Siddiq Rajabov hayoti va faoliyati hamda uning pedagogika fani rivojiga qo’shgan hissasi. Siddiq Rajabov 1910 yili 1-aprelda Qozog’iston Respublikasining Avliyoota (hozirgi Taroz) shahrida tavallud topdi. U shu shaharda to’liqsiz o’rta maktabni tugatib, 1926 yili Farg’ona pedagogika texnikumiga o’qishga kiradi.Texnikumni 1930 yili tugatadi. Shu oraliqda, 1928-29 yillarda Qashqadaryoning G’uzor tumanidagi olis bir qishlog’ida ochilgan maktabda o’qituvchilik qiladi. 1930 yili Farg’ona pedagogika institutiga o’qishga kiradi. Institutni tugatgach, 1934-37 yillarda O’zbekiston pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot instituti aspiranturasida o’qiydi. 1935 yili yangidan ochilgan Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika insitutining pedagogika kafedrasiga o’qituvchi qilib ishga qabul qilinadi. Urush yillarida “Qizil O’zbekiston” gazetasining ma’sul kotibi bo’lib ishlaydi.
Siddiq Rajabov 1947-1963 yillarda Nizomiy nomidagi TDPIning pedagogika kafedrasi mudiri lavozimida, 1960-1966 yillarda esa O’zbekiston pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot institutining direktori lavozimida ishlaydi. 1966 yili Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika institutiga ishga qaytadi va shu institutning umumiy pedagogika kafedrasiga 1990 yilgacha mudirlik qiladi.
S.Rajabov XIX asr va XX asr boshlarida Buxoroda maktab va maorif taraqqiyoti bo’yicha ilmiy izlanishlar olib borib, 1941 yili nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi. Siddiq Rajabov pedagogika fanlari bo’yicha nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan birinchi o’zbek olimidir. 1917-1957 yillardagi O’zbekiston maktablari tarixini o’rgangan olim, shu mavzuga bag’ishlangan doktorlik dissertatsiyasini Moskvada himoya qildi va 1958 yili birinchilardan bo’lib pedagogika fanlari doktori ilmiy darajasini oldi.
Olimning qalamidan chiqqan ilmiy maqolalarda yoshlarni insoniylikka, mehnatga, vatanparvarlikka tarbiyalash mavzusi keng o’rin oldi. Pedagog-olim birqancha risolalarida K.D.Ushinskiy, L.N.Tolstoy, N.K.Krupskaya, A.S.Makarenko va H.H.Niyoziylarning pedagogik qarashlari va faoliyatlarini yoritib berdi. 1960 yili unga professor ilmiy unvoni berildi.
1968 yili professor Siddiq Rajabov Pedagogika fanlari akademiyasining akademigi bo’lib saylandi. S.Rajabov pedagogika sohasi bo’yicha O’zbekiston Respublikasi tarixidagi yagona akademikdir.
Akademik Rajabov Sharq donishmandlarining pedagogik merosini o’qib-o’rganish va keng ommaga tanitishda juda katta ishlarni amalga oshirdi. Ayniqsa, o’zi boshi-qoshida yurib, 1986 yili rus tilida “O’zbek pedagogik fikrlar antologiyasi” kitobini Moskvaning “Pedagogika” nashriyotida chop ettirishi O’zbekiston fanida juda katta yutuq bo’ldi. Hamdo’stlik davlatlaridan birnechtasigina bunday salmoqli pedagogik asarni chop ettira olganini hisobga olsak, Siddiq Rajabov pedagogika fani tarixini beqiyos manbalar bilan to’ldirgan juda katta vatanparvar olimdir.
Olimning yana bir katta mehnati YA.A.Komenskiyning “Buyuk didaktika” asarini rus tilidan o’zbek tiliga tarijima qilishni tashkil etishi bo’ldi. S.Rajabovning mas’ul muharriligida professor Malla Ochilov bu kitobni tarjima qilib, 1975 yili nashr ettiridi.
Siddiq Rajabov butun umri davomida pedagogika fanining rivojlanishiga xizmat qildi. Olimning O’zbekistonda pedagogika fanining rivojlanishiga qo’shgan eng katta hissasi, bu albatta, pedagogika oliygohlari talabalari uchun “Pedagogika” darsligini chop ettirishi bo’ldi. Olim darslikning redaktsiyasini boshqardi, birnechta qismlarini o’zi yozdi, 1962, 1966 va 1981 yillarda qayta-qayta to’ldirib, nashr ettirdi.
O’zining ilmiy-pedagogik faoliyati davomida olim yosh tadqiqotchilarga hamisha yordam berib keldi. S.Rajabov o’zoq yillar davomida pedagogika fanlari bo’yicha ilmiy daraja beradigan ixtisoslashtirilgan Kengashni boshqarib, nafaqat O’zbekiston, balki Markaziy Osiyo davlatlari uchun ham olimlar tayyorlab berishda juda katta xizmat qildi. Akademik Rajabov 7 nafar fan doktori, 130 nafar fan nomzodini tayyorladi.
O’zbekistonda pedagogika fanining rivojlanishiga qo’shgan juda katta xizmati uchun S.Rajabovga 1964 yilda“O’zbekiston Respublikasida xizmat ko’rsatgan fan arbobi” unvoni berildi. Birqancha orden va medallar bilan taqdirlandi.