Buxoro davlat pedagogika instituti


O‘quvchilarning odob-axloqqa oid majburiyatlari



Yüklə 1,21 Mb.
səhifə16/198
tarix22.10.2023
ölçüsü1,21 Mb.
#159796
1   ...   12   13   14   15   16   17   18   19   ...   198
PEDAGOGIK DEONTOLOGIYA мажмуа

O‘quvchilarning odob-axloqqa oid majburiyatlari.

a) Ta’lim muassasasi hududida:

  • maktabga mashg‘ulotlar boshlanishidan 10-15 daqiqa oldin, toza va orasta kiyingan holda kelish;

  • hududni ifloslantirmaslik va chiqindilarni faqat maxsus belgilangan joylarga tashlash;

  • ustozlar va maktab mehmonlari bilan uchrashganda salom berish;

  • o‘quv mashg‘ulotlari vaqtida hududda sababsiz yurmaslik;

  • ta’lim muassasasi mulki (ko‘char va ko‘chmas mulki, o‘simlik va hayvonot dunyosi va hokazolar)ga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish;

  • maktab yo‘laklarida tinchlikni saqlash;

  • maktabga «Ustav»da belgilangan o‘quvchilar formasida kelish (o‘quvchilarning kiyim boshi toza va ozoda bo‘lishi, o‘quvchi qizlarning sochlari tekis turmaklangan, kalta yubka va oldi haddan tashqari ochiq ko‘ylak kiymasligi, o‘g‘il bolalarning sochlari tekislangan, maktabga shortik va maykada, «zamonaviy moda» deb tizzasi yirtilgan shim, g‘arbning jangari film qahramonlari aks ettirilgan kiyimlarda kelmasligi);

  • maktabga o‘quv-qurollari, dars jadvalida belgilangan o‘quv darsliklari bilan kelish (o‘quvchilar uchun mo‘ljallangan papka tutishi, kundalik daftarining bo‘lishi, darsga to‘liq o‘quv darsliklari bilan qatnashishi, ma’naviyatga zid hamda sifatsiz daftarlardan foydalanmasligi);

  • narkotik va psixotrop moddalar, alkogol va tamaki mahsulotlarining iste’mol qilinishi hamda tarqatilishiga qarshi kurashish.

b) Dars vaqti (sinf xonalari)da:

  • dars jarayoniga xalal beradigan harakatlar qilishdan saqlanish;

  • uyali aloqa vositalarini olib kelmaslik;

  • dars vaqtida o‘rinsiz gaplashmaslik;

  • jihozlarni asrab-avaylash, partalarga yozmaslik;

  • qog‘oz va boshqa keraksiz narsalarni qoldirib ketmaslik;

  • ovqatlanmaslik, saqich chaynamaslik.

  • navbatchi o‘quvchi tomonidan o‘quvchilar davomatini aniqlash va darsga kelmagan o‘quvchilar haqida o‘qituvchiga ma’lumot berish.

v) Tanaffusda:

  • tanaffusdan unumli foydalanish;

  • o‘z o‘qish joyini toza saqlash va tartibga solish;

  • navbatdagi dars bo‘ladigan xonaga ko‘chish;

  • pedagog ko‘rsatmasi bo‘yicha sinfni kelgusi darsga tayyorlash;

  • sinf navbatchisi tanaffus vaqtida sinfda bo‘ladi, sinf xonasida tozalik va tartib saqlaydi, mashg‘ulotlar yakunlangandan so‘ng sinf xonasini toza holatga keltiradi va kelgusi kun mashg‘ulotlariga tayyorlaydi.

g) Maktab oshxonasida:

  • umumiy ovqatlanish shaxobchasida belgilangan tartib-qoidalarga rioya qilish;

  • taomlarni olishda «Navbat» tartibiga rioya qilish;

  • tirbandlik holatida ustozlar, ayollar, yoshi kattalarga hurmat ko‘rsatish;

  • ovqatlanish vaqtida shovqin solmaslik.

