarni unutish gunoh, u insonni unutish gunoh. 
Hayotim malikasi, qalbim quyoshi, malaksiymoyim, mo’tabar insonim, aziz 
buvijonim! 
Yotgan joylaringiz nurlarga to’lsin! 
Siz mening qalbimda, yuragimda mudom barhayotsiz! 
Sizning o’sha nurli nigohingizni har oynaga boqqanimda o’zimda ko’raman. 
Mening qadri osmonim, hali siz istagandek muslima inson bo’laman. 
Buvijon!!! 
UNUTMAYMIZ SIZNI, SIZNI BUVIJON 
Osmon bugun jimjit, osmon yig’laydi, 
Tong otgandek, ammo quyosh chiqmaydi, 
Endi shabboda ham sizsiz esmaydi, 
Oramizdan ketdi eng go’zal bir jon, 
Unutmaymiz sizni, sizni buvijon! 


Qalblar zirqiraydi bu judolikdan, 
Yoshlar tirqiraydi bu judolikdan, 
Odam ishonmaydi bu judolikka, 
Sizning pok ruhingiz biz-la yonma-yon, 
Unutmaymiz sizni, sizni buvijon! 
Xayr, ko’zim nuri, xayr, mehribon, 
Xayr, hushzabonim, xayr, halol inson, 
Borar yo’llaringiz nurlarga to’lsin, 
Zarnigor unutmas sizni hech qachon 
Unutmaymiz sizni, sizni buvijon! 

Yüklə 21,76 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin