Buxoro viloyati Romitan tumani



Yüklə 0,57 Mb.
səhifə5/5
tarix23.02.2020
ölçüsü0,57 Mb.
#30516
1   2   3   4   5
Ahmad Yassaviy REFERAT

AHMAD YASSAVIY


Ahmad Yassaviy hazratlari turk dunyosining eng mashhur shaxsiyatlaridandir. Farididdin Attor uni "Piri Turkistoniy" ("Turkiston piri") deb atagan edi. Buyuk Navoiy "shayxul mashoyix" ("shayxlar shayxi") deb nomlaydi. O'z yurtida esa "hazrati sultonim" deydilar. Yassaviyning hayoti va faoliyati haqidagi ma'lumotlar juda oz. Borlari ham rivoyat va afsonalarga qorishib ketgan. Buning ustiga, Yassaviy ijodi O'zbekistonda mustaqillikdan keyingina o'rganilmoqda. Bu borada birinchi manba, tabiiyki, uning "Devoni hikmat" asaridir. Shuningdek, Yassaviy xalifasi Sulaymon Boqirg'oniyning "Hakim ota kitobi", Navoiyning "Nasoyim ul-muhabbat", Fazlulloh Ro'zbehxonning "Mehmonnomayi Buxoro", Xizr ibn Ilyosning "Manoqibi Hoji Bektoshi valiy", Avliyo Chalabiyning "Sayohatnoma", Husomiddin Bulg'oriyning "Tavorixi Bulg'oriya", Haziniyning "Javohir ul-abror" kitoblarida ham adib haqida ozmi-ko'pmi ma'lumotlar berilgan. Yassaviy haqidagi ma'lumotlarni birinchi marta to'plab, jiddiy tadqiq qilgan turkiyalik olim Muhammad Fuod Ko'pruluzoda bo'lgan edi. U 1918- yilda "Turk adabiyotida ilk mutasavviflar" degan kitobini e'lon qildi. Abdurauf Fitrat 1927 - yilda Yassaviy va uning ijodiy qiyofasi haqida maqola yozdi. 1972- yilda esa prof. E. Rustamovning ,,Ahmad Yassaviy hikmatlarida tarix va hayot sadosi" maqolasi ("O'zbek tili va adabiyoti" jurnali 4-5- sonlar) chop etilgach, sho'ro idoralari tomonidan muallif boshiga turli savdolar tushdi. 1991- yildan keyingina uning hikmatlarini va u haqdagi tadqiqotlarni nashr etish keng yo'lga qo'yildi. Hozirda Yassaviy ijodi birgina O'zbekiston yoki Qozog'istondagina emas, jahon turkologlari tomonidan keng miqyosda o'rganilmoqda. Ahmad Yassaviy hozirgi Qozog'iston Respublikasining Chimkent viloyatiga qarashli Sayram shahrida tug'ilgan. Sayram (Saryom) O'rta Osiyoning qadim shaharlaridan. Bir vaqtlar " Isfijob" , "Madinat ul-bayzo" (Oq shahar) nomlari bilan mashhur bo'lgan. Tarixi miloddan oldingi zamonlarga borib taqaladi. Alisher Navoiy Ahmad Yassaviyning tug'ilgan yerini Yassi deb ko'rsatadi. Yassi bugungi Turkiston shahrining qadimgi nomidir. Uning Yassaviy taxallus - nisbasi, ayrim she'rlarida bunga ishoralar borligi, ehtimol, Navoiyni shunday fikrga kelishga undagan bo'lishi mumkin. Lekin Yassaviy hayoti va ijodini qiyoslab o'rgangan mutaxassislar uning Sayramda tug'ilgani haqiqatga yaqinroq, deb hisoblaydilar. Yassaviyning tug'ilgan yili ham aniq emas. Manbalar uning Yusuf Hamadoniy qo'lida o'qiganligini tasdiqlaydi. Shunga qaraganda, Ahmad Yassaviy XI asrning ikkinchi yarmida tug'ilgan. Chunki Yusuf Hamadoniyning tavallud sanasi 1048- yildir. Ahmad Yassaviyning otasi Ibrohim shayxlik martabasida edi. Uning hazrati Ali avlodlaridan bo'lganligini naql qiladilar. Onasi Oysha shayx Ibrohimning shogirdlaridan bo'lgan Musa shayxning qizidir. Ahmad oilada ikkinchi farzand bo'lgan. Opasining oti Javhari Shahnozdir. Juda yoshlik paytlarida ota-onasi vafot etib, yetim qoladi. Opasi bilan birgalikda Yassiga keladi. Arslonbob degan shayx qo'lida tarbiya topadi. Yosh Ahmadning Arslonbob bilan uchrashuvi voqeasi rivoyatlarga ko'milgan. Ularga ko'ra, Arslonbob payg'am­barimiz as'hoblaridan bo'lib, to'rt yuz yil yashagan. U Muhammad payg'ambarning Yassaviyga atab bergan omonatlari - bir dona xurmoni necha yuz yillar tishining kovagida asrab keladi va yetti yashar Ahmadga topshirib, bolaning tarbiyasini o'z zimmasiga oladi. Ma'lumotlarga ko'ra, Ahmad Yassaviy Arslonbob vafotidan keyin, taxminan 1110- yillardan boshlab Buxoroda o'qiydi. Mashhur Yusuf Hamadoniydan tahsil oladi. Uning xalifasi (yordamchisi), izdoshi darajasiga ko'tariladi. Manbalarga ko'ra, Yusuf Hamadoniy vafotidan keyin uning o'rniga birinchi xalifa shayx Abdulloh Barqiy ko'tariladi. U vafot etgach, ikkinchi xalifa shayx Hasan Andoqiy, uning o'limi (1160- yil) dan so'ng esa, uchinchi xalifa Ahmad Yassaviy irshod (rahbar)lik mavqeyini egallaydi. So'ng bir "ishorati g'aybiya" (ilohiy ishorat) bilan o'z o'rnini to'rtinchi xalifa Abduxoliq G'ijduvoniyga topshirib, Yassiga qaytadi va vafotiga qadar u yerda irshodlik maqomida bo'ladi. Ahmad Yassaviyning pirlik maqomi shu darajada yuqori ediki, xalq orasida: "Madinada Muhammad, Turkistonda Xoja Ahmad",- degan naql paydo bo'ladi. 

1 "Bob" qo'shimchasi asli "bobo" so'zidan bo'lishi kerak. Alisher Navoiy "Nasoyim ul-muhabbat"da Farg'onada "ulug' mashoyix"ni "bob" deb aytishlarini ma'lum qiladi. 2 As'hob-suhbatdosh, yaqin maslakdosh. 


Ahmad Yassaviyning necha yil umr ko'rgani haqida turlicha fikrlar mavjud. Ba'zilar 63 yoshda vafot etgan desalar, ayrimlar bu sanani 73, yana birlari 85 deb ko'rsatadilar. Ko'pruluzopa 120, rus turkologi V. A. Gordlevskiy 125 deb belgilaydilar. Bunday xulosa chiqarishga uning hikmatlari ham ma'lum darajada asos beradi. Masalan, bir hikmatida shunday satrlar bor: 

Eranlardan fayz-u futuh ololmadim,


Yuz yigirma yoshga kirdim, bilolmadim, 
Haq taolo toatlarin qilolmadim, 
Eshtib, o'qub yerga kirdi Qul Xoja Ahmad. 