  • issiq va suyuq ovqatlarini tanovvul etishda ehtiyotkorlik ko‘rsatish;

  • oshxonadan olingan ovqat va ichimliklarni shu yerda iste’mol qilish;

  • ovqatlangandan so‘ng stolni tozalab qo‘yish.

d) Maktab kutubxonasi va axborot resurs markazida:

  • kutubxona va ARM xodimlari bilan xushmuomalada bo‘lish;

  • kitoblar va jihozlarga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish;

  • baland ovozda so‘zlashmaslik va atrofdagilarga xalaqit bermaslik;

  • qog‘oz, saqich va boshqa chiqindilarni qoldirib ketmaslik;

  • kitoblarni olish va topshirish tartib-qoidalariga rioya qilish.

e) Sport majmualarida:

  • sport majmuasiga xos bo‘lgan kiyim va poyabzallarda kirish;

  • sport inventarlariga nisbatan madaniy munosabatda bo‘lish;

  • mashg‘ulotlardan keyin sport inventarlarini belgilangan joylarga qayta topshirish;

  • sport majmuasining belgilangan tartib-qoidalariga rioya qilish.

j) Shuningdek, turli davralarda:

  • o‘zining namunaviy xulqi va bilimi bilan o‘quvchilik odobi haqida yuksak ijobiy taassurot hosil qilishga intilish:

  • ko‘cha-ko‘yda bemaqsad yurmaslik, kattalarga hurmatda, kichiklarga izzatda bo‘lish, jamoat transportlarida keksa va yosh bolali yo‘lovchilarga joy berish;

  • doimo komillikka intilish, halollik va adolat bilan hayot kechirish kabi olijanob fazilatlarni chuqur anglash;

  • o‘z maktabi manfaati, uning sha’ni va nufuzi to‘g‘risida qayg‘urish, ularni saqlab qolishga jonkuyarlik qilish va ularga hurmat bilan munosabatda bo‘lish.

Jamoa a’zolarining odob-axloqiga oid umumiy qoidalar.

1.1. Umumta’lim maktablarida hamjihatlik, o‘zaro ishonch, hurmat, bir-biriga g‘amxo‘rlik qilish hamda ahil-inoqlik jamoa a’zolarining o‘zaro munosabatlaridagi muhim shartlardir.

1.2. Umumta’lim maktablarida o‘zaro munosabatlarning asosiy tamoyili– bir shaxsning huquqi boshqa shaxsning huquqini paymol qilmasligi lozim. Jumladan:

  • jamoa a’zosining so‘z erkinligi – unga birovga tuhmat qilish, uni haqorat qilish, o‘zaro munosabatlarda umum e’tirof etilgan axloq qoidalarini namoyishkorona mensimaslikda ifodalanuvchi behayo so‘zlardan foydalanish huquqini kafolatlamaydi;

  • e’tiqod erkinligi – ta’lim muassasalarida ibodat qilish, dars vaqtida masjidlarga borish huquqini kafolatlamaydi;

  • kiyinish erkinligi – ta’lim muassasalariga diniy marosim liboslarida hamda tarbiya jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi ochiq-sochiq liboslarda kelish huquqini kafolatlamaydi va hokazo.

1.3. Jamoa a’zolari umumta’lim maktabiga orasta bo‘lib, unga monand kiyimda kelishi lozim. Ularning ta’lim muassasasiga odamlar diqqatini tortadigan, yelka, ko‘krak va qorin, shuningdek tizzadan yuqori qismlari ochiq qoladigan hamda haddan ziyod tor kiyimda yoki diniy ibodat libosida, metall zanjirlar, to‘g‘nog‘ichlar, tanaga turli munchoqlar qadagan holda, sport kiyim va poyabzalida kelishi ta’qiqlanadi.

1.4. Ta’lim muassasasida jamoa a’zosining sha’ni va qadr qimmati hurmat qilinishi, o‘zaro munosabatlarda «Siz» deb murojaat qilish odat tusiga kirishi lozim. Ularning bir-biriga nisbatan hurmatsizlik qilishi, behayo so‘zlar ishlatishi qat’iyan taqiqlanadi.

1.5. Jamoa a’zolari umumta’lim maktablari hududida yurganda bir-biriga o‘zaro hurmatda bo‘lishi, yo‘lning o‘ng tomonidan yurishlari, bir-biriga duch kelganda albatta salomlashishlari kerak. Bunda o‘quvchilar o‘qituvchilarga, erkaklar xotin-qizlarga, yoshlar kattalarga birinchi bo‘lib salom berishlari tavsiya etiladi. (Ushbu holatda qo‘l berib so‘rashish istisno bo‘lib, yoshi katta shaxslar birinchi bo‘lib qo‘l uzatganidan keyingina unga javoban qo‘l uzatish mumkin).

1.6. Binolarga kirish joylarida tirbandlik yuzaga kelsa, o‘quvchilar o‘qituvchi va xodimlarni, erkaklar esa ayollarni o‘zlaridan oldin o‘tkazib yuborishlari lozim.

1.7. Milliy va umumbashariy qadriyatlarga xos bo‘lmagan yoki umumta’lim maktabining ichki muammolariga taalluqli masalalarni Internet tarmog‘iga joylashtirish yoki undan turli maqsadlar yo‘lida foydalanish ta’qiqlanadi.

1.8. Kompyuterlarda ta’lim muassasasiga tegishli bo‘lmagan ma’lumotlarni, shuningdek, turli kinofilmlar, noqonuniy diniy ma’lumotlar, behayo suratlar, milliy, irqiy, etnik, diniy adovatni targ‘ib qiluvchi har qanday materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish va targ‘ib etish qat’iyan man etiladi.

1.9. O‘qituvchilar va o‘quvchilar tasdiqlangan mashg‘ulotlar jadvali asosida ishga va darsga o‘z vaqtida kelishi shart va ijodiy yondoshgan holda ish kunidan va dars jarayonidan unumli foydalanishlari lozim.

1.10. Ta’lim muassasasida har qanday huquqbuzarlik sodir etish ta’qiqlanadi. Jumladan, tuhmat qilish, haqorat qilish, jamoa a’zosiga ma’naviy yoki moddiy zarar etkazishi mumkin bo‘lgan ma’lumotni tarqatish, tan jarohati etkazish, fuqorolik muomalasidan chiqarilgan vositalarga oid munosabatlarga kirishish (giyohvand moddalar, psixotropik vositalar va hokazo), ichkilikbozlik, kashandalik, maishiy tinchlikka tajovuz qilish, janjallashish, qimor va tavakalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlar o‘ynash qat’iyan man etiladi.

  • Pedagog-tarbiyachilarning o‘zaro munosabatlari

2.1. Pedagog-tarbiyachilarning o‘zaro munosabatlarida – yagona jamoa, o‘zaro hurmat va e’tibor, do‘stlik, hamjihatlik, halollik va adolat tamoyillari amal qilishi lozim.

2.2. Pedagog-tarbiyachilar va o‘quvchilar o‘zaro munosabatlarida inson qadr-qimmatiga hurmatsizlik qilish, shaxsiyatini kamsitish, o‘zganing moddiy va intellektual mulkini o‘zlashtirib olish, qo‘pollik, behayo so‘zlar ishlatish, mushtlashish, o‘zgalarga ma’naviy, moddiy yoki jismoniy ziyon yetkazish qat’iyan man etiladi.

2.3. Maktab ma’muriyati va o‘qituvchi-xodimlarning ish faoliyatiga doir masalalar bo‘yicha hamkorlik qilishida bir tarafning boshqa tarafga tazyiq o‘tkazishiga yoki unga harakat qilishiga, shuningdek adolat tamoyillariga va ta’lim muassasasi manfaatlariga zid bo‘lgan qarorlar tayyorlanishiga yo‘l qo‘ymaydi.

2.4. Jamoada biror bir masala bilan ma’muriyatga murojaat qilish tartibi o‘rnatilgan tartibda tashkil etiladi.

2.5. O‘qituvchi va xodimlarning ta’lim muassasasida ma’naviy-axloqiy muhitni yanada yaxshilash bo‘yicha tashabbus va g‘oyalari rag‘batlantiriladi.

2.6. Ma’muriyat o‘qituvchilar va xodimlarning kasbiy va intellektual jihatdan rivojlanishlari uchun qulay ish joyi, zamonaviy kompyuter, internet tarmog‘i, kutubxona fondi va axborot resurslaridan erkin foydalanish, shuningdek hordiq chiqarishlari, dam olishlari, jismonan chiniqishlari uchun barcha sharoitlarni yaratib beradi.

O‘qituvchilarning odob-axloqqa oid majburiyatlari

  • odob-axloq qoidalariga rioya qilishda o‘quvchilarga ibrat bo‘lish;

  • maktab manfaatlariga zid bo‘lgan xatti-harakatlardan o‘zlarini tiyish;

  • biror-bir noxush voqea yoki hodisa ro‘y bersa, zudlik bilan u haqida ma’muriyatga bildirish;

  • umumta’lim maktabining sha’ni va nufuziga dog‘ tushiradigan har qanday holatlarning oldini olish;

  • umumta’lim maktabi to‘g‘risidagi axborotlardan uning manfaatlari va obro‘siga ziyon etkazish uchun yoki o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanmaslik;

  • dars jarayonida o‘quvchilarga odob-axloqqa oid milliy an’analarimiz, urf-odat va qadriyatlarimizni targ‘ib qilish;

  • yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, ularni ichkilikbozlik va giyohvandlik illatlaridan, boshqa turli halokatli tahdidlar hamda jamiyatimiz uchun yot bo‘lgan diniy va ekstremistik ta’sirlardan, past saviyali «ommaviy madaniyat» xurujlaridan ogoh etib borish;

  • ta’lim oluvchilarni ma’naviy – axloqiy tarbiya ishlarning samarali shakllari hamda uslublarini ishlab chiqishga ko‘maklashish.

