Chor Rossiyaning Turkistonni bosib olinishi. Mamlakatning siyosiy, iqtisodiy va madaniy siyosati. Reja



Yüklə 38,9 Kb.
tarix08.09.2023
ölçüsü38,9 Kb.
#142127
Chor Rossiyaning Turkistonni bosib olinishi




Chor Rossiyaning Turkistonni bosib olinishi . Mamlakatning siyosiy , iqtisodiy va madaniy siyosati.
REJA

1. XIX asr o`rtalarida Turkistonda ijtimoiy – siyosiy ahvol.

2. Chor RossiyaningTurkistonga kirib kelishi .

3. . Chor Rossiyaning Turkistonda olib borgan mustamlakachilik siyosati.


ADABIYOTLAR


1. I.A.Karimov O`zbekiston: milliy istiqlol, iqtisod, siyosat, mafkura. Asarlar. T. “O`zbekiston”, 1996 1 jild.

2. YU.Bayoniy Shajaran Xorazmshoxiy T. “Kamalak”, 1991

3. X.Ziyoyev Turkistonda Rossiya tajovuzi va hukmronligiga qarshi kurash. T. “Sharq”, 1998

4. SH.Karimov, R.Shamsutdinov Turkiston Rusiya bosqini davrida. Andijon “Meros”, 1995

5. SH.Karimov Qafasdagi qush orzusi. T. 1992

6. X.Majidiy Turkiston bosqini T. “Nur”, 1992

7. Turkiston Chor Rossiyasi mustamlakachiligi davrida (O`zbekistonning yangi tarixi) 1 kitob, T., 2000 yil.


Ma’ruza maqsadi


Chor Rossiyasi o`zining tish –tirnog`i bilan qurollangan harbiy kuchlaridan foydalanib, Turkiston xalqlarining mardona qarshiliklarini sindirib mamlakatda mustamlakachilik siyosatini o`rnatdi.

Ma’ruzada mustamlakachilik siyosatining mohiyatini birinchi navbatda Rossiyaning iqtisodiy manfaatlarining amalga oshirilishi va uning qanday salbiy oqibatlarga olib kelganligini bayon etish lozim.

.

1 savol . XVIII asr oxiri XIX asr boshlarida Ashtarxoniylar sulolasi o`rnida o`chta davlat: Buxoro, Xiva va Qo`qon xonliklari vujudga keldi. Bu davlatlari asosan o`zbek etnik guruhlari (mang`it, qo`ng`irot, ming, kenagas va boshqalar)ning uyushuvi va jipslashuvi zaminida tashkil topdi. Savdo munosabatlari tovar almashuvi xarakterida bo`lganligi natijasida xalqning shakllanishini ta’minlovchi yagona ichki bozor vujudga kelmadi. Bu o`sha davrda O`rta Osiyoning iqtisodiy hayotida turg`unlik holatining asosiy sabablaridan biri edi.



Yana bir sababi qishloq xo`jaligida feodal munosabatlarining hukmron mavqei saqlanib qolganligida edi.

O`rta Osiyoda ming yillar davomida barcha yerlar xonlar, podsholar, amirlarning xususiy mulki bo`lib, boshqalarga foydalanish uchun berilar edi.

Buxoro amirligidagi hosildor yerlarning 2/3 qismi amirga qarashli bo`lib, shundan sug`oriladigan yerlar 2 mln. 450 ming desyatina bo`lgan.

XIX asr boshlarida O`rta Osiyo xonliklari ijtimoiy – iqtisoiy taraqqiyot jihatidan qo`shni davlatlarning ko`pchiligidan orqada edi. Uzoqni ko`ra bilmagan, asosan shaxsiy manfaatlari gadosi bo`lgan xonlar, amirlar, beklar, din xomiylari O`rta Osiyoni iqtisodiy – siyosiy, ijtimoiy va madaniy taraqqiyoti yo`llarini izlamas edilar. Shu tufayli O`rta Osiyo ijtimoiy – iqtisodiy jihatdan juda sekinlik bilan rivojlanar edi. Xonliklar o`rtasidagi nizolar esa taraqqiyotini yanada orqaga surar edi.

O`sha davrda Buxoro amirligi territoriyasi bir muncha katta bo`lib, g`arbdan Qizilqumdan boshlangan qozoq dashtlari Shimolda Turkistongacha tutashgan: Sharqiy tomoni Oqtov, Qoratov, Shahrisabz tog`lari bilan o`ralgan; Sharqiy shimolda O`ratepa yerlari orqali Qo`qon xonligi orqali janubiy Balx, Andijon, Eron va Xiva xonligiga qarashli yerlar bilan chegaralangan edi. Buxoro amirligi O`rta Osiyoda 5600 ming kvadrat km maydonni egallagan; Xiva xonligi shimoliy g`arbda Sirdaryoning quyi oqimi, Orol bo`yi orqali Qo`qon xonligi va Rossiyaga qarashli Sibir yerlari bilan chegaradosh; Sharqda esa Qizil – Qum orqali Buxoro amirligi bilan; janubda Xuroson tog`larigacha chegaralangan edi; Quqon xonligining chegarasi Umarxon davrida (1809 - 1822) Turkiston shahrigacha kengaydi. U Buxoro amirligiga qarashli yerlarni ham bosib olgan edi. 1817 yili Oqmachit qal’asi qurilib, harbiy ahamiyatga ega bo`lgan qal’aga aylantirildi.

XIX asrda O`rta Osiyo shaharlari aholisining soni, ularning tarkibi va o`zgarishi haqida aniq ma’lumotlar yetarli emas. Masalan, Buxoroda Turkistonni ruslar bosib olgunga qadar sayoxatchilar va josuslar ma’lumotiga ko`ra taxminan 1500 xonadon yashagan. 1840 yilda Buxoroda 38 ta karvonsaroy, 9 ta tim, 16 ta shahar hammomi, shahar va shahar atrofida 22 ta bozor bo`lgan.

Mayyendorfning fikricha 1820 yilda Samarqandda 50 ming, Toshkentda 20 ming aholi yashagan, Potanining fikriga ko`ra Qo`qonda 3000 xonadon yashagan, 8 ta bozor bo`lgan.

1822 yili Qo`qon xoni, Umarxon vafot etgach, uning 14 yoshli o`g`li Muhamad Alixon (Madaminxon) taxtga o`tirdi. Xon yosh bo`lgani uchun, davlat ishlarini uning onasi – mashhur shoira Nodirabegim (Mohlaroyim) zimmasiga tushgan. Nodirabegim madaniyat va san’atga ixlosi baland bo`lib bozor va rastalar, masjid va madrasalar, xonaqoh va maqbaralar, hammom va karvonsaroylar qurilishiga alohida ahamiyat bergan.

Qo`qon xonligida, Qo`qon va Toshkentdan tashqari savdo va hunarmandchilik bilan shug`ullanuvchi Andijon, Namangan, Xo`jand, Chimkent, Xovos, Zomin, O`ra – tepa kabi aholi zich yashaydigan punktlar mavjud edi.

N.N.Murav’yov ma’lumoticha, 1820 yili Xivada 3000 xonadon bo`lib, bu yerda ipakchilik va to`qimachilik rivojlangan. Bu yerda Buxoro, Rossiya va YAqin Sharq shaharlariga karvonlar qatnagan. XIX asr o`rtalarida O`rta Osiyodan Rossiyaga har yili o`rtacha 4 mln so`mlik tovar chiqarilib, 3 mln so`mlik tovar keltirilgan. Masalan, Buxorodan Rossiyaga jo`natilgan tovarlarning 75% ni paxta, ip – gazlama buyumlari tashkil etgan bo`lsa, Rossiyadan Buxoroga 3 ming pud mis keltirilgan. Mahalliy ustalar misdan idishlar yasashgan, tangalar zarb qilingan. Temir, po`lat, cho`yandan, dehqonchilik qurollari yasalgan.