Har holda buyuk so'fiyning 1166- yilda Yassida vafot etgani aniq, tug'ilgan yili esa noma'lum. Qabri Yassi - Turkistonda. 1396-1397 - yillarda Amir Temur uning qabrini ziyorat etib, ustiga maqbara qurdiradi. Maqbara hozir ham ulkan ziyoratgohdir. Ahmad Yassaviy bir o'g'il, ikki qiz ko'rgani ma'lum. O'g'lining oti Ibrohim bo'lib, yoshlik paytlarida vafot etgan. Qizlari – Gavhari Shahnoz va Gavhari Xushnoz. Xo'ja Ahmad Yassaviyning hozirgacha yashayotgan avlodlari Gavhari Shahnoz ismli qizidan tarqalgan. Yassaviy nomi turk dunyosida ikki jihatdan shuhrat topgan:

1. Pir, karomatlar ko'rsatgan avliyo.
2. Shoir, hikmatlar muallifi.

Alisher Navoiy u haqda shunday yozadi: "Xoja Ahmad Yassaviy Turkiston mulkining shayxul mashoyixidir. Maqomoti oliy va mashhur, karomoti matavoli (hayratlanarli) va nomahsur (chegarasiz) ermish. Murid-u as'hobi (do'st, suhbatdoshi) g'oyatsiz va shoh-u gadoning irodat va ixlosi ostonida nihoyatsiz ermish. Imom Yusuf Hamadoniyning as'hobidindur... Va aning mazori Turkistonda, Yassi degan yerdaki, aning mavlid va manshaidur, voqe' bo'lubdur va Turkiston ahlining qiblai duosidur". Rivoyatlarda Yassaviy dunyoning turli tomonlariga yoyilib ketgan to'qson to'qqiz ming murid, o'n ikki ming yon-atrofida yuruvchi suhbatdosh do'stlar va ko'plab xalifalarga ega bo'lgani naql qilinadi. Birinchi xalifasi Arslonbobning o'g'li Mansur ota bo'lib, u vafot etgach (1197), o'g'li Abdulmalik, so'ng uning o'g'li Tojxo'ja, Tojxo'janing o'g'li Zangi ota vaqti bilan irshodlik qilishgan. Xorazmlik Said ota (1218-19- yilda vafot etgan) uning ikkinchi xalifasi, Hakim ota (Sulaymon Boqirg'oniy) esa uchinchi xalifasi edi. Yassaviyning karomatlari haqida ko'plab rivoyatlar yuradi. Ularning birida Xizr bilan ko'p martaba suhbatdosh bo'lgani naql qilinadi. Xizr unga "Har kun yetti iqlimni kezaman va har iqlimdan bir suhbatdosh izlayman. Lekin shu paytgacha, senday qobiliyatli va asl suhbatdoshga duch kelmadim",- degan ekan. Bir kuni "shayx ul-mashoyix"ni juma namozida uchratmagan muxoliflari uning ustidan har xil ig'volar to'qib, yurt podshohiga chaqadilar. Podshoh taftish buyuradi. Tekshirib ko'rsalar, Ahmad Yassaviy ba'zan juma namozini Makkaga borib o'qib kelar ekan... Bu xil rivoyatlar ko'p. Sohibqiron Amir Temurning unga alohida muhabbat qo'yganligi bejiz emas. Uning farmoni bilan hazrat qabri ustiga gumbazining balandligi 30, aylanasi 40 gazlik ulkan maqbara qurildi. Unga vaqf yer ajratilib, daxlsiz deb e'lon qilindi. Jahongir 1402- yilning boshida mashhur Rum safari oldidan Turkiston shayxlaridan tumor yozdirib ketgan. "Voqeoti Temur" degan kitobda keltirilishicha, Anqara jangida buyuk jahongir piri murshidning: 

Yaldo kechani sham'i shabiston etgon, 
Bir lahzada olamni guliston etgon,
Bir mushkul ishim tushubdur, oson etgil, 
Ey, barchani mushkulin oson etgon
satrlarini yetmish marta yoddan o'qigan ekan.

Buyuk mutasavvuf Ahmad Yassaviy turkiy xalqlar orasidan yetishib chiqqan birinchi so'fiy, tasavvufning buyuk vakilidir. "Yassaviya" tariqatining asoschisidir. Tasavvuf esa Sharq olamining keng tarqalgan falsafasidir. Tasavvufning asosida Allohni anglamoq yotadi. Alloh haqdir, haqiqatdir. Uni oddiy odamning jo'n aqli bilan anglash mumkin emas. Buning uchun ustoz, pir kerak. Chunki bu dunyoda o'z holingcha to'g'ri yo'lni topish g'oyat qiyin. Bu boradagi birdan-bir to'g'ri yo'l tariqatdir. Tariqat deganining o'zi ham "yo’l, "usul" degan ma'nolarni bildiradi. "Devoni hikmat"da o'qiymiz: 

Tariqatga siyosatlig' murshid kerak,


Ul murshidga e'tiqodlig' murid kerak,
Xizmat qilib pir rizosin topmoq kerak,
Mundog' oshiq haqdin ulush olur ermish.

Tariqat shariatning davomidir. Yassaviy aytmoqchi, shariat imonning po'sti bo'lsa, tariqat uning mag'zidir. Shariat uning zohiri bo'lsa, tariqat botinidir. Birini ikkinchisisiz tasavvur qilib bo'lmaydi. Shariat islomda rioya qilinishi lozim bo'lgan diniy qoidalar yig'indisidir. Tariqat shularni anglamoq yo'lidir. Ahmad Yassaviy turkiy xalqlar orasidan chiqqan birinchi mutasavvifgina emas, yangi bir tariqatning asoschisi hamdir. Bu tariqat uning nomi bilan "Yassaviya" deb ataladi. Tariqat o'zining quyidagi qoidalariga ega: )

1. Murid o'z pirini barchadan afzal bilmog'i va unga o'z ixtiyorini to'la topshirmog'i lozim.
2. Murid o'z pirining barcha ramz va ishoralarini mukammal anglay olishi kerak.
3. Murid o'z pirining barcha so'zlari hamda ishlariga sodiq va fidoyi bo'lishi lozim.
4. Murid o'z pirining barcha topshiriqlarini chaqqon, sidqidildan bajarib, uni hamisha rozi qilib yurmog'i shart. Chunki Alloh rizosi unga bog'liqdir.
5. Murid o'z so'ziga sodiq, va'dasida mustahkam bo'lib, piriga nisbatan ko'nglida biror shubhaga yo'l qo'ymasligi kerak.
6. Murid Alloh yo'lida butun mol-u mulkini o'z piriga nisor etmoq uchun doimo tayyor turmog'i lozim.
7. Murid o'z pirinlng barcha sir-asrorini bilgani holda uni boshqalarga bildirishni xayoliga ham keltirmasligi, do'stiga do'st, dushmaniga dushman bo'lib yashamog'i shart.
8. Murid o'z pirining mushkulotlarini oson qilmog'i, pand-u nasihatlarini bajo keltirmog'i lozim.

