“Jonimdin o‘zga yori vafodor topmadim,
Ko‘nglumdin o‘zga mahrami asror topmadim” (III, 46, 41),
deya yozadi. “Boburnoma” mamlakatlar haqida so‘zlaydi. Bobur ilojsiz tashlab
ketgan, yuragidagi armonlardan bino bo‘lgan yurtlar haqida so‘zlaydi: Andijon,
Samarqand, Kobul, Hindiston. Ularni Boburning taqdir yo‘llari bir-biriga
tutashtirdi. “Tole yo‘qi jonimg‘a balolig‘ bo‘ldi”, deb hasrat qilgan shoir tolesiz
kunlariga esh bo‘lib yashadi – kurashdi, dunyodagi katta hukmdorlar ham amalga
oshirolmaydigan ishlarga qo‘l urdi, ularni uddaladi… (II, 35, 4)
Bobosi Amir Temur saltanatidek ulkan davlat qurishni orzu qilgan Bobur
Samarqandga kirib borishga jur’at qildi, shuhrat topdi, qamalda ham qolib, lashkari
bilan birga ko‘p azoblarni tortdi, keyinroq turli tadbirlarni qo‘llab yana
Samarqandga intildi, shaharni egalladi. Shunday bo‘lsa-da, xatolaridan o‘z
xulosalariga
keldi:
“Har ishnikim ayladim, xatolig‘ bo‘ldi…”
Shoirtabiat bu shoh boshqa hukmdorlardan farqli o‘laroq ko‘proq ko‘ngliga quloq
tutdi. She’rlarida esa g‘ussadan qonga to‘lgan ko‘nglining hasratlarini yashirmadi
Mening ko'nglumki gulning g'unchasidek tax-batax qondur,
Agar yuz ming bahor o'lsa, ochilmog'i ne imkondur (III, 46, 39),
Mazkur bayt, aslida, Boburning ishqiy mavzudagi g‘azalidan. Bir qarashda u
faqat yor hajrida bitilgandek. Albatta, baytdagi bu mazmunni inkor qilib
bo‘lmaydi. Ammo undagi iztirobning kuchi shoirning butun hayotiga daxldor. Bir
yonda armon bilan yonib eslagani – Andijon, bir yonda o‘z ixtiyori bilan tashlab
ketgani – Samarqand, boshqa bir yonda Shayboniyxon qo‘liga tushgan opasi –
Xonzodabegimning taqdiri, yaqinlarining xiyonati, ishonganlarining sustkashligi,
yana bir yonda esa Ahmad tanballar…
Oldinda katta yo‘l. Og‘ir va mashaqqatli yo‘l. Or va nomus yo‘li. Katta
orzularga erishish imkoni yo‘li. Faqat bu yo‘ldan yurishni uddalash kerak. Oldinda
– Afg‘oniston, Hindiston… Shoir ishq haqida yozadimi, yorning visolu hijroni
haqidami, o‘z hayotini, taqdirini – boshidan kechirgan iztiroblarini ulardan ajratib
qo‘yolmaydi. Bobur kayhoniy andozada fikrlaydigan katta shaxs edi. Uning shaxs
sifatidagi butunligi “Boburnoma” sahifalariga ham muhrlangan. Har bir harakati,
a’moli, so‘zlari, siyosati atrofidagilarga ibrat edi. Hatto o‘lim bilan necha bor
yuzma-yuz kelgan bo‘lsa, har safar uni oxirigacha his qilishga jur’at va kuch
topishi, unga tayyorligini namoyish qila olishi yonidagi yigitlarga, lashkarga juda
katta madad berardi.
Umri har qancha mashaqqatlarga to‘la bo‘lmasin, Bobur hayotni sevardi.
Shu bois ham:
Bo‘lmadim umrumda bir dam, xotiri xurram bila,
Gar iliktin kelsa bir damni kechurmang g‘am bila, –
(III, 47, 28) kabi misralari bilan o‘zgalarni hayotni sevishga, umrning qadriga
yetishga chorlar edi. Bobur Hindistonda vatan qurdi. Bog‘-rog‘lar yaratdi. Dastlab
kirib borganida ko‘ngliga mahzunlik solgan, g‘arib ko‘ringan yerlarni obod qildi.
Jumladan, u borgan yerlarini tasvirlab o'tar ekan, u yerlardagi bunyodkorlik
ishlariga alohida to'xtaladi. “Boburnoma"da 1503-1504-yil voqealarini bayon qilar
ekan, Kobulning olinishi haqida batafsil to'xtalib, Kobul tabiatining tasvirini nozik
chizgilarda bayon etadi: " Rabbiulavval oyining avoxirida tengri taolo fazl va
karami bila Kobul va G'azni mulk viloyatini bejang-u jidol muyassar va muxtasar
qildi", – deya so'zida davom etar ekan, Kobuldagi obodonchiliklar,
bunyodkorliklar xususida yozadi. "Garmseriy mevalar misli norunj va turunj va
amluk va nayshakar Lamg'onotdin keltururlar. Nayshakarni kelturub ekturub edim"
(III, 48, 216). Ya'ni Kobul yaqinidagi yerlarda apelsin, limon, amluk (ananas),
shakarqamishni Lamg'onot o'lkasidan keltirganlar. Shoh Boburning buyrug'iga
binoan nayshakar Kobul yerlarida ham qurildi. Shundan so'ng shoh Bobur bir-bir
Kobul yurtlarini obod etishga kirishdi. Kobul kentlaridan Laho'r va Dipalpurni
olgan yillari, u yerlarda keyla (banan) keltirib ekdi. "Boburnoma"dan o'qiymiz:
"Pahorxonni bosib, Lohur va Dibolpurni fath qilg'an yili qila (banan) kelturub,
ekturub edim, sabz bo'lub edi (III, 48, 222). Bundan tashqari yo'l qurilishlariga
ham alohida e'tibor qaratgan. Jumladan, Ningnahor va Kobul orasi juda yomon yo'l
bo'lgan. Yo'lto'sar va qaroqchi afg'onlar juda ko'p bo'lgan. Obodonchilik yo'q, shu
sababli u yerda el yashamagan. Saxovatpesha Bobur Qo'ruqsoyning etagi – Qoratu
mavzesini bunyod qildirdi. "Xirilji va jami’ kuttout-tariyq (yo'lto'sar-qaroqchi)
afg'onlardur, bu yo'lni urarlar edi. Bu orada ma'mura yo'q erdi. Qo'ruqsoyning
oyog'i Qoratuni men ma'mura qildurdum. Bu jihatdin yo'l amin bo'ldi" (III, 48,
221). Yana Mirzo Bobur Chag'onsaroyni olganida, Mir Sayyid Ali Hamadoniy
rahmatulloh mozorini tavof qildi. Soxta mullalar qilmishlarini fosh etib, bundan
keyin barcha din ahllarining ishlarini qayta boshdan isloh qildirdi.
Mamlakatning obodligiga ham katta e'tibor berdi. "Boburnoma"da
Istalifning tabiat manzaralarini tasvirlar ekan, bu kentda Bog'i Kalon nomli
Ulug'bek Mirzoga tegishli bir bog' borligini aytadi va shu bog'ning egalariga
pulini berib olganligini bayon etadi. Bu bog'ning o'rtasida chinorlar o'sishi va shu
chinorlar orasida bir ariqning egri-bugri holatda, ko'rimsizgina oqishini
tasvirlaydi. Shunda Boburning ko'rsatmasi bilan ariq to'g'ri reja asosida qurilib, bu
yer obod maskanga aylantiriladi. "Boburnoma"dan o'qiymiz: "Bog'ning o'rtasidin
bir tegirmon suyi hamisha joriydur. Bu ariq yoqasida chinorlar va daraxtlardur,
burun bu ariq egri-bukri va besiyoq edi. Men buyurdimkim, bu ariqni raja va siyoq
bila qildilar. Bisyor yaxshi yer bo'ldi" (III, 48, 229). Bundan tashqari, Kobul tog'
etaklaridagi Xoja Seyoron chashmasini ham obod etdi. Bu haqda Bobur shunday
deydi: "... chashmaning atrofini men sangkorliq qildurdum. (tosh terdirdim) Bu
chashmaning chorhadi siyoqliq, go'niyaliq taxti bo'ldi, tamom arg'uvonzorg'a
mushrif, arg'uvon guli ochilg'on mahalda muncha yer ma'lum emaskim, olamda
bo'lg'ay" (III, 48, 230). Demak, bundan ko'rinadiki, qalbi ona vataniga bo'lgan
muhabbati tufayli, bunyodkorlik hislari bilan to'lib-toshgan Bobur, o'z yurtidan
ayrilgandan so'ng, fath etgan shaharlari Kobul, Hindistonda bir qancha
obodonchilik ishlarini amalga oshirdi. Qalbi o'ksik shoh endi bildiki, ona yurti
ancha olisda, qo'l yetmas joyda, endi har qancha urinmasin qaytib Andijon
tuprog'iga qadam bosa olmaydi, endi Andijon havosidan to'yib nafas ololmaydi.