Savdo karvonlari Toshkentdan Rossiyaga ikki yo`l bilan Orenburg yo`nalishida Troitsk orqali va Sibir yo`nalishida Semipalatinsk va Petropavlovsk orqali qatnagan. Har yili Toshkentdan turli meva – chevalar, don paxta, gazlama, jun, gilam va boshqa tovarlar ortilgan 15 – 19 ming tuya Rossiyaga jo`nagan. Rossiyadan Toshken ga temir, cho`yan, mis, po`lat, qand, movut va boshqalar ortilgan 11 – 15 ming tuya kelgan.

1840 – 1848 yillarda O`rta Osiyodan Rossiyaga kumush bahosi bilan 2 mln so`mlik gulli chit olib borilgan bo`lsa shundan 51400 so`mlik mahsulot Toshkentdan chiqarilgan. Shu davr ichida Rossiyadan Toshkentga Orenburg orqali 1547 pud, Xivaga esa deyarli 1335 pud mis keltirilgan, Toshkentga Troitsk orqali 46212 pud temir keltirilgan.

Movoraunnahr hunarmandchiligi asosan uy – ro`zg`or buyumlari, dehqonchilik ish qurollari, kulolchilik idishlari, kiyim – kechaklar, diniy marosimlar uchun zarur buyumlardan iborat bo`lib qoldi. Bulardan tashqari matolarni bo`yash, teri oshlash, moyjuvoz, tegirmon sovun ishlab chiqarish kabi dastlabki korxonalar vujudga kela boshladi.

Ko`chmanchi chorvadorlar bilan yirik hunarmandchilik markazlari o`rtasidagi tovar almashuvi iqtisodiy jonlanishga ta’sir ko`rsatdi. Shaharga kelgan ko`chmanchilar o`zlari olib kelgan jun, teri, arqon, gilam, chorva mollari va boshqalarni kiyimlar, paxta va ipak matolar, idish – tovoqlar, bezaklar va boshqalariga ayriboshlashgan. Hunarmandlarning daromadlari nihoyatda tez bo`lib, eng zarur narsalargagina yetar edi.

O`rta Osiyo xonliklarida mahalliy aholi bilan bir qatorda yahudiylar, uyg`urlar, arablar, eronlar, ruslar, tatarlar va boshqa xalqlar yashaganlar. Masalan, 1840 yillarda Qo`qonda Rossiyadan kelib qolgan rus va tatarlarning soni 100 dan oshgan. Ular qurol – yarog`, asbob – uskunalar yasash bilan mashg`ul bo`lganlar.

Movoraunnahrda qadimdan sug`orma dehqonchilik keng rivojlangan bo`lib, bu yerda yirik inshootlari qurishga alohida ahmiyat berilgan. Biroq O`rta Osiyo xonlari bu ulkan qurilishlarga deyarli mablag` ajratmagan. Masalan, 1848 yili Xiva xoni Olloqulixon Polvonyop kanali qurilishiga 40 ming kishini haydagan. Zarafshon daryosining CHo`pon otadagi suv bo`lgichida 5 ming kishi ishlagan.

Farg`ona vodiysida sug`orish ishlariga alohida ahamiyat berilgan. Bu yerda XVIII asr XIX asr boshlarida yirik kanallar. Shaxrixonsoy (100 km), Andijonsoy (100 km), Yangiariq (100 km) qazilgan.

Xudoyorxon davrida chek yerlar xon va beklar qo`lida to`planib borgan. Xonning Qo`qon shahri atrofida 400 tanobdan oshiq yeri bo`lib, ular “Afg`on bog`i” va “Urganch bog`i” deb atalgan. Bulardan, tashqari Namangan, Marg`ilon, Toshkent singari yirik shaharlarda ham xonning bog`lari bo`lgan.

Xiva xonligida sug`oriladigan yerlarning qariyib 40 foiz machit va madrasalar ixtiyorida bo`lgan. Birgina Madaminxon madrasasining 30 ming tanob, Rahimxon madrasasining 26000 tanob vakf yerlari bo`lgan.

XIX asr o`rtalarida xonliklarda hunarmandchilik turlari ko`paya bordi. Rossiyadan keltirilgan cho`yanlardan birgina Buxoro atrofida 6 ta cho`yan eritish ustaxonasi ish yuritgan. Ustaxonalarda 2 – 3 kishidan 16 – 18 kishigacha ishlagan. Bu yerda ish nihoyat og`ir, ibtidoiy usulda bo`lib, ish sur’ati esa past bo`lgan. Yollangan ishchilarning oyligi 3 so`mdan oshmagan, shuning uchun ham kishilar temirchilikni hohlamas edi. natijada sanoat rivojlanmadi.

40 – yillarda rus asirlari va qochoqlari miltiqlar yasay boshladilar. Biroq temir, cho`yan yetishmagani uchun miltiqlar oz ishlab chiqarilar, qo`shinlar asosan yog`och qurollardan foydalanishardi.

O`rta Osiyo xonliklari moliyaviy qiyinchiliklar tufayli qo`shinlar sonini ko`paytirishga, qurollarni takomillashtirishga qiynalishgan. Masalan, 40 yillarda Buxoro amirligi sarbozlarning umumiy soni bor – yo`g`i 3900 kishi bo`lgan.

O`rta Osiyo xonliklarida harbiy o`quv yurtlari bo`lmagani tufayli qo`shinlar uyoqda tursin, hatto boshliqlar ham harbiy ta’lim ko`rmaganlar.

Harbiy kuchlarga xos o`nboshi, ellikboshi, yuzboshi, ponsodboshi va ming kabi unvonlar bo`lgan, bu lavozimlarni ko`pincha harbiy xizmatga layoqatsiz bo`lsada, xonlarga ma’qul kishilar qo`yilgan.

Xonliklar hukmronlikka intilib o`zaro urushlarni avj oldirdilar.

40 yillarda Buxoro amirligi bilan Qo`qon xoni o`rtasida ziddiyat keskinlashdi. Amir Nasrulloxon Qo`qonni bosib olish maqsadida, Madalixondan norozi bo`lgan kishilarni Buxoroga to`plab boshladi.

1840 yili Nasrulloxon Qo`qonga elchi yuborib, maktub orqali urf – odatlarga zid ish qilgani uchun Mvadalixonni qoraladi. Bunga javoban Buxoro elchilari qamaldi. Shu bahonada urush harakatlari boshlanib ketdi. Madalixonning 400 sarboziga qarshi 800 kishi bilan hujum boshlagan Nasrulloxon O`ratepa yaqinidagi Peshagar qal’asida Madalixon qo`shinlarini yengib orqaga qaytdi. 1841 yil qayta hujum boshlab, O`ratepani, Toshkentni qo`lga kiritdi. Shu yil kuzda tuzilgan sulhga ko`ra Qo`qon xoni Buxoro amirligiga O`ratepa, Zomin va Toshkentni berdi. Xo`jand va unga qarashli yerlar Madalixonining ukasi Sulton Maxmudga berilib, u mustaqil xonlik deb e’lon qilindi.