Pir (shayx) ham o'z navbatida shunga munosib bo'lishi kerak. "Piri turkistoniy"ning "Faqrnoma" asarida bu boradagi shunday fikrlariga duch kelamiz: "Shayx uldurkim, niyoz (tortiq) olsa, mustahiq (muhtoj)larg'a, g'arib bechorag'a bergaylar. Agar olib, o'zi yesa, murdor (harom) et yemishdek bo'lg'ay. Agar to'n qilib kiysa, ul to'n to'zg'uncha haq taolo namoz, ro'zasini qabul qilmag'ay va agar olg'an niyozidin non qilib yesa, haq taolo oni do'zaxda turluk azobg'a giriftor qilg'ay: Va agar. andog' shayxga har kishi e'tiqod qilsa, kofir bo'lg'ay. Andog’ shayxlar mal'un turur. Oning fitnasi Dajjoldin badtar, shariatda, tariqatda, haqiqatda, ma'rifatda murtad (dindan qaytishlik) turur. Ey tolib, agar haqni talab qilib topay desang, andog' pirga qo'l bergilkim, shariatda orifi billoh (Allohni tanuvchi) bo'lsa, tariqatda voqifi asror (sirlardan xabardor) bo'lsa, haqiqatda komil-u mukammal bo'lsa, ma'rifatda daryoyi ummon bo'lsa, saodat bo'lg'ay. Agar murid shariat ilmini bilmasa, shariat ilmini anga o'rgatg'ay. Agar tariqatda holi voqe' bo'lsa, tariqat ilmi birlan yo'lg'a solg'ay va haqiqat siridin muridga yo'l ko'rsatgay. Ma'rifatda jazabai haq paydo qilg'ay". Yassaviy mutasavvif - pir sifatida ilm-fanga alohida e'tibor qildi. Prof. E. Rustamovning ma'lumot berishicha, Yassaviy o'z masjidi tepasiga "Talabul ilm farizatun ala kulli muslimin va muslimatin" ("Ilm talab qilish har bir musulmon erkak va ayol uchun farzdir") degan hadisni yozdirib qo'ygan ekan. Tarixchi olimlar bu mashhur hadisni XV asrda Mirzo Ulug'bek ham Buxoroda qurdirgan madrasasi peshtoqiga yozdirganligini xabar beradilar. "Yassaviya" tariqatining ikkinchi nomi "jahriya"dir. "Jahr"­oshkor qilmoq, baland ovoz bilan o'qimoq degani. "Devoni hikmat"da shunday satrlarga duch kelamiz:

Mani hikmatlarim ko'plarg'a ayting, 
Duo-takbir qilib, rahmatga boting, 

Agar hikmat o'qusa ayuhannos, 


Erur farzand manga ul tolibi xos. 

Muallif "duo-takbir"ga, "hikmatlarni ayuhannos o'qish"ga e'tibor qaratadi. Boshqacha aytganda, darveshlikni, qalandarlikni Allohni tanishdagi asosiy vosita deb biladi. Turkistondagi darveshlik - qalandarlik tarixi Ahmad Yassaviy nomi bilan bog'lanadi. Ular islom g'oyalari bilan sug'orilgan hikmatlarni dunyoning to'rt tomoniga yoydilar. Turkiyalik mutaxassislar Onado'li sarhadlarida turk islom davlatining maydonga kelishida, umuman, bu o'lkaning musulmonlashuvida qalandarlarning xizmatlari katta bo'lgan, deydilar. Ayni paytda, ular xalqimizning keng qatlamlari orzu-istaklarini ifoda etdilar. Xususan, mol-dunyo, davlat-u saltanat, kibr-u havo va manmanlikni tark etib, faqirona umr o'tkazishga so'zda va amalda harakat qildilar. O'z zamonida u davrning eng ilg'or harakatiga aylangan. Ularning atrofiga eng sog'lom kuchlar yig'ilgan. Masalan: 1898- yilgi Andijonda boshlangan milliy-ozodlik qo'zg'olonining harakatlantiruvchi kuchlari qalandarlar edi. Ularning tilida faqat Allohning hamd-u sanosigina emas, har qan­day zo'ravonlikka qarshi isyon ham bor edi. 1898- yilgi qo'zg'olonda ular faol ishtirok etganligi uchun Chor hukumati tomonidan qalandarlikning rasman taqiqlanganligi ham bejiz emas. 



Devoni hikmat. Hikmatlar Ahmad Yassaviy merosini jamlagan asardir. Ular Hikmatlarga "Qul Xoja Ahmad", "Xoja Ahmad Yassaviy", "Ahmad ibn Ibrohim", "Sulton Xoja Ahmad Yassaviy", "Yassaviy miskin Ahmad", "Miskin Yassaviy", "Xoja Ahmad", "Ahmad", "Ahmadiy", "Qul Ahmad", "Miskin Ahmad" kabi taxalluslar qo'yilgan. Ahmad Yassaviyning bizgacha yetib kelgan asari "Devoni hikmat"dir. "Devoni hikmat" - hikmatlar to'plami demakdir. Devon "Faqrnoma" deb atalgan so'zboshi bilan boshlanadi. "Faqrnoma" faqirlik ta'rifiga bag'ishlangan. Tasavvufda mol­dunyoga hirs qo'yish qattiq tanqid qilinadi, faqirlik ulug'lanadi. Faqirlik qashshoqlik, miskinlik emas. Bu tushunchalar bir-biridan farq qiladi. Faqir o'z kundalik tirikchiligigagina yetarli ozuqasi bor, muhtojligi yo'q kishi, lekin unda ortiqcha narsa bo'lmaydi. Qashshoqning esa kundalik ehtiyojiga ham ozuqasi yo'q. Hazrati Muhammad tilidan aytilgan bir gap bor: "Al-faqru faxri" (Faqirlik faxrimdir). Rivoyat qiladilarki, payg'ambarimiz me'rojga chiqqanlarida, Alloh taolo u kishiga faqir qiyofasida ko'ringan emish. Faqirlikning bunday ulug'lanishida chuqur ma'no bor. Mol­dunyoga hirs qo'yish, avvalo, uni harom-halol, qonuniy-qonunsiz yig'ishga yo'l ochadi. Bunda kimningdir haqqiga xiyonatga, zulm-zo'ravonlikka imkon qoladi. Ikkinchidan, bu mol-dunyo egasini kibr-u havoga, manmanlikka boshlaydi. Shu sababli, faqirlikka mumtoz adabiyotimizda alohida mavqe' -martaba berilgan. Bunda, shubhasiz, hadislarning ta'siri katta bo'lgan. Adabiyot ko'proq bu boradagi hadislarni sharhlash yo'lidan borgan. Mana bu boradagi ayrim hadislar: "Har ummat uchun bir fitna sababi bor. Ummatimning fitnasi mol-dunyodir", "Faqirlar bilan birga o'tirib­

turish kamtarlik va ustun bir fazilatdir", "Allohim, meni faqir o'laroq yashat va faqir o'laroq o'ldir" va hokazo. Xullas, "faqir" tasavvufda mol-dunyoga o'ch bo'lmaslik, zohiran yo'qsil hayot kechirish, Allohga yetishish uchun qilinadigan xatti - harakat va bosib o'tiladigan maqomlarni ifodalovchi atama bo'lib qoldi. "Faqrnoma" esa, mana shu maqomlarni o'zida aks ettiradi. Tasavvufda muridning tilagi haqqa yetmoq, Alloh vasliga erishmoqdir. Buning uchun solik, ya'ni tariqatning yo'liga kirgan kishi, boshqacha aytganda, faqir muayyan bosqichlarni bosib o'tishi kerak. Bular: shariat, tariqat, ma'rifat, haqiqat. Yassaviy "Faqrnoma"sida keltirishicha, ularning har birida o'ntadan, jami qirq maqom bor. Bu maqomlarning birinchisi musulmonlikning birinchi shartidan "haq taolo"ning birligiga, borligiga va zotiga imon keltirmoqdan boshlanib, qirqinchisi "hazrati rabbil izzatni topish" - Alloh visoliga yetishish bilan yakun topadi. "Faqrnoma"da shular haqida gap ketadi. "Devoni hikmat" atamasidagi"hikmat" so'zi ham teran ichki ma'noga ega bo'lib, muayyan talqinni talab etadi. Ilohiyotchi 

1. Islomda hazrati Muhammad payg'ambarning Buroq nomli ot minib arshi a'loga Alloh huzuriga ko'tarilishlari voqeasi bor. Shunga me'roj deyiladi.

mutaxassislarning aniqlashicha, "hikmat" Qur'oni karim oyatlarida payg'ambarimizning haq yo'lni ko'rsatuvchi va'zlariga nisbatan qo'llanilgan ekan. Lug'atlarda esa, hikmat ilm va adolatni o'z ichiga oluvchi, borliq haqiqatini anglatuvchi ma'rifiy so'z, odat va axloqqa xos kalima, sirli sabab kabi ma'nolarni anglatishi aytiladi. Shulardan kelib chiqib, ayrimlar uni "diniy-tasavvufiy o'ziga xos so'z" deb ta'rif qiladilar. Xalq jonli tilida ham bu so'z juda ko'p uchraydi. Aksariyat hollarda tajribadan kelib chiqqan ibratli so'z ma'nosini anglatadi. Yassaviy hikmatlari islom g'oyalarini, birinchi navbatda shariatni targ'ib va tashviq qiluvchi she'riyatdir. Shariat esa Qur'onga, hadisga tayanadi. Demak, bu she'rlar Qur'on va hadislarning o'ziga xos sharhlaridin Tasavvufning eng yuqori bosqichi - haqiqat. Shariat - shu yo'lning birinchi bosqichi. Tariqat undan keyin keladi. Shariatsiz tariqatga - Alloh tomon yo'l izlashga o'tib bo'lmaydi. Undan keyin ma'rifat - Allohni tanish bosqichi keladi. Nihoyat, orif inson haqiqatga erishishi, ya'ni Yaratganning jamoliga yetishishi mumkin. Falonchi haqqa yetgan deyilsa, tariqatning oliy bosqichiga etishgan, demoqchi bo'ladi. Bu bosqichlar o'zaro chambarchas bog'liqdir. Shariat hali din, xolos. Unda talab qilingan narsalar ko'p emas: Allohni tanish, unga imon keltirish, namoz, ro'za, zakot, haj, amri ma'ruf (shariat buyurgani)ni bajarish, nahyi munkar (taqiqlaganidan tiyilish), hilm (muloyimlik), ilm olish. Tasavvuf tariqatdan boshlanadi. Tariqat deganining o'zi yo'l degani. Bu Allohni anglashning, uni qalb ko'zi bilan tanishning boshlanishidir. Bu tavba, pirga qo'l berish, xavf (qo'rquv), rajo (umid), tajrid (ortiqcha narsalardan xoli bo'lish), tafrid (uzlatga chekinish) kabilar orqali amalga oshadi. Hikmatlardan birida shunday deyiladi:

Tariqatga shariatsiz kirgonlarni,
Shayton kelib imonini olur ermish,
Ushbu yo'lni pirsiz da'vo qilg'onlarni,
Sarson qilib aro yo'lda qo'yar ermish. 
Tariqatga siyosatlig' murshid kerak, 
Ul murshidg'a e'tiqodlig' murid kerak,
Xizmat qilib pir rizosin topmoq kerak,
Mundoq oshiq haqdin ulush olur ermish. 

Devondagi bir qator hikmatlar muallifning tug'ilganidan oltmish uchga kirguniga qadar, ya'ni payg'ambar yoshiga yetgach, uzlatga chekinib, yer ostidan joy qilib tushib yotgunigacha bo'lgan hayotining tavsifiga bag'ishlangan. Ularni tasahluf she'riyatining sir-asroridan bexabar o'quvchining birdaniga tushunib olishi qiyin. Masalan, unda shunday satrlar bor:

To'qqiz oy-u to'qqiz kunda yerga tushdim, 
To'qqiz soat turolmadim, ko'kka uchdim, 
Arshu kursi poyasini borib quchdim... 
Bir yoshimda arvoh menga ulush berdi, 
Ikki yoshda payg'ambarlar kelib ko'rdi, 
Uch yoshimda chilton kelib holim so'rdi... 
To'rt yoshimda haq Mustafo berdi xurmo, 
Yo'l ko'rsatdim, yo'lga kirdi, necha gumroh, 
Qayga borsam Xizr bobom manga hamroh... 
Besh yoshimda belim bog'lab toat qildim... 
Olti yoshda turmay qochdim xaloyiqdan... 
Yetti yoshda Arslon bobom izlab topdi... 
Sakkizimda sakkiz yondin yo'l ochildi...

Bu tarjimayi hol ramziy, albatta. Muallif tug'ilish deganda qayta tug'ilishni, ya'ni tariqat yo'liga kirgan paytini ko'zda tutadi. Bu taxminan uning balog'at yoshiga to'g'ri keladi. Yana bir qator hikmatlarida esa umrning qisqaligi, uni mazmundor o'tkazishga chaqirish aks etgan. Shoir mol-dunyoga hirs qo'yganlarni, aysh-ishratga berilganlarni tanqid ostiga oladi. Ayniqsa, u hukmdorlarga, davlatmandlarga shafqatsiz:

Dunyo meni mulkum degan sultonlarg'a, 
Olam molin sonsiz yig'ib olg'onlarg'a, 
Aysh-u ishrat birla mashg'ul bo'lg'onlarg'a, 
O'lim kelsa, biri vafo qilmas ermish. 

Dunyoning adolati bor. Adolatli tosh-u tarozisi bor. Halollik bilan kelmagan mol-davlat vafo qilmaydi. Qanday kelgan bo'lsa, shunday ketadi. Harom, yolg'on jazosiz qolmaydi. Shu bois, vijdon bilan halol yashash kerak. Dunyo moliga hirs qo'yib, boylik yig'gan kishi o'limtik bilan kun kechiradigan qushga o'xshashi poetik timsol orqali beriladi:

Dunyo mening deganlar, jahon molin olg'onlar, 
Karkas qushdek bo'lubon ul haromga botmishlar.

Shariatni o'z manfaati yo'lida xizmat qildirmoqchi bo'lgan din ahli, garchi ularning og'zidan Alloh nomi tushmasa-da, o'zlariga do'zaxdan joy tayyorlaydilar:

Mullo, mufti bo'lg'onlar, yolg'on da'vo qilg'onlar, 
Oqni qaro qilg'onlar, ul tamug'ga kirmishlar. 

Yassaviy jamiyatning boshqaruvchi, o'zgalarning taqdiriga ta'sir ko'rsatuvchi odamlarning halolligi, to'g'riligi o'ta muhim ekanligini, adolatsiz hukmdorlar jazosiz qolmasligini g'azal shaklida bitilgan hikmatida birma-bir ko'rsatib beradi:

Harom yegan hakimlar, rishva olib yegonlar,
O'z barmoqin tishlabon qo'rqub-ko'rub qolmishlar. 

Shoir oqibatni o'ylashga undaydi. Chunki kishi besh kunlik yolg'on dunyoda qanday yashamasin, nimalarga egalik qilmasin, oqibat qaro yer qa'riga hech narsasiz kiradi:

Totlig'-totlig' yegonlar, turlik-turlik kiygonlar, 
Oltun taxtda o'lturgonlar tufroq aro yotmishlar. 

Yassaviy bugunni emas, ertani o'ylab ish tlitish lozimligini esga soladi. Mutasavvuf buni shunchaki o'git yo'sinida aytmaydi, balki ta'sirli va esda qoladigan shaklda ifoda etadi. Shoirning boshqa bir hikmati ham shunga hamohang tarzda bitilgan. Odam dunyo moliga aldanmasligi lozim. U o'zigagina tegishli bo'lgan ma'naviy jihatlarning yuksak bo'lishiga intilishi zarur:

Beshak biling, bu dunyo barcha eldan o'taro, 
Inonmagil molingga, bir kun qo'ldin ketaro. 

Hazrati Yassaviy kishini fikrlashga, insofga chorlaydi. Insofga kelmoq, vijdonga muvofiq yashamoq uchun o'ylab ko'rish, haq yo'lni nohaqdan ajratib olish lozimligini uqtiradi. Buning uchun odam juda bo'lmasa, o'z yaqinlari taqdiriga nazar tashlashi, ulardan xulosa chiqarishi lozim:

Oto-ono, qarindosh, qayon ketti, fikr qil, 
To'rt ayog'lig' cho'bin ot bir kun sanga yetaro. 

Valiy shoir o'z qarashlarini bayon etibgina qolmay, balki fikrlarining esdan chiqmaydigan, xotiraga mixlanib qoladigan, kutilmaganda yodga tushadigan shaklda ifodahmishiga ham e'tibor qiladi. Buning uchun g'oyat musiqiy tarzda tugallanuvchi qofiya, to'rt oyoqlik yog'och ot singari she'riy unsurlardan ustalik bitan foydalanadi. Shoir odamlarga mohiyatni izlash, unga yetishishga urinish lozimligini ta'kidlaydi: 

Dunyo uchun g'am yema, haqdin o'zgani dema.
Kishi molini yema, sirot uzra tutaro. 

"Oqni qaro qilish" rostni yolg'onga, haqni nohaqqa chiqarishdir. Undaylarning; joyi - "tamug'" (do'zax). "Kishi molini" yesang, birovning haqiga xiyonat qilsang, oxiratda javobi bor. U "sirot" ya'ni qil ko'prikda tutadi. G'azalning keyingi bayti haqqoniyligi, musiqiyligi, yuqumliligi bilan kishini o'ziga rom etadi. Yolg'on dunyoning qiyofasini, uning tinimsiz xiyonatlarini bilib turgan solik - "g'arib bosh"ga berilgan taskin juda ishonarli: 

Ahli ayol, qarindosh hech kim bo'lmaydur yo'ldosh, 
Mardona bo'l g'arib bosh, umring yeldek o'taro. 

Hikmatlarning talay qismi ishq va oshiq haqida. Ulardagi ishq va oshiqning mazmuni tasavvufning mohiyatidan kelib chiqadi. Bu ishq Allohga bo'lgan ishqdir. Bu ham asli Qur'onga borib taqaladi. Qur'on oyatlaridan birida "Biz hammamiz Allohdanmiz va unga qaytguvchimiz" deyiladi. Demak, tasavvuf she'riyatidagi hijron tasviri Allohdan ayriliqni ifoda qiladi. Ishtiyoq va intilish unga yetishish shavqini anglatadi. Ishqsizlik Allohni tanimaslik sifatida baholanadi:

Vodarig'o, ishq yo'lida jonni bermay, 
G'avvos bo'lib, daryo ichra guhar termay, 
Haqdin o'zga maqsadlarni yiroq solmay, 
Tong-la borsa, nadomatlar chandon bo'lur... 

Demak, shoir fikricha, chinakam hayot oshiqona hayotdir. Qolgani - bekor. Ishqsiz kimsalarning "ham joni yo'q, ham imoni". Shu sababli, Yassaviy hazratlari "Ishq yo'lida fano bo'lay haq bir-u bor" tarzida boshlanadigan hikmatida Alloh taologa "har ne qilsang, oshiq qilg'il parvardigor" deb yolvoradi:

Ishq bozori ulug' bozor, savdo - harom,
Oshtqlarg' a sendan o'zga g'avg'o - harom, 
Ishq yo'lig'a kirganlarga dunyo - harom, 
Har ne qilsang, oshiq qilg'il, parvardigor. 

Yassaviy uchun ishq vosita emas, maqsaddir. Ya'ni so'fiy shoir, muridlarini to'g'ri yo'lga boshlovchi murshid ishq orqali hech narsaga erishmoqchi emas. Unga Allohga bo'lgan muhabbatning o'zi kifoya: 

Ishq dardini talab qildim, darmoni yo'q, 
Ishq yo'lidajon berganni armoni yo'q, 
Bu yo'llarda jon bermasa, imkoni yo'q, 
Har ne qilsang, oshiq qilg'il, parvardigor. 

Butun umrini Alloh belgilagan yo'ldan yurishga bag'ishlagan, necha minglab kishilarning haq yo'lni tanib olishiga sabab bo'lgan pir o'zidan, qilgan ishlaridan qoniqmaydi, o'zini nihoyatda nuqsonli, gunohlari ko'p kimsa deb hisoblaydi:

Oshiqlikni da'vo qilib yurolmadim, 
Nafsdin kechib, men amrini qilolmadim, 
Nodonlikda haq amrini bilolmadim... 

Chin dunyodan, uning egasi bo'lmish Yaratgandan bexabar hayot kechirish "g'aflat"da yashamoqdir. G'atlatda yashagan kishini "g'ofil" deydilar. O'zlikni anglamoq esa, tasavvufga ko'ra, pir vositasida, ilm va riyozat bilan bo'ladi. Bunga erishganlar "dono"dirlar. "G'ofil", boshqa bir so'z bilan aytganda, "nodon"dir. Riyozat maqsadga yetish yo'lida chekiladigan mashaqqatlardir. Nodon o'z nafsidan, huzuridan bo'lak narsani o'ylashga qodir emas. U Yaratganga begona. Yassaviy oltmish uch yoshida uzlatga chekinganini dunyoda dono topmaganligi, nodonlar bilan yonma-yon yurishni istamagani bilan izohlaydiki, bu shoirning mazkur masalaga alohida e'tibor berayotganligidandir: 

Yer ostig'a qochib kirdim nodonlardin; 
Ilkim ochib, duo tilab mardonlardin, 

G'arib jonim yuz tasadduq donolardin, 


Dono topmay, yer ostiga kirdim mano. 

Hikmatlarda qattiq tanqid qilinadigan narsalardan biri nafsdir. Inson tan va ruhdan tashkil topadi. Nafs tanning o'z huzur va ehtiyojini aql nazoratisiz qondirish istagidir. Shuning uchun xalqda: "Mening nafsim balodur, yongan o'tga solodur", degan gap bor. Nafs kishini insonlikdan chiqarib, hayvonlikka boshlaydigan illatdir. So'fiylikning eng muhim odoblaridan biri nafsni jilovlashdir. Shu sababli, hikmatlarda bu mavzuga katta o'rin beriladi: 

Nafsim mani yo'ldin urib xor ayladi, 
Termulturib xaloyiqqa zor ayladi, 
Zikr aytturmay, shayton birla yor ayladi, 
Hozirsan deb nafs boshini yanchdim mano. 

Nafs - insonning eng katta dushmani. Uni yengmaguncha insonlikni ta'min etib bo'lmaydi. Nafs - zolim. Shoir uni shunday talqin qiladi. Bu da'voda asos bor. Tanning o'z huzur-halovati yo'lidagi intilishi egasining ruhiyatiga jabrdir, albatta. Shunday paytda: "Alloh! degil" - deydi muallif. Agar sen nafsingga itoat etmasdan, Allohga bo'ysunsang, u, albatta, madadkor bo'ladi, chunki u hamma narsaga qodir: 

Zolim agar jafo qilsa, ollo degil,
Ilking ochib, zore qilib, bo'yinsung'il, 
Haq dodingga yetmas bo'lsa, gina qilg'il, 
Haqdin eshitib bu so'zlarni aydim mano. 

Hikmatlar orasida ko'p uchraydigan timsollardan biri "tufrog'''dir. U ham ramz darajasiga ko'tarilgan. Qadim sharq falsafasiga ko'ra dunyoning asosida to'rt narsa (unsur): tuproq, suv, shamol, olov. yotadi degan tushuncha bor. Buni arablar "anosiri arbaa", forslar "chor unsur" deydilar. Tuproq haqidagi gaplar shunga borib taqaladi. Shular asosida insonning paydo bo'lishi haqidagi rivoyat dunyoga kelgan. Xudo farishtalarga debdi: tuproqdan odam yasab, jon kiritib, o'z o'rnimga xalifa qilib qo'yaman. Farishtalar dod solibdilar: zinhor unday qilmang, ular nafslariga banda bo'ladilar. Xudo parvo qilmabdi. Azroilga tuproq keltirtirib, suvga qo'shib, loydan odam yasabdi. Olov bilan quritib, shamol bilan yo'lga solibdi. Shunga ko'ra, inson vujudi yuqoridagi to'rt narsadan tarkib topgan. Binobarin, insonning deyarli butun mohiyati mana shu to'rt narsa bilan chambarchas bog'liq bo'larmish, ya'ni tuproq-sabr-toqat, kamtarlikka, suv-quvonch, g'ayrat-u shiddatga, havo-beqa­rorlik, besabrlikka, olov - nafs, kibr, hasad, qiziqqonlikka moya emish. Insonning insonligini ta'min etmoq uchun bosh mezon mo'tadillikdir. Mo'tadillik esa tuproqdandir. Bu falsafa islomdan ham o'rin oldi, xususan, tasavvufda keng yoritildi. Quyidagi to'rtlikda bu fikr yaqqol ifodasini topgan: 

Boshim tufroq, o'zim tufroq, jismim tufroq, 
Haq vasliga yetarman deb ruhim mushtoq. 
Kuydim, yondim, bo'lolmadim hargiz ofoq', 
Shabnam bo'lib yer ostiga kirdim mano. 

So'fiylikda inson fe'lining eng katta qusurlaridan biri - kibr-u havo, manmanlik deb qaraladi. Takabburlik, kekkayish, ko'pincha, mol-dunyo, nasl-nasabdan. Shu sababli, pir ishni tariqatga kirgan

muriddagi kibrni yo'qotishdan boshlaydi. Buning uchun unga eng tuban ishlarni (masalan, hojatxona tozalash kabi) buyuriladi. Xokisorlik, siniqlik, kichik fe'llik tariqat ahlining turmush tarzi edi. Bu barcha so'fiylar uchun qoida darajasida bo'lgan. Shu sababli ularning hikmatlarda aks etishi tabiiy edi.

Tupoq - dunyo. 

Yassaviy "Boshim tufroq, o'zum tuproq, jismim tuproq" deganida shu e'tiqoddan kelib chiqadi. Muhimi shundaki, bular bilan cheklanib qolmaydi. O'z xoksorligiga dunyoni guvohlikka chaqirib: 

Tuprog' bo'lg'il, olam seni bosib o'tsin! – 

deydi. Yassaviy - g'ariblar, faqirlar shoiri. Bir vaqtlar sho'ro mafkurasidagi adabiyotshunoslar shuni ko'zda tutib, undan proletar (yo'qsil) shoiri yasamoqchi bo'lgan edilar. Yassaviy boylar tomonidan ezilgan yo'qsillarni kuylagan, demoqchi bo'ldilar. Mantiq bunday gaplarni o'sha zamonlardayoq inkor etgan edi. U aslida mol-dunyoga hirs qo'ymagan, tirikligini ta'minlashga yetadigan kundalik ehtiyoj bilan kifoyalangan, lekin butun fikri-zikri bilan Allohga berilgan mo'min bandani ko'zda tutardi. Yassaviy nazaridagi faqir shu edi. "Devoni hikmat"dagi "g'arib" so'zining ma'nosi ham tasavvufiydir. Ya'ni: g'ariblik vatandan ayrilish, undan uzoqda bo'lish. Vatan esa Allohdir. Mana, ayrim misollar:

G'ariblikda g'arib bo'lgan g'ariblar,
G'ariblar holini bilgan g'ariblar... 
Vodarig'o, nechuk qilg'um g'ariblig'da, 
G'ariblig'da g'urbat ichra qoldim mano. 
Ayni paytda, Yassaviyda g'urbatni odatdagi mazmunda, o'z yurtidan, tug'ilgan joyidan ayro tushish ma'nosida ishlatilgan o'rinlar ham oz emas. Masalan, bir o'rinda Yusufning Kan'ondan, o'zining Turkistondan uzoqda bo'lishini g'urbat deb tushuntiradi. Yassaviy talqinida ishq shunday yuksak martabaki, unda kofirlik va mo'minlik yo'q. Oshiqlik shunday bir mazhabki, unda birovga ozor berish qatag'ondir. Bu payg'ambarimizdan qolgan:

Sunnat ermish, kofir bo'lsa, berma ozor, 


Ko'ngli qattiq dilozordan xudo bezor. 

Yuqoridagilardan ko'rinadiki, "Devoni hikmat" asosan islom dini g'oyalari, shariat hukmlari, payg'ambarimiz sunnatlari va yassaviya tariqati bilan bog'liq mavzularni qamrab olgan va ularni keng xalq qatlamlari orasiga olib kirishni bosh maqsad qilib qo'ygan. 




Hikmatlarning badiiyati. "Devon"dagi ayrim she'rlarda tasvir emas, ta'lim, so'fiyona aqidalarni o'rgatish maqsad qilib olinganligi sababli, badiiylik darajasi hamisha ham yuqori emas. San'atkorlik yaqqol ko'rinib turmaydigan satrlar ham yo'q emas. Chunki hazrati Yassaviy uchun she'r faqat vosita ekanligini hisobga olish kerak. 

Shunday bo'lsa-da, to'q, serma'no va serohang qofiyalar, esda uzoq saqlanib qoladigan nozik qochiriqlar, go'zal o'xshatishlar, ingichka ifodalar yo'q emas. Hikmatlardagi ifodaning soddaligi, samimiyat, jo'shqinlik ularga joziba bag'ishlaydi va o'quvchini o'ziga tortadi. Quyidagi satrlar shu fikrimizga yaqqol misol bo'ladi:

Ko'zim namlik, dilim g'amlik, jon alamlik, 
Nechuk iloj etorimni bilmam, do'stlar.
Bu hasratda, nadomatda yoshim oqib, 
Qayu taraf ketorimni bilmam, do'stlar. 

Muallif dunyoda uyg'oq vijdon, iymon bilan yashashga da'vat etyapti. Tuyg'ular - benihoya samimiy. Ular butun dunyoga xayrixohlik istagan pokiza qalbdan chiqqan hislardir. Birinchi bandning birinchi misrasidagi "namlik", "g'amlik", "alamlik" tarzidagi, uchinchi satrdagi "hasratda", "nadomatda" kabi ichki qofiyalar she'rga alohida ohangdorlik, musiqiylik bag'ishlagan. She'rning ikkinchi bandini to'lig'icha chin oshiqning bezovta ruhi ifodasi deyish mumkin. Shoir olamga oshiq ko'zi bilan sergak va beg'araz qaragani uchun ham boshqalar payqamaydigan "turluk-turluk alomatlar"ni ko'radi. Qofiya vazifasini bajargan "alomatlar", “jarohatlar" so'zlarining misra o'rtasida kelishi va "bo'ldi paydo" birikmasining takrorlanishi diqqatni birdan o'ziga tortadi. Ayni vaqtda, bu band o'quvchini benihoya samimiyati bilan ham rom etadi: 

Turluk-turluk alomatlar bo'ldi paydo, 
Yuragimda jarohatlar bo'ldi paydo, 
Bu dunyoda lahza forig' bo'lmoq qaydo, 
Nechuk iloj etorimni bilmam, do'stlar. 

She'rning uchinchi bandida "kechalari", "kunduzlari" singari tazod san'atidan foydalanish va "bo'lsam" so'zining takror kelishi muallif ruhiyatidagi qat'iyat va shijoatning bo'rttirib ifodalanishiga olib kelgan: 

Xos qullardek kechalari qoim bo'lsam,
Mardonlardek kunduzlari soim bo'lsam,
Kechalari orom olmay, rabbim desam,
Nechuk iloj etorimni bilmam, do'stlar. 

So'nggi bandda shoir go'yo o'zining ma'naviy-tasavvufiy dasturini bayon qiladi. Uning ketmon chopib non yemagan kishini dehqon demaganlaridek, shoir ham o'z jonini haq xizmatiga

Soim - yil bo'yi ro'za tutuvchi kishi. 

bag'ishlamasa, oshiq deyilmasligi ifodasi o'quvchida muallif shaxsiga mehr uyg'otadi:

Qul Xoja Ahmad haq xizmatida jon bermasa,
Dehqon emas, ketmon chopib, non yemasa, 
Ochilmag'ay, gul g'unchasi nam bo'lmasa,
Nechuk iloj etorimni bilmam, do'stlar. 

She'rda Alloh yo'liga kirgan odamning qat'iyati ham, uning ojiz-u chorasizligi ham ajib bir samimiyat bilan tasvir etilgan. Hikmatlarning ko'pchilik qismi qadim an'anaviy to'rtlik usulida bitilgan. To'rtliklar dastlab xalq og'zaki ijodi namunalarida uchragan. Qo'shiqlar, termaalar, laparlar, ko'pincha, to'rtlik shaklida yaratilgan. So'ng she'rlarni bu turda bandlashtirish yozma adabiyotga o'tgan. Aksariyat hikmatlar barmoq vaznida yozilgan. Bu vazn ham eski turkiy she'r vaznidir. Jumladan, yuqoridagi she'r hijoning o'n ikki (4-4-4)lik vaznida. Ya'ni: ko'-zim nam-lik (4), di-lim­g'am-lik (4), jon-a-lam-lik (4). Hikmatlarning 14 (7-7), hatto 16 (8-8) hijoli ko'rinishlari ham uchraydi. Ahmad Yassaviy she'riyatidagi timsollar tuzilishi ham tasavvuf ta'limoti bilan, ham og'zaki ijod an'analari bilan chambarchas bog'lanib ketgan. Masalan, she'rlarda uchrovchi pir, darvesh, oshiq, obid, oqil, zohid, ishq, tolib, ummat, rasul, shayton, iymon kabi timsollar bevosita tasavvuf bilan bog'lansa, yo'l, rabot, karvon, o'q kabilar og'zaki ijod an'analari bilan aloqador holda yuzaga kelgan.

"Devoni hikmat"dan "Munojotnoma" ham joy olgan. Munojot asli she'rning bir turi. Lug'aviy ma'nosi "najot", ya'ni yordam so'rashdan olingan. Ko'pincha, Allohdan qilinadigan iltijolarga munojot deyilgan. Lekin bu yerda gap hikmatlar haqida boradi. Muallif hikmatlarining xalq orasiga yoyilishini istab, Allohga munojot qiladi. Bu bilan mazkur hikmatlarning "ma'niyi Qur'on", "koni hadis" ekanligini, Alloh kalomi va payg'ambar sunnatining sharhi ekanligini ta'kidlamoqchi bo'ladi. She'r aruz vaznida yozilgan. Chunonchi:

Ma-ni hik-mat-la-rim far-mo-ni sub-hon, 


v---v --- v-
Ma-fo-iy-lun ma-fo-iy-lun fa-uv-lun 
O'-qub uq-sang ha-ma ma'-ni-yi Qur'-on. 
v ---v -- -v- - 
Ma-fo-iy-lun ma-fo-iy-lun fa-uv-lun 

She'r hazaj bahrida bitilgan. Hikmatlarning ayrimlari g'azal yo'lida yozilgan. Ya'ni: shе'rning birinchi baytidagi satrlar o'zaro (аа) qofiyalanadi. Undan keyingi toq misralar ochiq qolib, juft misralar qofiyalanib keladi (bа, vа, ga kabi). Oxirgi baytda taxallus keladi. Ta'kidlash kerakki, hikmatlarning hammasida taxallus bor. To'rtliklardan tarkib topgan hikmatlarning adadi ham har xil: besh banddan yigirma besh bandgacha boradi. G'azal hikmatlarning hajmi olti baytdan o'n uch baytgacha. Hikmatlar orasida bayt misralari o'zaro (аа, bb, vv, gg tarzida) qofiyalanuvchi masnaviy hikmatlar ham bor. Ular ham, tabiiyki, aruz vaznida. Masnaviy hikmatlarning vazni "Munojotnoma"ni esga soladi. G'azal hikmatlarniki esa har xil. Masalan, hazaj vaznining solim (to'la) shakllari ham uchraydi. Masalan:

Qaro kundur o'shal soatki, dunyodan safar qilsang,
Y--- Y--- Y---Y—
mafoiylun mafoiylun mafoiylun mafoiylun 
Zan-u farzand mol-u mulking borisidin guzar qilsang.
Y- - - Y - - - Y---Y- - ­
mafoiylun mafoiylun mafoiylun mafoiylun 

Lekin "Devoni hikmat"da bu vazn talablariga hamisha ham rioya qilinavermaydi. Och qofiyalar, qofiyasiz ochiq satrlar, fе'l qofiyalar ko'p uchraydi. Вu hol hikmatlarning she'riyatdagi martabasini bir qadar pasaytiradi, albatta. Lekin undagi muqaddas g'oyalar bu kamchiliklarni ko'pincha bildiravermaydi. "Devoni hikmat"da badiiy jihatdan bir qadar zaifliklar borligini mutaxassislar undagi she'rlarning Yassaviy tomonidan emas, ko'proq uning izdosh darveshlari tomonidan yozilgan bo'lishi mumkinligi ehtimoli bilan izohlashga urinadilar. Вu da'volarga eng katta dalil sifatida shu paytgacha "Devon"ning ХVII asrdan oldingi qo'lyozma nusxasi topilmaganligini keltiradilar. To'g'ri, uning eski nusxalari qo'limizda yo'q. Lekin qo'lyozmalari yo'qolib, mazmuni xalq qalbida saqlanib qolgan buyuk san'atkor­lar jahon adabiyotida ko'plab topiladi. Shota Rustaveli, hatto Shekspir asarlarining qo'lyozmalari saqlangan emas. Вu hol ularning buyukligiga soya solgan emas. Qolaversa, Navoiyki hazrati Yassaviyga shu qadar yuksak baho berib, shogirdi Sulaymon Boqirg'oniyning hikmatlarini alqab tilga olgan ekan, Yassaviyning ham hikmat aytganiga vа biz o'rganayotgan asarlar uniki ekaniga shubha qilmasa bo'ladi. Ehtimol, bu hikmatlarning asosiy qismi shayxul mashoyixning o'zi tomonidan aytilib, atrofidagi as'hoblari tomonidan she'rga solingan vа darveshlarga tarqatilgandir. Lekin Yassaviy nomiga nisbat berilgan hikmatlarning katta qismi uning "o'z og'zidan" chiqqanligiga shubha yo'q. Ayni paytda, bu she'rlarning talay qismini Ahmad Yassaviyning muridlari, izdoshlari uning nomidan to'qib borgan, bu hikmatlarning birgina Yassaviy emas, uning maktabi a'zolari yaratgan bo'lishi mumkinligini ham butunlay inkor qilish qiyin. Negaki, XVII-XIX asrlarda tuzilgan vа Chiqishning turli shaharlarida "Devoni hikmat" nomi bilan chop etilgan bu to'plamlar bir-birlaridan ko'lamiga ko'ra ham, mazmuniga ko'ra ham jiddiy farqlanadi. Chunonchi, "Qul Xoja Ahmad", "Xoja Ahmad", "Miskin Ahmad" kabi taxalluslar bilan berilgan hikmatlar qatorida Azimxo'ja, Faqiriy, G'aribiy, Xolis, Hoji Solih, Iqoniy, Qul Sharifiy, Sayfiddin, Zaliliy kabi ko'plab boshqa ijodkorlarning asarlari ham uchraydi. Hikmatlarning umumiy soni hozircha 250 atrofida. Hikmatlar adadi bundan ancha ko'p bo'lishi ham mumkin. Ularning birida Ahmad Yassaviyning 4400 hikmat aytganiga ishora qilinadi:

Qul Xoja Ahmad har bir so'zing dardga darmon, 
Toliblarga bаYоn qilsam, qolmas armon.
To'rt ming to'rt yuz hikmat aydim, haqdan farmon, 
Farmon bo'lsa, to o'lguncha so'zlasam mаn. 

Hikmatlarning tili ham ХII asr tili emas. Asrlar osha o'zgarib, yangilanib, davrga moslashib borgan. Вu ishni Yassaviy muxlislari - darveshlar qilganlar, albatta. Shularga qaramasdan, "Devoni hikmat" birgina O'rta Osiyo xalqlari emas, butun turk olami ma'naviyatining bugungi kungacha eskirmay kelayotgan muhim hodisasi bo'lib qoldi. Shimolda tatar-boshqird, g'arbda usmonli, sharqda uyg'ur adabiyotlariga juda katta ta'sir ko'rsatdi. Turkiyalik mutaxassislar mashhur Yunus Emroning "Ilohiylar" deb atalgan she'rlarining maydonga kelishida Ahmad Yassaviy hikmatlarining hal qiluvchi o'rnini ta'kidlaydilar. Tatar-boshqirdlar Shamsiddin Zakiy, Abdurahim O'tiz Emaniy, Qayum Nosiriy, Rizo Faxriddin kabilar bu ta'sirni e'tirof etadilar. O'zbek adabiyotida Yassaviy an'analari samarali izlar qoldirdi. Jumladan, bu an'analar quyidagi yo'nalishlarda ko'zga tashlanadi: 

1. Mutasavvuf shoirning so'fiyona qarashlarini to'la Yоki qisman qabul qilish, jahriya qoidalarini bajarish, hikmatlar bitish. Movarounnahrda yashab ijod etgan о'nlаb shoirlar tariqatda ham, she'riyatda ham uning izidan borganlar. Вu ro'yxatning boshida xorazmlik Hakim ota - Sula'ymon Boqirg'oniy turadi. Mashhur Shayboniyxonning inisi Muhammad Sultonning o'g'li Buxoro xoni Ubaydullaxon "Qul Ubaydiy" taxallusi bilan Yassaviy hikmatlari yo'lida necha o'nlab she'rlar yozgani mutaxassislarga ma'lum.
2. Bir qator shoirlarimiz o'z asarlarida Yassaviy shaxsiga tez-tez murojaat qiladilar, she'rlar bag'ishlaydilar, hikmatlaridan iqtiboslar oladilar, ayrim tashbih-u tamsillarini sharhlaydilar. Вu hol, ayniqsa, XIX asrning ikkinchi yarmi ХХ asr boshlari adabiyotida ko'zga yaqqol tashlanadi. Masalan, Yusuf Saryomiy buyuk yurtdoshi Yassaviy haqida shunday yozadi:
ЕY, koshifi haqoyiq asrori sodiqin,
VеY, voqifi daqoyiq, mushkbo'yi xoriqin. 
Rushd tariqi, hodiyi irshod tolibin,
ЕY, qulzumi hidoyat, burhoni oshiqin, 
Keldim g'ubori dargahinga surgali jabin, 
ЕY, maxzani karomat-u sultonil orifin. 

(ЕY, eng ishonchli sirlar haqiqatini bizga ochib berguvchi. VеY, butun vujudidan mushk hidi taralib turgan, eng nozik ma'nolardan xabardor. Toliblarni to'g'ri yo'lga boshlagan yo'lboshchi. ЕY, hidoyat (to'g'rilik) dengizi, oshiqlar suyanchig'i. Dargohing tuprog'iga peshonamni surmoq uchun keldim, ЕY, karomatlar xazinasi, oriflar sultoni). 



3. Yassaviydagi so'fiyona tamsil va ifodalar keyingi ijodkorlarda yangi jilo vа ohang topdi. Yassaviy turkiy adabiyotdagi ilk mutasavvuf bo'lganligidan,timsollar bir qadar sodda, ifodalar goho notekis, ohanglarda ham saktaliklar uchrab qolar edi. Lekin bu sodda timsollar ko'p o'tmay adabiyotimizda shoirning munosib izdoshlari tomonidan yuksak maqomga ko'tarildi. Yassaviy hikmatlarining ta'sir vа tarqalish ko'lami goh kuchayib, goh susayib, ХХ asrning inqilobiy to'fonlarigacha yetib keldi. Yangi havolarda eski navolarni kuylagan shoirlarimiz bu davrda ko'proq Yassaviy she'rlarining shakliy xususiyatlaridan foyda­landilar. Bugun u yangi zamonning talab va ehtiyojlari, millat va vatan manfaati nuqtayi nazaridan qayta kashf etilmoqda. Qisqa muddatda "Devoni hikmat" bir necha bor bosilib chiqdi. Yassaviyga bag'ishlangan o'nlab she'rlar maydonga keldi. Taniqli yozuvchi Sa'dulla Siyoyev u haqda ikki kitobdan iborat romаn yozdi.

HIKМATLAR
Mumtoz adabiyotda muаyyаn tartib-qoida asosida (masalan, she'rlar unda janrlar va alifbo tartibida joylashtiriladi) tuzilgan, she'riyatning g'azal, ruboiy, tuyuq kabi xilma-xil turlarini qamrab olgan to'plamga devon deyiladi. Lekin "Devoni hikmat"da bunga to'liq аmаl qilingan emas. Shuning uchun bu yerda devon atamasi shunchaki she'riy to'plam ma'nosida ishlatilgan. "Hikmat" so'zi, аvvаl aytilganidek, Qur'oni karim oyatlarida payg'ambarimizning haq yo'lni ko'rsatuvchi va'zlari ma'nosida qo'llanilgan. Lug'atlarda esa, unga ilm vа adolat birligini ko'zda tutuvchi haqiqatlarning ma'rifati; odat vа axloqqa oid maxsus so'z; insonning haqiqatni bilib, xayrli ishlar qilmog'i; sirli, yashirin sabab; narsaning ich vа tashi (surati va siyrati) holidan bahs etuvchi ilm; aql va harakatlardagi uyg'unlik; Tangri haqiqatini ifoda etgan diniy-tasavvufiy xos so'z tarzida ta'riflar beriladi. Qisqacha qilib, hikmatni "diniy-tasavvufiy yo'nalishga ega ma'nodor so'z" deb ta'riflash mumkin. Hikmatlar Х asrdan buYоn tasavvufga doir kitoblarda ishlatilib kelinadi. Dastlab, ular qora (nasriy) so'z shaklida qo'llanilgan, so'ngroq keng ommaga qulayroq shaklda yetib borishi ko'zda tutilib, she'rga solib aytilgan.

Yüklə 0,57 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin