Dars davomida navbatchi o‘quvchilarning vazifalari: Xona jihozlari, foydalaniladigan asboblar, moslamalarning saranjomligini tekshirish.
Amaliy ishni bajarish tartibi ko‘rsatilgan yo‘l-yo‘riq xaritalarini tarqatish va ish oxirida ularni yig‘ishtirib olish.
Amaliy ish tugagach, xonani tozalash va shamollatish.
Igna, to‘g‘nag‘ich, qaychi bilan ishlash texnika xavfsizligi qoidalari: Igna va to‘g‘nag‘ichlar maxsus idish va yostiqchalarda saqlanadi.
Buyumni angishvona yordamida tikish kerak.
Igna siniqlarini atrofga tashlamaslik kerak.
Qaychi, ignalarning o‘lchamlari tikilayotgan tikuvchilik buyumiga mos bo‘lishi lozim.
Qaychini maxsus idishda saqlang.
Qaychini o‘quvchilar bir-biriga uzatishda otmaslik, uchini uzatilayotgan o‘quvchiga qaratmaslik kerak.
Qo‘l va mashina operatsiyalarida ishlovchilar quyidagilarga rioya qilishi kerak: mashinalar, asbob va moslamalarning ishga yaroqliligi tekshirib turiladi. Ish boshlashdan oldin ish o‘rni saranjomlanib olinadi, mashinada barmoqqa igna kirib ketishining oldini oladigan saqlagich, yuritgich tasma to‘sig‘i, mashinani ishga tushirish joylarida izolatsiya g‘iloflari bor-yo‘qligi tekshirib ko‘riladi va hokazo;
elektr simlariga ip, latta, simchalar osmaslik lozim, aks holda qisqa tutashuv yuz berishi mumkin. Simlarda nuqson sezilsa, darhol elektrmontyorga xabar berish, ochilib qolgan simlarga qo‘l tekkizmaslik kerak;
ishlayotgan mashina ustidan narsalarni uzatish mumkin emas;
elektr dvigatelni o‘chirmasdan mashinaga moy surish, tozalash, ignasini almashtirish, mashina shkiviga tasma kiydirish man etiladi;
ish o‘rnida asboblar sochilib yotmasligi, qaychi va iplar mashinaning aylanayotgan qismlari yoniga qo‘yilmasligi kerak;
ish o‘rinlari orasidagi yo‘lni to‘sib qo‘ymaslik lozim.
Tikuv mashinasida ishlashdagi sanitariya-gigiyena, texnika xavfsizligi qoidalari: Ish o‘rniga yorug‘lik old yoki chap tomondan tushishi lozim.
O‘rindiqni mashina ignasining to‘g‘risiga qo‘yib, boshni sal oldinga egib o‘tirish kerak.
Tikuvchi bilan mashina stoli orasi 10-15 sm bo‘lishi lozim.
Maxsus kiyim (fartuk) kiyilgan, sochlar ro‘mol bilan o‘ralgan bo‘lishi kerak.
Mashinalar, asbob-uskunalarning yaroqliligini tekshirib turish kerak.
Mashinada ishlayotganda qo‘l holatining to‘g‘ri bo‘lishiga jiddiy e’tibor qaratiladi.
Ishlayotgan mashinani moylash, ustidan narsalarni uzatish mumkin emas.
Mashina ustidan ortiqcha narsalarni olish, qaychi o‘ngda, tortmada bo‘lishi kerak.
Tikayotgan buyum orasida to‘g‘nag‘ich bo‘lmasligi kerak.
Mashinada ishlashdan oldin uning ignasini va tepkisini to‘g‘ri o‘rnatilganligini tekshirish lozim.
Mashinada ishlayotganda diqqatni buzmaslik, harakatdagi qismlariga yaqin bormaslik kerak.