O‘qituvchi va o‘quvchilar odob-axloqida man etiladigan holatlar

O‘qituvchiga:

  • jamoa a’zolarining shaxsiyatini va qadr-qimmatini kamsitish, o‘zgalarning shaxsiy va oilaviy muammolarini muhokama qilish;

  • jamoa a’zolari va boshqalar ustidan turli ig‘vo, g‘iybat va bo‘htonlar uyushtirish;

  • o‘quvchilar bilan o‘z hamkasabalarining kasbiy va shaxsiy kamchiliklarini muhokama qilish;

  • o‘quvchilarni o‘quv mashg‘ulotlardan asossiz chiqarib yuborish;

  • o‘quv mashg‘ulotlarida diniy tashviqot olib borish;

  • o‘quv mashg‘ulotlariga mast, soch-soqol olinmagan va kiyinish odobiga rioya qilmagan holda kelish;

  • maktab hududida spirtli ichimliklar ichish va tamaki mahsulotlarini chekish kabilar qat’iyan man etiladi.

Rag‘batlantirish va chora ko‘rish tartibi.

3.1. O‘quv yili davomida «Qoidalar»ga to‘la rioya qilgan, ta’lim muassasasida yuksak ma’naviy-axloqiy muhitning yanada qaror topishiga va mustahkamlanishiga xizmat qilgan jamoa a’zolari, ma’muriyat tavsiyasiga binoan amaldagi qonun va qoidalarga binoan moddiy va ma’naviy jihatdan rag‘batlantirilib boriladi. Namunali xulqi va bilim olishda alohida yutuqlarga erishgan o‘quvchilar (ota-onasining ish joyiga, turar joyidagi mahalla qo‘mitasiga minnatdorchilik xatini yuborish, ertalabki saflanishlarda faxriy yorliq yoki iliq so‘z bilan alohida e’tibor ko‘rsatish kabi) rag‘batlantiriladi.

3.2. Jamoa a’zolari ushbu «Qoidalar»ni buzganida, ta’lim muassasasi ichki tartib qoidalarining «Intizomiy ta’sir choralari» bo‘limida keltirilgan holatlar bo‘yicha choralar ko‘riladi.

Shuningdek, jamoa a’zosining xulq-atvori ustidan jamoat nazoratini ta’minlash maqsadida, mazkur qoidalarga rioya etilmaganligi holatlari ta’lim muassasasidagi Birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasi, Xotin-qizlar va «Ota-onalar» Kengashlarida ham muhokama qilinishi va ularning qaroriga binoan jamoa a’zosining xulq-atvori to‘g‘risida u yashab turgan mahalla fuqarolar yig‘iniga ma’lumot tariqasida yozma xabar yuborish amaliyoti ham joriy etilishi mumkin.


O‘zbekiston mustaqilligi yillarida ta’lim tizimining barcha bo’g‘inlari, shu jumladan, ta’lim muassasalari pedagog kadrlarini tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini isloh qilish borasida muhim ishlar amalga oshirildi. Darhaqiqat, doimo yangilikka intilib yashaydigan, o‘z kasbiy salohiyatini oshirish uchun intiladigan, zamon bilan hamnafas bo‘lib yashaydigan, jahon ilg‘or tajribalaridan keng foydalanadigan, millat, xalq, o‘z jamoasi manfaatlarini har tomonlama muhofaza eta oladigan kadrlar, shuningdek pedagog kadrlar jamiyat ravnaqini ta’minlashga qodirdir.
Jumladan, bu borada Birinchi Prezidentimiz I.A.Karimov 2015 yil 1 oktyabr o‘qituvchilar kuni munosabati bilan yo‘llagan tabriklarida shunday fikrlarni bayon etadi: “Bu borada oliy o‘quv yurtlari rahbar va pedagog kadrlarning kasbiy darajasi va malakasini muttasil oshirib borish, ularni zamonaviy talablar asosida qayta tayyorlashning takomillashtirilgan tizimini joriy etish maqsadida shu yil qabul qilingan Farmon bu ishlarni yangi sifat bosqichiga ko‘tarishga zamin bo‘ladi, deb ishonaman.
Ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar davomi sifatida yana shuni aytishimiz mumkinki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti SH.M.Mirziyoevning “Yoshlarni ma’naviy – axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta’lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarish chora – tadbirlari to‘g‘risida”gi 2018 yil 14 avgusdagi PQ 39-07 sonli qarori qabul qilinib, unga muvofiq 2018 yil 1-sentyabrdan boshlab umumta’lim maktablari o‘qituvchilarining oylik maoshlari oshirildi.
SHuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti SH.M.Mirziyoyevning 05.09.2018 yildagi “Xalq ta’limini boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi PF-5538 Farmoni Xalq ta’limi tizimini boshqarishning samarali mexanizmlarini joriy etish, o‘sib kelayotgan yosh avlodni ma’naviy-axloqiy va intellektual rivojlantirishni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishning eng muhim sharti hisoblanadi, shuningdek, o‘quv-tarbiya jarayonida ta’limning innovatsion shakllari va usullarini qo‘llashga ko‘maklashadi.
O‘zbekiston respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasida “Uzluksiz ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, sifatli ta’lim xizmatlari imkoniyatlarini oshirish, mehnat bozorining zamonaviy ehtiyojlariga mos yuqori malakali kadrlar tayyorlash siyosatini davom ettirish” ta’lim va fan sohasini rivojlantirish muammolari ko‘ndalang qo‘yilgan.
O‘z davrida buyuk alloma Alisher Navoiy o‘zining “Mahbub-ul qulub” didaktik asarida o’qituvchi xalq oldida obro‘ga, hurmat va izzatga sazovor bo’lishi kerakligini, u xalq g‘ami bilan yashashini, xalqqa yordam beruvchi, xalq bilan birga bo’lishi lozimligini aytadi. Nodon, mutaasib, johil mudarrislami tanqid qilib, mudarris olimlar orasidagi eng sara “malak qiyofali” kishi bo’lishi, ya’ni sof ko‘ngilli, pok qalbli, insofli, karam-muruvvatli, odobli, vafoli, kishilikning eng yaxshi va oliyjanob hislatlarini o‘zida aks ettiruvchi bo’lishi kerak deydi. Ayniqsa, madrasalarda ta’lim-tarbiya bilan shug‘ullanuvchi mudarrislarga jiddiy talablarni qo‘yadi: “Mudarris kerakki, g‘arazi mansab bo‘lmasa va bilmas ilmni aytishga urinmasa, manmanlik uchun dars berishga havas ko‘rgazmasa va olg‘irlik uchun gap-so‘z va g‘avg‘o yurgizmasa, nodonlikdan sallasi katta va pechi uzun bo‘lmasa, gerdayish uchun madrasa ayvoni unga bosh o‘rin bo‘lmasa, yaramasliklardan qo‘rqsa va nopoklikdan qochsa...
... nainki, o‘zini olim bilib, necha nodonga turli xil fisq ishlarni qilish mumkin, balki halol desa, qilmas ishlarni qilmoq undan sodir bo‘lsa va qilar ishlarni qilmaslik unga qoida va odat bo’lib qolsa, bu mudarris emas, yomon odatni tarqatguvchidir”.
Demak, mudarris bilimli, fozil va donishmand bo’lishi, kishilikning eng yaxshi fazilatlarini o‘zida mujassamlashtirgan oliyjanob va kamtarin bo’lishi, har qanday yaramas ishlardan xoli va pok bo’lishi, o‘z xulqi va odobi bilan boshqalarga namuna bo’lishi lozim.
Ushbu vazifalarning hal etishi pedagogdan yuksak kompetentlikni talab etadi.
Ta’limda yangi tadqiqot yo‘nalishi bo‘lgan kompetentli yondashuvning paydo bo‘lishi hamda xorijiy pedagogik va metodik manbalarda «kompetentlik» va «kompetensiya» tushnchalari 1960 yillarning oxiri 1970 yillarning boshlarida paydo bo‘ldi va oliy ta’lim muassasalarida ta’lim oluvchilarning kasbiy tayyorgarligi nazariyasi va amaliyotiga keng kirib bordi.

Yüklə 1,21 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   12   13   14   15   16   17   18   19   ...   198




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin