Sharl Perro (1628-1703) Buyuk frantsuz shoiri va tanqidchisi badiiy ertak asoschisi sifatida ma’lum va mashhurdir. U o’zining “Qizil Shapkacha”, “Zolushka” va “Etik kiygan mushuk” asarlari bilan jahonga taniladi.
Sh.Perro badiiy ertaklar ijod etishda oldin xalq og’zaki ijodini mehr va ishtiyoq bilan chuqur o’rganadi. Shuning uchun ham u o’z ertaklarida xalq udumlarini dadil ilgari suradi. Perro qahramonlari o’z mehnatsevarliklari hamda saxiyliklari bilan ajralib turadi. G’arazgo’ylik, maqtanchoqlik, qizg’anchiqlik o’rnini yaxshilik, mehribonlik bosib ketishi hamon kitobxonni shod etib kelmoqda.
Sharl Perrodan bor-yo’g’i 12 ertak saqlanib qolgan. Qaysi ertagiga nazar tashlamang, barchasida bolalar zavq oladigan qirralar bor ekanligini darrov payqaysiz. Dunyoda uning “Etik kiygan mushuk” ertagini o’qimagan yoki shu ertak asosida yaratilgan multfilmni miriqib tomosha qilmagan bola topilmasa kerak.
Ertakda aqllilik, bilimdonlik, topog’onlik bosh masala qilib qo’yiladi. Boshqa asarlarda bo’lgani kabi Sh.Perro bu ertakka ham folklor an’analariga yana bir bor sodiq qoladi. Ertak qahramoni-tegirmonchinng kenja o’g’li Karabs fahm-farosat, aql bilan ish ko’rib, o’z murod-maqsadiga yetadi, baxtiyor bo’ladi.
Sharl Perroning barcha personajlari pishiq-puxtaligi bilan ajralib turadi. Ularning ko’pchiligi odamlarni, hayvon-u parrandalarni sevib, erkalab, e’zozlaydigan bo’ladilar. Zolushkani ( “Zolushka” ) olaylik. Uni o’gay ona-yu qizlar xush ko’rmaydilar., xolos. Qolgan barcha jonzot Zolushkani yaxshi ko’radi. Uning o’z baxtini topib, osoyishta turmush kechirishini istaydi. Zolushka juda chiroyli, odobli, sharin so’z, kamtarin, odamlarga, jonvor-u parrandalarga nisbatan mehribon. Uning bunday fazilatlari, mehnat, hallollik va poklik bilan hayotda o’z o’rnini topishi, sevganiga turmushga chiqib baxtli bo’lishi ertak tinglovchida yaxshi taassurot qoldiradi.
Sh.Perro ijodida “Qizil Shkapkacha” alohida o’rinda turadi. Ertakning ta’sirli va jozibali chiqishi uchun Qizil Shapkachaning tabiiy holda ijobiy tomoniga ko’p sayqal beradi, bolalar ko’z o’ngida u dunyodagi tengi yo’q, juda yoqimtoy qizcha sifatida gavdalanadi. Bo’rining yovuzligi, surbetligi, uning kampir qiyofasiga kirib olishi har bir bolada chuqur nafrat hislarini qo’zg’atadi.
Boshqa ertaklarda bo’lgani kabi “Qizil Shapkacha”da ham voqea yaxshilik bilan tugashi bolalarning quvonchiga quvonch qo’shadi.