2.OʻZBEKISTON FERMER XOʻJALIGI IQTISODIYOTIDA OLIB BORILGAN ISLOHOT NATIJALARI
Oʻzbekistonda olib borilayotgan iqtisodiy islohotlarning oʻziga xos xususiyatlaridan biri – ularning keng qamrovli va serqirraligi bilan ajralib turadi. Bunda albatta, mamlakat maʼnaviyati, madaniyati va oʻziga xos mentaliteti hamda hozirgi kunda xalq manfaatlaridan kelib chiqib amalga oshirilishida namoyon boʻladi. Zero, ijtimoiy yoʻnaltirilgan bozor munosabatlariga asoslanuvchi, barqaror rivojlangan va samarali iqtisodiyotni barpo etish koʻplab sohalarda, shu jumladan, agrar sohadagi tub oʻzgarishlarning amalga oshirilishini taqozo etadi.
Agrar sohadagi iqtisodiy islohotlarning vaqt oʻtishi bilan takomillashuvi yangi tipdagi xoʻjalik yuritish shakllarini vujudga keltirish vazifasining hal etilishini ham oʻz tarkibiga oladi. Bunda asosiy maqsad har bir shaklning oʻziga xos xususiyati, iqtisodiy tabiati, turli muammo va ziddiyatlarni hal etish borasidagi imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda tashkil etish va rivojlantirishdan iborat. Aynan shu holatlar Prezidentimiz Sh.Mirziyoevning “Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qishloq xoʻjaligi ekin maydonlaridan samarali foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi farmonida ham oʻz aksini topgan.
Qishloq xoʻjaligining barqaror rivojlanishi undagi har bir tuzilmaning samarali faoliyatiga bogʻliq boʻlib, qay bir xoʻjalik yuritish shaklini keng rivojlantirish zarurligi masalasiga ham birinchi navbatda samaradorlik nuqtayi-nazaridan yondashish talab etiladi. Toʻgʻri, aksariyat hollarda iqtisodiy samaradorlik bilan bir vaqtning oʻzida ijtimoiy masalalar – ish bilan bandlikning taʼminlanishi, yetarli darajadagi daromadga ega boʻlish, ijtimoiy taʼminlanganlik va boshqa muammolarni hal etishga eʼtibor qaratish lozim boʻladi. Biroq, shunday holatlarda ham bu shakllarning iqtisodiy samaradorligini nazardan qochirmaslik, ularga ustuvorlik berishda taqqoslama afzallik tamoyillaridan foydalanish maqsadga muvofiq hisoblanadi.
Ushbu tamoyillaridan kelib chiqqan holda, yuqorida tilga olingan farmonda koʻp tarmoqli fermer xoʻjaliklarini xoʻjalik yuritishning tashkiliy-huquqiy shakllari sifatida belgilanib, rivojlanish ustuvorligi kelajakda asosiy qishloq xoʻjalik mahsuloti ishlab chiqaruvchisi, uni qayta ishlovchi, realizatsiya qiluvchi va sotuvchiga aylanuvchi fermer xoʻjaliklariga qaratilgan. Chunki, aynan fermer xoʻjaliklarida mavjud iqtisodiy resurslardan oqilona va tejamli foydalanib, yuqori darajadagi samaradorlikni taʼminlash ustun ravishda amalga oshadi.
Taʼkidlash joizki, fermer xoʻjaliklarining imkoniyatlari jahonning koʻplab rivojlangan mamlakatlari qishloq xoʻjaligi tajribasidan maʼlumki, aynan fermer xoʻjaligining iqtisodiy tabiati agrar sohaning oʻziga xos xususiyatlariga muvofiq tushib, ishlab chiqaruvchining manfaatdorligini taʼminlash borasida boshqa xoʻjalik yuritish shakllari ichida yetakchi oʻrin tutadi. Bu esa oʻz navbatida ushbu soha doirasida olib boriladigan tadqiqotlar zaruriyatini va mavzularning dolzarbligini belgilaydi. Tahlil va natijalar Qishloq xoʻjaligi mamlakat aholisining oziq-ovqat, iqtisodiyot boshqa tarmoqlarining xomashyo mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojlarini qondirishning muhim manbayi hisoblanadi. Mazkur tarmoq ishlab chiqarish samaradorligini oshirish iqtisodiyotning dolzarb masalalardan biri boʻlib kelmoqda.
Iqtisodiyotdagi har qanday xoʻjalik faoliyati muayyan xoʻjalik yuritish shakllari orqali amalga oshiriladi. Shunga koʻra, tarmoq yoki faoliyat turidan qatʼi nazar, barcha xoʻjalik yuritish shakllari iqtisodiy mazmuni namoyon boʻlishining umumiy tamoyillari mavjud. Bunday tamoyillar sifatida quyidagilarni koʻrsatish mumkin: - muayyan mulkchilik munosabatlarini mujassamlashtirish va amalga oshirish; - mulk egasining iqtisodiy manfaatlarini roʻyobga chiqarishiga imkon yaratish; - xoʻjalik aʼzolari oʻrtasidagi manfaatlar mushtarakligi va oʻzaro muvozanatini taʼminlash; - ishlab chiqarishning yuqori darajadagi samaradorligiga erishishga intilish; - xoʻjalik aʼzolarining vazifalari, huquq va majburiyatlarining taqsimlanishi jihatidan oʻzaro muvofiqlikni taʼminlash. Ushbu tamoyillarni roʻyobga chiqarish darajasi, usul va vositalariga koʻra xoʻjalik yuritish shakllari bir-biridan farqlanadi.
Xoʻjalik yuritish shakllarining turlichaligiga iqtisodiyot tarmoqlarining oʻziga xos xususiyatlari ham taʼsir koʻrsatadi. Jumladan, agrar sohadagi mavjud shakllar qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishida muhim oʻrin tutuvchi tabiiybiologik omillarni ham toʻliq eʼtiborga olishni talab etadi. Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish imkoniyatlaridan foydalanish uchun amaldagi xoʻjalik yuritish shakli oʻzida erkinlik, mahalliy xususiyatlarni hisobga olish, xoʻjalik yuritish chora-tadbirlari, uddaburonlik va tadbirkorlik, bozor aloqalari, raqobat va boshqa jihatlarini mujassamlashtirishi lozim. Aks holda, tarmoqning ichki imkoniyatlaridan toʻliq foydalanilmay, natijada ishlab chiqarish samaradorligi koʻrsatkichlari pasayishiga olib kelishi mumkin.
Mamlakatimiz aholisi hayotining farovonligi, qishloq xoʻjaligining istiqboldagi taraqqiyoti fermer xoʻjaliklarining har tomonlama rivojlanishi bilan bogʻliq. Zero, xoʻjalik yuritishning bu shakli rivojlangan mamlakatlarning uzoq davrli tajribasida oʻzining samaradorligi, raqobatbardoshligi, bozor konyunkturasiga tez moslasha olishi kabi xususiyatlarini namoyon eta oldi. Shu bois, Oʻzbekistonda ham fermer xoʻjaliklarining rivojlanishiga katta eʼtibor qaratilib, ular faoliyatining zarur iqtisodiy shart-sharoitlari yaratilmoqda va imkoniyatlar eshigi ochilib, me’yoriy-huquqiy asoslari takomillashtirilmoqda. Qishloq xoʻjaligi iqtisodiyotida olib borilayotgan islohotlar va tarkibiy oʻzgarishlar amalda oʻz ifodasini topgan holda mahsulot ishlab chiqarish hajmi yildan-yilga oshib bormoqda.
Oʻzbekiston agrar sektori: asosiy muammolar, xususiyatlar, islohotlar zaruriyati
«Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi davlat tomonidan eng koʻp boshqariladigan iqtisodiyot tarmoqlaridan biri hisoblanadi. Katta yirik qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilari — dehqonlarning mulk huquqi juda zaif himoyalangan. Ularning faoliyatini tartibga solish usullari aslida sovet oʻtmishidan olingan, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining koʻp turlari, ishlab chiqarish resurslari va sektor uchun xizmatlar ishlab chiqilmagan. Qishloq xoʻjaligi sektori islohotga muhtoj boʻlib qolmoqda», — deydi iqtisodchi Yuliy Yusupovning CABAR.asia gazetasida chop etilgan maqolasida.
Qishloq xoʻjaligi — Oʻzbekiston iqtisodiyotining yetakchi tarmoqlaridan biri. 2018-yilda qishloq xoʻjaligining Oʻzbekiston yalpi ichki mahsulotidagi ulushi 28,8 foizni tashkil qildi (bu va boshqa joylarda, agar boshqa ilova keltirilmagan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi maʼlumotlari).
1-rasm. Oʻzbekiston YAIMning tarmoqlar boʻyicha tarkibi 2018-2020 yilda.
2018-yilda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining 53,2 foizi oʻsimlik mahsulotlarini, 46,8 foiz chorvachilik mahsulotlarini tashkil etdi. 2017-yilda qishloq xoʻjaligida 3,7 million kishi ish bilan taʼminlandi (jami ish bilan taʼminlanganlarning 27,2 foizi). Mamlakat aholisining deyarli yarmi qishloq joylarida yashaydi (2019-yil 1-yanvar holatiga koʻra Oʻzbekistonda 33,25 mln. kishi, shu jumladan, qishloq joylarda 16,45 mln kishi (aholining 49,5 foizi) yashaydi).
Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yilda O‘zbekiston yalpi ichki mahsulot (YAIM) hajmi 580,2 trln so‘mni tashkil qildi. 2019 yil bilan solishtirganda o‘sish 1,6% ni tashkil qilgan. Unga ko‘ra, mahsulotlarning qiymati 341,5 trln so‘m, xizmatlar esa 194,4 trln so‘mni, shuningdek, soliqlar 44,3 trln so‘mni tashkil qildi. Aholi jon boshiga hisoblangan YAIMning hajmi esa 16,9 mln so‘mni tashkil qilgan. Bu 2019 yilgigaqaraganda 0,3 foizga balandroq. Eslatib o‘tamiz, 2020 yil aprelida Jahon banki O‘zbekiston YAIMining o‘sish darajasi 1,6% bo‘lishi kutilayotgani haqida xabar bergan edi. Keyinchalik Jahon banki O‘zbekiston YAIM hajmining o‘sishi bo‘yicha prognozini 1,6 foizdan 1,5 foizgacha pasaytirdi. Shuningdek, yanvar oyi boshida Jahon banki O‘zbekiston YAIM hajmi 2021 yil 4,3%ga, 2022 yilda 4,5% ga o‘sishi kutilmoqda deya xabar berdi.
Shu bilan birga, qishloq xoʻjaligi iqtisodiyotning eng koʻp boshqariladigan tarmoqlaridan biri hisoblanadi. Katta yirik qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilari, dehqonlarning mulk huquqi oʻta himoyasiz, ularning faoliyatini tartibga solish usullari, de fakto sovet oʻtmishidan olingan, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari va ishlab chiqarish resurslari hamda sektor uchun xizmatlar bozori ishlab chiqilmagan. Qishloq xoʻjaligi sektori islohotga muhtoj boʻlib qolmoqda. Oʻzbekiston ikki yil davomida tizimli iqtisodiy islohotlar kursini aniqlagan boʻlsada, qishloq xoʻjaligida deyarli oʻzgarish yoʻq.
Dostları ilə paylaş: |