O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining tuzilishi (1995-2004 -yillar) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi o‘zining shakllanishi, o‘z faoliyatini tashkil etish tartibotlari, ish yuritish mazmun-mohiyati bilan yangi, zamonaviy parlament bo‘lib, avvalgi Oliy Kengashdan butunlay farq qiladi. Birinchidan, mustaqillikkacha bo‘lgan davrda Respublika Oliy Kengashi rasman O‘zbekiston davlat hokimiyatining oliy organi deb hisoblansa-da, u qonun chiqarishda mustaqil emasdi, markaz tomonidan qabul qilingan qonunlarni O‘zbekiston sharoitiga moslashtirar edi, xolos. Oliy Majlis esa mustaqil O‘zbekiston davlatining oliy vakillik organi bo‘lib, qonun chiqaruvchi hokimiyatni mustaqil amalga oshiradi. Oliy Majlis faoliyatida xorijiy davlatlarning parlamentlari bilan hamkorlik qilish yo‘lga qo‘yildi. Ikkinchidan, mustaqillikdan oldin Oliy Kengash sayloviga hokimiyat organlari tomonidan yakka-yu yagona nomzod tavsiya etilardi va saylanardi. Oliy Majlisga esa deputatlar saylovi ko‘ppartiyaviylik va muqobillik asosida o‘tkaziladi. Oliy Majlis vakillik hokimiyatini vujudga keltirishning jahonda e’tirof etilgan demokratik tamoyillari asosida shakllandi. Uchinchidan, avvalgi saylovlarda Oliy Kengashni shakllantirish jarayonida ishchilar, kolxozchi dehqonlar, ziyolilarning o‘rni va soni oldindan belgilab qo‘yilar edi. Oliy Majlisga saylovlarni tashkil qilishda sinfiy yondashuv nodemokratik tamoyil sifatida rad etildi. Oliy Majlis deputatlari turli partiya va harakatlarning vakillaridan iborat nomzodlar orasidan muqobillik asosida saylanadi. Respublika fuqarolari saylovlarda, nomzodlarning ijtimoiy kelib chiqishini emas, aksincha, ularning ishchanlik sifatlarini va saylovoldi dasturlarining mazmun-mohiyatini inobatga olib ovoz berish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. To‘rtinchidan, mustaqillikkacha bo‘lgan davrda Oliy Kengash professional parlament shaklida faoliyat yuritolmas edi. Uning vazifalarini Oliy Kengash Prezidiumiga saylangan kichik bir guruh deputatlargina doimiy ishlab amalga oshirardilar, xolos. Oliy Majlis faoliyatida esa deputatlarning bir qismi doimiy (professional) asosda ishlamaydi. Deputatlarning ko‘pchilik qismi esa oldingi xizmat vazifalarini deputatlik vakolati bilan qo‘shib olib boradi, saylovchilari bilan yaqindan aloqada va muloqotda bo‘ladi. Deputatlar saylovchilarga Oliy Majlisda qanday qonunlar muhokama qilinayotgani va qabul etilayotgani haqida xabardor qilib turadi, hayotning qaynoq nuqtalarida aholi bilan birga bo‘ladi. Shuningdek, Respublika ommaviy axborot vositalari ham Oliy Majlis faoliyati bilan aholini tanishtirib boradi. Butadbirlar xalqning huquqiy madaniyatini, siyosiy ongini yuksaltirishga, islohotlarning sobitqadamlik bilan amalga oshishiga, jamiyatda ijtimoiy-siyosiy barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi. Oliy Majlis sessiyalarida xorijiy mamlakatlar diplomatiya korpuslarining, xalqaro tashkilotlarning vakillari, chet el ommaviy axborot vositalarining O‘zbekistonda akkreditatsiya qilingan jurnalistlari hozir bo‘lish imkoniyati mavjud. Mustaqillik yillarida Oliy Majlisning xalqaro parlamentlar bilan aloqalari o‘rnatildi va chuqurlashdi.
O‘zbekiston Milliy parlamentida Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar bo‘yicha guruh tuzildi, respublikaning Parlamentlararo ittifoq, Yevropa Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Parlament assambleyasi va Yevroparlament bilan aloqalari yo‘lga qo‘yildi. Oliy Majlis “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1996-1999- yillarga mo‘ljallangan faoliyat dasturi” ni ishlab chiqdi va respublika parlamenti huzuridagi Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti tashkil etildi. Bu chora-tadbirlar Oliy Majlis faoliyatining barcha asosiy yo‘nalishlarini qamrab olishga, qonunchilikni yangi pog‘onaga ko‘tarishga ko‘maklashmoqda. O‘zbekiston parlamentining birinchi sessiyasida ta’sis etilgan Inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman) instituti xalqaro amaliyotni o‘rganish asosida ishlab chiqilgan va Oliy Majlis Rayosati tomonidan tasdiqlangan Nizom asosida faoliyat olib boradi. Oliy Majlis vakili huzurida 1995- yilda tuzilgan Fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga rioya etilishi bo‘yicha maxsus komissiyasi faoliyat yuritmoqda. Parlamentning sakkizinchi sessiyasida 1997-yil 24 - aprelda qabul qilingan “Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida” gi Qonun muhim hujjatlardan biri. U respublikada insonning shaxsiy huquq va erkinliklari, fuqarolarning ijtimoiy huquqlari himoya qilinishini huquqiy jihatdan ta’minlashga xizmat qilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 83- moddasida qonunchilik tashabbusi huquqiga ega bo‘lgan subyektlar aniq belgilab qo‘yilgan. Qonunchilik tashabbusi huquqiga O‘zbekiston Res-publikasining Prezidenti, o‘z davlat hokimiyatining oliy organi orqali Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Oliy Majlis deputatlari, Vazirlar Mahkamasi, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy Sudi, Oliy Sudi, Oliy xo‘jalik sudi va Bosh prokurori egadirlar. Qonunlar loyihalarini ko‘rib chiqish, tayyorlash jarayonida partiya fraksiyalari va deputatlar bloklari, Oliy Majlisning tegishli qo‘mita va komissiyalarining butun tarkibi faol qatnashadilar. Parlament sessiyalariga tayyorgarlik ko‘rish qanday borayotganligi ommaviy axborot vositalari orqali muntazam yoritib boriladi.
Qonunlar loyihalarini nazariy va amaliy jihatdan mukammalroq, puxtaroq ishlab chiqish maqsadida ular haqida tegishli vazirliklar va idoralar, konsernlar, uyushmalar va mehnat jamoalarining xulosalari olinadi, xalqaro tashkilotlarning ekspertizasidan o‘tkaziladi. Sessiya muhokamasiga kiritiladigan barcha qonun loyihalari bo‘yicha bildirilgan takliflar, fikr-mulohazalar, ekspert xulosalarini Oliy Majlis Raisi va uning o‘rinbosarlari huzurida tegishli qo‘mitalar, partiya fraksiyalari rahbarlari va ekspertlar ishtirokida puxta va atroflicha muhokama etish yo‘lga qo‘yildi. Qonun loyihasini tayyorlashga bunday yondashuv, ularning puxta va sifatli bo‘lishiga ijobiy ta’sir etmoqda. Sessiyalar ishida O‘zbekiston Prezidentining bevosita ishtiroki, uning qonunlarni ishlab chiqish jarayonini yanada yaxshilashga muttasil e’tibor berishi O‘zbekiston parlamenti faoliyatining takomillashib borishida, qabul qilinayotgan qonunlarning samaradorligini oshirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Birinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi 1995-1999- yillarda 15 ta sessiya o‘tkazdi. Sessiyalarda 10 ta kodeks, 2 ta milliy dastur, 145 qonun, 452 qaror qabul qilindi. Amaldagi qonunlarga jami 216 ta qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritildi. Shuningdek, Oliy Majlis 70 ta xalqaro shartnomani ratifikatsiya qildi (tasdiqladi), xalqaro konvensiyalarga qo‘shilish to‘g‘risida 58 ta qaror qabul qildi. Birinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining yakunlovchi XV sessiyasida Prezident Islom Karimov ma’ruza qilib, uning faoliyatiga yuksak baho berdi: “Eng muhimi, birinchi chaqiriq asosida tashkil topgan parlamentimiz faoliyatining asosiy mezoni shundan iboratki, o‘tgan davr mobaynida ko‘ppartiyaviylik shakllangan, turli harakatlar, jamoat birlashmalari siyosat maydoniga chiqqan, turli ijtimoiy toifa va tabaqalar vujudga kela boshlagan murakkab bir sharoitda, Oliy Majlis hokimiyatning boshqa tarmoqlari bilan hamkorlikda jamiyatimizda siyosiy muvozanatni, tinchlik va barqarorlikni saqlab turishda ishonchli omil bo‘ldi”. (Islom Karimov. Vatan ozodligi - oliy saodat. Asarlar, 8- jild, 60- bet.)
Birinchi chaqiriq respublika Oliy Majlisining 1999- yil 19-20 - avgust kunlari bo‘lib o‘tgan o‘n beshinchi sessiyasi ikkinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputatlari saylovini 1999- yil 5 - dekabr kuniga belgilash to‘g‘risida qaror qabul qildi. Ikkinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylovda 7 ta subyektbeshta siyosiy partiya, hokimiyat vakillik organi va saylovchilarning tashabbuskor guruhlaridan jami 1010 nafar nomzod qatnashdi. 1999- yil 5- dekabr kuni bo‘lgan saylovlarda nomzodlardan birontasi ham yetarli ovoz ololmagan 66 ta saylov okrugida 19 - dekabr kuni takroriy saylov tashkil etildi. Saylovlar aholining faol ishtiroki va yuqori siyosiy ko‘tarinkiligi bilan o‘tdi, jami 25 -0 nafar vakil deputat etib saylandi. Natijalar O‘zbekistondagi saylovlar xalqaro tan olingan demokratik saylov tizimi, uning huquqiy bazasiga to‘la, mos ravishda, chinakamiga muqobillik asosida bo‘lib o‘tgan-ligidan dalolat beradi. Ikkinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2000 - yil 22 - yanvar kuni bo‘lib o‘tgan birinchi sessiyasining birinchi majlisida hokimiyat vakillik organlaridan saylangan 111 kishidan iborat deputatlar bloki, Xalq-demokratik partiyasidan saylangan 48 kishidan, “Fidokorlar” milliy-demokratik partiyasidan saylangan 34 kishidan, “Vatan taraqqiyoti” par-tiyasidan saylangan 20 kishidan, “Adolat sotsial-demokratik” partiyasidan saylangan 11 kishidan va “Milliy tiklanish” partiyasidan saylangan 10 kishidan iborat deputatlar fraksiyalari, saylovchilar tashabbuskor guruhlaridan saylangan, 16 kishidan iborat deputatlar bloki ro‘yxatga olindi. Bu holat Oliy Majlis tarkibida faoliyat yuritadigan partiya fraksiyalari va bloklari sonining ilgarigiga nisbatan ancha ko‘payganligini ko‘rsatadi. Bu, o‘z navbatida, Oliy Majlis faoliyatining yanada qizg‘in o‘tishi, xilma-xil fikrlar, qarashlar bildirilishi, qonunlarning yanada pishiq-puxta tayyorlanishi uchun imkoniyatlarni kengaytirdi. Mazkur sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining quyidagi qo‘mitalari va komissiyalari tashkil etildi: • Budjet, bank va moliya masalalari qo‘mitasi.
• Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi.
• Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi.
• Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va oziq-ovqat qo‘mitasi.
• Sanoat, qurilish, transport va aloqa masalalari qo‘mitasi.
• Iqtisodiy islohotlar va tadbirkorlik masalalari qo‘mitasi.
• Ijtimoiy masalalar va bandlik qo‘mitasi.
• Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi.
• Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi.
• Matbuot va axborot qo‘mitasi.
• Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi.
• Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi.
• Yoshlar ishlari komissiyasi (mazkur komissiya ikkinchichaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2000 - yil 30-31 - avgust kunlari bo‘lgan uchinchi sessiyasi qarori bilan “Yoshlar ishlari qo‘mitasi” shaklida qayta tuzildi).
• Reglament, odob va deputatlar faoliyatining ta’minoti komissiyasi.
• Oila va ayollar muammolari komissiyasi.
• Normativ-huquqiy atamalar komissiyasi.
Ikkinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi o‘zining tarkibiy tuzilishi va unda faoliyat yuritayotgan partiya fraksiyalari va deputatlar uyushgan bloklar soni jihatidan birinchi chaqiriq Oliy Majlisga nisbatan anchagina yangilandi. Qabul qilinayotgan qonunlarning mazmun-mohiyati ham yanada mukammallashdi. Bu mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarning tobora chuqurlashib borayotganligidan kelib chiqadigan tabiiy holdir. Ikkinchi chaqiriq Oliy Majlis qo‘mitalari va komissiyalarining tarkibiy tuzilishi, uning faoliyatida 5 ta partiya fraksiyalari va 2 ta deputatlar blokining faol ishtiroki milliy parlamentni rivojlantirishda yangi bosqich bo‘ldi. Prezident Islom Karimov tashabbusi bilan mamlakatimiz aholisining yarmidan ziyodini tashkil etgan yoshlarning manfaatlari, intilishlari, muammolarining yechimlarini topishga yo‘naltirilgan “Yoshlar ishlari komissiyasi”ning tuzilishi va keyinroq uning “Yoshlar ishlari qo‘mitasi”ga aylantirilishi parlamentning bu dolzarb masalaga e’tiborini, mas’uliyatini oshirdi. Parlament tarkibida “Oila va ayollar muammolari komissiyasi”ning tuzilishi oilani mustahkamlash, xususan, yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy mavqeyini ko‘tarish bilan bog‘liq bo‘lgan muammolarning huquqiy yechimlarini topish va amalga oshirish imkoniyatlarini yanada kengaytirdi.
Oliy Majlis tarkibida “Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi” ning tuzilishi va yangi qonunlar ishlab chiqishdagi faoliyati ijtimoiy-siyosiy hayotni erkinlashtirish jarayonini tezlashtirishga ko‘maklashdi. O‘zbekistonning mustaqil taraqqiyoti davrida respublika bir palatali parlamenti yangi jamiyat qurishning ishonchli huquqiy asoslarini yaratuvchi 446 ta dan ortiq qonun, 10 ta kodeks, 2 ta milliy dastur va mingdan ortiq qarorlar qabul qildi. Yuqorida qayd etilgan raqamlardan ko‘rinib turibdiki, respublika parlamenti bir palatali bo‘lsa-da, qonun chiqarish jarayoni ancha jadallik bilan bordi. Birinchi galda hayotning o‘zi talab qilayotgan eng kerakli qonunlar ishlab chiqildi va qabul qilindi. Natijada, mustaqillik munosabati bilan dastlabki paytda vujudga kelgan huquqiy bo‘shliq tezroq to‘ldirildi. Respublika parlamenti jamiyatimizda siyosiy muvozanatni, tinchlik va barqarorlikni saqlab turishda ishonchli omil sifatida faoliyat yuritdi. Qabul qilingan qonunlar turkumini ularning mazmuniga ko‘ra besh yo‘nalishga bo‘lish mumkin. Birinchi yo‘nalishga – O‘zbekistonning Davlat mustaqilligini mustahkamlash, demokratik-huquqiy davlat asoslarini yaratish, davlat boshqaruv tizimini yangilashga doir qonunlar kiradi. Mazkur qonunlar jamiyatimizda xalq hokimiyati, qonun ustuvorligi tamoyillarining qaror topishiga, shaxs erkinligi va huquqlarining himoya qilinishiga xizmat qilmoqda. Yangi qonun hujjatlari, bir tomondan, mamlakatimizda ma’muriy-buyruqbozlik tizimining hukmronlik qilishiga chek qo‘yish, ikkinchi tomondan, milliy davlatchiligimizning eng yaxshi an’analari, o‘zbek xalqining ma’naviy-madaniy qadriyatlarini tiklash, uchinchi tomondan, xalqaro huquq normalarini hamda umum e’tirof etilgan demokratik va insonparvarlik qadriyatlarini inobatga olish yo‘lida rivoj topdi.
Respublika parlamenti jamiyatimizda siyosiy muvozanatni, tinchlik va barqarorlikni saqlab turishda ishonchli omil sifatida mustahkamlandi. Prezident Islom Karimov 2000 - yil 25 - may kuni ikkinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiningikkinchi sessiyasida ikki palatali parlament tuzish g‘oyasini ilgari surdi. Bu demokratik islohotlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish tamoyiliga mos ravishda respublika parlamentini ikki palatali asosda yanada takomillashtirishni nazarda tutgan g‘oyadir. 2001- yil 6-7 - dekabr kunlari bo‘lib o‘tgan ikkinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining yettinchi sessiyasida ikki palatali parlament tuzish masalasi muhokama qilindi. Sessiya ikki palatali professional parlament faoliyati uchun eng zarur bo‘lgan omil – yuqori malakali siyosatshunoslar, yuristlar, iqtisodchilar korpusi shakllanib yetilganligini, jamiyatimizda huquqiy madaniyat darajasining ortganligini inobatga oldi va parlamentni ikki palatali qilib tuzish zarur, degan xulosaga keldi.