Shu sababli, u egallagan yurtlarida Andijonga qilmoqchi bo'lgan bunyodkorlik
ishlarini amalga oshiradi. Fath etilgan shaharlarning obodligiga alohida e'tibor
qaratadi. Ammo, Andijonni, Samarqandni – ota yurtni, ona vatanni unutmaydi, uni
mudom sog‘inib yashaydi. Hayotning g'am-alamlariga cho'mgan kezlarda ulug'
mutafakkir Navoiyni o‘qidi…
Ikki buyuk shaxs Alisher Navoiy va Bobur taqdirini she’riyat tutashtirdi.
Yurt g‘ami, mamlakat obodligi, el farovonligi yo‘lidagi orzular birlashtirdi. Hazrat
Navoiy Husayn Boyqaro saroyida amirlik qilib, el g‘ami bilan yonib yashagan
bo‘lsa, Amir Temurdek ulkan saltanat qurishni istab, umri yurtgirlik bilan o‘tgan
Bobur g‘urbatda vatan qurdirdi.
Ijodni endi boshlagan damlari Navoiyga maktub bitgan Bobur o‘z asarida
hazratni qayta-qayta eslaydi. Hirotga safar qilib borganida Navoiy yashagan uyda
yigirma kun umrguzaronlik qilgan chog‘lari xotiridan kechgan o‘ylari, shoir barpo
etgan bog‘u rog‘lar, masjidu madrasalar, ariq-hovuzlarni ko‘rib, obod yurt barpo
etishga moyil ko‘nglida ulug‘ rejalar tug‘ildi. Axir, keyinroq Hindistonda
Boburning sa’y-harakati bilan qad ko‘targan imoratlar, yashnoq bog‘ va
gulzorlarning tarhi dastlab Hirotda ko‘ngilga tugilmaganmidi? Bobosidek ulkan
saltanat qurish orzusida yongan Boburning qalbidagi cho‘g‘ni Navoiyning amallari
olovlantirmadimi? Bobur Navoiyni o‘ziga ustoz deb bilardi. U “Boburnoma”ning
yuzga yaqin o‘rnida Navoiyni eslaydi. Kitobning dastlabki sahifalariyoq Navoiyni
yodga olib, Andijon xalqi tilining adabiy tilga to‘g‘ri kelishi haqida gapirib,
Navoiy Hirotda shu tilda yozib, nash’u namo topgani haqida gapiradi. Bobur
Navoiydan ta’sirlanib, uning g‘azallariga naziralar bog‘ladi, ustoz shoirga
hamohang ruboiylar yozdi. Ruboiylarining aksariyatida vatan sog'inchi, hijron
iztiroblari eng ko'p ko'zga tashlandi.
Yurtidan ketib, sargardon yurgan, Hindistonga kirib borgan damlar shoir
ko‘nglidan kechgan tuyg‘ularni Boburning o‘zidek his qilish osonmas. Biroq uning
birgina g‘azali yoxud to‘rt misrali ruboiysi ko‘nglidagi hasrat, iztirobni hammaga
oshkor etadi. Ba’zan bir kishiga qaratilgandek tuyulgan misralarda ham shoirning
intim tuyg‘ulari emas, balki butun umri davomida ortmoqlab o‘tgan katta dard
bor:
Dostları ilə paylaş: |