Amir Nasrullo va’dalariga uchgan Sulton Maxmud o`z atrofiga Madalixondan norozi kishilarni to`plab. Qo`qon xonligini qo`lga kiritish uchun astoyidil kirishdi. Sulton Maxmud hukmronligi va Qo`qon xonligining 2 ga bo`linishi uzoqqa cho`zilmadi. Ularning onasi Mohlaroyim (shoira Nodira) o`g`illarini yarashtirishga muvaffaq bo`ldi. Xo`jand Qo`qonga birlashtirildi.. sulton Maxmud Toshkent begi qilib tayinlandi.

Bundan norozi bo`lgan Amir Nasrulloxon 1842 y bahorida 10000 kishilik qo`shin bilan Qo`qonga yurish boshladi. Saroy ahllari, sarbozlar va xalqning o`ziga munosabati o`zgarganini sezgan Madalixon Namanganga qochdi. Amir Nasrullo qarshiliksiz, Qo`qonni egalladi.

U Madalixon, uning o`g`illari Muxammad Amin bilan Muzaffarxon, Sulton Maxmud, Moxlaroyim va xonning xotinlarini asir olib qatl qildi. Nasrulloxon 250 asir va 40 arava qimmatbaho mollar bilan Buxoroga qaytdi. Asirlar orasida yuzboshi Musulmonqul ham bor edi. Amir Nasrulloxonning Qo`qonni vaxshiylarcha talashi va o`zini Turkiston podshosi deb e’lon qilishi, Xiva xoni Alloqulixonning nafsoniyatiga tegdi. Amirning Qo`qonligidan foydalanib, Buxoro yerlarini talay boshladi. Nasrulloxon Buxoroga qaytishga majbur bo`ldi.

Qo`qon xonligi aholisining Amir Nasrullo bosqinchiligiga qarshi noroziligi kuchayib bordi. Musulmonqul xiyla bilan asirlikdan qochib Qo`qonga keldi.

1842 yili qo`qonliklar qo`zg`olon ko`tarib amir Nasrullo odamlaridan ko`pini o`ldirishadi va Sheralini xon qilib ko`tarishadi. Ibrohim xayol esa Buxoroga qochadi.

Yangi xon Musulmonqulni mingboshi qilib tayinlaydi. 1845 yili O`sh shahrida qo`zg`olon ko`tariladi. Uni bostirish uchun Musulmonqul mingboshi qo`shin bilan yo`lga otlanadi. Uning yo`qligidan foydalanib, taxtga asli xivalik Murodxon chiqib oladi, Sheralixon esa o`ldiriladi.

Musulmonqul qo`zg`olonni bostirgach, Namanganga kelib, o`z qizini 16 yoshli Xudoyorga nikoh qilib beradi. So`ngra Qo`qonga kelib, Murodxonni o`ldirtirib, Sheralixonning o`g`li Xudoyorni xon deb e’lon qiladi. Xudoyorxon juda yosh bo`lganligi tufayli, davlatni boshqarish Musulmonqul mingboshi qo`liga o`tadi va u eng muhim lavozimlarni qipchoqlarga beradi. Biroq bunga qarshi norozilik paydo bo`ladi va u mingboshilikdan bo`shatiladi. Musulmonqul o`z mavqesini tiklamoqchi bo`lib ruslar bilan aloqa o`rnatishga intiladi. Shunday qilib, XIX asr o`rtalarida O`rta Osiyo xonliklarida bo`lib o`tgan o`zaro urushlar shahar va qishloqlarni vayron qildi. Xalq nihoyatda besaramjon bo`ldi. Xonlar o`zaro urushlarda yordam istab, Rossiyaga elchilar yubora boshladilar.

2 savol. O`rta Osiyo xonliklarni bosib olish niyati Petr 1 davrida boshlangan edi.

XVII asr boshlarida metallurgiya sanoatini rivojlantirish zarurati qistovida o`ris hukmdorlari va tadqiqotchilari O`rta Osiyoning boy konlari taqdiri bilan astoydil qiziqdilar. O`rta Osiyoda to`lib – toshib yotgan oltin sochmalari haqidagi ma’lumotlarga xukumat alohida e’tibor berar va shu tufayli Petrning shaxsan o`zi o`zbek xonliklari xududiga suqulib kirishi rejasini ishlab chiqqan edi. Petr I tajovuzkor siyosatni amalga oshirishi maqsadida O`rta Osiyoga 1714 yilda Preobrajenskiy polkining poruchigi knyaz Aleksandr Bekovich – Cherkasskiy, 1715 yilda kapitan Ivan buxgolts raxbarligida Xivaga ikki marta qo`shin yuboradi. Yurishlarning muvaffaqiyatsiz tugaganiga qaramay Petr xukumati o`z niyatidan voz kechmaydi. Petr Buxoroga elchi qilib italiyalik Florio Benevelini jo`natadi. Unga “oltin sochmalarining” makonini, u yerga borish yo`llarini aniqlashni topshiradi. Beneveli tarix, jo`g`rofiya, etnografiya bo`yicha juda ko`p qimmatli ma’lumotlar to`pladi. Uning fikricha, bu ma’lumotlar o`rganilsa, u yerlarda hukmron tariqasida o`rnashib olish uchun birgina kuchli hamla kifoya ekan. Benevelining safari ham muvaffaqiyatsiz tugadi, uning o`zi Buxoro amiridan zo`rg`a qutilgach, Petr o`limidan keyin, 1725 yilda Rusiyoga qaytdi.

Chor hokimiyati, Petr siyosatini davom ettirgan. Chorizm rus – turk munosabatlariga diqqatini qaratdi.

Tashqi siyosat Qora dengiz sohillarini bosib olish maqsadi asosida qurildi. O`zbek xonliklari bilan munosabatda esa dastlab harbiy kuch ishlatmasdan, Qozog`iston orqali doimiy savdo muomalalarini o`rnatish yo`lidan borildi.

XVIII asr boshlarida har uchala juzning qozoqlari, qalmiq (jungar) larning doimiy bosqinlari ostida qolgandi. Qozoq dashti 1723 yilga kelib og`ir ocharchilikni boshdan kechirgani oqibatda katta juz jungarlarga siyosiy qaram bo`lib qoldi. O`rta juz Buxoroga ko`chib borib, Buxoro xonligiga, kichik juzning bir qismi esa Xiva xonligiga bo`ysundi.

Jungarlarning xataridan saqlanish va o`z hokimiyatini mustahkamlash niyatida katta juz hamda kichik juz xoni Abdulxayrxonni chor xokimiyati bilan yaqinlashuvga undardi.

Abdulxayrixon 1730 yilda juzni rus fuqaroligiga qabul qilishni so`rab Ufaga elchi yuboradi. Rusiyo xukumati O`rta Osiyoga xujum qilish uchun ishonchli istehkomga ega bo`lish uchun xonning iltimosini kechiktirmay qondiradi.

Ko`pchilik qozoq oqsoqollarining qarshiligiga qaramay, 1730 yilda Kichik juz bilan birga Semekxon boshchiligida O`rta juzning bir qismi ham Rusiyo imperiyasi qo`l ostiga o`tdi.

1721 yili Petr I tomonidan Rossiya imperiya deb e’lon qilingan edi. Imperiya o`z iqtisodiy va harbiy qudratini mustahkamlash hamda taraqqiy ettirish niyatida o`zga yurtlar, mamlakatlar yerlarini asta – sekin egallab, buning hisobiga o`z qaddini rostlab oldi.

XVIII –XIX asrlarga kelib, Rossiya imperiyasi tarkibida Boltiq bo`yi, Ukrainaning o`ng sohili, Belorussiya, Polshaning bir qismi, Bessarabiya, Kavkaz, Finlyandiya, Zakavkaz’ye, Uzoq Sharq, Sibir, Qozog`iston, O`rta Osiyo, Pomir kabi o`lkalar bo`lib, 2264 million kvadrat km yerni egallagan edi. Chor Rossiyasi xududida 81 guberiya, 20 viloyat, 931 shahar bo`lib, unda 100 dan ortiq xalqlar, elatlar (g`ayri rus millati 57 % tashkil qilardi) yashar edilar.

1738 yil avgustda V.N.Taxtishchev (rus tarixchisi) poruchik Miller boshchiligidagi karvon tarkibida Toshkent shahri tomon yo`l oladi. Unga Buxoroning bir qancha shaharlaridagi hamda Toshkentdagi siyosiy ahvol to`g`risida va yana boshqa hil ma’lumotlar to`plash topshirilgandi. Bu karvonning ham omadi chopmadi, uni O`rta juz qozoqlari tor – mor qildilar.

Yekaterina II xukumati XVIII asr 70 - yillarining oxirlarida O`rta Osiyo bilan o`rislar uchun har tomonlama foydali bo`lgan savdo – sotiq masalalariga katta e’tibor bera boshladi va XIX asrning birinchi choragidayoq o`zbek bozorlarida o`rislar mustahkam mavqega ega bo`lib oldilar. Chunonchi Buxoro amiri Shohmurod Ernazar elchi madrasasi qurilishiga 134 ming so`m ajratgan.

Ovrupadagi taranglashayotgan xalqaro vaziyat, Napoleonga qarshi kurash (1805 - 1807), o`ris – turk urushi (1806 - 1812), o`ris-shved urushi (1808 - 1809), o`ris – fors urushi (1805 - 1813), 1812 yiligi Vatan urushi va Napoleonga qarshi urushning davom ettirilishi Chor hukumatining O`rta Osiyoga nisbatan bosqinchilik siyosatini olib borishga uzoq vaqtgacha yo`l bermadi.

Faqat nikolay II hukumati davrida O`rta Osiyo bozorlarini butunlay Rusiyoga qaram qilish maqsadida Turkistonni bosib olishni tezlashtirishni o`ylay boshladi. 

Shunday qilib, 1840 yil noyabrning ohirlarida Orenburg harbiy gubernatori general – mayor V.A.Perovskiy boshchiligida 2 ta zambarak, 40 arava, 5 ming piyoda askar, hamda 10 ming tuyadan iborat karvon O`rta Osiyo tomon yo`lga chiqadi. Og`ir ob – havo sharoiti, yoqilg`ining yo`qoligi, oziq – ovqat tanqisligi, kiyim – kechaklarning yaroqsizligi natijasida Perovskiy qo`shini Xivaga yurishini tuhtashiga majbur bo`ladi.

Istilochilar 1841 yilda Xonikov yetakchiligida Buxoroga otlanishadi. Bu yurish natijasida Butenyov ikki xonlikni qurol bilan bosib olish imkoniyatlari, yo`llari, rejalari kabi ma’lumotlarni o`zida jamlab noma yozadi.

Xullas, O`rta Osiyo xonliklarni bosib olish niyati, Petr I davrida boshlangan edi. 1717 yili A.Bekovich – Cherkasskiy boshchiligida 3,5 mingdan ortiq yaxshi qurollangan Xivva xoni Sherg`ozixon tomonidan qirib tashlangan edi. 

1830 yili Orenburg general – gubernatori Perovskiy qo`shinlari bilan Xivaga yurish boshladi, biroq og`ir sharoitga bardosh bera olmay orqaga qaytdilar.

Rossiyaning O`rta Osiyo hududiga ko`z olaytirishga asosiy sabablar quyidagilardan iborat edi: 1) Rossiya sanoati rivojlanishi uchun xom ashyo va bozor kerak edi. Rivojlanganyuvropa mamlakatlari bozorlaridan Rossiya savdo – sanoat burjuaziyasini tobora siqib chiqara boshladilar; 2) 1862 yillarda AQSH dagi fuqarolar urushi tufayli Amerika paxtasining Rossiyaga kelishi keskin kamaydi. Asosan Amerika paxtasi bilan ishlaydigan Rossiya to`qimachilik sanoatida paxta tanqisligi kuchaydi. Rus burjuaziyasi vakili mayor Berigin podsho Nikolay I ga yuborgan maktubida “Bu mamlakatni bosib olish, uning bosh shaharlarini egallash bilan birga, barchasi Eron, Afoniston, Hindiston, Xitoy devorlarini ochib beradi, ingilizlarni O`rta Osiyoga suqulib kirishlariga barham beradi” degan edi. 3) Rossiya – Krim urushidan ko`rgan zararini shu yerdan chiqarib olmoqchi bo`ladi.

Turli tashviqotlar ta’sirida rus podsholigi o`zbek xonliklari tassarrufidagi yerlarni bosib olishga astoydil kirishdilar. 1847 yili ruslar Sirdaryoning Orolga quyilishi joyini egallab, bu yerda harbiy qal’a qurdilar. Oqmachit (Qizil O`rda), Turkiston, Chimkent, Avliyoota, Pishpak, To`qmoq va boshqa mavzelarda Qo`qon xonligining harbiy istehkomlari mavjud edi. 1852 yili Rus qo`shinlari Oqmachitga hujum qildi, lekin uni olisha olmadi.

1853 yil dekabr oyida 13000 ming kishidan iborat qo`shin YOqubbek qo`mondonligida Oqmachitga kelib dushman bilan to`qnashadi. Natijada, yurt himoyachilaridan 2000 ga yaqin kishi o`ldiriladi va yarador qilinadi. Rus qo`shinlaridan 55 kishi o`ldirildi. Biroq bunday ketma – ket mag`lubiyatlarga qaramasdan, vatan himoyachilari umidsizlikka tushmadilar. 1855 yili fevralida 1500 kishilik qo`shin va ko`ngillilar Oqmachitga otlanadilar. Biroq ular dushman safiga ham yangi kuchlar qo`shganligini eshitib orqaga qaytishdi. 1860 yili Pishpakda ham dushman qo`shini bilan to`qnashuv bo`ladi. Jangda dushman qo`li yana baland keldi, ular snaryad va o`qlar otib himoyachilardan ko`p kishilarni halok qildilar. Shu yili To`qmoq qal’asi dushman tomonidan zabt etiladi. Shundan keyin, o`zbek, qozoq va qirg`izlar birlashib Toshkent hokimi Qanoatxon boshchiligida urushga otlanishadi. Ularning soni 20000 ga yaqin edi.

1864 yil iyun oyida Turkiston shahrida ham rus hukumati o`z xukumronligini o`rnatdi. Avliyoota va Turkistonni dushman tomonidan zabt etilishi Qo`qon xonini oyoqqa turg`azdi. Toshkent bosqinchilarga qarshi kurash markaziga aylandi. Bu yerga Marg`ilondan Yusupbek, Xo`janddan Mirzaaxmad qushbegi qo`mondonligida qo`shinlar, Andijon, Namangan va boshqa joylardan harbiy qo`shinlar keltirildi. Qo`shin va xalq qasoskorlariga Qo`qon xonligining lashkarboshisi Alimqul boshchilik qilib, Chimkent sari yo`l oldi. Chimkentda bir kecha – kunduz davomida to`plardan otishuv bo`ldi. So`ngra to`rt tomondan, - deb yozadi o`sha davr voqeanavisi Muxammad Solix o`zining, “Tarixi jadidi Toshkand” asarida, - Askarlar otdan tushdilar va karnay ostida rus askarlariga qarshi humjumga o`tdilar. Himoyachilar dushmanning to`p va miltiqlaridan yomg`irdek yog`ilgan o`qlari ostida qoldilar. Shunga qaramasdan vatan himoyachilari mardonavor jang qildilar. Natijada 12 ming kishi halok bo`ladi va yaralanadi. General Chernyayev boshchiligidagi chor qishini urushni davom ettirilishiga botinaolmay, Turkistonga chekinadi.

Shunday keyin Alimqul Qo`qonga Buxoro amiri Muzaffarxon hujum qilganligi haqidagi habarni oladi va Chimkentda qo`shimnning bir qismini qoldirib Qo`qonga qaytadi. Bundan foydalangan Chernyayev 1864 yil 21 sentyabrda Chimkentni egallaydi. Chernyayev 1864 yil 27 sentyabrda Toshkentni istilo qilish uchun yo`lga tushdi. Bu vaqtda Toshkent mudofaasi umumxalq mudofaasiga aylandi. O`sha zamonda Toshkent qalin devor bilan o`ralgan bo`lib 12 ta darvozasi bor edi. Devor ustida 2 ta otliq bemalol yurishi mumkin edi. chor qo`shinlari sahar turib, shaharni o`qqa tutadilar. Bosqinchilarni bir guruhi shahar devori atrofidagi zovurga tushib oladi, biroq himoyachilar qarshiligini yenga olmadilar. Jangda 72 kishisini yo`qotib general Chernyayev Chimkentga qaytadi. 1865 yil 28 aprelda Chernyayev Niyozbek qal’asini ishg`ol qiladi va Toshkentga oqadigan Kaykovus arig`ini buzib, uni Chirchiq daryosiga burib yuboradi. Natijada toshkentliklar suvsiz qolib, og`ir ahvolda qoladi. Ko`p o`tmay Alimqul qo`shinlari bilan shaharga keladi. Chernyayev qo`shini bilan himoyachilar o`rtasidagi jang Salor arig`i atrofida davom etadi.

Alimqul boshchiligidagi qo`shin va xalq dushmanga xujum uyushtirib uni chekinishga majbur etadi. Bu g`alaba shaharda katta xursandchilik bilan qarshi olindi. Shahar himoyachilari SHo`ratepaga joylashib olgan rus qo`shinlariga hujum qiladi. O`sha jangda Alimqul qattiq yaralandi. Bu holat himoyachilar ruhiga salbiy ta’sir qildi.

“1865 yil 21 may – deb yozadi Xoqandiy – kofirlar safidan bir o`q otildi va u Mulla Amir lashkariga tegib, uni yarador qildi va u otdan yiqilib tushdi. Uni Toshkent qal’asiga olib keldilar. Shu sabab lashkari istom parokandalikka tushdi. Bundan dard chekib (Alimqulning) kasali yanada og`irlashdi va vafot etdi. Uni shayx Xovandi Tohur mozorida dafn qildilar... Musulmonlar besaramjon bo`lib, boshsiz qoldilar. Har bir firqa o`z holicha edi”. Toshkentliklar Buxoro va Xiva xonliklariga yordam so`rab murojaat qiladi. Biroq kutilgan yordam kelmadi. Og`ir vaziyatdan foydalangan Chernyayev 1865 yil 14 iyunda shaharga bostirib kiradi. har bir mahalla jang maydoniga aylanib ketdi. Abduraxmon Yasavul boshchiligidagi ko`ngillilar kun bo`yi dushman hujumini dafn etib turdi. Dushman qo`shinlari sotqinlar ko`magida shahardagi o`q – dori omborini topib uni portlatib yubordilar. Nihoyat, 1865 yil 17 iyulda shahar aholisi taslim bo`lishga majbur bo`ldi. 1866 yil yanvar oyida general Chernyayev Jizzaxga xujum boshladi.

1866 yil 11 oktyabr rus qo`shinlari Jizzaxni o`rab olishdi. Nihoyat qattiq janglardan keyin himoyachilardan 2,5 mingga yaqin kishi o`ldirildi va yarador qilindi. Jizzax dushman tomonidan egallandi. 1866 yil avgust oyida Toshkent rus davlati tarkibiga kiritilganligi haqida rasmiy farmon e’lon qilindi. Shuni aytish kerakki, yuqori tabaqaning ayrim vakillari o`z manfaatlarini o`ylab bosqinchilarga yordam berishdi. Ana shu toifa orasida Toshkentlik savdogar Saidazimboy jonbozlik ko`rsatgan. Rossiya tarafdorlarining hamda ruslardan iqtisodiy manfaat kutgan bir guruh shaxslarning hatti – harakati, xalqning hohishi – irodasini ifoda etmagan. 1867 yili O`rta osiyoning rus hukumati bosib olgan joylarida hamda Qozog`istonda tashkil etilgan Sirdaryo va Yettisuv viloyatlari tarkibida Turkiston general – gubernatorligi tashkil etildi. Toshkent uning markazi bo`lib, general Kaufman general – gubernator qilib tayinlandi. General Kaufman qo`liga kiritgan joylarda rus davlati mavqeini mustahkamlash va qonli urushlarni niqoblash maqsadida bir guruh vakillarni rus davlatiga sodiq, rus qo`shinlariga har tomnlama yordam bergan kishilar sifatida Peterburgga yuborishga qaror qildi. Ular orasida Shayxul – islom Nosir Mulla Isoq (turkiston), Qozi mulla Talashpan (Chimkent), Dulat qabilasining biyi mayor Xudoybergan (Avliyo - ota), Sayidazimbay Muxammad o`g`li (Toshkent), Yusufxo`ja Abdullaxo`ja o`g`li (Xo`jand va boshqalar) bor edi.

Turkiston vakillari 1867 yil mart oyida Peterburgga keladilar. Ularni Aleksandr II qabul qiladi. Vakillar imperatorga go`yo Turkiston aholisi rus davlati tobeligiga olinganligidan baxtiyorligini, unga mangu sodiqligini izhor qiluvchi maktub topshiradilar. Maktubga Toshkent, Turkiston, Chimkent, Xo`jand va boshqa joylarning boshliklaridan 59 kishi imzo chekkan va muxr bosilgan edi. ana shu taxlitda rus xukumati Turkiston aholisi go`yo ixtiyori bilan Rus davlati fuqaroligiga o`tganligini xorijiy davlatlarga isbot qilishga urindi. Amalda esa u qonli urushlarni davom ettira bordi. Masalan, 1867 yil 7 iyunda Jizzax va Samarqand o`rtasida joylashgan Yangiqo`rg`on 45 ming kishilik Buxoro qo`shini va xalq ko`ngillilarni mag`lubiyatga uchratdi.

1868 yil 1 mayda Samarqand shahri ostonasidagi CHo`ponota tepaligida qattiq jang bo`ldi va chor qo`shinlari Samarqand shahriga bostirib kirdilar. Samarqand egallangach, fon Kaufman general Abramovga amir qo`shinlarini ta’qib etishni topshirdi. General Abramov boshchiligidagi qo`shinlar Samarqandan 80 km masofada joylashgan Kattaqo`rg`on shahriga yurish boshladilar. Shu yerning hokimi YOqubbek shaharni tashlab qochdi. Ruslar Kattaqo`rg`onni jangsiz egallab oldilar. Bundan xabar topgan amir Muzaffar qattiq dahshatga tushib, shu xabar keltirgan choparni osishga farmon beradi. Amirning noshudligiga qarshi xalqning noroziligi kuchayadi, ayniqsa uning rus hukumati bilan sulh tuzishga moyilligi vaziyatni yanada keskinlashtirdi. Natijada xalq amirga qarshi qo`zg`olon ko`taradi. Amir Muzaffar xalq qo`zg`olonini butun Zarafshon vodiysiga tarqalishidan qo`rqib chorizmga qarshi tayyorgarliksiz harbiy yurish uyushtiradi. Zirabuloq tepaligiga kelib o`rnashadi. Amir Muzaffar xalqqa murojat qiladi: “Sodiq musulmon fuqarolari, g`alaba biz tomonda bo`lg`ay, Samarqand va Kattaqo`rg`onni qo`ldan ketishi biz uchun uncha katta yo`qotish emas. Biz Temuriylar avlodimiz, biz o`z yerimizni qaytarib olishimizni ko`rsatib qo`yamiz. Men dinimiz va Vatanimiz uchun musulmon ahlini qaxramonona jang qilishni, kofirlar ko`z o`ngida namoyon qilishingizni umid qilaman. Musulmonlar, Turkiston General gubernatori talab qilayotgan 125000 tillo (500000 so`m) sovg`a sifatida sizga beriladi”. Ushbu murojaat o`q ovozlari ostida o`qib eshittiriladi. 1868 yil 2 mayda dushman bilan jang boshlandi. Biroq amir qo`shinlari mag`lubiyatga uchraydilar. Amir qo`rqib Qizilqumga qochadi. Zirabuloqda jang vaqtida Samarqandda chorizmga qarshi xalq qo`zg`oloni boshlandi.

Bu vaqtda amir Muzaffarning obro`si va maqei tobora tushib borayotgan edi. 1868 yili 23 iyunda amir Muzaffarning elchilari Samarqandga Kaufman huzuriga kelib, sulh tuqishga rozilik bildirdilar. Sulhga ko`ra, Samarqand, Kattaqo`rg`on va Zarafshon daryosining yuqori qismi xonlikdan ajratib olinib Rossiya tarkibiga kiritildi. Amir tovon sifatida 500000 so`m to`lashga va xorijiy mamlakatlar bilan mustaqil aloqa qilmaslikka va’da berdi. Shuningdek, Rossiya savdogarlariga xonlik tasarrufida bemalol savdo – sotiq ishlari bilan shug`ullanishga, hamda karvonsaroylar qurishga ijozat etildi. Ular to`laydigan savdo bojlari miqdori buxoroliklar to`laydigan bojlardan oshmasligi kerak edi. xullas, shartnoma tuzilgandan so`ng Buxoro amiri urushni rasman to`xtatib, rus davlatiga tobeligini tan oladi. Hatto amirning o`g`li Katta to`ra va bir necha nufuzli beklar birlashib, Muzaffarxon va chorizm istilochilariga qarshi kurashni davom ettirdilar. Ular amirning taxdan mahrum etilganini e’lon qilib, Shahrisabz va Kitobda katta kuch to`pladilar. Shaxrisabz beklari Katta to`rani xon deb e’lon qildilar. Natijada amir Muzaffarning ahvoli nihoyatda og`irlashdi. Ota – bola qo`shinlari o`rtasida Samarqand yaqinidagi Jom qishlog`ida sodir bo`lgan jangda amir sarbozlari yengiladi. Shundan so`ng amir chor ma’muriyatiga harbiy yordam so`rab murojaat qiladi. Buni inobatga olgan general Abramov 1870 yilda Shahrisabz va Kitobda Jo`rabek va Bobobek boshchiligidagi qo`shin va olomonni yengib, u joylarni amir Muzaffar ixtiyoriga topshiradi. Bundan ilgari, ya’ni 1868 yilda chor qo`shinlari tomonidan bosib olingan Qarshi shahri ham amirga qaytariladi. Bu bilan chor xukumati amir Muzaffarni rus davlatiga yanada qullarcha itoat etishini mustahkamlay bordi. Amir esa sulh shartlarini og`ishmay bajaraverdi. 

Chor xukumati Xiva xonligini bosib olish uchun, katta tayyorgarlik ko`rdi. 1869 yilgi ma’lumotlarga qaraganda Xiva xonligining 2,5 ming kishidan iborat muntazam armiyasi bo`lsa – da, harbiy texnikasi nihoyatda nochor ahvolda edi. Rus hukumati xonlikka qarshi 3 tarafdan: Turkiston general – gubernatorligi, Orenburg va Kaspiy dengizi tomonlaridan harbiy kuch tashladi. Qo`shin yaxshi qurollangan 12000 kishidan iborat bo`lib, ularga fon Kaufman qo`mondonlik qildi. 1873 yil may oyida yo`lakay xivaliklar qarshiligini yengib borgan istilochilar 28 mayda Xiva shahri ostonalarida to`xtadilar. Bu vaqtda Said Muxammad Rahimxon qochishga ulgurgan edi. Qo`shin general Veryovkin boshchiligida Xiva shahriga xujum boshladi. Biroq fon Kaufman urushni to`xtatib, Xiva xonining taxtni qaytadan egallashni taklif qildi. Shundan so`ng Muxammad Rahimxon Xivaga kelib, rus davlatining vassali sifatida taxtni egalladi. 1873 yil 12 avgustda sulh tuzilib, Xiva xoni o`z siyosiy mustaqilligini yo`qotadi. Xon tovon to`lashni va rus savdogarlariga xonlikda bemalol yurishlari uchun sharoit yaratib berishni zimmasiga oldi. Amudaryoning qirg`og`i Rossiya ixtiyoriga o`tkazildi.

Shunday qilib, Buxoro va Xiva xonliklari o`z mustaqilliklarini yo`qotib rus davlati manfaati doirasida ish yuritishga majbur bo`ldilar. Buxoro xonligi urush harajatlarini qoplash uchun 500000 so`m, Xiva xonligi esa 2 mln. 200000 so`m tovon to`lashga majbur bo`ladi.

Rus istilochilarining keyingi niyati Qo`qon xonligini yo`qotish edi. Ular Turkiston, Chimkent, Toshkent va boshqa joylarni egallab, Qo`qon xonligiga qattiq zarba berdilar. Qo`qon xoni Xudoyorxon qo`rqoq va tadbirsiz bo`lganligi uchun, vatan himoyasi uchun arzigulik biror – bir ish qila olmadi. 1868 yili rus davlati bilan sulh tuzib, amalda Rossiyaga qaram bo`lib qoldi. Xudoyorxonning itoatkorligi aholining g`azabini oshirib yubordi. Natijada 1872 yili xonning subutsizlik va zulmiga qarshi xalq qo`zg`oloni ko`tarildi. Qo`zg`olon 1876 yilgacha davom etdi.

Qo`zg`olonga Xudoyorxon tomonidan o`ldirilgan Musulmonqulning o`g`li Abduraxmon oftobachi rahbarlik qildi. Qo`zg`olonga shahar, qishloqlar aholisi bilan birga qipchoq va qirg`izlar ham qo`shildilar. Ruslarga qarshi g`azovat (Muqaddas urush) boshlandi. Xudoyorxon 40 aravaga xazinasini yuklab Xo`jandga qochdi. Uning katta o`g`li Nasriddin xon deb e’lon qilindi. Amalda esa xokimiyatni Abduraxmon Oftobachi va xonning ukasi Sulton Murodbek boshqargan. Ular ruslardan madad so`rashgan. Xo`jandda ruslar qo`liga tushgan Xudoyorxon Toshkentga jo`natildi. Bu yerda uning mol – mulki musodara qilinib, o`zi Orenburgga surgun qilindi.

1876 y. 19 fevralda Qo`qon xonligini Rossiyaga qo`shilganligi e’lon qilindi. Farg`ona vodiysi harbiy gubernatori qilib M.Skobelov tayinlandi.

Qo`qon xonligi bosib olingach, Turkiston general – gubernatorligi chegarasi Tyan – Shan tog`laridan Amudaryogacha kengaydi. Oq podsho endi turkman cho`llarini ham qo`lga kiritishga kirishdi. Krasnovodsk shaharchasi barpo qilingach 1869 yildan boshlab, ruslar turkmanlar yerlariga to`xtovsiz hujum qilib turdilar. 1877 yili Axaltekin vodiysidagi Qizil – Arvat shahri egallandi. Biroq bundan keyingi dastlabki yurishlar muvaffaqiyatsizlikka uchraydi. General Lazarev qo`shinlari No`ktepa qal’asini qamal qilishganda 200 kishisidan ajralib mag`lubiyatga uchradi.

General Golovachyov qo`mondonligidagi rus qo`shinlari turkman qabilalarini bo`ysundirishga astoydil kirishdilar. Xiva beklari (YOqubbek) urush oldini olishga qanchalik urunishmasin bundan foyda chiqmadi.

Turkmanlar tovon to`lashdan bosh tortib, ruslarga qarshi g`alayon ko`targan edi. Bu haqda harbiy zobit V.Tixmenev “Turkiston otryadining 1873 yili Xivaga yurishi bayoni” asarida shunday yozadi: “Biz Xivaga 29 mayda kirib keldik, iyulning birinchi kunlarida esa biz tovon to`lashlarni talab qildik. Birgina yovmudlarning 10000 xonadoniga 300000 so`m kumush pul hisobidan soliq solindi. Turkmanlarning Bayramali urug`i esa 8000 xonadondan iborat edi, ularga 15 kunlik muddatda soliq to`lash belgilangandi. Tovon to`lash bilan birga, yovmudlar yurtiga general – mayor Golavachyov boshchiligida 8 piyoda rota, 84 funtlik to`p, 2 tez otar va 6 ta kazak batareyasi yuborildi. Ularga mabodo turkmanlar soliq to`lashdan bo`yin tortsa, ayamasdan barcha uy anjomlarini yoqib, qarshiik ko`rsatganlarni esa oila a’zolari bilan shafqatsizlarcha qirib tashlashga ko`rsatma berildi”.

“O`z navbatida turkmanlar ham jangga tayyorgarlik ko`rib, joylaridan ko`cha boshladilar. Ular ruslarga qarshi kurashda jonni ayamaslikka qasamyod qildilar. Ruslar 14 dan 15 iyulga o`tar kechasi turkmanlarning oila a’zolari to`planganlarga xujum qilmoqchi bo`ldi.

Bu jangda bizdan atigi 34 kishi o`ldi va yarodor bo`ldi, dushman tomondan esa taxminan 600 – 700 kishi halok bo`ldi ...”.

Rus qo`shinlari qariyib 10 yildan keyingina, ya’ni 1881 yili Guk – tepa (hozirgi Ashxobod)ni qo`lga kiritishga muvaffaq bo`ldilar. 1884 yili Marv vodiysi ruslar ixtiyoriga o`tdi. 1881 yili Rossiya – Eron chegarasi, 1885 – 87 yillarda Afg`oniston bilan chegaralar belgilab olindi.

Shunday qilib, rus podsholigi o`zining asriy maqsadiga erishdi. Asrlar davomida adabiyoti, fani, mehr – oqibatli, ma’rifatparvar, tinchliksevar xalqi bilan jahon e’tiborigi tushgan buyuk Turkiston mustamlakaga aylandi. G`arbda Hazar dengizi va O`rol tog`laridan Buyuk Xitoy devorigacha, janubda Eron va Afg`oniston, Sibirgacha bo`lgan Turkiston yerlarining umumiy maydoni 5 mln 733 ming 800 kvadrat km edi. Vatanimiz g`arbini Rossiya bosib olgan bo`lsa, Sharqini 1876 yili xitoylar istilo qildi. Rus bolshevizmi davlat to`ntarishi yasab, ikkiga bo`lingan Turkistonni yana bir necha bo`laklar (jumhuriyatlar)ga bo`lib yubordi. Shunday qilib, erkin, ozod, hur. Turkiston mahalliy xukmdorlarning ojizligi tufayli parchalanib bosqinchilarga yem bo`ldi.

3 savol. Turkistonning bosib olinishi burjuaziyasi manfaatlariga to`la mos kelar edi. Rossiya O`rta Osiyoda mustamlakachilik siyosatini avj oldirish uchun avvalo temir yo`l qurilishiga kirishildi. U Qizil – Arvot va Ashxobod orqali 1888 y. 15 mayda Samarqandga yetib keldi. 1889 y. Maridan Kushkagacha, 1899 yili Toshkent va Andijongacha temir yo`l o`tdi. 1900 – 1905 yillarda Toshkent – Orenburga temir yo`li qurildi. Natijada o`lkadan ko`plab xom – ashyo, tabiiy boyliklarni tashib ketish imkoniyati kengaydi.

Masalan, Buxorodan chetga sotilgan paxta 1850 – 60 yillarda qariyb 50000 pudni tashkil qilgan bo`lsa, 1915 yilga kelib 2 mln pudga, qora ko`l teri 30 – 40 ming donadan, 1,5 mln donaga yetdi.

Qishloq xo`jaligida ham katta o`zgarishlar yuz berdi. Sug`oriladigan maydonlar kengaydi, qishloq xo`jalik mahsulotlari ko`paydi. Ayniqsa paxtachilikning rivojlanishiga katta ahamiyat berildi. Amerikadan paxtaning yangi navlari keltirilib katta maydonlarga ekila boshlandi va u boshqa qishloq xo`jalik ekinlarini tobora siqib chiqara boshladi. Natijada Rossiya Turkistonda paxtachilikni rivojlanishi xisobiga chet el paxtasiga to`layotgan bojidan qutildi. 1879 – 1898 yillarda 203 mln so`m davlat xazinasida qoldi. Shu yillar Turkistonda Rossiyaga 26 mln pud tola olib ketildi. Amerikadan keltirilayotgan paxtaga nisbatan Turkiston paxtasining 60 mln so`m foyda olindi. Rossiyaga paxta tashib ketish 5 mln puddan 18 ming pudga yetdi. Agar 1900 yilda Rossiyaning paxtaga bo`lgan ehtiyojining 32,6 foizi Turkiston hisobiga qoplangan bo`lsa, 1918 yilda bu ko`rsatgich 55 foizni tashkil qildi.

Turkiston xalqlari risqini ham enidan, ham bo`yidan qirqish rejasining yana bir bosqichi ularga Rossiya aholisini ko`chirish orqali amalga oshirildi. 1910 Turkistonda (Sirdaryo, Samarqand va Farg`ona viloyatlarida) dastlabki 124 ta rus posyolkalari vujudga kelib, ularda 70 ming kishi yashagan (shaharlardagi ruslar bilan 200 ming kishi).

Ko`chib kelganlarning 36,6 foizi mol – mulksiz, 61 foizi esa mutlaqo pulsiz bo`lib, mahalliy aholidan unumdor yerlarni tortib olingan olib berilgach, asta – sekin boyib ketishdi. Masalan, Yettisuv aholisi qozoq va qirg`izlar bo`lib, ulardan ko`chirib kelinganlar foydasiga 2 mln desyatina yer tortib olindi. Bu yerda milliy munosabatlar keskinlasha boshladi. Yettisuvda kazaklar 30000 kishidan ortiq bo`lib, ularning qo`lida 610000 desyatinadan ortiq yer bor edi. qazaklar tortib olib yerlarining katta qismini qozoq va qirg`izlarga ijara berar, ularni ayovsiz eksplutatsiya qilar edi.

Turkiston viloyatlarining taraqiyot darajasi o`sha vaqtda har xil edi. Farg`ona sinfiy ziddiyatlarning keskinligi bilan ajralib turar edi, bu yerda dehqonlar ko`proq tabaqalanib milliy burjuaziya shakllanayotgan edi. Farg`onada 16000 boyning 312000 desyatina, 233000 kambag`al dehqonning atigi 98000 desyatina yeri bor edi. bu yerda ekin maydonining yarmidan ko`piga paxta ekilar edi.

Turkistonda paxta zavodlari bilan birga vino, pivo zavodlari, tamaki fabrikasi paydo bo`ldi. 1908 yili o`lkada 234 paxta tozalash zavodi bo`lib, ularning ayrimlari bug` va kerosin bilan ishlagan,elektr nuri bilan yoritilgan. Ularda 7000 ishchi ishlagan. Paxta zavodlaridan tashqari 20 ta yog` zavodi, 9 ta vino zavodi, 9 ta un zavodi, 7 tamaki fabrikasi va boshqalar bor edi. Shaharlarda sanoatning rivojlanishi Turkiston xalqlarining ijtimoiy – iqtisodiy o`sishiga ta’sir ko`rsatdi. Yirik shaharlar (Toshkent, Qo`qon, Andijon, Samarqand, Xo`jand, Verniy) aholisi 13 yil ichida (1897 yildan 1910 yilgacha) 440 mingdan 613 ming kishiga ko`paydi.

Aholining ko`payib borishi ayniqsa, Farg`ona vodiysida yaqqol sezila boshladi. Yersiz qolgan dehqonlar mardikorlikka yollandi. Mardikorlar 7 – 8 oylab uylaridan ish izlab chiqib ketishar, 10 – 12 soatlab qilgan mehnatlariga har kuni o`rtacha 70 tiyindan haq olishgan. Agar o`sha vaqtda bitta qo`y 2 so`m, 1 kg un – 4, guruch – 5 tiyin turganini hisobga olsak, mardikorlik ish kuni ancha barakali bo`lgan.

Agrar munosabatlarining keskinlashuvi qishloq aholisini tobora ikki tabaqaga ajratdi: boylar va kambag`allarga.

Kambag`al dehqonlar ahvoli juda og`ir bo`lib, ularning ish hayvonlari yo`q barcha ishlar ketmon bilan bajarilgan. Mehnat nihoyatda og`ir bo`lsada, ish haqi past edi. Birinchi jahon urushidan Farg`ona vodiysi dehqonlarning 50 % qarzga botgan edi. 500 ga yaqin dehqon o`z yerlarini suv tekinga sotishga majbur bo`lgan.

Paxta rus kapitalini O`rta Osiyoga ko`plab jalb qildi. 1913 yili “Besh - Bosh” savdo – ishlab chiqarish tashkiloti tuzilib, u 30 foiz paxtani sotib ola boshladi. Uning ixtiyorida 29 ta paxta tozalash zavodi bor edi. Savdogar Ved’yayevlar ixtiyorida esa 30 ta zavod bo`lgan. Rossiyaning yirik banklari: rus Osiyobanki, Moskva savdogarlik banki va davlat banki asosiy sudxo`rlarga aylandi.

XX asr boshlarida Rossiya mustamlakachilik siyosatini avj oldirsa – da, uning asl maqsadi oshkor bayon qilinmas edi. turkistoning paxtasi, pillasi, qorako`l terisi, g`allasi gaz va nefti Rossiya sanoatini boyiti, Turkiston rus sanoati uchun xom ashyo bazasi bo`lishi kerak edi. O`lkani bosib olishdan maqsad ham shu edi. Fikrimizni oydinlashtirish uchun 1906 yili mart oyida harbiy vazirlik tomonidan graf Vitte nomiga yuborilgan xatda quyidagilarni o`qiymiz. “Turkiston o`lkasi Rossiyaga foyda keltirishi mumkin bo`libgina qolmay, balki majburdirlar. Bu foydalar Rossiyaning o`lkani istilo qilish davridagi ketgan harajatlarni qoplash kerak. Vaqt o`ta oz va qimmatdir. Uni boy berish katta xatolarga olib keladi. Shuning uchun quyidagilarni amalga oshirish kerak:

a) Foydalanishdan chetda qolgan yerlarni davlat hisobiga o`tkazishni tezlatish.

b) O`lkani tog` boyliklaridan keng foydalanish.

v) O`lkani ruslar tomonidan istilo qilinishini kuchaytirishga imkoniyat yaratib berish.

Shuni ham nazardan qochirmaslik kerak – ki, Turkiston musulmonlar beshigidir. Ular hech qachon xristianlarga yon bosmaydilar. Ular dinsizlarga bo`lgan o`z munosabatlari va faqat kuch ishlatilgandagina o`zgartirishi va o`z taqdirga tan berishi mumkin”.

Ruslar O`rta Osiyoni egallagach, mahalliy xalqqa nisbatan o`z muomalasini o`zgartira bordilar. Endi ular Turkiston xalqlarini umumiy bir nom bilan sart, deb atay boshladilar. Rus hukmdorlari endi sartlar yetishtirayotgan xom ashyolarni o`zlarniki hisoblab, shu yerning o`zida qayta ishlash rejasini tuza boshladilar. Sanoat korxonalarini qurish rejasi bir tomondan o`lkada paxta yakka hokimligini kuchaytirsa, ikkinchi tomondan, yersizlar kuchidan ununmli foydalanish mumkin bo`lardi, chunki aholiga yer yetishmasdi. Masalan, birgina 1890 yilning o`zidagina Marg`ilon uyezdida hammasi bo`lib 13 ming 963 xo`jalik yersiz edi.



Shunday qilib, o`lkada korxonalar qurish keng yo`lga qo`yildi. 1914 yilning 1 yanvarigacha olingan ma’lumotlarning guvohlik berishicha, o`lkada 706 ta korxona bo`lgan va ularda 20 ming 925 kishi mehnat qilgan. Bu korxonalarda asosan xom ashyo tayyorlanar va to`g`ri Rossiyaga tashib ketilar edi. O`sha paytda asosiy korxonalarni sanaydigan bo`lsak, bular 46 ta sovun zavodi, 40 ta mineral suv tayyorlaydigan korxonalar, 20 ta g`isht zavodi, 197 ta paxta tozalash zavodi va hokazolar edi. ana shu zavod va fabrikalardagi qora ishchilarning 13,2 foizi ruslar, 86,8 foizi esa “sart”lar edi.

Rus hukumati Turkistonning tub aholisi vakillarini oliy va o`rta boshqaruv idoralariga yaqinlashtirmasdan, faqat quyi munosabatlardagina tayinlar edi. O`zbeklar siyosiy huquqlaridan mahrum etilib, xokimiyat butunlay rus amaldorlari qo`lida edi. Turkiston general gubernatori juda katta huquq va imtiyozlarga ega bo`lib, uni hatto yarim podsho deb atardilar. Rossiya qoloqligi, zolimligi, kuchliligi bilan Ovrupa davlatlari orasida ajralib turar edi. Bu mamlakatda yakka xokimlik xukumron edi. Rus istibdodi barcha xalqlarni zulm iskanjasida ushlab turardi. Ayniqsa O`rta Osiyo xalqlari hayoti g`oyat mushkul edi. natijada o`lka xalqlari o`rtasida norozilik kuchaya boshladi, sinfiy ziddiyatlar vujudga keldi. Turkiston xalqlari endi nafaqat bosqinchilarga qarshi, balki mahalliy hukmdorlarga ham qarshi chiqa boshladilar.
Yüklə 38,9 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin